TILSHUNOSLIK VA MANTIQ
REJA:
1.TILSHUNOSLIK
2. TILSHUNOSLIK VA MANTIQ
3. QIOSIY-TARIXIY TILSHUNOSLIKNING METODOLOGIK ASOSI , ASOSAN, IDROKIY-DIALEKTIK-RUHONIYDIR.
Tilni mantiq bilan bog`lash, uning hodisalarini mantiq tushuncha va kategoriyalari asosida sharhlash falsafa, mantiq va tilshunoslik kabi qadimiydir. F. Gegel ham tilshunoslik va mantiq fanlari mohiyatining ozaro yaqinligini ko`p marta ta`kidlaydi va bu fanlarni kamida ikki bosqichda o`rganish zarurligini uqtiradi; avval bu fanlarning tahlil usullari va tushunchalarining o`zini o`zlashtirish zarur, undan keyin bu tushuncha va qonuniyatlar ostida nimalar yotganligi tahliliga o`tilsa, bunday tadqiqotchi ko`z oldida tamoman yangi olam ochiladi95.
Hozirgi zamon grammatik terminlarining kattagina qismi, ayniqsa G`arbiy Yevropa tillarida, mohiyatan mantiqiy terminlardir (Qiyos. : subyekt, predikat, attributiv, obyekt, kauzativ, aktiv, passiv, koordinatsiya, konyugatsiya v. h. ). Mantiqiy va grammatik hodisalarni qorishtirish natijasida fanda qo`pol-qo`pol mantiqiy xatolarga yo`l qo`yish hodisalarini hozir ham uchratib turamiz 96. Mantiq va grammatikani qorishtirish fanimizning azaliy kamchiliklaridan biri ekanligini e`tirof etishimiz zarur . Lekin fanda mantiq va tilni o`zaro uzviy bog`lanishda o`rganishni maqsad qilib qo`ygan tadqiq usuli ham bo`lgan va bu yo`nalish umumiy (universal) yoki mantiqiy (idrokiy) grammatika atamasi bilan mashhurdir. Bu yo`nalishni shakllantirgan va rasmiy ravishda ommalashtirgan asar sifatida Por-Royal monastiri obidlari Klod Lanselo va Arno tomonidan 1660 yilda tuzilgan "Grammaire generale et raisonnele" ("Umumiy va idrokiy grammatika") mashhurdir.
XVII–XVIII asrlarda keng ommalashgan ko`p tilli (yoki ayrim tushunchalarning juda ko`p tillarda muqobillarini beruvchi) lug`atlar tuzish va ommalashtirish ham97 shu usul hukmronligi bilan bog`liqdir.
Bu tadqiq usulining asosiy tamoyillari:
- tilni tafakkurning shakli deb tushunish,
- so`z va tushunchani tenglashtirish,
- hukm va gapni, gap bo`laklari va mantiqiy butunliklar tarkibiy qismlarini tenglashtirish,
- har bir tilning milliy xususiyatlarini bir ma`noda inkor etib, tillar orasidagi umumiyliklar tahliliga ko`proq e`tibor berish,
- tillarning sinxronik holati tavsifiga tayanish,
- grammatik shakl va kategoriyalarni mantiqiy kategoriyalar bilan tenglashtirish (chunonchi mantiqiy va grammatik birlik va ko`plik, yoki shaxs v. h. ),
- sintaksis masalalariga ko`proq e`tibor berish.
Mantiqiy grammatikaning juda ko`p tamoyillari XX asrda "Tillararo umumiyliklar ( lisoniy universaliyalar)", "Tushuncha/idrokiy kategoriyalar" nazariyalarining tarkibiy qismi va muhim tushunchalari sifatida yangi mazmun-u mohiyat kashf etdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |