Moddiy ishlab chiqarishdan ajralgan holdagi real iqtisodiyot mavjud emas.
Moddiy ishlab chiqarish iqtisodiyot rivojlanishining asosi, xo’jalik faoliyatining
boshlang’ich nuqtasi bo’lib kelgan va shundayligicha qoladi. Shu sababli
iqtisodiyotning turli darajadagi - korxona, tarmoq va butun davlat miqyosidagi holati
moddiy ishlab chiqarishning yutuqlari, jumladan, moddiy ishlab chiqarishning keng
ma’noda iste’molga, yoki bugungi til bilan aytganda bozor talabiga mos kelishi bilan
tavsiflanadi va oldindan belgilab beriladi.
“Iqtisodiyot doimo moddiydir” iborasi insonning hayotiy ehtiyojlari, ya’ni uy-
joy, oziq-ovqat, kiyim-kechak, avtomobil va hokazolarga bo’lgan ehtiyojlaridan
tashqari, iqtisodiyotning aholi va xalq xo’jaligi uchun zarur bo’lgan mahsulot(tovar)
tayyorlanuvchi moddiy ishlab chiqarish sohasi bilan aloqasini ham aks ettiradi.
Aynan moddiy ishlab chiqarish sohasi (sanoat, qishloq xo’jaligi, qurilish, transport va
hokazo) aholining asosiy qismini ish bilan ta’minlaydi. Mehnat bilan bandlik
ko’rsatkichi iqtisodiyot holatining o’ziga xos “barometri” vazifasini bajaradi:
aholining mehnat bilan bandligi qanchalik yuqori bo’lsa, ishsizlik sur’ati shunchalik
past bo’ladi va aksincha.
Zamonaviy fan-texnika taraqqiyoti ishlab chiqarish va iqtisodiyotning uzluksiz
rivojlanishida
kompyuterlashtirish va informatizatsiya, internet tarmog’iga kirishni
ilgari surmoqda. Bu esa boshqaruv tizimining eng muhim bo’g’inlaridan tashqari,
ishchi kuchining sifatini oshirish vositasi hamda ishlab chiqarish jarayonini
muvaffaqiyatli tashkillashtirish uchun turtki bo’lib xizmat qiladi.
Biroq moddiy ishlab chiqarishning etakchilik rolini inkor qilmagan holda,
iqtisodiyotning rivojlanishiga
ishlab chiqarish infratuzilma (transport, aloqa,
energetika va axborot xizmati) va
ijtimoiy infratuzilma (maorif, sog’liqni saqlash,
umumiy ovqatlanish, uy-joy-kommunal xizmati va boshqalar)ning rolini ham
ko’rsatib o’tishimiz darkor. Bu sohalarda ham aholining katta qismi mehnat bilan
band bo’lib, ularning mehnati moddiy ishlab chiqarish xodimlari mehnatidan kam
foyda keltirmaydi. Shundan kelib chiqqan holda aytish mumkinki,
iqtisodiyot - ilmiy
kategoriyaga qaraganda ishlab chiqarish kategoriyasiga yaqinroq bo’lib, fan-texnika
taraqqiyoti, ishlab chiqarish va noishlab chiqarish sohalarining o’zaro samarali
aloqalari, reurslardan oqilona foydalanish va ratsional boshqaruv tufayli faoliyat
ko’rsatmoqda va rivojlanib bormoqda.
Iqtisodiyot doimo dinamik bo’lib, sifat va miqdor o’zgarishlariga duchor
bo’ladi. Ba’zi hollarda salbiy holatlar (masalan, qishloq xo’jaligida qurg’oqchilik,
qoramollar o’limi; urush, terrorizm va hokazo) yuzaga kelsa ham, iqtisodiyotda ijobiy
siljishlarga erishish mumkin. Fan-texnika taraqqiyoti,
malakali kadrlar, xo’jalik
mexanizmi va undan oqilona foydalanish, izlanish, tadbirkorlik, tashabbuskorlik,
rag’batlantirish - bularning barchasi iqtisodiyotda ijobiy siljishlarga erishish uchun
xizmat qiladi.
Bozor munosabatlariga asoslanilgan hozirgi davrda iqtisodiyotni ko’tarish
uchun bu va boshqa imkoniyatlar avvallardagiidek faqatgina davlatning qo’lida
mujassamlangan emas, balki iqtisodiyotning asosiy ishlab chiqarish bo’g’inini tashkil
qiluvchi xo’jalik yurituvchi sub’ektlar - korxona, firma, kombinat va boshqa ishlab
chiqarish strukturasi vakillariga ham katta imkoniyatlar berilgan.
15