Ikki yoki undan ortiq qarindosh yoki qarindosh bo‘lmagan tillarni qiyoslash chog‘ishtirish yoki qiyosiy-chog‘ishtirish metodi deb nomlanadi. Ushbu metodda lingvistik hodisalarning tillararo o‘xshashliklari, umumiy va farqli jihatlari tavsiflanadi, biroq bunda ularning tarixiga, kelib chiqishi, ya’ni genetik jihatlariga, taraqqiyotiga asoslanilmaydi. Chog‘ishtirish metodi ayniqsa chet tillarini o‘rganishda keng qo‘llaniladi va nafaqat nazariy, balki amaliy maqsadlar uchun ham xizmat qiladi. XVII-XVIII asrlardayoq yuzaga kelgan 2 tilli lug‘atlar, tillar uchun umumiy grammatikalar, bir tildan 2-tilga tarjima qilish texnikasi va nazariyasining yaratilishi ushbu metod asosida olib borilgan tadqiqotlar natijalaridir.
Do'stlaringiz bilan baham: |