Bog'liq Til strukturasi. Til strukturasining o‘rganilishi, uning sistema
Til strukturasi. Til strukturasining o‘rganilishi, uning sistemadan farqi. Reja: 1.Til strukturasi va uning o‘rganilishi.
2.Sistema va struktura tushunchalarining o‘ziga xos xususiyatlari va bog‘liq jihatlari.
3.Fonetik-fonologik sath.
Tayanch iboralar: struktura, sistema, strukturaviy tahlil, qoliplashtirish, til tizimi sathlari, fonetik, leksik sath, grammatik sath Strukturaviy tahlil va strukturalarni qoliplashtirish tabiiy va gumanitar fanlar uchun bir xilda muhimdir. Struktura tushunchasining shakllanishida va barcha fanlarda qo‘llanishida psixologiya fanida yuzaga kelgan ruhiy struktura atamasi muhim rol o‘ynadi. Keyingi davrlarda lingvistik strukturalizm g‘oyalarining boshqa gumanitar fanlar, masalan, falsafa rivojiga ta’siri haqida fikrlar bildirilmokda. (Skrelina 2002: 59). Xullas, struktura g‘oyasi inson bilimlari to‘plamidan muhim o‘rin egalladi. Qator fanlarni umumlashtiruvchi kibernetika ham aslida sistemalar, ularning strukturasi va ushbu sistemalarni qoliplashtirish muammolari bilan shug‘ullanadi. Shu sababli «struktura» tushunchasining mohiyatini aniqlashtirish harakati davom etmoqda. Ushbu tushunchaning umumiyligi uning ta’rifini falsafiy mazmun ifodasi nuqtai nazaridan izohlashni talab qiladi. Tilshunoslikda ham, xuddi boshqa sohalardagidek, ushbu tushuncha izohi u yoki bu falsafiy ta’limot ta’sirida bo‘lishi mumkin (Qiyoslang: Gumboldt 1985: 370-381; Protasov 1999: 142- 143; Radchenko 2002: 140-144; Vaskoshe 1994: 12-14). Binobarin, semasiologiyaning asoschilaridan biri bo‘lgan V.Bryondal «struktura» tushunchasi Sossyur talqinidagi «sistema»ga va Sepir talqinidagi «lisoniy maqsad modeli»ga mos kelishi haqida gapirib, quyidagicha ta’rif bergan: «Psixologiyada struktura tushunchasi yangicha mazmunda, ya’ni elementlarning oddiy birikmasiga qarama-qarshi yaxlitlikni atash uchun qo‘llanmokda. Bu yaxlitlikdagi elementlar bir-birini taqozo etadi va o‘zaro aloqasi asosida mavjuddir» (Bryondal 1965: 97).L.Yelmslev til strukturasini «tobeliklar zaijiri yoki aniqroq aytilganda, funksiyalar to‘ri» sifatida aniqlaydi. «O‘z ichki tuzilishi jihatidan bosqichli bo‘lgan» til strukturasi tahlilini Yelmslev «deduktiv asosda, ketma-ket mavhumlikdan konkretlikka intilgan holda bajarilish»ni taklif qiladi va olim bu usulni imperik metoddeb ataydi (Yelmslev 1965: 101).Praga strukturalistlari til strukturasini vazifaviy yondashuv asosida talqin qilmoqchi bo‘lganliklari haqida to‘xtalgan edik. Ularning vakili V.Skalechko, L.Yelmslev ta’rifini izohlab, quyidagilarni yozadi: «Yelmslev tilshunosligi ham muammoni chegaralash yo‘lidadir. Birinchidan, unda semasiologiya o‘ta cheklangan. Semasiologiya muammosi struktura muammosiga tobelashtirilgan: semasiologik vazifa lisonning vazifalaridan biridir, vazifa esa til tarkibiy qismlarining munosabatidan boshqa narsa emas. Turli tillarning farqi ham ularni shakllantiruvchi tamoyillarning turlicha yaratilganligidadir. Demak, farqlanish masalasi struktura muammosiga tenglashtiriladi» (Skalechko 1965: 154).V.Skalechkoning qaydicha, strukturani shakl sifatida talqin qilish ayrim masalalarga bir tomonlama yondashishga olib keladi. Masalan, til va borliq munosabatini (semasiologik muammo), tillarning o‘zaro munosabatini (lisoniy tipologiya), til va uning qismlari o‘rtasidagi munosabatni (til strukturasi). Pragalik olimlar «til boshqa ijtimoiy strukturalardan ajralgan mustaqil struktura» degan fikrga qo‘shilmaydilar (Skalechko 1965: 151). Tilni lisoniy jamoaning muloqot va ekspressiv - ifoda ehtiyojini qondiruvchi tizim sifatida talqin qilish til strukturasining boshqa strukturalar bilan aloqasini e’tirof etishga olib keladi. Demak, til taraqqiyotini lisoniy jamoa taraqqiyoti tarixidan ajratib bo‘lmaydi. AQSH tilshunosligida til strukturasi muammosi qo‘yilmaydi, chunki amerikaliklar asosan nutq faoliyati tadqiqi bilan shugullanadilar; diskreptiv tilshunoslikda ham xuddi generativ grammatikadek til strukturasi va sistemasi nazariy muammo emas.