Moliyaviy lizing (finance leasing) - mulkni sotib olib, vaqtinchalik egalik qilishga hamda davomiyligiga ko‘ra, undan foydalanishning to‘la va amortizatsiyasiga yaqinlashuvchi muddatlarga yoki mulk qiymatining katta qismiga teng bo‘lgan bahoda topshirish bo‘yicha operatsiyani o‘zida mujassam etadi. Lizing shartnomasi amal qilayotgan muddat mobaynida lizing beruvchi lizing to‘lovlari vositasida mulkning to‘la qiymatini o‘ziga qaytaribgina qolmay, balki bundan foyda ham oladi. Bunda lizing obyektiga xizmat ko‘rsatish hamda uni sug‘urtalash bilan bog‘liq barcha majburiyatlar lizing oluvchi zimmasiga yuklatiladi.
Moliyaviy lizingda lizing shartnomasi quyidagi talablardan biriga javob berishi kerak:
-
lizing shartnomasi muddati lizing obyektining xizmat muddatidan 80 foizdan ortiq bo‘ladi yoki lizing shartnomasi muddati tugagach, lizing obyektining qoldiq qiymati uning boshlang‘ich qiymatining 20 foizidan kamni tashkil etadi;
-
lizing oluvchi lizing obyektini qat’iy belgilangan narxda yoki lizing shartnomasi muddati tugaganda aniqlanadigan narxda sotib olish huquqiga ega;
-
lizing shartnomasi davridagi to‘lovlarning umumiy summasi lizing obyekti qiymatining 90 foizidan ortiq bo‘ladi.
Moliyaviy lizingni tavsiflovchi o‘ziga xos, asosiy belgilar quyidagilardan iborat:
-
munosabatlarning yangi subekti - mol-mulk sotuvchisining mavjudligi;
-
lizing beruvchi mulkni o‘zi foydalanishi uchun emas, balki maxsus lizingga berish uchun sotib oladi;
-
mol-mulkni va uning sotuvchisini mustaqil aniqlash va tanlash huquqi lizing oluvchida bo‘ladi;
-
mulk sotuvchisiga mulkni lizingga berish maqsadida sotib olinayotganligi ma’lum qilinadi;
-
mulk bevosita lizing oluvchiga yetkazilib, unga foydalanish uchun topshiriladi;
-
lizing oluvchi tomonidan mulkning sifati, butligi, kafolatli ta’mirlash haqidagi shikoyatlar bevosita mulk sotuvchisiga yo‘llanadi;
-
mulkni foydalanishga topshirish bo‘yicha oldi-berdi dalolatnomasi imzolangandan keyin mulkning nobud bo‘lishi va shikastlanishi qaltisligi lizing oluvchining zimmasiga o‘tadi.
Moliyaviy lizingning bir nechta o‘z nomlariga ega turlari mavjud.
Klassik moliyaviy lizing uch tomonlama munosabatlar va mulkning to‘la qiymati qoplanishi bilan xarakterlanadi. Lizing oluvchining arizasiga binoan lizing beruvchi uskunani sotib olib, ijaraga berish asosida moliyaviy xarajatlarini qoplaydi va lizing to‘lovlari orqali foyda ko‘radi.
3.1-rasm. Klassik moliyaviy lizing operatsiyalarining o‘tkazish sxemasi
-
Lizing oluvchi tomonidan talab qilinayotgan lizing obyekti va uning sotuvchisining aniqlanishi.
-
Lizing kompaniyasiga ariza berish. Lizing beruvchi qarz oluvchining moliyaviy holatini o’rganadi va loyihaning iqtisodiy tahlilini amalga oshiradi.
-
Lizing shartnomasini imzolash.
-
Lizing obyektini oldi-sotdi shartnomasini imzolash va uning to’lovini amalga oshirish.
-
Sotuvchi tomonidan lizing obyektining bevosita lizing oluvchiga yetkazib berilishi.
-
Tomonlar kelishuvi asosida lizing obyektini sug’urtalash.
-
Lizing to’lovlarini amalga oshirish.
Qaytariladigan lizing (sale and Leaseback) ikki tomonlama lizing kelishuvining bir turidir. Uning mohiyati quyidagidan iborat: uskunaga ega bo‘lgan korxona ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun mablag‘ yetishmovchiligi sababli, uskunalarini lizing kompaniyasiga sotadi va yana o‘zi ushbu uskunalarni lizing shartnomasi asosida olib, ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi. Shunday qilib, korxona aylanma mablag‘larini to‘ldirishga yo‘naltirishi mumkin bo‘lgan pul mablag‘lariga ega bo‘ladi. Shartnoma shunday tuziladiki, unga ko‘ra korxona shartnoma tugashi bilan uskunalarni qayta sotib olish huquqiga ega bo‘ladi.
Lizing loyihalari qaytariladigan lizing(lease-back) shaklida ham amalga oshiriladi. Bunda lizing beruvchi kompaniya lizing oluvchi (tashkilot)dan mulkni sotib olib uni qaytadan lizing oluvchi (tashkilot)ga lizing shartnomasi asosida beradi, lizing oluvchi vaqtinchalik bo‘sh mablag‘larga ega bo‘ladi (3.2-rasm).
Do'stlaringiz bilan baham: |