Til ravnaqi
Zamonov Zohidbek Turg`un o`g`li
Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahri
TDPU Shahrisabz filiali
“O`zbek tili va adabiyoti” yo`nalishi 1-kurs talabasi
Annotatsiya: Maqolada o`zbek tili ravnaqini ko`tarish va bu yo`lda qanday ishlarni amalga oshirish zarurligi, tilimizni hurmat qilish va uni sevish kerakligi haqida fikrlar bildirib o`tilgan.
Meni doimo bir savol qiynab keladi. Bizning yurtga kelgan sayyohlar nega o`z tilida, rus yoki ingliz va boshqa tillarda gapiradi? Nega ular O`zbekistonda bo`la turib o`zbek tilida gapirmaydi? Biz ham ular bilan muloqotda ularning tillaridan foydalanamiz. Ammo biz London yoki Moskva kabi shaharlarga borganda o`sha davlatning tilida gapiramiz-ku. Buning sababi nimada? Sababi oddiy: ingliz, rus, fransuz va yana bir qancha tillar jahon miqyosidagi muloqot tili hisoblanadi. O`zbek tili-chi? Qachon o`zbek tili ham o`sha tillar qatorida turadi? O`zbek tilini bu darajaga olib chiqish esa biz yoshlarning qo`limizda. “Facebook” ijtimoiy tarmog`ini barchamiz bilamiz. Uning asoschisi Mark Zukerberg hisoblanadi. 2004-yilda o`z ishini boshlagan bu tarmoq hozirda millionlab foydalanuvchilarga ega. Buning tilga nima aloqasi bor dersiz? O`sha “Facebook” tarmog`i dastlab ingliz tilida yaratilgan, keyinchalik unga rus tili va boshqa tillar qo`shilgan. Biz yoshlar facebook tarmog`idan foydalanish uchun ingliz yoki rus tilini bilishga majburmiz. Biz o`sha tillarni o`rganyapmiz va shu o`rinda u tillarning ravnaqi ko`tarilmoqda, chunki o`sha tilni biladigan insonlar ko`paymoqda. Biz ham shunaqa yangiliklar qilaylik-ki, butun jahonga keng yoyiladigan narsa bo`lsin.
Birorta texnikaviy kashfiyot yoki barcha insonlar uchun kundalik ehtijoyida zarur bo`ladigan narsa va o`sha kashfiyotga o`zbekcha nom qo`yilsa, foydalanish uchun o`zbek tilini bilish zarur bo`lsa,o`zbek tilini ham insonlar o`z-o`zidan o`rganishni boshlamaydi deysizmi?! Albatta, boshlaydi. Biz turistlarga qulaylik bo`lsin deya tarixiy obidalardagi yozuvlarni ham, restoran va do`konlar eshigidagi yozuvlarni ruscha yoki inglizcha namunasini ham ilib qo`yamiz. Nega biz shunday qilamiz, chet eldagi birorta restoron yoki do`konlar eshigida “ochiq” degan yoki “yopiq” degan yozuvni ko`rganmizmi, yo`q, hech qachon ko`rmaganmiz. Negaki, biz u yerda muhojirmiz va o`sha davlatni tilini bilishimiz shart. O`zbekistonga kelayotgan sayyohlar ham qachon, “Biz O`zbekistonga bormoqchimiz, demak, o`zbek tilini bilishimiz yoki o`rganishimiz kerak” – deya aytadi? Buning barchasi o`zimizning qo`limizda. Biz o`zbek tilini jahon miqyosidagi tillar qatoriga olib chiqolsak, shundagina men yuqorida aytgan so`zlar haqiqatga aylanadi. Avvalo, o`zgarishni o`zimizdan, o`z yurtimizdan boshlashimiz zarur. Nega savdo majmualari peshtoqiga “ochiq” yoki “yopiq” deb emas, “open”, “close” deya yozib qo`yamiz. Nega chiqish eshigi ustiga “chiqish” emas, “выход” degan so`z yozilgan bo`ladi? Bu chet elga taqlidmi yoki foydalanuvchilar uchun qulaylik yaratishmi? O`sha foydalanuvchi millatidan qat`iy nazar O`zbekiston o`lkasida ekanmi, demak, o`zbekcha yozilgan so`zlarni o`qiy olsin, ma`nosini tushunsin, degan shiorni olg`a surishimiz kerak, deb hisoblayman.
So`zlashuv jarayonimizda ham o`zbekcha gapira turib, ruscha yoki inglizcha so`zlarni qo`shib yuboramiz, bu o`zbek tiliga bo`lgan eng kata hurmatsizlik hisoblanadi. To`gri til bilish yaxshi, lekin, eng avvalo, o`zbek tilini yaxshi bilsak va hurmat qilishni o`rgansak, boshqa xalq vakillari ham o`zbek tilini hurmat qiladi. Axir, o`zimiz amal qilmagan narsaga qanday qilib boshqalarni amal qilishga o`rgatishimiz mumkin? Shunday ekan, bugundan o`zgaraylik, bugundan o`sha qusurlardan vos kechaylik va kelajak avlodlarga o`rnak bo`laylik, yangi-yangi ixtirolar qilaylik va ularni o`zbekcha nomlaylik. Bularning barchasi o`zbek tili ravnaqini ko`tarishimiz uchun yo`lak vazifasini o`taydi. Men ishonamanki, kun kelib o`zbek tili ham rus, ingliz, fransuz, xitoy kabi jahon tan olgan tillar qatorida turadi. Bu kunlarni qanchalik tez kelishi esa siz-u bizning qo`limizda. Do`stlar tilimizni sevaylik, hurmat qilaylik, uning ravnaqiga o`z hissamizni qo`shaylik va “o`zbek” tilini jahonga tanitaylik!
Do'stlaringiz bilan baham: |