3.4-rasm. Qo‘shimcha lizing sxemasi
Xalqaro miqyosda «dabl-dipping» nomini olgan (double dipping), sublizing kelishuvlarini qo‘llash asosida ikki yoki undan ortiq davlatlarning soliq tizimidagi mavjud imtiyozlar kombinatsiyasiga erishiladi. Masalan, 80-yillar boshlarida shu sxema asosida AQSh uchun Buyuk Britaniyadan samolyotlar olingan edi. Bu shartnomaning samarali bo‘lishi Buyuk Britaniyada lizing beruvchi mulk huquqiga ega bo‘lsa va AQShda esa lizing beruvchi egalik qilish huquqiga ega bo‘lsa, soliq imtiyozlaridan foyda ko‘proq bo‘lishi bilan bog‘liqdir. Ushbu o‘ziga xos tomonlar hisobga olingan holda lizing kelishuvi quyidagicha tashkil etildi.
Buyuk Britaniyadagi lizing kompaniyasi samolyotlarni sotib oladi (mulkdorlik huquqi) va ularni lizing asosida Amerika lizing kompaniyasiga taqdim etadi (egalik qilish huquqi). U esa o‘z navbatida samolyotlarni mahalliy aviakompaniyalarga lizing sharti bilan taklif etadi. Bunday turdagi bitimlar turli davlatlar o‘rtasida tuzilishi mumkin. Huddi shunday sxema asosida 80-yillarda «Pan America» o‘zining aerobuslarini Frantsiya va AQSh o‘rtasidagi «dabl dip» bo‘yicha moliyalashtirgan.
Ko‘pincha lizing kompaniyalari soliqdan yutish maqsadida o‘z filiallarini imtiyozli soliqqa tortish joylari (offshor hududlar)da ochadilar.
Operativ lizing (operating lease)- uskuna (mulkiy huquqlar) ni me’yoriy xizmat davridan kam muddatga berilishidir. Shu munosabat bilan bir shartnoma bo‘yicha lizing to‘lovlari mulkning to‘la qiymatini qoplay olmaydi. Lizing beruvchi mulkni bir necha marotaba ijaraga berishga majbur bo‘ladi va mulkka talab bo‘lmagan taqdirda, uning lizing obyekti qoldiq qiymatini qoplash bo‘yicha qaltisligi ortib boradi. Shuning uchun operativ lizing stavkasi moliyaviy lizingdagiga nisbatan yuqori bo‘ladi.
Operativ lizingning o‘ziga xos quyidagi belgilari mavjud:
-
shartnoma muddati mulkni xizmat qilish muddatidan kamroq bo‘lib, oqibatda lizing beruvchi mulk qiymatini bitta shartnoma tushumlaridan qoplay olmaydi;
-
mol-mulk ko‘p marotaba lizingga beriladi;
-
lizingga ariza bo‘yicha olingan mol-mulk emas, balki lizing kompaniyasida mavjud bo‘lgan mulk beriladi. Boshqacha qilib aytganda, lizing kompaniyasi mulkni sotib olar ekan, undan kim foydalanishini aniq bilmaydi. Shu sababli operativ lizingga ixtisoslashgan lizing kompaniyalari lizing mulki - yangi mulk, hamda foydalanishdagi mulk bozorlarining kon’nyukturasini yaxshi bilishlari kerak;
-
lizing bitimi ikki tomonlama xarakterga ega bo‘ladi (lizing beruvchi - lizing oluvchi);
-
texnik xizmat ko‘rsatish, ta’mirlash va sug‘urta qildirish kabi majburiyatlar lizing kompaniyasi zimmasida yotadi;
-
agar mulk kutilmagan holatlar tufayli foydalanishga yaroqsiz bo‘lib qolsa, lizing oluvchi shartnomani bekor qilishi mumkin;
-
mulkning tasodifan nobud bo‘lishi, yo‘qolishi, buzilishi kabi qaltisliklar lizing beruvchining zimmasida bo‘ladi;
-
operativ lizingda moliyaviy lizingga qaraganda lizing to‘lovlari yuqoriroq bo‘ladi, chunki lizing beruvchi, masalan, qayta lizingga berish uchun mijoz topilmasligi yoki mulkning buzilishi, nobud bo‘lishi bilan bog‘liq qo‘shimcha qaltisliklarni hisobga olishi lozim;
-
shartnoma muddati tugagandan keyin mol-mulk, odatda, lizing beruvchiga qaytariladi. Lizing oluvchi o‘z xohishiga ko‘ra yangi shartlar asosida shartnoma muddatini uzaytirishi va xatto mulkni sotib olishi mumkin.
Operativ lizing transport, qurilish, qishloq xo‘jaligi sohalari va boshqa sanoat tarmoqlarida keng qo‘llaniladi.
Operativ lizing bo‘yicha shartnoma munosabatlari O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik Kodeksining maxsus moliyaviy lizingga tegishli 587-599-bandlarining 6-paragrafidan tashqari, «Mol-mulk ijarasi» 34-bob, 535-599 bandlari bilan, hamda 1991 yil 19 noyabrda qabul qilingan «Ijara» haqidagi qonun (26.05.2000y. da o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan) bilan tartibga solib turiladi.
Shunday qilib, operativ lizing barchaga ma’lum bo‘lgan ijaradir.
Lizing va kreditni solishtirish uchun quyidagi tamoyillardan foydalaniladi:
Birinchidan, moliyalashning qarzga nisbatan qiymati baholanadi. Ikkita moliyalash usulidan bittasining tanlanishi, birinchisining ikkinchisiga nisbatan iqtisodiy samaradorligini anglatadi.
Ikkinchidan, bu to‘lovlarning moliyaviy ekvivalentlik tamoyili. Bir davrning o‘zida bir xil miqdorda amalga oshirilgan to‘lovlar ekvivalent to‘lovlar deb hisoblanadi.
Lizing va kreditni moliyalashtirishning o‘zaro muvofiqligini belgilab beruvchi ikkita asosiy mezonni ajratish mumkin:
-
Korxona kapitalining tuzilmasi (o‘z mablag‘lari bilan jalb qilingan mablag‘larning nisbati), kreditorga oluvchining kreditni qaytara olish qobiliyatini aniqlashi asosiy omil bo‘lib xizmat qiladi. Moliyalashtirishning kredit va ijara usullari korxona kapitalini o‘zgartirib yuborishi mumkin. Loyihaning moliyalashtirilishi uchun muqobil variantlardan birini tanlash, korxonaning kelajakda qarzga mablag‘ jalb qilish uchun bo‘lgan qiziqishini aniqlash asosida amalga oshiriladi. Shuning uchun moliyalashtirishning 2 usulini solishtirish ijara va kreditning korxona kapital tuzilmasiga qanday ta’sir qilishi mumkinligini o‘rganish asosida bajariladi;
-
Loyihaning moliyalashtirilishi bilan bog‘liq qaltisliklar. Iqtisodiy mohiyatiga ko‘ra uzoq muddatli ijara ta’minlangan ssudaga o‘xshashdir. Ammo yuridik nuqtai nazardan egalik qilish huquqi hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Moliyalashtirishning kredit usulida bunday huquq qarz oluvchida, lizing usulida esa ijaraga beruvchida bo‘ladi. Shu sababli bu holda solishtirish bazasi loyihani moliyalashtirishning lizing va kredit usullari bilan bog‘liq qaltisliklarning katta-kichikligi asosida belgilanadi.
Investitsion loyihalarni moliyalash usullaridan birini tanlashda e’tiborga olinadigan asosiy mezon foydadir. Lizing va kredit bo‘yicha muddatli qarzlarning ma’lum bir paytda bir-biriga teng bo‘lgan holda, lizing va kreditni moliyalashtirishga sarflangan pul miqdorlari solishtiriladi, ya’ni ijarani unga ekvivalent bo‘lgan qarz bilan solishtiriladi. Kredit bo‘yicha mavjud qarzlar, lizing qarzlari bilan mos kelgan holda kredit lizingga ekvivalent hisoblanadi. ekvivalent qarzning miqdorini hisoblab, lizing asosida moliyalashtirishning miqdori bilan solishtirish mumkin.
Agar hisob-kitoblar lizing oluvchi uchun ham lizing beruvchi uchun ham noqulay bo‘ladigan bo‘lsa, bu holda moliyalashning boshqa muqobil varianti tanlanishi zarur.
Lizing va ijara munosabatlari o‘rtasida ko‘pgina umumiy xususiyatlar bilan birga ma’lum farqlar bo‘lib, ular quyidagilardan iborat:
-
Lizing munosabatlari lizing beruvchi va lizing oluvchidan tashqari ijarada ishtirok etmaydigan lizing obektining sotuvchisini ham qamrab oladi.
-
Lizingda lizing oluvchi uchun faol rol ajratiladi, bunday hol ijaraga xos emas. Lizing oluvchiga mol-mulkni va uni ishlab chiqaruvchisi (sotuvchisi)ni tanlash kabi imtiyozli huquqlar beriladi. Bundan tashqari, lizing beruvchi, mulkni maxsus lizingga berilayotganligini sotuvchiga ma’lum qilishi kerak. Ijarada esa mol-mulk sotuvchisi alohida, mustaqil rolga ega emas yoki u ijara munosabatlarida umuman ishtirok etmaydi.
-
Ijara munosabatlaridan farqli o‘laroq, lizingda lizing oluvchi xaridorga xos bo‘lgan huquq va majburiyatlarga ega. Bular quyidagilarda namoyon bo‘ladi. Mol-mulk sotuvchi tomonidan uning haqiqiy egasini chetlab o‘tib, bevosita lizing oluvchining joylashgan joyiga yoki shartnomada ko‘rsatilgan joyga yetkazib beriladi va foydalanuvchi tomonidan uning ekspluatatsiyasi boshlanadi. Lizing beruvchiga esa mulkning qiymatini to‘lash yoki oldi-sotdi shartnomasini bekor qilish vazifasi yuklatiladi.
-
Mol-mulkda aniqlangan kamchiliklar bilan bog‘liq xatarlar ijara va lizingda turlicha talqin qilinadi. Ijara shartnomasida ijara beruvchi mulkdan foydalanishga to‘sqinlik qiladigan barcha kamchiliklar uchun ijaraga beruvchi ijaraga oluvchi oldida javobgardir.
Shartnoma bo‘yicha lizing beruvchi foydalanuvchi oldida mulkdagi kamchiliklar yuzasidan javob bermaydi, hamda lizing obektidan foydalanish jarayonida fuqarolar sog‘ligiga, shu jumladan, mulkdan foydalanuvchining boshqa mulkiga va uchinchi shaxslarning mulkiga zarar yetkazilishi masalasida javobgarlikni o‘z zimmasiga olmaydi. Bunday javobgarlik lizing beruvchi tomonidan sotuvchi yoki lizing obyekti aniqlanganda, uning ixtisosligini, hamda shu mulkning sotuvchisini tanlash paytida ishtirok etgan chog‘da, lizing oluvchiga zarar yetkazilgan taqdirdagina belgilanadi.
Lizing beruvchi ma’suliyatining bunday cheklanishi shundan iboratki, lizing oluvchi sotuvchini o‘zi tanlab, javobgarlikni lizing beruvchidan talab qila olmaydi.
Shuningdek, shartnoma muddati tugagunga qadar lizing beruvchi lizing obektida mavjud bo‘lishi mumkin bo‘lgan nuqsonlar uchun javob berish majburiyatidan ham ozod bo‘ladi. Ushbu majburiyat sotuvchi zimmasida bo‘ladi, shu sababli lizing oluvchi yuzaga kelgan nuqsonlar bo‘yicha bevosita sotuvchiga murojaat qiladi.
5. Lizing bitimi bo‘yicha, lizing obektiga mulk huquqi lizing beruvchida bo‘lsa-da, shartnoma davomida lizing oluvchi unga egalik qilish bilan bog‘liq bir qator majburiyatlarni o‘ziga oladi (texnik xizmat ko‘rsatish, tasodifan nobud bo‘lishi). Mulkning tasodifan nobud bo‘lishi yoki buzilishi qaltisliklari lizing oluvchiga o‘tganligi sababli, u lizing beruvchi oldida pulni qaytarish bilan bog‘liq majburiyatlarini bajarishi zarur bo‘ladi. SHu sababli lizing obekti tomonlarning aybisiz nobud bo‘lgan taqdirda, lizing oluvchi, ijara munosabatlaridan farqli o‘laroq, shartnomada ko‘rsatilganidek lizing munosabatlarini belgilovchi, lizing muddati tugagunga qadar lizing to‘lovlarini to‘lab borishi yoki shartnomada belgilangan umumiy qiymatini qoplashi zarurdir.
Lizingda qaltisliklarning bunday taqsimlanishi, ijaradan farqli ravishda asoslangandir, chunki lizing beruvchi lizing oluvchining talabiga binoan lizing obektini sotib oladi.
Ijarada hamma qaltisliklar ijaraga beruvchi zimmasida bo‘ladi va mol-mulk ijaraga beruvchining aybisiz nobud bo‘ladigan bo‘lsa, u shartnomaning bekor qilinishini talab etishi mumkin. Natijada majburiyatlar tugashi bilan ijara to‘lovlarini to‘lash majburiyatlari ham to‘xtatiladi.
6. Lizing oluvchining istagi bo‘yicha yoki lizing shartlari lizing oluvchi tomonidan buzilgan holda yoki shartnoma lizing beruvchining talabi asosida muddatidan avval bekor qilingan taqdirda, lizing oluvchi shartnomada ko‘rsatilgan lizing to‘lovlarini to‘liq to‘laydi, ba’zi hollarda esa, qo‘shimcha qilingan sarf xarajatlarni ham qoplaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |