15-amaliy (2 soat)
Mavzu: Lingvistikada “skript”, “freym” va “geshtalt” tushunchalari.
REJA:
1. Tilshunoslikda “skript” tushunchasining qo’llanishi va izohi
2. “Freym” tushunchasining lingvistik atama sifatidagi talqini
3. Lingvistikada “geshtalt” tushunchasining mohiyati
Tilshunoslikda “skript” tushunchasining qo’llanishi va izohi
Skript (inglizcha script soʼzining tub maʼnosi «qo’lyozma, yozuv») namunaviy konseptual tuzilmalarning bir turi sifatida qaralib, u inson tafakkurida aks etayotgan borliqdagi voqealarning meʼyoriy ketma-ketligi namunasidir. Skript tarkibiy tuzilishi jihatidan senariyga juda ham yaqin turadi, hatto ayrim hollarda uni toʼligʼicha takrorlaydi. Skript tarkibiga kiruvchi voqealarning sabab-oqibat munosabatlari asosida, tizimiy bogʼlanishi, ketma-ketligi hamda ushbu voqealarning stereotip takrorlanuvchanlik xususiyati uning asosiy tavsifiy belgisi sifatida qaraladi (Shank and Abelson. 1977).
Psixologlar skript tushunchasini «xotira atamalari» qatoriga kiritadilar, bu holda ushbu tushuncha uzoq muddatli xotirada saqlanayotgan bilim hamda oldindan jamlangan bilim yordamida biror hodisani tushunish, anglashni taʼminlovchi bilish qurolini anglatadi. Skriptlarning katta qismi bolalik davridanoq yaʼni hayot jarayonida, uzgalar xatti - harakati, voqelikni kuzatish natijasida tugʼiladigan tajriba va kechinmalar zaminida shakllanadi. Insonning bilim darajasi qanchalik yuqori bo’lsa, u shunchalik tez va aniq, alohida harakat va taassurotlarni maʼlum mental tuzilmalar, shart-sharoitlar bilan bogʼlay oladi. Demak, inson voqelikdagi predmet-hodisalarni idrok etish jarayonida o’z shaxsiy konseptual tuzilmalarini idrok etilayotgan predmet va munosabatlarga ko’chirishga harakat qiladi ( Seleawk. 1982).
Skriptlar tuzilish va tarkibiy qismlari joylashuv tartibidagi farqlariga nisbatan oddiy va murakkab tarkibli boʼlishi mumkin. Oxirgi turdagilarini «makroskriptlar» deb atashadi.
«Makroskript» bir necha oddiy skriptlarning voqealar ketma-ketligi tartibiga mos ravishda birikishidan tashkil topadi. Masalan, «to’y» makroskripti «sovchi borishi», «to’y maslahati», «to’y tayyorgarligi», «nikoh uqilishi», «to’y dastur-xonini tayyorlash», «mehmonlar kelishi», «nikoh guvohnomasini toshirish» kabi qator oddiy skriptlarni qamrab oladi. Аmmo makroskript shakllanishi uchun hodisalarning xronologik ketma-ketligi doimo talab qilinadigan shart emas. Masalan, «urush» makroskripti «armiya», «hujum», «g’alaba», «mag’lubiyat» kabi mikroskriptlar birikishidan iborat.
“Freym” tushunchasining lingvistik atama sifatidagi talqini.
Lisoniy faoliyat kognitiv tahlil nazariyasining tayanch tushunchalari bo’lgan axborotni jamlash va qayta ishlash, bilim zahirasi, kognitiv qolip, konseptual tizim kabilar ekanligi aytib o’tildi. Ushbu tushunchalar o’zaro munosabatda, zero, ulardan biri amalga oshishi uchun ikkinchisi shakllangan bo’lishi kerak. Darhaqiqat, bilimni jamlash va saqlash uchun o’zlashtirilgan bilim kognitiv qolipga binoan ixchamlashtirilishi zarur. Kognitiv qoliplar (konsept, obraz) bo’yicha bilimni ixchamlashtirish uchun shu konseptual tizim birliklari (freym, skript, ssenariy, geshtalt kabilar) tusini olmog’i darkor.
Lisoniy belgining ma’lum ma’noga ega bo’lishi belgining voqelik bilan to’g’ridan-to’g’ri munosabatda ekanligida emas, balki belgining shakl olishi va mazmuni insonning faoliyat tajribasi bilan bog’liqligidadir (Kravchenko 1990). Insonning har qanday axborotni egallashi bevosita uning xotirasida saqlanayotgan oldingi tajribasi va bilimi doirasi miqyosida amalga oshadi. Har bir inson xotirasida ma’lum miqdordagi bilimlar strukturasi zahirasi saqlanadi va aynan shu zahira axborotni qabul qilib idrok etish vositasi rolini o’taydi. Boshqacha aytganda, har bir shaxs ongida «freymlar turi to’plami» mavjudkim, ushbu to’plam bilim va idrok faoliyatini ma’lum ko’rinishdagi «andoza»lar asosida amalga oshishini ta’minlaydi.
Freym xuddi shu guruhdagi andozali strukturalar qatoriga kiradi. «Freym» (Frame) tushunchasining ilmiy qo’llanishga kiritilishi komputerni dunyoviy bilim imkoniyatlari bilan ta’minlash va sun’iy intellekt nazariyasi rivojlantirish borasidagi intilishlar bilan bog’liq. Komputer bilimlari bo’yicha mutaxassis Marvin Minskiy freymni «andozali voqelik holatini aks ettiruvchi axborot strukturasi» deb ta’riflaydi (Minsky 1975: 212; Minskiy 1979).
«Freym» tushunchasini tilshunoslikka birinchilardan bo’lib Ch.Filmor tatbiq etdi (Fillmor 1985; Fillmor 1988). Ammo oldingi tajribaning yangi axborotni qabul qilish va idrok etishdagi rolini maxsus o’rgangan psixolog F.Bartlett ushbu faoliyat «bilishning stereotip namunalari hamda ma’lum ijtimoiy guruh uchun xos bo’lgan normalar (me’yorlar)» zamirida kechishini ta’kidlagan (Velichkovskiy 1982: 42). F.Bartlett fikricha, inson har qanday axborotni qabul qilishda oldindan tayyor strukturalardan foydalanadi va ushbu andozaviy tuzilmalar axborotni eslab qolish, xotirada saqlash vazifasini osonlashtiradi. Bundan tashqari, freymga monand bo’lgan sxema nazariyasiga asos solinishi xotirada iz qoldirgan oldingi tajribaning yangi axborotni qanday yo’l bilan faol idrok etilishiga ta’sir ko’rsatishi masalasini oydinlashgirishga imkon beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |