Musiqa ijrosi - kichik tomosha shakli
XVIII asr va XIX asrning birinchi yarmida o'zbek musiqa san’ati tomosha turlariga va an’anaviy teatrga nisbatan birmuncha erkinroq rivojlandi. Garchand bu «erkinlik» zamon mafkurasi talablari darajasida bo‘lsa ham, o'zbek musiqasining birmuncha ulg'ayishiga olib keldi. Bu davrda o'zbek musiqasining hamma janrlari o'sdi. Ayniqsa, qadimiy o'zbek klassik musiqasini takomillashtirish borasida talay ishlar qilindi. Turkiston xonliklarida Shashmaqom uzil-kesil XVIII asrda shakllandi, bunga qadimgi o'n ikki maqom asos bo'ldi. Demak, o'zbek musiqa madaniyati taraqqiyotida bu davr muhim ahamiyatga ega bo'lgan. O'zbek xalqining talantli bastakorlari muayyan tarixiy davrning badiiy- estetik ehtiyoj va talablarini hisobga olib, o'zbek klassik musiqasini rivojlantirib borganlar.
Ayni bir vaqtda xalq musiqasi ham rivoj topdi. Insonparvarlik, vatanparvarlik, mehnat mavzularidagi yangi ashula janrlari maydonga keldi, raqs san’ati uchun bastalangan musiqalarning soni, shakl va turlari ham ko‘paydi. Qadimgi «Katta o‘yin» uchun yaratilgan yirik syujetli musiqalarni yanada takomillashtirish bilan bir qatorda, yakkaxon o'yinlar uchun nihoyatda nafis va lirik musiqa hamda laparlar, o'ynab ijro etiladigan yallalar ham vujudga keldi. Xalq musiqasining rivojlanishida demokratik shoirlar ijodi barakali ta’sir ko'rsatdi.
Xalq o'zi ijod qilgan sho'x va o'ynoqi. umidbaxsh kuylar bilan bir qatorda, mehnatkash ommaning og'ir hayotini, ohu-zorini, hukmron sinflarga qarshi qahr-g‘azabini. o'zlarining orzu-havaslarini aks ettiradigan kuy va ashulalar ham yaratgan edi. Lekin, shu yillar orasida yig‘loqi va o'kinchli kuy va ashulalarning ko'payib ketishi zulm tobora oshib borayotganidan darak berardi.
Shashmaqom bastakorlari. asosan, xalq ichidan chiqqan san’atkorlar edi. Shashmaqom xalq musiqasi asosida yaratilar, takomillashtirilar, uning ashula bo'limi matnlariga demokrat shoirlarning she’rlari tanlab olinardi. Shuning uchun ham o'zbek professional musiqasi, asosan, xalq g'oyalarini ifodalab, o‘z navbatida xalq musiqa madaniyati taraqqiyotiga ham barakali ta’sir ko’rsatdi.
Ayrim chog’larda yirik san’atkorlar - musiqa namoyandalari majburiy ravishda saroyga jalb qilinar, bunday hollarda ular erkin ijod qilish huquqidan, musiqa yaratish va uni takomillashtirishdan mahrum bo1 lib qolar edilar.
Ammo shuni ham aytib o'tish kerakki, davr mafkurasini targ'ib qiluvchi ayrim bastakor va hofizlar ham bo’lgan. Ular xon va beklarning jangu jadaldagi zafarlarini yoki ayrim beklarni maqtab maddohlik qilardilar. Bu, ayniqsa, Shashmaqomning ashula shu’basidagi ayrim she’rlarda uchraydi. Chunonchi, Shashmaqomning «Maqomi Buzruk»ning mushkilot cholg'u bo'limidagi Buxoro amiri Nasrulloxonga bag'ishlangan «Muxammasi Nasrulloyi»ni eslang.
Turkiston xonliklaridagi og'ir turmush tarzi chuqurlashgan sari diniy-mistik ashula va kuylar ham keng tarqala boshladi. Bu, asosan, zohidlar. qalandarlar, maddohlar va otinlar ijodida ko'rindi. Ular turli diniy marosimlarda, bozorlarda. choyxona va ko'cha-ko'ylarda, eshonlar dargohida bo'ladigan zikirlarda ijro etilgan. Diniy ashula va kuylarning mavzulari, asosan, payg'ambar va avliyolar hayotidan olingan qissalar, jannat va do'zax to‘g‘risidagi hikoyatlardan iborat bo'lgan. Ular dunyoning foniyligini kuylab, kishilarni bu dunyo rohatlaridan voz kechishga chaqirar, so'fiylik ta’iimotini, ya’ni u dunyo g'amini yeyishni targ'ib qilardi.
Shuning uchun ham musiqaga munosabat va ishtiyoq turlicha bo'lgan. Hukmron sinflar musiqadan aysh-ishrat - ermak izlagan. Boylar taniqli san’atkorni uyiga chaqirib o‘z shon-shuhratlarini oshirishni o'ylagan. Mehnatkash xalq esa o'z hasrat, g'am- g'ussalarini musiqa vaqo'shiqda ifodalagan. Ijodkorlar ham o'zarz- dodlarini bayon etish va orzu-havaslariga qanoat berish uchun musiqaga murojaat etgan.
XVIII-X1X asrlar mobaynida kichik shakldagi tomosha turlari, qo‘shiq, musiqa va raqs san’ati hamma xonliklarda o'ziga xos uslublarda shakllandi. Bunga o'zbek elatining mahalliy an’analari, turmush kechirishi, mehnat va jug'rofiy sharoitlari, har bir xonlikning o'ziga xos siyosiy, ijtimoiy, madaniy hayoti va uning tarixiy rivoji asos bo'lgan. Natijada, har bir xonlikda asrlar davomida bir-biridan mazmundor, bir-biridan jozibador, bir-birini to'ldiruvchi va boyituvchi, ammo ayrim belgi va xususiyatlari, o'zshirasi, uslub va badiiy formalari, o'sish yo'Bari bilan ajralib turuvchi Farg'ona, Buxoro, Xorazm, Samarqand musiqalari, xoreografiyasi, an’anaviy teatrlari maydonga keldi. Shuning uchun ham, XVIII va XIX asrda, har bir xonlikdagi tomosha turlari, san’atkorlar hayotini alohida-alohida tahlil qilishni taqozo qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |