Fonemaning ma’no farqlash xossasi - bir fonemaning turli ko‘rinishi bo‘lgan tovushlarda bu hodisa kuzatilmaydi. Bir fonemaning nutqiy varianti bo‘lgan tovush boshqa fonemaning varianti bo‘lgan tovush bilan almashtirilsa, so‘z ma’nosi yangilanadi, ya’ni boshqa so‘zga aylanadi. Qiyoslang: qora va qara, ota va ata, ona va ana. Shu boisdan ham fonemaga tilning ma’no farqlovchi eng kichik birligi deb ta’rif berildi. Bir fonemaning turli varianti ma’no farqlamaydi. Masalan, til oldi va til orqa o‘ unlilari quyida ma’no farqlamagan: o‘l-o‘l.
Leksema va so‘z - Lisonning borliq hodisalarini nomlash, ifodalash, ko‘rsatish uchun xizmat qiluvchi birligi – leksema. Lisoniy birlik sifatidagi leksema biri ikkinchisisiz mavjud bo‘la olmaydigan ikkita psixofizik tomon – akustik struktura (tovush qobig‘i), ya’ni nomema hamda ma’lum bir tushuncha asosida vujudga kelgan mazmuniy struktura, ya’ni sememaning birligidan iborat.
Lisoniy birlik sifatidagi leksemaning tovush strukturasi fonetik birlik ko‘rinish (variant)larining turlicha kombinatsiyalari asosida vujudga kelgan. O‘zbek tilida mavjud barcha leksemaning shakliy tomoni tilimizda mavjud 30 ta fonema asosida, xolos. Shu boisdan tashqi fonetik strukturasi asosida leksemalarni kuchli va kuchsiz ziddiyatga qo‘yish mumkin.
Leksemalarni kuchli ziddiyat oppozitsiyasi - bittadan (u– olmosh, e – undash), ikkitadan (ot, ish), uchtadan (bor, kel), to‘rttadan (qunt, band) fonema variantining zidlanishi asosida hosil bo‘lgan bo‘ladi.
Leksemalarni kuchsiz ziddiyat oppozitsiyasi - leksemalarni tarkibidagi ayrim fonema variantlari asosida bo‘ladi (tub – tup, bob – bop).
Leksemaning mazmun mundarijasi - Har bir leksema lisoniy birlik sifatida mazmun mundarijasiga ham ega. Leksemaning mazmun mundarijasi denotat yoki referent deb ataladigan borliqdagi narsa, harakat, belgi, miqdor kabilarni ifodalaydigan tushunchalarni anglatadi. Masalan, borliqda yuz deb ataluvchi kishi burni ikki tomonining peshonadan iyakkacha bo‘lgan qismi mavjud. Shu asosda kishi ongida «yuz» tushunchasi vujudga kelgan. Mazkur tushuncha asosida esa semema (leksema ma’nosi) shakllanadi. Tushuncha bilan ma’no bitta narsa emas, ular farqli xususiyatga ega. Masalan, ingliz, rus, nemis tilida so‘zlashuvchi kishilarning ongida «aka» va «uka» tushunchalari mavjud. Biroq bu tushunchalar brother (ingliz), brat (rus) va bruder (nemis) leksemalarida bitta ma’no (semema)da birlashgan. Yoki yuz, bet, bashara, chehra, oraz leksemalari bitta tushunchani ifodalaydi, lekin ma’nolari o‘zaro farqlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |