Key words:
aphasia, verb comprehension, Uzbek, agrammatic aphasia, instrumentality
XXI asr neyrotadqiqotlar asri desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Ilm-fanning koʻplab
sohalarida inson miyasining faoliyatini oʻrganish, bu faoliyatni modellashtirishga qiziqish
kuchayib bormoqda. Shu jumladan, tilshunoslikda ham. Bugungi kunda Yevropa va AQShning
yetakchi universitetlarida inson miyasini uskunalar yordamida kuzatish orqali inson nutq
yaratayotganda, nutqni qabul qilayotganda miyaning qaysi sohalari ishlashi, miyadagi ma’lum
fiziologik nuqson insonning til tizimini qoʻllashidagi turli xatolarga olib kelishi qator tillar
misolida tadqiq qilib kelinmoqda. Afaziya – nutq buzilishi ekanligi psixolingvistik adabiyotlarda
qayd etib oʻtilsa-da, u, asosan, neyrolingvistika yoʻnalishining obyekti hisoblanadi.
Neyrolingvistikada afaziyaning bir necha turi farqlanadi. Bu sohada qilingan
tadqiqotlarda turli tillardagi afazik nutq tilning ichki strukturasi, xususiyatlaridan kelib chiqqan
holda turli xarakterdagi xatolarni oʻzida namoyon etishi qayd etiladi. Afaziyaning turli
koʻrinishlari tilshunoslik tomonidan oʻrganilar ekan, ular orasida Broka afaziyasi (yoki
agrammatik afaziya) alohida oʻrin tutishini aytib oʻtish lozim. Bu turdagi afaziya bilan ogʻrigan
bemorlar nutqni nisbatan yaxshi tushunadilar, odatda, nima demoqchiligini biladilar, ammo
toʻgʻri ifodalab bera olmaydilar. Ularning nutqida grammatik koʻrsatkichlarning tushib qolishi
koʻp kuzatiladi. Shu bilan birga bu xatolar tanlama xarakterga egadir, ya’ni bemor
gapirayotganda ba’zi grammatik qoidalarga rioya qiladi, ba’zilariga esa yoʻq. Shu kabi
xususiyatlaridan kelib chiqqan holda afaziyaning bu turini tilshunoslik nuqtai nazaridan
oʻrganish tilning ichki strukturasi, til elementlarining oʻzaro munosabati haqida yaxshi ma’lumot
beradi, deb qaraladi.
Hozirgi kunda oʻzbek tilshunosligida oʻzbek tili grammatikasini tushuntirishda turli
yondashuvlar qoʻllanib kelinmoqda. Oʻzbekzabon afazik bemorlar nutqini oʻrganish oʻzbek
tilining ichki tuzilishi haqida dalillarga asoslangan ma’lumot berishi bilan birga, tilning inson
ongida voqelanishi, inson miyasidagi tilning biologik asoslari kabi umumnazariy masalalarga
ham munosabat bildirishga imkon beradi.
Afazik bemorlarning oʻqish, yozish, tushunish bilan bogʻliq testlardagi koʻrsatkichlari
tahlili asosida inson ongida leksikonning tuzilishi, soʻzni oʻqish, yozish, tushunish,
takrorlashning umumiy modeli yaratilgan.
G.Dell, A.Kim, M.Goldrik, B.Rapp kabi olimlar inson ongida leksikonning tuzilishi,
C.Franklin, Ye.Kapitani, B.Maxon, A.Karamatsa, X.Byord, D.Xovard kabi olimlar semantikani,
*
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, filologiya fanlari nomzodi,
azimova_iroda@navoiy-uni.uz
372
D.Kaplan, M.V.Dikey, S.Tompson kabilar morfosintaksisni afazik bemorlar nutqi asosida tadqiq
qilganlar [Dell, 1986; Goldrick, Rapp, 2007; Capitani, Laiacona, Mahon, Caramazza, 2003; Bird,
Howard, Franklin, 2001; Caramazza, Hills, 1990; Thompson, 2000]. Shuningdek, fe’llarning
oʻtimli-oʻtimsizligi, otlarning jonli yoki jonsiz predmetlarni anglatishi, gapning odatdagi tartibi
va oʻzgargan tartibi, fe’llardagi zamon va aspekt, shaxs va son kabi lingvistik kategoriyalar
X.Gudglas, J.Xant, N.Fridman, Y.Grodzinski, S.Luzzatti, V.Nanousi, S.Tompson, R.Bastiansi,
T.Duman, R.Yonkers, F.Burshert, R. De Bleser, O.Dragoy kabi olimlar tomonidan ingliz,
italyan, nemis, golland, turk, rus va boshqa tillar misolida oʻrganilgan [Goodglass, 1968;
Friedmann, Grodzinsky, 1997; Luzzatti, Toraldo, Guasti, Ghirardi, Lorenzi, Guarnaschelli, 2001;
Nanousi, Masterson, Druks, Atkinson, 2006; Bastiaanse, Jonkers, 1998; Dragoy, Bastiaanse,
2013; Duman, Bastiaanse, 2009; Burchert, Swoboda-Moll, De Bleser, 2005].
Rus olimi A.R. Luriya afazik nutqni keng koʻlamda tadqiq etib, nutq buzilishini
tasniflagan. Olim tajribaviy tadqiqotlarning natijalari asosida “Основные проблемы
нейролингвистики” (М.,1976), “Язык и сознание” (М.,1979) kabi asarlarini yaratgan. Ularda
nutqning yaratilishi va tushunilishiga doir, til bilan bogʻliq aqliy vazifalarning inson miyasining
turli qismlarida taqsimlanganligiga doir qimmatli ma’lumotlar va fikrlar berilgan.
Koʻrinib turganidek, afazik bemorlar nutqi tadqiqi tilning ichki tuzilishi va amaliy
qoʻllanishi mexanizmlari haqidagi qarashlarni yanada mukammallashtirishda muhim ahamiyat
kasb etadi.
Turli tillarda afaziyani oʻrganish boʻyicha olib borilgan tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki,
miyasi shikastlangan shaxslar otni qayta ishlash(aytish, tushunish)dan koʻra fe’lni qayta
ishlashda koʻproq qiynalishadi [Caramazza & Hillis, 1991; Zingeser & Berndt, 1988]. Mazkur
holat nazariy jihatdan turlicha izohlangan. Ma’lum guruh olimlar buning sababi tub kognitiv va
semantik universaliyalar bilan bogʻliq, ya’ni otlar bu obyektlar, fe’llar esa harakat demakdir,
degan fikrni ilgari suradilar [Bak, OʻDonovan, Xuereb, Boniface, & Hodges, 2001; Luzzatti,
Aggujaro, & Crepaldi, 2006]. Boshqa guruh olimlar esa ot va fe’l dissotsiatsiyasi asosida
ularning semantik xususiyatlaridagi farqda, deb tushuntiradilar. Xususan, otlar hissiy-vizual
semantik xususiyatlarni oʻzida jamlaydi, fe’llar esa funksional semantik xususiyatlarga egadir.
Boshqacha aytganda, ot turkumiga oid soʻz bilan ifodalangan tushuncha bu tashqi olamda
mavjud obyekt boʻlib, u haqidagi tushunchamiz koʻz bilan koʻrish, teri bilan sezish, hidini
hidlash, ovozi yoki tovushini eshitish kabi qator hissiy ta’sirlar vositasida shakllanadi.
Fe’llarning ma’nosi esa ma’lum vazifaning bajarilishi bilan bogʻliq. Masalan, yurish fe’li tana
a’zolarining ma’lum tarzdagi harakati vositasida tananing bir joydan boshqa joyga koʻchishini
anglatadi.
Fe’l va otlarning bu kabi semantik xususiyatlari ularning inson ongida tasavvur qilinish
darajasi bir-biridan farq qilishiga olib keladi. Fe’llarni tasavvur qilish otlarni tasavvur qilishga
nisbatan qiyinroq kechadi [Bird, Howard, & Franklin, 2000]. Tasavvur qilishning osonligi ot
turkumiga oid soʻzlarni aytishda va qabul qilishda bajariladigan aqliy vazifani birmuncha
yengillashtiradi.
Afaziyaga chalingan kishilar bilan oʻtkazilgan bir qator tadqiqotlar fe’l chastotasining
ham fe’lni tushunish va aytishda muhim rol oʻynashini qayd etganlar. S. Bredin, R. Berndt kabi
olimlar yuqori chastotali fe’llar chastotasi past fe’llarga nisbatan qiyinroq ifodalanishi va
tushunilishini qayd etganlar [Breedin & Martin, 1996; Berndt, Mitchum, Haendiges, & Sandson
1997]. Ma’lumki, yuqori chastotali fe’llar turli kontekstlarda keng qoʻllanadi, buning natijasida
esa ular koʻpma’nolilik xususiyatga ega boʻladi. Inson ongida lisoniy birliklarning aks etishida
koʻpma’nolilik semantik toʻrning koʻptarmoqliligi va murakkabligi bilan xarakterlanadi. Aynan
shu murakkablik tufayli bunday fe’llarni aytish va tushunish afaziyaga chalingan kishilar uchun
qiyinlik qiladi.
D.Kemmerer va D.Tranel miyasi shikastlangan 53 bemor bilan harakatni nomlash
boʻyicha tajriba oʻtkazgan. Tajribada ishtirkochilarga 100ta harakatning rasmi koʻrsatilgan va
373
ularni nomlash soʻralgan. Tajribani oʻtkazishdan maqsad stimul omili, leksik omil va konseptual
omillarning fe’l turkumiga oid soʻzlarning miyada qayta ishlanishiga qanday ta’sir qilishini
aniqlash boʻlgan. Stimul omillariga vizual murakkablik darajasi, harakatning tajriba
ishtirokchisiga tanishligi, rasmning mosligi kabilar kiritilgan boʻlsa, leksik omillarga harakatning
ishtirokchilar tomonidan bir xil nomlanishi foizi, fe’lning qoʻllanish chastotasi, fe’lning ot bilan
omofonligi kabilar kiritilgan. Konseptual omillar sifatida harakatning qoʻl yoki tana yordamida
bajarilishi, harakat nechta ishtirokchini talab qilishi, harakatni bajaruvchining ichki holati
oʻzgarish-oʻzgarmasligi, harakatni bajaruvchi makonini oʻzgartirish-oʻzgartirmasligi, harakat
biror asbob yordamida bajarilishi kabi belgilar hisobga olingan. Tajriba natijalariga koʻra
harakatning tajriba ishtirokchisiga tanishligi, rasmning mosligi, harakatning ishtirokchilar
tomonidan bir xil nomlanishi, fe’lning ot bilan omofonligi, harakatni bajaruvchi makonini
oʻzgartirish-oʻzgartirmasligi kabi omillarning afazik soʻzlovchilarning harakatni nomlashlariga
ta’sir qilishi aniqlangan. Fe’lning qoʻllanish chastotasi tajriba ishtirokchilarining oltitasi uchun
ahamiyatli boʻlgan. Ulardan ikkitasi chastotasi past boʻlgan fe’llarni yaxshi ayta olganlar,
toʻrttasi esa, aksincha, chastotasi yuqori fe’llarni chastotasi past fe’llarga nisbatan yaxshiroq ayta
olganlar. Mualliflar tajriba natijasini tushuntirishda oʻzidan avvalgi tadqiqotlar xulosasiga toʻliq
qoʻshilmaydilar. Tadqiqotlar tayangan fe’llarning chastotali lugʻati yozma matn asosida
tuzilganini, afaziyaga chalingan kishilarning nutqiy imkoniyatlarini baholashda fe’llarning
ogʻzaki nutqda qoʻllanish chastotasiga asoslanish kerakligini ta’kidlaydilar [Kemmerer, Tranel,
2000].
Fe’llarning afaziyaga chalingan kishilar uchun qiyinchilik tugʻdirishi fe’llarning lisoniy
xususiyatlari, jumladan, argument strukturasi (ya’ni fe’lning nechta argument olishi), oʻtimli-
oʻtimsizligi, otdan yasalgan-yasalmaganligi bilan ham bogʻliqligi tajribaviy tadqiqotlarda
isbotlangan. Masalan, fe’l kamroq argument olsa, uni qoʻllash afazik bemor uchun osonroq
kechadi, ikki yoki undan ortiq argumentli fe’llar afaziklar uchun qiyin boʻladi [Thompson,
2003]. Bastiansi va Yonkers oʻz tajribalarida afaziklar harakatni nomlash topshirigʻini bajarishda
fe’lning oʻtimli-oʻtimsizligi natijaga ta’sir qilganini kuzatishgan [Bastiaanse & Jonkers,1996].
Bemorlar oʻtimli fe’lni oʻtimsiz fe’lga nisbatan tezroq ayta olganlar. Bastiansi va van Zonnevild
gap aytish topshirigʻida ham oʻtimli, ham oʻtimsiz boʻla oladigan fe’llar (Pete breaks the glass –
Pit stakanni sindirdi, the glass breaks –stakan sindi kabi) qoʻllaganda agrammatik afaziklar
uchun fe’l oʻtimli boʻlgan kontekstda gapni osonroq ayta olganlarini qayd etganlar. Olimlar buni
oʻtimsiz fe’llarning argumentlar soni kam boʻlsa-da, argument strukturasi murakkabligi bilan
izohlashgan. Xususan, oʻtimsiz fe’llarda sub’ekti ham, obyekti ham bitta predmet ekanligi
afaziklar uchun qiyinchilik tugʻdiradi, deb xulosa qilganlar [Bastiaanse & van Zonneveld, 2005].
R.Bastiansi va R.Yonkers oʻz tadqiqotlari davomida fe’lning biror asbob bilan bogʻliqligi
(instrumentality) anomik afaziyaga chalingan kishilar uchun muhim ekanligini kuzatganlar.
Harakat ifodalangan rasmlarni nomlashda anomik afaziyaga chalingan tajriba ishtirokchilari
asbob nomi bilan bogʻliq fe’llarni (masalan, arralamoq, dazmollamoq) asbob nomi bilan bogʻliq
boʻlmagan fe’llarga nisbatan (masalan, yurmoq, oʻqimoq) osonroq ayta olganlar. Ammo bu holat
afaziyaning agrammatik turiga chalingan ishtirokchilarda kuzatilmagan [Bastiaanse & Jonkers,
1996]. Anomik afaziyaga chalinganlar uchun fe’llarning ot turkumidagi soʻz bilan aloqador
ekanligi fe’llar bilan bogʻliq nutqiy jarayonlarni osonlashtirgan. Agrammatik afaziyaga
chalingan kishilarda asosiy lisoniy yetishmovchilik fe’llar bilan bogʻliq boʻlganligi sababli
ularga mazkur holat yordam bermagan.
Fe’llarning tushunilishi boʻyicha oʻtkazilgan tajribada esa agrammatik afaziyaga
chalingan ishtirokchilar asbob bilan bajariladigan, ammo asbob nomi bilan bogʻliq boʻlmagan
fe’llarni nisbatan yaxshiroq tushunganlar [Jonkers & Bastiaanse, 2006]. Masalan, tuyish, kesish
kabi fe’llar hovoncha, pichoq yo qaychi kabi asboblar yordamida amalga oshiriladigan
harakatlarni ifodalaydi, biroq ularda arralash fe’lidagi kabi asbob nomi bilan bevosita bogʻliqlik
yoʻq. R.Yonkers va R.Bastiaansi tadqiqotida arralash kabi fe’llar anomik afaziya va Vernike
374
afaziyasiga chalinganlar uchun tushunish eng qiyin fe’llar ekanligi aniqlangan. Mazkur holatlar
insonning boshqa kognitiv faoliyatlarining tilni qoʻllashdagi bevosita ta’sirini aks ettiradi, deyish
mumkin. Xususan, agrammatik afaziklarda asbob bilan bajariladigan fe’llarda ongda asbob
haqidagi tushunchaning faollashishi fe’lning faollashishiga ham yordam bergan. Anomik va
Vernike afaziyasiga chalinganlarda esa arralash kabi ot bilan bogʻliq fe’llarda arra otining
faollashishi arralash fe’lining faollashishiga xalal bergan.
Gʻarb afaziologiyasi fe’llarning afaziyada ifodalanishi boʻyicha yuqoridagi kabi qator
ahamiyatli natijalarga ega. Ushbu natijalarni oʻzbek tili misolida tadqiq qilish jahon
neyrolingvistikasiga shu vaqtgacha bu yoʻnalishda tadqiq qilinmagan til materiallari misolida
yangilik olib kirsa, oʻzbek tilshunosligi uchun yangicha yondashuvni olib kirishi bilan
ahamiyatlidir.
Biz ushbu tadqiqotimizda fe’llarning tushunilishi boʻyicha neyrolingvistik tajriba
oʻtkazdik. Tajribada 6 ta sogʻlom va 6 ta afaziyaga chalingan kishilar ishtirok etishdi. Ularga har
bir betiga 4tadan oq-qora rangda chizilgan rasm koʻrsatildi va bitta fe’l aytildi. Ishtirokchilardan
fe’l anglatgan harakat aks etgan rasmni koʻrsatish soʻraldi. Fe’lni tushunish testi 30 betdan iborat
boʻlib, har bir betda toʻgʻri javob aks etgan tasvir (masalan, hidlash fe’lini ifodalagan rasm),
oʻsha harakatga aloqador narsa (gul), toʻgʻri javob boʻlishi kerak boʻlgan fe’lga aloqador fe’l
(ayni oʻrinda yalash) va unga aloqador boʻlgan jism (muzqaymoq) aks etgan.
Tanlab olingan fe’llarning har biri chastotasi, oʻtimli-oʻtimsizligi, asbob nomi bilan
bogʻliqligi, ot turkumidagi soʻzga aloqadorligi kabi jihatlari nazorat qilingan.
Tajriba natijalari. Mazkur tajribada sogʻlom ishtirokchilarning uchtasi 100% toʻgʻri javob
berganlar. Qolgan uchtasida bittadan xato va ularning bari “yoʻtalish” fe’liga mos rasmni
koʻrsatishda adashganlar.
Agrammatik ishtirokchilarning javoblari 17-29 oraligʻida. Bitta ishtirokchi 17 ta javob
bergan boʻlsa, qolganlarniki 26-29 tagacha boʻlib, afaziya fe’lni tushunish qobiliyatiga sezilarli
ta’sir qilmaganligini bildiradi. Eng past natijani koʻrsatgan ishtirokchining toʻgʻri javoblari va
xatolarini batafsil tahlil qilamiz. Mazkur ishtirokchi quyidagi fe’llar aytilganda ularga mos
rasmni toʻgʻri koʻrsatgan:
Shaxmat oʻynash
Changʻi uchish
Kashta tikish
Yugurish
Ukol qilish
Supurish
Arralash
Svarka qilish
Oʻtlash
Boʻyash
Kulish
Qirgʻichdan oʻtkazish
Toʻgʻrash
Sakrash
Hushtak chalish
Soch olish
Pianino chalish
Bu fe’llarning xususiyatlariga yaqinroq razm solsak, ularning aksariyati ot bilan aloqador
boʻlib, biror asbob bilan bajariladigan harakatni ifodalaydi. R.Bastiansi va R.Yonkersning
tajribaviy tadqiqotida xuddi shunday holat niderland tilida soʻzlashuvchi agrammatik afaziklarda
kuzatilgan. Ular otga aloqador boʻlgan va asbob nomi bilan bogʻliq fe’llarni boshqa fe’llarga
nisbatan yaxshiroq tushunishgan [Jonkers, Bastiaanse, 2006]. Ular bu holatni Dellning
375
faollikning tarqalishi modeliga asosan fe’l va otning birgalikda faollashuvi natijasidir deb talqin
qilganlar [Dell, 1986]. Dellning nazariyasiga koʻra, inson ongida bir soʻz faollashar ekan,
mazkur faollashuv oʻsha soʻz bilan aloqasi boʻlgan boshqa soʻzlarga ham tarqaladi. Ot yoki
asbob nomi bilan bogʻliq fe’llar qabul qilinganda ham ot, ham fe’l faollashadi. Masalan, arralash
fe’lini eshitganda ham arra soʻzi, ham arralash soʻzi faollashadi. Ikkalasi shakl jihatdan ham bir-
biriga yaqin boʻlgani uchun baravar ikkita soʻzning faollashuvi (co-activation) roʻy beradi.
Fe’lda harakatning ot bilan bogʻliqligi aks etmagan holatlarda eshitilgan soʻzning oʻzi
faollashadi, keyin unga bogʻliq soʻzlar faollashadi. Afaziyaga chalinganlarda aynan
faollashuvning risoladagiday kechmasligi nutqiy muammolarga sababdir. Shuning uchun
harakatning ot bilan aloqadorligi aks etgan fe’llarda baravar ikkita soʻzning faollashuvi (co-
activation) lisoniy amallarning yaxshiroq bajarilishiga sabab boʻladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |