4. Polisintetik tillar. Bu kabi tillarda butun bir gap bir so’z holida yoziladi. Polisintetik tillarga chukot tili, shuningdek, Amerikadagi ayrim hind tillari, Osiyodagi paleosiyo oilasiga kiruvchi ayrim tillar kiradi.
TIRIK VA O’LIK TILLAR
Hozirgi paytda ma’lum bir xalq vakillari uchun muloqot vositasi bo’lib xizmat qilayotgan tillar tirik til hisoblanadi. Ya’ni tirik til jamiyat hayoti bilan bog’liq bo’ladi. Jamiyat hayotidan uzilgan, hozirgi davrda hech bir xalq uchun muomala vositasi bo’lib xizmat qilmayotgan, lekin qoldiqlari bizgacha yetib kelgan tillar o’lik til deyiladi.
Masalan: lotin, qadimgi hind yoki Sanskrit, qadimgi slavyan, qadimgi xorazmiy, qadimgi arab, qadimgi fors, so’g’d tillari o’lik tillardir.
Lotin tili qadimgi Rim imperiyasining rasmiy tili sifatida mavjud bo’lgan. Mazkur imperiya V asrda yemirilgandan keyin bu til ham asta-sekin turli tarmoqlarga bo’linib ketadi va natijada o’lik tilga aylanadi. Hozirgi kunda ilmiy atamalarda lotin tili qoldiqlarini uchratish mumkin. Shuningdek, o’rta va oliy tibbiyot o’quv yurtlarida ham lotin tili o’qitiladi. Til o’lik bo’lsa-da, yozuv saqlanib qoladi.
Qadimgi xorazmiy tili esa eroniy tillarning sharqiy turkumiga mansub bo’lib, qadimgi Xorazm vohasining aholisi shu tilda gaplashgan. Bu til XI asrgacha muomalada bo’lgan va keyinchalik iste’moldan chiqqan hamda o’lik tilga aylangan.
Qadimgi sanskrit ya’ni hind tili o’z davrida braxmanlar tili hisoblangan, ammo bu tilda aholi gaplashmagan. Shuning uchun vaqt o’tishi bilan bu til ham o’lik tilga aylangan.
TIL VA NUTQ
Hali voqealanmagan imkoniyat tarzidagi, ma’lum jamiyat a’zolari uchun barobar xizmat qiluvchi ijtimoiy-ruhiy aloqa vositasi – til, shu tilning muayyan bir shaxs nutqiy faoliyatida bevosita namoyon bo’lishi, voqealanishi – nutqdir. So’zlovchi va tinglovchi o’rtasidagi axborot uzatish va axborot qabul qilish faoliyatiga esa nutqiy faoliyat deyiladi. Aniqlik kiritadigan bo’lsak, fikrimizni boshqalarga tovushlar vositasida so’zlash va harflar vositasida yozish orqali bayon qilamiz. So’zlash va yozish orqali faqat ma’lum fikr bayon qilishimiz nutq hisoblanadi. Nutq ikki yo’l bilan amalga oshadi: tovushlar zanjiri asosida bayon qilingan nutq og’zaki nutq, harflar ketma-ketligi asosida bayon qilingan nutq esa yozma nutq sanaladi.
Til va nutq garchi bi-biri bilan uzviy bog’liq bo’lsa-da, ular o’rtasida farq bor. Til – aloqa vositasi. U - ma’lum xalq tomonidan ishlatiladigan, uzoq tarixga ega bo’lgan ijtomiy hodisa. Nutq esa shu tilning ma’lum paytda va ma’lum o’rinda namoyon bo’lishidir. Ya’ni tilning amalga oshgan shakliga nutq deyiladi.
Olimlar til va nutq tushunchasini shaxmat o’yiniga qiyoslaydi. Shaxmat taxtasi, donalari, shaxmat o’yini qoidalari tilga qiyoslansa, har bir shaxmatchining o’yin uslubi nutqqa o’xshatiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |