KU-ISITMA (PNEVMORIKKETSIOZ)
KU-isitma — intoksikatsiya, isitma va o'ziga xos pnevmoniya belgalari bilan namoyon bo'ladigan zoonoz kasallik.
Kasallik atamasi inglizcha Query so'zidan olingan bo'lib, noma'lum ma'nosini anglatadi. Uni 1937 yilda Avstraliyada Derrik kuzatgan va to'liq tariflagan. Bernet degan olim (1937 y.) bemor qoni va siydigidan kasallikni qo'zg'atuvchi rikketsiyalarni ajratib olgan.
Bu kasallik ko'pgina mamlakatlarda, shu jumladan Markaziy Osiyoda uchrab turadi. O'zbekistonda bu kasallik birnecha bor 1948-1949 yillarda "Termiz isitmasi" nomi bilan o'rganilgan.
Etiologiyasi. Kasallik qo'zg'atuvchisi Bernet rikketsiyasi — mayda, shakli o'zgarib turadigan, hujayralar ichida (tashqarisida ham) yashaydigan mikroorganizmlar. Rikketsiyalar tovuq embrionida yaxshi o'sadi. Ular tashqi muxitda chidamli — quritilganda bir necha oygacha, ultrabinafsha nurlar ta'sirida va 90°S qizdirilganda 1 soatgacha, qaynatilganda esa 1 daqiqa saqlanadi, ular ko'pchilik dezinfeksiyalovchi moddalar ta'siriga xam ancha chidamli. Suvda uzoq saqlanadi.
Epidemiologiyasi. KU-isitma tabiiy o'choqliligi bo'lgan kasallik. Tabiiy o'choqlarda rikketsiyalarni tashib yuruvchi kanalarning 50 ga yaqin turi aniqlangan. Ular tuxumlari orqali rikketsiyalarni kelgusi avlodiga o'tqazadi, shunday qilib infeksiyaning tabiiy o'choqlari paydo bo'ladi va uzoq saqlanadi. Kanalar rikketsiyalarni o'zlariga yovvoyi va uy xayvonlaridan ham yuqtirib oladilar, keyinchalik boshqa xayvonlarga (chaqish orqali yoki najasi orqali) yuqtiradilar. Odamlarga bu kasallik asosan uy xayvonlaridan (yirik va mayda shoxli hayvonlar, ot, tuya, eshak, cho'chqa, it, tovuq va b.) yuqadi. Bernet rikketsiyalari go'sht, jun va ularning mahsulotlarida uzoq vaqt tirik saqlanadi. Kasallangan sigirlar 2 oydan 2 yilgacha suti, siydigi va najasi orqali yoki tug'ish paytida homila oldi suvi orqali ko'p miqdorda rikketsiyalarni ajratib turadi. Odamga yuqish yo'llari xam turlicha bo'ladi: 1) transmessiv (kana chaqishi orqali) — kam kuzatiladi; 2) kontakt (terisi shilingan joydan infeksiya yuqishi); 3) alimentar yo'l (zararlangan go'sht va sut mahsulotlarini iste'mol qilish); 4) ingalatsiya yo'li (chang va havo orqali yuqish) — eng ko'p uchraydi. KU-isitmasi bemordan sog' odamga yuqmaydi.
Klinikasi. Yashirin davri 11 kundan 28 kungacha (8 kungacha qisqarishi mumkin). Kasallik ko'pincha et uvishib, qaltirash, tana haroratini tezlikda 39-40°S gacha ko'tarilishi bilan o'tkir boshlanadi. Bemorning boshi, butun tanasi, boldir mushaklari, ko'z soqqalari og'riydi, ishtaxasi bo'g'ilib, uyqusi buziladi. Biroq isitma yuqori bo'lishga qaramay, bemorning umumiy ahvoli unchalik yomon bo'lmayda. Ular ko'pincha oyoq ustida yuradilar, Isitaa davrida (u 2 kundan 3-6 xaftagacha davom etadi) bemorning yuzi va ko'zlari qizargan bo'ladi, toshma faqat 3% hollarda kuzatiladi. 3-5-kundan boshlab, bemorni ko'kragida sanchiqli og'riq, quruq, ba'zan biroz (qon aralashmali) balg'amli yo'tal bezovta qiladi. O'pkadagi yallig'lanish alomatlari eshitib, yoki dukillatib qo'rilganda yaxshi aniqlanmasada, renggenda yaqqol ko'rinadi. KU-isitmasida pnevmoniya 25-90 % bemorlarda kuzatiladi. Yurak-qon tomir sistemasi faoliyati biroz buziladi — nisbiy bradikardiya va gipotoniya aniqlanadi. Kasallikning 3-5-kunidan keyin jigar va taloq kattalashadi. Qonda leykotsitlar miqdori normada, yoki biroz kamaygan, neytropeniya va limfotsitoz, xamda ECHT ning ancha tezlashganliga kuzatilishi mumkin. KU-isitmaning kechishi juda xilma-xil bo'lib, uning grippsimon, pnevmonik, tifsimon, nevrolgik singari yaqqol ifodalangan kechishi bilan bir qatorda, faqat laboratoriya tekshiruvlaridagina aniqlanadigan latent kechishi ham kuzatilishi mumkin.
Tashxisoti. Kasallikning tashxisoti ko'pchilik xollarda ancha mushkul. Bu kasallik tashxisini qo'yishdan oldin uni gripp, qora oqsoq, ich terlama va toshmali termalar, zotiljam, sariqsiz leptospiroz va boshqalardan farqlab olish kerak.
Laboratoriya tekshiruvlari komplementni biriktirish reaksiyasi (KBR) va agglutinatsiya reaksiyalaridan foydalaniladi. KBR kasallikning 10-12-kunlaridan boshlab musbat natija bera boshlaydi va 3-4-xaftalarda eng yuqori titrda bo'ladi. Qushimcha tashxisiy usullar sifatida immun-flkyuressensiya usuli, biologik va teri-allergik usullaridan xam foydalanish mumkin.
Davolash. KU-isitmani davolashda antibiotiklar keng qo'llanadi. Tetrasiklin (yoki tetrasiklin preparatlari) 0.3 g, dan, yoki levomitsetin 0.5 g. dan xar 6 soatda 10-14 kun davimida beriladi. Zaruratga qarab, qo'shimcha davo choralari xam (dezintoksikatsion, simptomatik va boshqalar) o'tkaziladi.
Profilaktikasi. Tabiyatda rikketsiyalarining rezervuari va kasallik manbai bo'lgan hayvonlarni sog'lomlantirish (veterinariya xodimlari tomonidan olib boriladi) va kanalarni yo'qotish asosiy profilaktik chora hisoblanadi. Kasallik o'chog'i bo'lgan xo'jaliklarda darhol kanalarni yo'qotish bo'nicha choralar ko'rish, olinadigan sutni faqat qaynatib iste'mol qilish, shu xo'jalikda yashaydigan xodimlarga kasallik yuqtirmaslikning barcha zarur choralarini ko'rish lozim.
Yirik va mayda shohli xayvonlar va ularning mahsulotlari bilan ishlovchi hodimlar quruq tirik vaksina bilan emlanadilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |