4.Psixologizm yo‘nalishining yuzaga kelishi. Psixologizm oqimi tilshunoslikda tor doiradagi maktab bo‘lmasdan, balki psixologik qarash ko‘plab tilshunoslik maktablarida ham uchraydi. Til hodisalarini psixologik nuqtai nazardan talqin etish psixologizm oqimining asoschilari G.SHteyntal, A. A. Potebnya va V. Vundtdagina uchramasdan, balki yosh grammatikachilar maktabi, Qozon va Moskva lingvistik maktablari vakillarining asarlarida ham uchraydi.
Til omillarini psixik omil asosidagina talqin etishni G.SHteyntal, A. A. Potebnya va V. Vunt asarlarida ko‘proq uchratamiz. SHuning uchun ularni tilshunoslikdagi psixologizm oqimining asoschilari deb ataymiz.
G.SHteyntal (1823-1899) o‘zining psixologik qarashlari va konsepsiyasini «Grammatika, logika va psixologiya, ularning tamoyillari hamda o‘zaro munosabatlari» (1855), «Psixologiya va tilshunoslikka kirish» (1881) nomli asarlarida olg‘a suradi. Bundan tashqari, uning «Tilning kelib chiqishi» (1888), «Tillarni tasniflash til g‘oyasining rivojlanishi demakdir» (1850), «Eng muhim til qurilishi tiplarining tavsifi» (1860), «V.Gumboldtning til falsafasiga oid asarlari» (1848), «Grek va rimliklar tilshunosligi tarixi» (1890) kabi asarlari ham mavjuddir. G. SHteyntal o‘zining psixologik konsepsiyasi bilan mantiqiy grammatik tajribalarga va A. SHleyxerning naturalizmiga qarshi chiqadi. U ko‘pincha V. Gumboldning til falsafasiga asoslanishga harakat qiladi-yu, ammo ko‘p holatlarda undan uzoqlashadi.
G. SHteyntal tilshunoslikda aniq tillarni yoki lingvistik hodisa va faktlarni o‘rganuvchi sifatida ko‘rinmay, balki nazariyotchi va til haqidagi fikrlarni sistemaga soluvchi sifatida ko‘rinadi.
G. SHteyntal psixik qonunlar asosida tilning kelib chiqishi va taraqqiyot jarayonini tushuntirishga harakat qiladi. Bunda u tilning shakllanishida tafakkurning rolini inkor qiladi. G. SHteyntal fikricha, til ayrim kishilarning psixikasiga bog‘liq narsa va shu ayrim kishilar psixikasining mevasidir. U ongli ravishda tilni tafakkurdan ajratadi va tilning kelib chiqishi, uning taraqqiyot jarayonlarini ayrim kishilar psixikasining mevasi deb tushuntiradi. Ana shu ayrim kishilar psixikasi asosida siyosiy-ijtimoiy va diniy guruhga hamda millatga tegishli til tiplarini aniqlash mumkin, deydi. U etnopsixologiyani yaratib, tildagi asosiy qonuniyatlarni kishilarda bo‘lgan qiliqlarning, psixik tuzilishining, xarakterining mevasi deb, milliy tillarning xususiyatlarini o‘sha milliy xarakter, odatlarining mevasi deb tushuntiradi. G. SHteyntal tilning taraqqiyoti va paydo bo‘lishini jamiyatning paydo bo‘lishi hamda taraqqiyotidan qidirmay, balki millatlarga xos odatlardan axtaradi. Uningcha, tilning ichki shaklida uning milliy xususiyati o‘z ifodasini topadi, lekin ichki shakl faqat tashqi shakl bilangina tekshirish ob’ekti bo‘lishi mumkin. Tashqi shakli, ya’ni tovush tomoni tilni o‘rganishda asosiy diqqat markazida bo‘lishi kerak. U shunday yozadi: «Agar qaerda tovushning shakllar o‘zgarishi bo‘lmasa, unda bizning til shakllari haqida gapirishga haqimiz yo‘q».
G.SHteyntalning ba’zi lingvistik qarashlari yosh grammatikachilar tomonidan davom ettiriladi. Psixologizm oqimi vakillaridan yana biri A.A.Potebnyadir. A.A. Potebnyaning hayoti va faoliyati Xarkov universiteti bilan bog‘langan. A.A.Potebnya (1835-1881) ko‘p qirrali olim edi. U tilshunos sifatida umumiy tilshunoslik, rus va slavyan tillarining fonetikasi, morfologiyasi, sintaksisi, semasiologiyasi va qiyosiy-tarixiy grammatikasi bilan qiziqadi. A. A. Potebnyaning umumiy tilshunoslikka tegishli fikr va mulohazalari «Fikr va til» (1862), «Rus grammatikasi yuzasidan yozishmalar» (1874-1888) kabi asarlarida o‘z ifodasini topgandir.
A.A.Potebnya o‘z faoliyatining dastlabki davrida V. Gumboldt va G.SHteyntalning ta’sirida bo‘lgan kishi sifatida ko‘zga tashlanadi. U til falsafasi bilan qiziqib, tilni faoliyatning mahsuli deb qarab, bu faoliyat natijasida yangilanib turadi, deydi. Nutq muammosi va uning til faoliyatiga ta’siri bilan qiziqadi. Lekin bu masalalarni hal qilishda individualistik xulosalarga keladi. U shunday yozadi: «Har bir so‘z o‘zining mohiyatini faqat nutqda topadi. So‘z har vaqt nutqda fikrning bir faktiga mos keladi. Har vaqt talaffuz qilinganda ham tushunilganda ham faqat bir ma’noga ega bo‘ladi. Haqiqatda faqat nutq bo‘lib, so‘z o‘z ma’nosini faqat nutqda topadi. Nutqdan ajratib olingan so‘z o‘likdir».
Demak, tilning mohiyatini G. SHteyntal kabi individualistlarcha izohlaydi. A.A.Potebnyaning G.SHteyntaldan farqli tomoni shundaki, u til bilan tafakkurni bir-biridan ajratmaydi. Bundan tashqari, mantiq va til kategoriyalari o‘z xususiyatiga ega deb ko‘rsatadi. U yozadi: «Til fikrlash shakli demakdir, u shundayki, tildagi shakllar boshqa holatlarda uchramaydi».
Demak, u til bilan tafakkur bog‘liqligini sezadi, lekin u tilni mantiqiy kategoriya deb qaraydi. A. A. Potebnya umumiy tilshunoslik va slavyanistika sohasida katta ishlar qilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |