5. Tilga tarixiy yondashish. Tilga tarixiy yondashish g‘oyasi XVIII asr faylasuflarining ishlarida o‘z aksini topgan. Ular tarix falsafasiga sababiyat g‘oyasini kiritdilar, taraqqiyot nazariyasini ishlab chiqdilar, tarixiy taraqqiyotning birligi g‘oyasini bayon etdilar, geografik va ijtimoiy muhitning insonga ta’sirini asoslab berdilar. Jambatista Viko (1668-1744)– italyan faylasufi va sotsiologi bo‘lib, u tarixiy doiraviy aylanish nazariyasining yaratuvchisidir. Viko tarix va til qonunlarini yaratib beradigan ilohiy ibtidoning mavjudligini tan olib, shu bilan birga, jamiyat ichki, qonuniyatli sabablar taqozosi bilan rivojlanadi, deb ko‘rsatgan edi. Viko ta’limotiga ko‘ra, har bir xalq o‘z taraqqiyotida uch (xudolar, qahramonlar, insoniyat) davrini kechiradi. Viko o‘z tarixiy taraqqiyot tamoyillarini til, huquq, san’atga ham joriy qilgan edi. U o‘zining bu g‘oyasini «Millatlarning umumiy tabiati haqidagi yangi fanning asoslari» (1725) nomli asarida bayon etgan. Xullas, til va jamiyat o‘z tarixiy taraqqiyot qonuniyatiga egadir.
Viko boshlagan yo‘lni XVIII ma’rifatparvarlari (SHarl de Bros, Jan Jak Russo, Monbodlo, Adam Smit, Pristli, Gerder) davom ettirdilar va qayta ishlab chiqdilar.
Jan-Jak Russo (1712-1778) – faylasuf, sotsiolog, jahon ahamiyatiga ega bo‘lgan badiiy asarlarining muallifi, tilshunos, pedagogika nazariyotchilaridan biridir. Russo o‘zining «Kishilar o‘rtasida notekislikning boshlanishi va asosi haqida mulohazalar» (1755), «Tillarning kelib chiqishi haqida tajriba» (1761) nomli asarlarida tilning paydo bo‘lishi va taraqqiyoti to‘g‘risida mulohaza yuritadi. Tilning paydo bo‘lishida ijtimoiy kelishuv va undov nazariyasiga tayanib ish ko‘radi. J.J. Russo fikricha, jamiyat taraqqiyoti natijasida tilda o‘zgarish yuz beradi. Tildagi barcha so‘zlar kishilarning ichki tuyg‘ulari–qahr-g‘azablari, his-hayajonlari, ixtiyorsiz baqiriqlari natijasida paydo bo‘lgan deb hisoblaydi. Uning fikrlarini davom ettirib, SH. De Bros tilning paydo bo‘lishi haqida diniy bo‘lmagan turli xil nazariyalar yaratdi. SH. de Bros tilning paydo bo‘lishini ijtimoiy ehtiyojga bog‘liq qilib qo‘yadi va til tafakkur bilan birga ibtidoiy darajadagi «tabiiy qichqiriq» lardan yaratilgan, shu yo‘l bilan grammatik jihatdan rivojlangan tillar paydo bo‘lgan, deb hisoblaydi.
Jozef Pristli (1733-1804) - ingliz materialist faylasufi. U til taraqqiyoti nazariyasiga, noto‘g‘ri bo‘lsa-da, naturalistik nuqtai nazarni kiritdi. Til taraqqiyotida uch etapni farqlab ko‘rsatdi: boshlang‘ich, gullash va o‘lish davri. Pristlidan so‘ng bu nazariyani Gegel va A.SHleyxer davom ettirganlar.
Pristlining zamondoshi Monboddo (1714-1799) til taraqqiyotida uzluksizlikni ko‘radi.
Iogan Gotfrit Gerder (1744-1803) – nemis ma’rifatchi filosofi, yozuvchisi, adabiyotshunosi, tilshunosi. U o‘zining «Tilning kelib chiqishi haqida tadqiqotlar» (1772), «Eski xalq qo‘shiqlari» I-II (1778-1779) asarlarida tilning paydo bo‘lishi va taraqqiyoti to‘g‘risida fikr yuritadi.
Gerder tilning paydo bo‘lishi va taraqqiyotini tafakkurning paydo bo‘lishi va taraqqiyoti bilan bog‘lasa ham, tilni jamayatdan ajratadi. Tilni ayrim shaxslarning faoliyati natijasida yaratilgan deb biladi. Gerder va uning izdoshlari o‘z ta’limotlarida ikki fikrni o‘rtaga tashlagan: 1) tilning paydo bo‘lishini inson o‘z aqli bilan tabiatdagi tovushlarni «to‘plashi» va ularni predmetlarning belgilari sifatida qo‘llashi bilan bog‘liq; 2) tilda xalqning ruhi ifodalanadi. Bu bilan ular idealistik nazariyani ilgari surishadi.
A.F. Berngardining ishlari, xususan «Til haqidagi ta’limot» (1801-1803) va «Tilshunoslikning dastlabki asoslari» (1805) asarlari til falsafasi va grammatikasi, tarixiy taraqqiyoti sohasida XIX asrgacha olib borilgan tadqiqotlarga, tilshunoslik fanining taraqqiyotidagi yangi bosqichgacha bo‘lgan butun bir davrga yakun yasagan edi.
A.F.Berngardi tilshunoslikning tarkibini aniqladi: fonetika, etimologiya, so‘z yasash, morfologiya, so‘z birikmasi va sintaksis bo‘limlarini ajratadi. Tilni o‘rganishning tarixiy va falsafiy aspektlari bo‘lishi lozimligini uqtiradi.
A.F.Berngardi til ongning ehtiyoji bilan bog‘liq tarzda paydo bo‘lgan, ammo ongsiz ravishda, «majburiy» qonunlar asosida taraqqiy qiladi, deb uqtiradi. Uningcha, til o‘z taraqqiyotining eng gullagan darajasiga etgandan keyin inqirozga yuz tutadi.
A.F.Berngardi harf bilan tovushni bir narsa deb bilgan. Tilda negiz so‘zlar va o‘zak so‘zlar bo‘ladi, negiz so‘zlar sof ma’noga, o‘zak so‘zlar esa mutlaqo sodda bo‘g‘indan iborat bo‘lib, grammatik ma’noga ega, deydi.
A.F.Berngardi mantiqqa asoslanib so‘z turkumlarini ajratadi. U so‘z turkumlarini sub’ekt, predikat va bog‘lamalarga o‘xshatadi. U yuklamalarni ajratib, bu guruhga artikl va old ko‘makchilarni kiritadi.
A.F.Berngardi tilni o‘rganuvchi aspekt sifatida tarixiy va falsafiy tomonni tan oladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |