6-ma’ruza(davomi): Umumiy tilshunoslik va qiyosiy-tarixiy tilshunoslikning vujudga kelishi
Reja:
1.Tilshunoslikda qiyosiy nuqtai nazardan qarashning tug‘ilishi.
2. O‘rta Osiyoda qiyosiy-tarixiy tilshunoslikning vujudga kelishi
3. Yevropada qiyosiy-tarixiy tilshunoslikning vujudga kelishi
1.Jahon tilshunosligida qiyosiy tilshunoslikka murojaat qilish Mahmud Koshg‘ariy tomonidan boshlangan bo‘lsa, uning g‘oyasini Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur davom ettirgan.
Yevropa tilshunosligida qiyosiy usulga murojaat qilish XV asrda boshlangan.
Tillarning qardoshligidan qat’iy nazar ulardagi o‘xshash va farqli alomatlarni aniqlash, qiyoslash usulidan o‘zbek tilshunosligi tarixida Mahmud Qoshg‘ariy va undan so‘ng Alisher Navoiy, Zahriddin Muhammad Bobur ustalik bilan foydalanganlar. Qiyosiy usul nomi bilan ular ikki yoki undan ortiq tillarning fonetik, grammatik, leksik va uslubiy xususiyatlarini chog‘ishtirib o‘rganganlar.
M. Koshg‘ariy turkiy tillar qurilishini tasvirlashda qiyosiy usuldan foydalanib, tilshunoslikda qiyosiy-tarixiy metodning asoschilaridan biri bo‘lib qoldi.
M. Koshg‘ariyning turkiy tillar leksikasi, fonetikasi va morfologiyasini bir-biriga qiyoslab, ular orasidagi o‘xshash va farqli tomonlarini ko‘rsatdi. Bu faktlarni izohlashga tarixiy aspektda yondashdi. Til faktlari asosida qabilalarning bir-biriga bo‘lgan munosabatlarini ko‘rsatdi va o‘sha davrdagi iqtisodiy, ijtimoiy sharoitlar asosida qabilalarning bir-birlari bilan birika boshlashi natijasida yuzaga kelgan xalq tilining ilk davri materiallaridan namunalar keltirdi. U o‘zbeklar, qozoqlar, qirg‘izlar, turkmanlar, uyg‘urlar, tatarlar va boshqa xalqlarning, qadimgi qabilalarning sodda tillaridagi so‘zlari qaysi xalq va qabila tiliga oid ekanligini izohladi. SHu nuqtai-nazardan lug‘atdagi so‘zlarni bir necha guruhga ajratish mumkin:
Hamma turkiy tillarda qo‘llaniladigan so‘zlar: ish, esh, yo‘l, bosh, boy kabilar. Bu so‘zlar fonetik variantlari bilan farqlansa-da, bir xil shakl va ma’noda ishlatiladi.
Bir xil shakl va ma’noda bir necha turkiy tillarda qo‘llaniladigan turkiy so‘zlar: bol (suvor va qipchoq tilida), keraklamoq-o‘g‘irlamoq (yag‘mo tilida), gejak-kokil (arg‘u tilida) kabilar.
M. Koshg‘ariy «Devonu lug‘otit turk» asarida turkiy tillarning birinchi tasnifini bergan va bunda ikki tamoyilga asoslanib ish ko‘radi: 1) qabilaviy tillarning sofligiga (to‘g‘riligiga) ko‘ra; 2) qabilaviy tillardagi fonetik va morfologik farqlarga ko‘ra.
M. Koshg‘ariy qabilaviy tillarning sofligi tushunchasi ostida turkiy bo‘lmagan tillar ta’siri darajasini tushunadi. SHunga ko‘ra turkiy tillarni ikki guruhga ajratadi: a) sof to‘g‘ri til; b) aralashgan turkiy qabila tillari.
Sof, to‘g‘ri tilga fors va boshqa o‘lkalar bilan aloqa qilmaydigan yag‘mo, to‘xsi va Itil (Volga), YAmar (Irtish) daryolari bo‘yidan boshlab uyg‘ur shaharlarigacha bo‘lgan hududlarda yashovchi qabilalar va «hoqoniy» turkchasi tilini kiritadi. Bundan tashqari qirg‘iz, qipchoq, o‘g‘uz, chigil, ig‘roq, jaruq, bulg‘or, suvor, pecheneg qabilalarining tilida turkiy bo‘lmagan tillarning ta’siri sezilmaydi.
Aralashgan turkiy qabila tillarini M. Koshg‘ariy o‘z navbatida ikki guruhga bo‘ladi: 1.Sug‘d tili ta’sirida bo‘lgan, sug‘d va turkiy tillarda gapirisha oladigan sug‘dak, qanjak, arg‘u qabilalarining tili. 2. Ikki tilli bo‘lgan, turklashgan xitoy-tibet xalqlari: xutanliklar, tibetliklar (tubut) va tangutlar tili.
M. Koshg‘ariy turkiy tillarning boshqa tillar ta’siri darajasiga ko‘ra tasnifi tamoyillari hozir ham shevalar tasnifida qo‘llaniladi.
M. Koshg‘ariy turkiy tillarni fonetik va morfologik farqlariga ko‘ra tasnif qilishda tillarning geografik tarqalishi tamoyilini ko‘zda tutadi. U fonetik va morfologik tamoyilga asosan turkiy tillarni ikki guruhga ajratadi:
1. CHigil, yag‘mo, to‘xsi, qarluq, uyg‘urlardan boshlab yuqori CHingacha (Mochingacha) bo‘lgan qabilalar tili.
2. O‘g‘uz, arg‘u, qipchoq, totor, yamak, suvorin va rusdan Vizantiyagacha (Rumgacha) joylashgan qabilalar tili.
SHartli ravishda birinchi guruhni sharqiy tillar, ikkinchi guruhni esa g‘arbiy tillar deb ataymiz. SHarqiy va g‘arbiy turk qabila tillari orasida fonetik hamda morfologik farqlar mavjud.
Fonetik jihatdan sharqiy turklar tilida so‘z boshida jarangsiz t kelsa, g‘arbiy turklar tilida d tovushi keladi: tevey-devey, tag‘-dag‘.
SHarqiy turklar tilida y tovushi kelsa, g‘arbiy turklar tilida j tovushi bilan y tovushi parallel qo‘llaniladi: yinju-jinju, yelkin-elkin kabi. SHarqiy turklar tilida sonor m tovushi kelsa, g‘arbiy turklar tilida portlovchi b tovushi keladi: men-ben, mun-bun.
SHarqiy turklar tilida so‘z o‘rtasida tish o‘rta (interdental) jarangli z tovushi kelsa, g‘arbiy turklar tilida dz (z), z (j), y tovushlari keladi: qazin-qayin qozdi-qo‘ydi, qazg‘u-qayg‘u, azaq-ayaq, qazin-qadin-qayin.
SHarqiy turklar tilida lab-tish v tovushi kelsa, g‘arbiy turklar tilida lab-lab v (w) tovushi keladi: tovar-towar kabi.
Mahmud Koshg‘ariy ma’lumotiga ko‘ra, sharqiy guruh tillari uchun tor unlilar (bardim, cin, sen, teviy), g‘arbiy guruh tillari uchun esa keng unlilar xarakterlidir (bardim, san, tavay). M.Koshg‘ariyning ko‘rsatishicha, ayrim sharqiy turklar tilida so‘z oxirida y tovushi kelsa, g‘arbiy turklar tarkibiga kiruvchi arg‘ular tilida n keladi: qoy-qon, chig‘ay-chigan (2:I, 67).
Morfologik jihatdan sharqiy va g‘arbiy turklar tilida quyidagi farqlarni ko‘rsatadi:
1.Zamon, makon va qurol nomi sharqiy guruh tillarida -gu (-g‘u, -ku, -qu) qo‘shimchaci bilan yasalsa, g‘arbiy guruh tillarida -(y) asi, -(y)esi affiksi bilan yasaladi: barg‘u-barasi, kelgu-kelasi kabi.
2. SHaxs oti sharqiy turklar tillarida -guchi, -kuchi, -g‘uchi, quchi qo‘shimchasi bilan, g‘arbiy guruhda -dachi, -tachi, -dechi, techi qo‘shimchalari bilan yasaladi: barg‘uchi-bardachi, turg‘uchi-turdachi kabi.
3. SHarqiy tillardagi -gan, -g‘an, -kan, -qan, -gen, -ken sifatdosh shakliga g‘arbiy guruhda -(y) an, -(y) en shakli muvofiq keladi: bargan-baran kabi.
4. SHarqiy guruh tillarida o‘tgan zamon -di va shaxs-son ko‘rsatkichlari bilan yasalsa, g‘arbiy guruhda sifatdoshning -duk, -duq shakli bilan yasalishini ko‘ramiz: men yay qurdum - ben yay qurduq.
Umuman, M.Koshg‘ariy XI asrdagi turkiy qabila tillarining tasnifi uchun 6 fonetik va 4 morfologik xususiyatni asos qilib olgan va qo‘llagan. Bularning barchasi M.Koshg‘ariyning turkiy tillarning asosiy xususiyatlarini, ular orasida o‘xshashlik va farqlarini yaxshi tushuna olganligidan, uning chuqur va har tomonlama bilimga ega ekanligidan dalolat beradi.
Alisher Navoiy o‘zining lug‘atchilik va tilchilik sohasidagi yarim asrlik tajribasini «Sab’at abhur», «Muhokamat ul-lug‘atayn» asarlarida umumlashtirdi. Bu asarlarida turli tillarning paydo bo‘lishi va rivojlanishi, til va tafakkur birligi, tillarni qiyoslab o‘rganish haqida tushuncha beradi.
O‘zbek tilini fors-tojik tili bilan chog‘ishtirib, uning fors tilidan qolishmasligini ko‘rsatib, o‘zbek tilida asarlar yozishga rag‘batlantiradi. Alisher Navoiy ikki tilni chog‘ishtirish jarayonida 100 ta fe’lni keltirib, ularni tahlil qiladi.
Masalan, fors-tojik tilidagi «girya kardan» birikmasi o‘zbek tilida yig‘lamoq, ingramoq, singramoq, yig‘lamsinmoq, sixtamoq, o‘kurmoq, inchkiramoq fe’lari bilan, «nushidan» so‘zi o‘zbek tilidagi ichmoq, sipqormoq, tamshimoq so‘zlari bilan berilishini izohlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |