Ishchi diagnostikalashda ob’yektga ish ta’sirlari o‘tkaziladi va ob’yekt ishchi tartibotlarida ishlayotganida diagnostikalash amalga oshiriladi.
Ekspress-diagnostikalash oldindan belgilangan vaqt ichida parametrlarning cheklangan soni bo‘yicha o‘tkaziladi.
Tizimning samarali ishlashi uni tashkil etgan elementlari (vositalar, ob’yekt va ijrochilar)ning bir-biriga monand o‘zaro harakatiga bog‘liq. Diagnostikalash tizimi har bir elementining vazifasi va tutgan o‘rnini ko‘rib chiqamiz.
Diagnostikalash vositalari — bu, jihozlar (priborlar,pultlar, stendlar, maxsus va universal kompyuterlar, avtomobil konstruksiyasiga doimiy o‘rnatilgan apparatlar va boshqalar) va diagnostikalashni amalga oshiruvchi dasturlar. Diagnostikalash vositalari funksional vazifasi, texnologik joylashuvi, axborot berish shakli, ixtisoslashuv darajasi va qo‘zg‘aluvchanligi bo‘yicha tasniflanadi.
Texnologik joylashuvi bo‘yicha texnologik jihozlar tashqi, avtomobil konstruksiyasiga doimiy o‘rnatilgan va qurama bo‘lishi mumkin.
Tashqi vositalar - konstruksiyasi diagnostikalash ob’yektidan ayrim holda bajarilgan stendlar, asbob (pribor)lar, jihozlar.
Avtomobil konstruksiyasiga doimiy o‘rnatilgan vositalar diagnostikalash ob’yektining tarkibiy qismi hisoblanadi. Doimiy o‘rnatilgan diagnostik vositalardan olingan axborotdan tashqi vositalar foydalanganda jihozlarning qurama holatiga ega bo‘lamiz.
Diagnostik jihoz ixtisoslashuvi bo‘yicha maxsus va universal jihozlarga bo‘linadi. Maxsus diagnostikalash vosita bitta yoki bir turdagi ob’yektlar guruhini diagnostikalash uchun mo‘ljallangan. Universal diagnostikalash vositasi har xil turdagi ob’yektlarni diagnostikalashga mo‘ljallangan. Masalan, tebranma shovqin diagnostikasi jihozi avtotransport vositasining har xil agregatlarini diagnostikalashda ishlatilsa, elektron skaner-testerdan ayrim avtotransport vositalarining elektron jihozlarini diagnostikalashda foydalaniladi.
Qo‘zg‘aluvchanligi bo‘yicha diagnostik jihozlar qo‘zg‘almas, siljiydigan va ko‘chma bo‘lishi mumkin.
Diagnostik jihozlar bajarayotgan vazifalariga qarab quyidagicha tasniflanadi: avtotransport vositasini butuni diagnostikalash uchun, uning agregatlari, uzellari va tizimlarini diagnostikalash uchun.
Diagnostik jihozning axborot berish shakli tovushli, ko‘z yordamida ko‘riladigan, raqamli, o‘xshash, uzlukli bo‘lib, «ha-yo‘q», «yaroqli-yaroqsiz» turida qayd etiladi va axborot yig‘ib boriladi.
Diagnostikalash vositalari aniq belgilangan algoritmlar bo‘yicha ishlaydi. Diagnostikalash (nazorat) algoritmi bajariladigan ko‘rsatmalar majmuidan iborat bo‘lib, diagnostikalashni o‘tkazishda harakatlar ketma-ketligini aniqlaydi. Diagnostikalash (nazorat) algoritmi ob’yektni elementlari bo‘yicha tekshiruv o‘tkazish tarkibi, tartibi hamda ularning natijalarini tahlil etish qoidalarini belgilaydi. Elementlar bo‘yicha tekshiruv ishchi yoki test ta’siri bilan aniqlanadi. Algoritmlar ikkiga bo‘linadi: shartsiz va shartli.
Diagnostikalash (nazorat) ning shartsiz algoritmlarida elementar tekshiruvlarning bajarilish tartibi oldindan belgilangan. Diagnostikalashning shartli algoritmlarida navbatdagi elementar tekshiruvni tanlash oldingi tekshiruvlar natijalari bilan aniqlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |