3.Uyg‘onish davrida o‘rganiladigan tillar doirasining kengayishi. Uyg‘onish davri buyuk geografik kashfiyotlar davri sifatida tarixda sezilarli iz qoldirgan. Chunki bu davrda Xristofor Kolumb Amerikani kashf etdi (1492), Hindistonga dengiz orqali borish yo‘li ochildi (1498), tarixda birinchi marta Magellan 1519-1522 yillarda dengiz orqali dunyoni aylanib chiqadi. Ana shu geografik kashfiyotlar XVI-XVIII asrlarda jahon tillarini o‘rganish doirasini kengaytirdi.
Tillarga tarixiy yondashish natijasida ko‘plab etimologik va ko‘p tillarni qamrab olgan lug‘atlar yaratildi. Bunga XVI asrning 80-yillarida italyan savdogari Sossetining xati turtki bo‘ldi. U o‘z xatida sanskrit tilidan besh olti so‘zni keltirib, ular italyan tilida mavjudligini ko‘rsatadi. Ana shu fikrlar ta’sirida tillar o‘rtasidagi o‘xshashlik va qarindoshlikni ko‘rsatishga xizmat qiluvchi asarlar yaratishga kirishdilar.
XVII-XVIII asrlarda ko‘pchilik olimlar Evropa tillari o‘rtasidagi o‘xshashlikni qidirib, asarlar yozdilar. Litvalik Mixalo Lituanus yuz so‘zni olib, ularning litva va lotin tillarida hamohangligini ko‘rsatdi. SHu jarayonda rus va litva tillari qarindoshligini inkor etdi. Pader Syuvning «Kimr tili haqida yangi mulohazalar» nomli asarida skandinav tillari o‘rtasidagi o‘xshashlik tavsiflanadi. Golland tilshunosi L.Ten Kategot, nemis, golland, ingliz-sakson, island tillari so‘zlarini qiyoslaydi. Litva, latish va prus tillarining o‘xshashligi haqidagi fikr nemis olimi F. Ruhigning «Litva-nemis va nemis–litva lug‘ati» da bayon etilgan. Rus, grek, lotin, nemis tillaridagi o‘xshashlik M.Lomonosovning «Rossiya grammatikasi»da o‘z aksini topgan.
Yevropa tillarining sanskrit bilan qarindoshligini o‘rganish sohasida ingliz sharqshunosi U. Djonsning 1786 yili Osiyo jamiyatining yig‘ilishida so‘zlagan nutqi muhim ahamiyat kasb etadi. U grek, lotin, got, kelt tillaridagi so‘zlarni sanskrit tili bilan qiyoslaydi. Bundan tashqari, jonli tillarning ko‘p tillarini qamrab olgan lug‘atlar yaratildi. Ko‘p tillik lug‘at sifatida Menajning 1650 yilda yaratilgan «Fransuz tili etimologik lug‘ati», Ferrarining 1676 yil yaratilgan «Italyan tilining manbalari» nomli lug‘atlar yaratildi.
Lug‘atchilikda P.S. Pallasning ham o‘rni bor. Pallas tabiatshunos olim, geograf, sayyoh, lug‘atshunos, Peterburg FAning akademigi (1767). 1768-1974 yillari Rossiyaning markaziy viloyatlari, Quyi Volga, Kaspiy pasttekisligi, Ural, Janubiy Sibir ekspeditsiyasiga rahbarlik qilgan. 1793-1794 yillarda Kavkaz, Qrimda bo‘lgan. Sayohat davrida geografiya, geologiya, botanika, zoologiya, foydali qazilmalar, o‘rmonchilik, etnografiya, tillar va boshqa sohalar bo‘yicha ko‘plab materiallar to‘plagan, muhim ilmiy xulosalar chiqargan. Bu xulosalar «Rossiya florasi», «Dunyo tillarining lug‘atlari» nomli asarlarida o‘z aksini topgan. Pyotr Simon Pallas Peterburgda 1786-1791 yillar to‘rt jildli lug‘atni nashr ettirdi. Bu lug‘atda 272 ta tilning so‘zi berilgan. Uning fan oldidagi xizmatlari uchun bir necha o‘simlik, hayvonlar va meteoritlar Pallas nomiga qo‘yilgan.
Ispaniyalik monax L.Ervas-i-Panduro 1800-1805 yillarda olti tomlik «Taniqli xalqlarning til katalogi, ularning soni, sheva va dialektlari ayirmasiga ko‘ra bo‘linishi va tasnifi» nomli lug‘at tuzadi. Lug‘atda 300 tilga oid so‘zlar kiritilgan va 40 tilning grammatik tavsifi berilgan. Ervas-i-Panduro o‘z asarida tillarni tavsiflash bilan birga ularning o‘xshashligi va qarindoshligini aniqlagan. Tillarni qiyoslaganda grammatik shakllardan foydalangan. Ervas-i-Panduro V. Gumboldgacha tillarning malay-polineziya tillari oilasini kashf etgan. Bu oilaga kiruvchi malay yoki indoneziya tili, shuningdek, madura, baliy, yavan, tagalog, ma’oriy, samoa, uvea tillari kirishini ta’kidlaydi.
SHu xildagi lug‘atlarning mashhuri nemis tilshunosi I.Adelung va I.Fater tomonidan 1806-1817 yillarda nashr etilgan «Mitridat yoki umumiy tilshunos» nomli to‘rt tomlik lug‘atdir. Lug‘atda tillarni geografik tamoyil asosida tasnif qiladi. Til materiali sifatida lug‘atda berilgan birliklar «Bizning yurtimiz» deb atalgan duo asaridan olinib, ular 500 til va shevalarda izohlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |