Turkistonga gastrolga kelgan musiqali tomoshalar
XIX asrning 70-yillaridan boshlab 1917-yilga qadar Turkistonning shaharlarida ruslar o‘z bolalari uchun gimnaziyalar ochadilar. Mahaliy aholini rus tiliga o'rgatish uchun rus-tuzem maktablarini tashkil qiladilar. Rus ziyolilari o'lka tabiatini, yer boyliklarini, tarixini, madaniyatini o‘rganish va foydalanish niyatida, o‘z ma’naviy talablarini boyitish va qondirish uchun turli sohadagi ilmiy muassasalar. bosmaxonalar matbuot, teatr va orkestrlar tashkil qildilar. Shaharlarda rus gimnaziya binolaridan tashqari «Ofitserskoye sobraniye», «Tibbiyot - gospital», «Birja», teatr va sirk binolari qad ko'tardi. 1913-yili Toshkentda 2000 o‘rinli Kolizey nomli teatr ishga tushdi. Shu davrlarda Turkiston shaharlariga Ovropa, Rossiya. Kavkazdan turli teatr jamoalari, mashhur xonanda, sozanda va turli ansambllar gastrolga tez-tez kelib turar edi. 1884-yilda tashkil topgan «Turkiston - rus musiqa san’ati» nomli jamoa tashkiloti rus musiqa san'atini tashviq-targ'ib qilishda va chetdan gastrolga keluvchi teatrlarni, yakkaxon ijrochi va ansambllarni taklif qilish, ularni qabul qilib olish ishlarida katta rol o'ynadi. Masalan. 1891-yili Parijdan Lassalni operetta truppasi J.Offenbax, F.Legar, Sh.Lekok, I.Shtraus, I.Kalman kabi kompozitorlarning asarlarini namoyish qilgan. 1894-yili Tiflisdan gastrolga kelgan opera va balet teatri: «Aida». «Faust», «Demon», «Kardinal qizi», «Karmen», «Ivan Susanin», «Traviata» va «Pikovaya dama» nomli operalarni namoyish qildi. Ayniqsa, rus drama teatrlari gastrolga ko'p kelar edi. Ular ijrosida A.S.Griboyedovning «Aqllilik balosi», N.V.Gogolning «Revizor», A.V.Suxovo-Kobilinning «Krechinskiyning to'yi», A.N.Ost- rovskiyning «Sepsiz kelin» va «Momaqaldiroq», F.Shillerning «Makr va muhabbat» va Gorkiy, Chexov, Shekspirlarning dramalari doimiy ravishda tomoshabinlarga ko‘rsatilar edi. Bu davrda rus sahnasining ustalari Robert va Rafayel Adelgeym, M.V.Dalskiy, Z.A.Malinovskaya, L.Sobinov, V.F.Komis- sarjevskaya, M.I.Dolina, Korvin-Kossakovskaya, N.A.Shevelev, P.D.Orlov, S.M.Xachaturov. pianinochilar S.T.Bartnov, N.T.Kalinovskaya, Teytelbaum, skripkachi M.G.Erdenko kabi atoqli san’at arboblarining Turkistondagi gastrollari juda katta ahamiyatga egadir. Bu gastrollar haqida Turkistonda chop etiladigan «Туркестанские ведомости». «Туркестанский курьер». «Туркестанская туземная газета», «Turkiston viloyatining gazetasi», «Vaqt» va boshqa gazetalarda turli maqolalar, taqrizlar, e’lonlar doimiy ravishda chop etilgan.
Turkistonda Ovropa va rus musiqa san'atini, ayniqsa, harbiy duxovoy orkestrlarning ijodiy ish faoliyatlarini tashviq-targ'ib qilishda va mahalliy xalqlarning musiqiy san'atlari bilan yaqindan tanishib, o'rganib, ularni nota tizimida yozib olib, ular orqali turli musiqiy asarlar yaratib, rus aholisi orasida targ‘ibot qilishda birinchilardan bo'lib tashabbuskorliklari bilan muhim iz qoldirganlar orasida F.V.Leysek, V.l.Mixalek. A.F.Eyxgorn, A.I.Mixaylov, Ya.B.Gordon, N.N.Mironov, A.L.Bachinskiy, A.S.Gerson, E.A.Vilde, G.I.Gizler-Arskiy kabi musiqiy san’at arboblarini ko'ramiz.
Shuni aytib o‘tish kerakki. bu tashkil qilingan gastrollar orqali ko'rsatilgan spektakllar, konscrtlar, havaskorlar to‘dalarining konsert namoyishlaridan mahalliy xalqlarning ziyolilari ham manfaatdor bo‘ldilar. Jadidlar ruslarning madaniy hayoti, gimnaziyalari, ilmiy jamiyatlari, gazeta-jurnal va bosmaxonalari, kitob nashriyoti kabi muassasalari, teatr va konsert tashkilotlari bilan tanishadi, qiziqadi va o‘z taassurotlarini gazeta-jurnallarda bayon qiladi. 0‘zbekistonda XX asr boshlarida jadidchilik (arabcha - yangilik) ijtimoiy harakatga aylandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |