Milliy-madaniy birliklar tilning milliy oʻziga xosligini namoyon qiluvchi birliklar
sifatida
National-cultural units are as the units of representing the national identity of the
language
Tojiboyev Botir Raximjonovich
O‘qituvchi, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, e-mail:
botirtojiboyev19@gmail.com
56
Annotation
:In this article, the national-cultural identity, its history is defined this
nation's language. Besides, the specialists's who conducting researches in psycholinguistics are
analyzed.
Key words:
national-cultural unit, non-equivalent lexics, lacuna, realia, conception of
national words, exotic lexics, national marking nomination.
Millatga xos muhim belgilardan biri oʻz madaniyati, uni avlodlarga yetkazuvchi tili va
yozuvining mavjudligidir. Til millat madaniyatini aks ettiruvchi muhim vositalardan biri
ekanligi ma’lum. Ammo aslida aynan shu tilning oʻzi xalq madaniyatining bir koʻrinishi
hisoblanadi. V.A.Maslova qayd etganidek, 1) til avlodlardan qolgan meros sifatida
madaniyatning tarkibiy bir qismidir; 2) til madaniyatni oʻzlashtirishda asosiy quroldir; 3) til
barcha madaniy hodisalar ichida eng muhimi, agar biz madaniyat – fan, din, adabiyot
mohiyatini tushunishni istasak, bu hodisalarga til kabi shakllanuvchi kod sifatida qarashimiz
kerak, zero, tabiiy til hammasidan yaxshi ishlab chiqilgan modeliga ega [Маслова, 2008: 131].
Bu oʻrinda e’tirof etish lozimki, til nafaqat madaniyatning tarkibiy qismi, madaniyat
mavjudligining shartlaridan biri ham hisoblanadi. Shu bilan birga, til oʻzi mansub boʻlgan
mana shu madaniyatni aks ettiruvchi muhim vositadir. Tilda milliy madaniyat toʻgʻridan
toʻgʻri aks etmaydi, balki unga insonning xalq madaniyati haqidagi tasavvur va qarashlari,
hissiy kechinmalari, bilimlari ham qoʻshiladi. Bu jihatdan, til birliklari orqali voqelangan
nafaqat madaniyat, balki tashqi olam ham hech qachon aniq nusxa boʻla olmasligini e’tirof
etish mumkin. Hatto rassom ham tashqi olamni oʻz tasavvuri va milliy ongi orqali
nusxalaydi. Rasmda, hech boʻlmaganda, rassomga xos ranglarni idrok etish usuli, darajasi
farqlanadi. Shu ma’noda til nafaqat madaniyatning bir qismi yoki madaniyat bilan aloqador
tuzilma sifatida, balki madaniyatni inson tasavvurlari bilan bogʻliq holda aks ettiruvchi hodisa
sifatida ham oʻrganilishi lozim. Tilshunoslik uchun madaniyatning tilda aks etishi va bunda
inson omilining oʻrni masalasi muhimdir.
Til madaniy hodisa sifatida e’tirof etilsa-da, uning tizimida millatning madaniy
qadriyatlarini aks ettiruvchi maxsus birliklari alohida guruhlanadi. Bunday birliklar muayyan
xalqqa xos etnik, ijtimoiy-madaniy qarashlar, milliy an’analar, udumlar, odob-axloq, muloqot
me’yorlari kabilarni anglatadi. Bu kabi ekstralingvistik ma’lumotlarni oʻzida jamlagan til
birliklari milliy-madaniy birliklar deb ataladi. V.V.Vorobyev bunday birliklarni
lingvokulturema termini bilan ifoda etishni taklif qilgan edi. Uning fikricha, bu termin til
birligining nafaqat lisoniy ma’nosini, balki madaniyat segmentini ham qamrab oladi
[Воробьев, 1997: 44].
Tilshunoslikda milliy-madaniy birliklarning lingvospetsifik soʻzlar, madaniy-spetsifik
soʻzlar, madaniy-spetsifik leksika, madaniy konsept, madaniy skript, ekvivalentsiz leksika,
lakuna, realiya, milliy soʻzlar obrazi, ekzotik leksika, milliy markirlangan nominatsiya va
hokazo tarzida nomlanishi ham kuzatiladi. Biz oʻzbek tilshunosligida keng qoʻllanib
kelinayotgan milliy-madaniy birliklar terminidan foydalanishni lozim topdik.
Ma’lumki, turli millatlarning madaniyati hech qachon bir-biriga mos kelmaydi. Shu
bois madaniy hodisalarni ifoda etuvchi, uni aks ettiruvchi til birliklari ham bir-biriga muvofiq
kelmasligi tabiiy. Har bir millatning faqat uning oʻziga tegishli boʻlgan milliy qadriyatlari:
urf-odatlari, an’analari, odob-axloq me’yorlari, ijod namunalari: qoʻshiq-kuy, adabiy asarlari
va boshqalar mavjud ekan, ularni aks ettiruvchi birliklar ham milliylik belgisi bilan ajralib
turadi. Millatga xos madaniy qadriyatlar til birligida “milliy soʻz tasviridagi madaniy iz”
sifatida namoyon boʻladi.
Anglashiladiki, milliy-madaniy birliklar tilning milliy oʻziga xosligini namoyon
qiluvchi birliklardir. V.N.Teliya qayd etganidek, til oʻz ma’no va assotsiatsiyalari bilan
olamning konseptual modelini milliy-madaniy ranglar bilan bezaydi, tildagi milliy-madaniy
57
birliklar esa bu rangni yanada tiniqlashtirib, turli tillar oʻrtasidagi milliy tafovutlarni
farqlashga yordam beradi.
A. Vejbitskayaning fikricha, madaniy-spetsifik soʻzlar millatning harakatlar va turli
narsalar haqidagi muayyan usullarga asoslangan qarashlariga oid oʻtmish tajribalarini aks
ettiradigan tushunchaviy qurol hisoblanadi, ular bu usullarni abadiylashtirishga hissa qoʻshadi
[Вежбицкая, 1999: 269].
Bu haqda fikr yuritar ekan, D.Rustamov ham “soʻzning madaniy xususiyatlari uning
semantik strukturasini toʻligʻicha qamrab olishi yoki uning birorta sememasida, yoxud
sememaning biror tur, ya’ni denotativ, konnotativ yoki vazifa semalaridan birida namoyon
boʻlishi mumkin”ligini bayon qiladi [Рустамов, 2018: 15].
I.A.Sternin soʻzning lingvomadaniy xususiyatlarini uning faqat semantikasi bilan
bogʻlash, qiyosiy va chogʻishtirma aspektdagi tadqiqotlarda ma’noning milliyligidan keltirib
chiqarish notoʻgʻri ekanini, soʻz semantikasida milliylik har doim ham toʻliq namoyon
boʻlavermasligini ta’kidlaydi. Uning fikricha, til birliklaridagi stilistik va funksional-struktur
farqlar madaniyat omillari bilan shartli bogʻlanmaydi, soʻzning koʻpgina semantik
komponentlari har bir xalqqa xos madaniyat hodisalarini emas, balki umuminsoniyatga,
moddiy va ma’naviy madaniyatga aloqador universal hodisalarni aks ettiradi. Bu oʻrinda olim
haqdek koʻrinadi. Darhaqiqat, u aytganidek, bir madaniy qadriyatga nisbatan turli tillarda
qoʻllanuvchi ikki frazeologizm tarkibi, tanlangan soʻzlari asosida milliylik belgisiga ega
boʻladi. Ammo iboralarda umumiy ma’noning har bir tilda oʻziga xos tarzda koʻchma ma’no
orqali ifodalanishining oʻziyoq bu tipdagi birliklarda ham milliy-madaniy belgining semantik
yondashuv orqali belgilash mumkinligini koʻrsatadi.
T.F.Novikova rus tilining milliy-madaniy ma’no komponentiga ega birliklariga
quyidagilarni kiritadi:
– ekvivalentsiz soʻzlar va turgʻun birliklar – leksika, boshqa tillarda yoki ushbu tilning
subkodlarida muqobili boʻlmagan, boshqa tillarga tarjima qilib boʻlmaydigan soʻzlar;
– dialektizmlar – adabiy nutqqa singdirilgan hududiy dialektlarga xos lisoniy
xususiyatlar;
– etnografik realiyalar, ayrim tabiat hodisalari nomlari – xalq kundalik hayoti va
madaniyatiga tegishli tushunchalar;
– milliy madaniyat, kundalik hayot hodisalari va faktlar nomi;
– ma’muriy-hududiy tuzilmalarni aks ettiruvchi realiyalar nomi, lokalizmlar (yirik
jamiyatlarda veche va sobor ideallarining mavjudligi bilan bogʻliq yashirin qadriyatlar, lokal
hamjamiyatlar hokimiyati va rolini absolyutlashtirish bilan xarakterlanadi), toponimlar
(geografik obyektlar nomi (identifikator)ni bildiruvchi tegishli nomlar), mikrotoponimlar;
– istorizmlar va tarixiy voqealar nomlari – qachondir mavjud boʻlgan, ammo yoʻqolib
ketmagan predmetlar, insoniyat hayotidagi hodisalarni anglatuvchi soʻz yoki turgʻun birliklar;
– antroponimlarning barcha tiplari – kishi nomlari va ularning alohida tarkibiy
qismlari;
– mifonizmlar, diniy madaniy hodisalarning nomi va ifodalari – mifologik nomlar;
– qarindoshlik atamalari;
– rus va jahon madaniyati konseptlarini namoyish etuvchi soʻzlar;
– frazeologizmlar, obrazli ifodalar, maqollar va matallar;
– rus nutqiy etiketining formula va elementlari.
Oʻzbek tilshunosligida ham shu tilga mansub milliy-madaniy birliklarni ajratish
masalasi turlicha amalga oshirilgan. Jumladan, D.Xudoyberganova mashhur badiiy asarlar,
kinofilmlar, xalq ogʻzaki ijodi materiallariga oid pretsedent matnlarni madaniy belgilarni
avloddan avlodga olib oʻtuvchi vosita sifatida baholaydi. Uning fikricha, tarkibida
oʻxshatishlar, metaforalar, maqol va frazeologik birliklar, nutqiy etiket, duolar boʻlgan
58
matnlar oʻzida milliy-madaniy qadriyatlarni tajassum etgan lisoniy-madaniy hodisa
hisoblanadi [Худойберганова, 2014: 9-10].
D.Rustamov til lingvomadaniy aspektda qaralar ekan, unda quyidagi birliklarga
alohida e’tibor qaratilishini qayd etadi:
– faqat bir tilga xos, boshqa tilda analogi boʻlmagan birliklar;
– faqat ayrim lingvomadaniy hududga xos mif va afsona ifodalari;
– diniy tushuncha va tasavvur atovchilari;
– etnografizmlar;
– maqollar;
– matallar;
– frazeologizmlar;
– ramz va majoz ifodalari;
– obrazli koʻchma ma’nolar.
Anglashiladiki, milliy-madaniy birliklar, asosan, muayyan xalqqa xos etnik jihatlar,
uning milliy-madaniy dunyoqarashi, an’ana va udumlari, tarixiy an’analari bilan bogʻliq
odob-axloq, muloqot me’yorlari, oʻziga xos milliy ruhdagi ijod namunalari, maqol, matal,
ibora, majoziy ifodalar, koʻchma ma’noli birliklardan iborat birliklardir.
Shunsi xarakterliki, til birliklarida milliy-madaniy belgi turlicha aks etadi. Ayrim
birliklar bevosita milliy xoslanganlik belgisini namoyon qilsa, ba’zi birliklarda bu belgi
bilvosita yuzaga chiqadi. Ayrim soʻzlarda madaniy sema lugʻaviy ma’no bilan yonma-yon
yashasa, ba’zilarida ularning koʻchma ma’nosi orqali yuzaga chiqadi. Masalan, iboralar
voqelikni koʻchma ma’no orqali aks ettirgani bois ularda bevosita milliy-madaniy belgi aks
etadi. Oʻzbek tilidagi beshik leksemasi oʻz ma’nosida oʻzbek xalqining milliy qadriyatlaridan
biriga aylangan predmetni bevosita aks ettirganligi bois milliy-madaniy birlik hisoblanadi.
Bunday vaziyatda til birligiga xos madaniylik belgisi uning lugʻaviy ma’nosi orqali
anglashiladi. Bunday birliklar tarixan shakllangan boʻlib, millat madaniy hayotida muhim
oʻrin egallaydi va boshqa tillarda kuzatilmaydi.
Tilshunoslikda bu tipdagi milliy-madaniy birliklar ekvivalentsiz leksika yoki realiyalar
deb ham yuritiladi. Oʻzbek tilidagi doʻppi, atlas (mato), yaktak, belbogʻ, karnay-surnay,
nogʻora leksemalarida madaniy sema ularning lugʻaviy ma’nosi bilan birga gavdalanadi.
Bunday leksemalar orqali bevosita oʻzbek xalqi, uning milliy urf-odatlariga ishora qilinadi.
Xuddi shunday, rus tilidagi samovar, qozoq tilidagi beshbarmoq leksemalarida ham madaniy
sema bevosita anglashilib turadi.
Tilshunoslikda milliy-madaniy birliklarning alohida turi sifatida lakunalar ham
ajratiladi. V.G.Gak lakunani tilning leksik tizimidagi qoldiq, tilda mavjud boʻlishi lozim
boʻlgan, ammo mavjud boʻlmagan holat sifatida talqin etadi. D.Rustamov ham bu haqda fikr
yuritib, bir tilda atovchisiga ega boʻlmagan hodisaning ikkinchi bir tilda oʻz ifodasini topishi,
atovchisiz qolgan holat esa milliy-mental lakuna sifatida baholanishini rus, oʻzbek va ingliz
tillaridagi starshiy brat – elder brother – aka, mladshiy brat – little brother – uka misollari
bilan izohlaydi. Uning qayd etishicha, koʻp hollarda mazkur tillar qiyosi bunday holat mavjud
boʻlmasligini ham koʻrsatadi. Jumladan, oʻzbek tilidagi xola va amma soʻzlarining rus va
ingliz tillarida aynan muqobillari yoʻqligi bu tillarda milliy-mental qadriyatlarga asoslanuvchi
lakuna mavjudligini koʻrsatadi.
Anglashiladiki, milliy-madaniy birliklar qanday madaniy hodisani nomlashiga koʻra
bir-biridan farqlanadi, shu asosda ichki turlarga ajratilishi ham mumkin. Ammo madaniy
komponentga egaligiga koʻra umumiy paradigmaga birlashadi.
Tilshunoslikda soʻzning leksik ma’nosi tarkibida kuzatiluvchi madaniy komponentga
nisbatan ma’noning milliy-madaniy komponenti madaniy-tarixiy komponent terminlarining
qoʻllanilishi ham kuzatiladi.
59
Shunisi xarakterliki, til tizimida shunday leksemalar ham uchraydiki, ular muayyan
nutqiy qoʻllanishda milliy-madaniy birlik darajasiga koʻtariladi. Sh.Qalandarovning fikricha,
“soʻzlarning barcha hosila ma’nolari madaniy xoslangan milliy ma’nolar hisoblanadi. Lekin
soʻzning bosh ma’nosi ham, agar soʻzning boshqa tilda muqobili boʻlmasa, madaniy
xoslangan milliy ma’no hisoblanadi”. U ajralmoq leksemasining “Nikohdan chiqmoq”
koʻchma ma’nosida, ayb leksemasining “Kishi uyaladigan, xijolat tortadigan xatti-harakat;
uyatli ish, uyat” ma’nosida yoki doʻpillatmoq leksemasining “Ayovsiz tanqid qilmoq, xato va
kamchiliklarini, salbiy xislatlarini aytib koyimoq” ma’nosida, boʻkirmoq leksemasining
“Ovozi boricha, bor ovoz bilan baqirib yigʻlamoq, uvvos tortmoq” koʻchma ma’nosida,
vaziyat leksemasining “Kishining tashqi koʻrinish, ruhiy va boshqa jihatdagi holati; qiyofa,
avzo” koʻchma ma’nosida madaniylik belgisi yuzaga chiqishini koʻrsatgan.
Anglashiladiki,
bunday
leksemalarda
madaniy
sema
yarq
etib
koʻzga
tashlashlanmaydi. Biroq semantik tahlillar ularning nutqda koʻchma ma’noda qoʻllanganida
madaniylik belgisini namoyon qilishini koʻrsatadi. Umuman, koʻchma ma’no muayyan til
egalari orqali hosil qilinar ekan, unda kishilarning olam haqidagi tasavvurlari, qarashlari aks
etar ekan, koʻchma ma’noning madaniy semaga ega boʻlishi haqida fikr yuritish oʻrinlidir.
Sh.Qalandarov koʻrsatilgan leksemalarda madaniy xoslangan milliy ma’nolarning
mavjud ekanligini ularning boshqa tillarga tarjima lugʻatlarida berilmasligi bilan asoslashga
urinadi. Bizningcha, til birligiga xos milliy-madaniy sema leksemalarning tarjima lugʻatlarida
berilish-berilmasligi bilan emas, balki leksemada til egalarining milliy qarashlari, olamga
munosabatining ifoda etilganligi orqali izohlash toʻgʻriroq boʻladi. Tarjima lugʻatlari inson
tomonidan yaratilgani bois ularda soʻz ma’nolari har doim ham aniq va ravshan oʻz ifodasini
topmasligi mumkin.
Xullas, tilda milliy-madaniy leksemalar sifatida ajratiluvchi birliklarning milliy-
madaniy semaga ega boʻlgan va muayyan nutqiy qoʻllanishda milliy-madaniy belgiga ega
boʻluvchi birliklar kabi turlarini farqlash maqsadga muvofiq.
Do'stlaringiz bilan baham: |