Afg‘oniston hozir kimning nazoratida? NATOning oxirgi hisob-kitoblariga ko‘ra ayni paytda “Tolibon”ning 85 ming kishilik muntazam armiyasi bor va mamlakatning 20 dan 35 foizgacha hududini nazorat qiladi. Afg‘onistonda jami 421 ta tuman bo‘lib, 34 ta viloyatdan 26 tasida “Tolibon” va Afg‘oniston hukumati o‘rtasida hududni nazorat qilish uchun kurash kechmoqda. “Tolibon”ning siyosiy byurosi bayonotiga ko‘ra harakat mamlakat hududining 80 foizini nazorat qilayotganini da’vo qilmoqda. Jumladan, ko‘plab tumanlarning markazlari hukumat nazoratida bo‘lsa ham, atrofdagi yerlar “Tolibon”ga qarashi aytilgan.
Siyosiy vaziyat ham beqaror – prezident G‘ani atrofidagi 3-4 kishi va xotinidan boshqa hech kimni eshitmasligi, hammaga shubha bilan qarashi tufayli yaxshi mavqega ega emasligi aytilgan. G‘ani “Tolibon”ni yangi saylovlargacha muvaqqat birlashgan hukumat tarkibiga kirib turishga undamoqda, biroq “Tolibon”ga bu qiziq bo‘lmay qolgan. Hukumat hozir ham, G‘arb qo‘shinlari chiqib ketgach ham nima qilish kerakligi bo‘yicha rejaga ham, tasavvurga ham ega emas.
“Tolibon”ning oxirgi ikki oyda egallayotgan hududlarning aksariyati aynan o‘rtacha va katta shaharlar atrofidagi yerlarga to‘g‘ri keladi, shaharlarning o‘zini G‘arb qo‘shinlari chiqib ketishi bilan egallashi kutilmoqda. Shunday bo‘lsa ham “Tolibon” yirik shaharlarni egallash uchun kutib o‘tirmayapti – avval ham bir necha marta “Tolibon” qo‘lidan qaytarib olingan Qunduz va mamlakatning yirik markazlaridan bo‘lgan Mozori Sharif kabi viloyat markazlariga kirishga urinish bo‘lgan.
AQSh tashlab ketmoqda
G‘arb maxsus xizmatlari koalitsiya qo‘shinlari Afg‘onistonni butunlay tark etgach Ashraf G‘ani boshchiligidagi mamlakatning hozirgi hukumati olti oy ichida qulashini va Afg‘oniston butunlay “Tolibon” qo‘liga o‘tishini taxmin qilmoqda. 24-iyun kuni Vashingtonda Ashraf G‘ani hamkasbi Jo Bayden bilan uchrashuvidan oldin AQShning 650 nafar harbiysi Afg‘onistonda qolishi ma’lum qilindi. Ular asosan Qobuldagi AQSh elchixonasi hamda Hamid Karzay nomidagi xalqaro aeroport va undagi harbiy obyektlarni qo‘riqlashga xizmat qilishi kutilmoqda. Aeroportni kengroq ko‘lamda qo‘riqlash va nazorat qilish Turkiyaga taklif qilinishi mumkin.
G‘ani bilan uchrashuv chog‘ida Bayden mamlakat taqdiri afg‘onlarning o‘z qo‘llarida ekanligini eslatib, AQSh qo‘shinlarini olib chiqish to‘xtatilmasligini, keyingi yordam asosan moliyaviy ko‘rinishda bo‘lishini tasdiqladi. “Bizning qolishimiz tinchlik o‘rnatilishiga yordam bermayapti”, — degan AQSh rahbari.
Og‘ir oqibatlarga qaramay aytilgan ramziy sana – 11-sentabrgacha qo‘shinlarni chiqarish qarorini o‘zgartirmayotgani tufayli AQSh prezidenti Jo Bayden ham tanqidlarga uchramoqda. Jumladan, Bayden aynan ramziylikni o‘ylab Afg‘onistonni “qurbon” qilayotgani ham ta’kidlangan. Shuningdek, AQSh Bagramdan chiqib ketishni Afg‘oniston rasmiylari va harbiylari bilan muvofiqlashtirmagan, shunchaki chiqib ketgan.
Afg‘onistonliklar koalitsiya qo‘shinlari bunchalik tez chiqib ketayotganidan qattiq xavotirda – so‘nggi kunlarda pasport idoralarida navbatlar keskin ko‘paygan. Pasporti kuchi eng pastki o‘rinlarda bo‘lishiga qaramay aholi “Tolibon” qo‘li ostida yashashdan ko‘ra qanday qilib bo‘lsa ham mamlakatni tark etish yo‘llarini izlamoqda.