28
E.Sepir fikrlarini rivojlantirar ekan, insonning barcha xatti-harakatlari modellashganligi,
shaxsning nima qilishi, nimani oʻylashi yoki his qilishi har qancha oʻziga xos boʻlmasin, baribir,
xatti-harakatlarida jamiyatga xoslik seziladi, degan qarashni ilgari suradi [Yartseva, 1966: 43].
Bizningcha ham, bu toʻgʻri, chunki har qanday individuallikda ma’lum ma’noda ijtimoiylik –
jamiyatga xoslik boʻladi. Shaxs umr boʻyi oʻzi ulgʻaygan jamiyatda qaror topgan odatlar,
qadriyatlar doirasida harakat qiladi, nutqiy faoliyati ham jamiyatdagi lingvomadaniy koʻnikmalar
asosida kechadi. Shunday ekan, tilida ham ijtimoiylik – jamiyatga xoslik belgilari boʻlmasligi
mumkin emas.
Oʻzbek tilshunosligida tilning ijtimoiy tabiati, jamiyatning tilga ta’siri masalasiga oʻtgan
asrning 80-yillarida “Tilshunoslikka kirish” qoʻllanmasi [Sodiqov, 1981: 17-19]da alohida
toʻxtalingan boʻlsa ham, til va jamiyat muammolari ancha avvalroq tilga olina boshlagan. Fitrat,
Elbek, Botu singari jadidlarning asarlarida ozmi-koʻpmi shunga oid qaydlar bor. M.Mirtojiyev
va N.Mahmudovlarning “Til va madaniyat” risolasi (Toshkent, 1992)da ham tilning ijtimoiyligi,
davlat tili va til siyosati haqida soʻz ketgan oʻrinlar mavjud. Mutaxassislar S.Moʻminovning
“Oʻzbek muloqot nutqining ijtimoiy-lisoniy xususiyatlari” nomli doktorlik dissertatsiyasini
sotsiolingvistik aspektdagi ilk ish sifatida qayd etadilar. Keyingi yillarda bu boradagi
tadqiqotlarning sirasi bir qadar kengaydi [Sulaymonov, 2009; Qurbonova, 2009; Raupova, 2012;
Dadaboyev, Usmanonova, 2014; Yoʻldosheva, 2018; Qoʻshoqova, 2019].
Butun dunyoda kechayotgan globallashuv jarayonlari sotsiolingvistik tadqiqotlarning
naqadar zarurligini milliy tillar va ingliz tili ekspansiyasi misolida ayon etib qoʻydi. Milliy tillar
lugʻat tarkibiga katta miqdordagi inglizcha soʻzlarning kirib borishi til siyosatida oʻzgarishlar
qilish zarurligini ham koʻrsatmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat
Mirziyoyevning 2019-yil 21-oktabrdagi “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi maqomi va
nufuzini tubdan oshirish chora-tadbirlari” toʻgʻrisidagi Farmoni oʻzbek tilining davlat tili sifatida
qaddini roʻy-rost tiklashini, ijtimoiy maqomining yanada barqarorlashuvini ta’minladi. Ana shu
farmonning amaliy ifodasi sifatida Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Oʻzbek tili, adabiyoti va
folklori institutida “Sotsiolingvistika” boʻlimining tashkil etilishi esa davlat tili va jamiyat
munosabatlarini oʻrganishga yoʻnaltirilgan tadqiqotlarni kengayishi va kuchayishini ta’minladi.
Bu boʻlim oʻz faoliyatida “oʻzbek tilining rivojlanishi bilan bogʻliq fundamental, amaliy va
innovatsion tadqiqotlarni amalga oshirish va kengaytirish; oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi
nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish borasidagi ilmiy izlanishlarni kuchaytirish; oʻzbek tilining
yozma matni meyor va qoidalarini ishlab chiqish; oʻzbek tilining izohli lugʻatlari, davlat tilida
ish yuritish boʻyicha qoʻllanma va adabiyotlar tayyorlash; davlat tilini rivojlantirishga oid
normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda faol ishtirok etish” [OʻR VMning qarori,
2020] ga alohida e’tibor beradi.
Lingvistik adabiyotlarda til va jamiyat munosabati, tilning sotsial farqlanishi, jamiyatdagi
lisoniy vaziyat, til ijtimoiyligi, til va ijtimoiy munosabatlar, ijtimoiy omillarning tilga ta’siri,
ikkitillilik va koʻptillilik, til siyosati, millat va milliy til muammolari sotsiolingvistikaning
muhim vazifalari deyiladi [LES, 1990: 481-482; Rasulov, 2006: 10; Nurmonov, 2012: 172]. Shu
jihatdan tilning sotsial farqlanishi turli maslak, turlicha kasb-kor, turfa aqliy-ruhiy imkoniyatdagi
jamiyat a’zolaridan tashkil topganligidan kelib chiqadi va bunga “mos ravishda har qaysi
ijtimoiy guruhning faol hamda nofaol lugʻat tarkibi boʻladi” [Nurmonov, 2012: 171]. Jamiyat
a’zolarining hududiy mansubligi ham, tabiiyki, har xil. Binobarin, sotsial va hududiy dialektlar
ijtimoiy guruhlarning maslak, kasb-kor, aqliy-ruhiy imkoniyat va hududiy kelib chiqishga koʻra
tildan foydalanish tarzlaridir.
Shu ma’noda hozirgi zamon sotsiolingvistikasidan sotsial va hududiy dialektlarni
shunchaki qayd qilish, lingvistik tabiatini tushuntirishgina emas, balki ulardan unumli
foydalanish yoʻllarini koʻrsatish ham talab etiladi. Zero, adabiy tilni boyitish, oʻzlashma
terminlarga milliy muqobillarni topishda sotsial va hududiy dialektlar muhim leksik-semantik
manba boʻlishi aniq. Birgina sud-huquq tizimi leksikasida
Do'stlaringiz bilan baham: