Propanidid. Yog`simon suyuqlik bo`lib, suvda erimaydigan, maxsus detergentlarda eriydigan modda. O`ta qisqa narkoz chaqiruvchi modda hisoblanadi. Narkoz holati tezda (20-40 sekund) boshlanadi va 3-5 daqiqa davom etadi. Qo`zg`alish davri bo`lmaydi. Narkoz holati tugagach 2-3 daqiqada bemor xushiga keladi. Preparat qisqa muddatli amaliyotlarda (yopishib qolgan bog`lamni olib tashlash, tishni sug`irish, yiringlarni chiqarib yuborish va hk) va narkozni boshlanishida hamda tashxis muolajalarini bajarishda qo`llanadi. Bu maqsadda venaga asta-sekin yuboriladi. Propanidid jigarda metabolizmga uchraydi, metabolitlari buyraklar orqali chiqib ketadi. Ayrim holatlarda nojo`ya o`zgarishlar (nafasni susayishi, taxikardiya, ko`ngil aynish, qusish va hk) kuzatilishi mumkin.
Preparat 5 % eritma holida ampulalarda 10 ml dan chiqariladi. Tuzilish formulasi:
(4)
Ketamin. Suvda va spirtda yaxshi eriydigan oq rangli poroshok. Venalarga va mushaklar orasiga yuborilganida qisqa muddatli narkoz holatini keltirib chiqaradi. Bunda nafas olish va chiqarish o`zgarmaydi. Preparat mushaklar orasiga yuborilganida og`riqni qoldiruvchi ta`siri asta-sekin yuzaga chiqib (6-8 daqiqa), uzoq davom etadi (30-40 daqiqa). Venaga yuborilganida esa samarasi 1 daqiqa mobaynida boshlanadi va 5-15 daqiqagacha davom etadi. Og`riq qoldiradigan ta`siri 2 soatgacha davom etishi mumkin. Bunda mushaklar to`liq bo`shashmaydi. Preparat jigarda metabolizmga uchrab, jigar va buyrak orqali chiqib ketadi. Xozirgi kunda ishlatiladigan noingalyatsion preparatlar ichida eng ko`p qo`llaniladigan preparat bo`lib, o`nlab narkoz dori vositalarining tarkibiy qismiga kiradi.
Ketamin narkozning boshlang`ich davrini ta`minlash, bazis narkoz sifatida, kombinatsiyalangan narkoz uchun ishlatilishi mumkin. Mononarkoz sifatida qisqa muddatli amaliyotlarda, og`riqli muolajalarda, travmatologiyada bemorlarni transportda olib borish uchun qo`llanadi. Ketamin ta`sirida qon bosimi ko`tariladi, taxikardiya, gipersalivatsiya, nafasni susayishi va boshqalar kuzatilishi mumkin. Preparat miyada qon aylanishi buzilgan hollarda, gipertoniyada, stenokardiyada, yurak faoliyatining yetishmovchiligida (dekompensatsiya) va eklampsiya, tutqanoqlarda tavsiya etilmaydi. Ketamin eritmasini barbituratlar bilan qo`shib ishlatib bo`lmaydi, chunki cho`kmalar hosil bo`ladi. Ketamin (Ketaminum). Eritma 20ml flaqonlarda (1ml da 0,1), 10ml flaqonlarda (1ml da 0,05g) chiqariladi, 2 - 3 mg/kg venaga, 4 - 8 mg/kg mushaklar orasiga yuboriladi. Tuzilish formulasi:
(5)
Do'stlaringiz bilan baham: |