Amir Temur o'ziga qadar mavjud bo'lgan davlatchilikning sakkizta asosiga amal qildi:
davlat siyosiy jihatdan mustaqil bo'lishi;
davlat va jamiyatning siyosiy yaxlitligi buzilmasligi;
davlat va jamiyat muayyan qonunlar, tartiblar, mafkura asosida boshqarilmog'i;
boshqaruv tizimini muvofiqlashtirib turuvchi qoidalar shakl-langan bo'lishi;
jamiyatdagi ijtimoiy-iqgisodiy munosabatlar ahvoli davlat e'tiborida bo'lishi;
fan va madaniyat ravnaqi to'g'risida doimiy qayg'urish;
har bir davr shart-sharoiti, tartiblariga ko'ra davlat jamiyat ichki taraqqiyoti masalalarini tashqi dunyodagi mavjud omillardan foydalangan holda olib borishi;
davlat tepasidagi kuchlar o'tmish, zamona va kelajakni teran tafakkur, mustahkam iymon, g'oyat yuksak ma'naviyat va millatparvarlik ila anglamog'i.
Amir Temur davlatchilikning bu asoslariga to'qqizinchisini, jamiyat rivoji va barcha ijtimoiy tabaqalar, manfaatlarini ta'minlashni qo'shdi.
Temur muhim davlat ishlarini jamiyatning yuqori qatlami vakillaridan iborat majlis (kengash)da ko'rib hal qilgan. Majlisda kimlar ishtirok etishi va ularning taxtga nisbatan joylashish tartibi Temur tuzuklarining «Saltanat saroyida o'tirish va o'rin olish tuzugi» degan bobida batafsil ko'rsatib berilgan. Unda aytilishicha, sayyidlar, qozilar, ulamo, fuzalo, shayxlar, ulug'lar va ashrof (sharaf va e'tiqodli kishilar), oliy tabaqaga mansub kishilar taxtning o'ng tomonida, amir ul-umaro, beklarbegi, amirlar, no'yonlar, ulus, tumanlar va qo'shinlarning sardorlari va amirlari, mingboshilar, yuzboshilar, o'nboshilar chap tomonda o'tirishlari lozim bo'lgan. Devonbegi va vazirlar taxtning qarshisida, turli mamlakatlar, el-uluslarning kalontarlari (shahar boshliqlari) va kadxudolari (qishloq, jamoa oqsoqollari) vazirlar orqasida, bahodirlar, o'g'lonlar taxtning orqasidan o'ng tomonda, qorovulbegilar (qo'shinning oldida boruvchi xabarchi qism boshliqlari) esa taxtning orqasidan chap tomonda o'tirishlari kerak edi. Xirovul (qo'shinning ilg'or qismi ketidan boruvchi bo'linma) amir taxti ro'parasidan o'rin olgan, ichki (kichik lavozimdagi saroy xizmatchisi), xususiy yasovul esa katta chodir eshigi oldida, dodxohlar (arz-dod bilan kelganlarning arizasini qabul qilib olib, podshoga yetkazuvchi mansabdorlar) o'ng va chap tomonda tik turganlar. Qolgan sipohiylar va xizmatkorlar o'z martabalariga qarab saf tortib tik turganlar. Majlis tantanali, bayramona o'tgan. Podsho yig'ilganlarga shohona ziyofat bergan. Biroq majlis maslahatchi organ bo'lgan. Majlisda hal qiluvchi ovoz amir-podshoning o'ziga tegishli bo'lgan.
Bundan tashqari, Temur tor doiradagi kishilar bilan ham kengash o'tkazib turgan. Bu davlat kengashida asosan shahzodalar va harbiy boshliqlar (amirlar ishtirok etib, urush va tinchlik masalalarini, ayniqsa uzoq mamlakatlarga yurish bilan bog'liq masalalarni muhokama qilganlar. Davlat kengashi tinchlik vaqtida Samarqandda amir saroyida chaqirilgan. Unda amirning qarindosh-urug'lari, ruhoniylarning oliy vakillari, bosh amir, beklarbegi, amirlar, uluslar va tumanlarning boshliqlari, mingboshilar, yuzboshilar, vazirlar, devonbegi va boshqalar ishtirok etganlar.
Saltanatda markaziy boshqaruv organlari vazifasini devonbegi boshchiligidagi. maxsus devonxona amalga oshirgan. Devonxonada quyidagi vazifani amalga oshiruvchi vazirlar bo'lgan:
mamlakat va raiyat vaziri - mamlakatdagi muhim xo'jalik va qurilish ishlarini, raiyat ahvolini va boshqalarni kuzatib turishgan;
sipohi vazirlari -sipohilarning maoshlari va armiyaning holatidan xabardor bo'lib, boshqarib turganlar;
davlat daromadlarini omonat saqlovchi vazir -egasiz qolgan, o'lib ketgan va qochganlarga tegishli mollarni, savdogarlar mol-mulkidan olinadigan zakot va bojlarni, mamlakat chorvalarini, ularning o'tloq-yaylovlarini boshqarib, bulardan yig'ilgan daromadlarni omonat saqlagan;
saltanat ishlarini yurituvchi vazir - butun saltanat idoralarining kirim-chiqimlarini, xazinadan xarajatlarni kuzatib turgan.
Bundan tashqari, yana 3 vazirdan iborat davlat hay'ati (xolisa) tuzilib, u sarhad va bosib olingan mamlakatlardagi moliyaviy ishlarni va keladigan daromadlarni boshqarib turgan.
Yuqoridagi yettita vazir devonbegiga bo'ysungan. Devonbegi ushbu vazirlar bilan birgalikda davlatdagi muhim moliyaviy ishlarni boshqargan va vazirlar faoliyatini nazorat qilib turgan.
Devonbegi yonida arkbegi ham bo'lib, u davlatdagi turli marosimlarni uyushtirgan va o'tkazgan.Shunday qilib, boshqaruv ikki idoradan: dargoh va vazirlik (devon) dan iborat bo'lgan. Dargohni oliy hukmdor boshqargan. Dargoh faoliyatini boshqarish, uning devonlar, mahalliy hokimiyat idoralari bilan bog'lanib turish ishlari Oliy devon zimmasida bo'lgan.Oliy devonda - ijroiya hokimiyatda bosh vazir, harbiy vazir, mulkchilik va soliq ishlari vaziri, moliya vaziri turgan. Sarhadlar va tobe mamlakatlarning boshqaruvi bilan shug'ullanuvchi yana uch vazir bo'lgan va devonbegiga hisobot berib turgan. Markaziy hokimiyat tizimida shayx-ul-islom, qozikalon, qoziyi ahdos (odat bo'yicha hukm chiqaruvchi qozi), qozi askar, sadri a'zam (vaqf yerlari, mulklari mutasaddisi), dodxoh (shikoyatlarni ko'ruvchi), eshikog'a, saroy vaziri, yasovul (hukmdorning shaxsiy buyrug'ini bajaruvchi), qalakchi (xiroj miqdorini aniqlovchi), muhassil (soliq undiruvchi), tavochi (asosiy qo'shinlarni to'plash ishiga mutasaddi amaldor), qorovulbegi, qutvol (qal'abon), muhtasib (shariat qoidalari ijrosini, bozor tartiblarini nazorat qiluvchi) va boshqalar bo'lgan.
Shuningdek, dargohda bosh hojib, hojiblar, xazinabon, xonsolar, jibachi, qushchi, bakovul, kotiblar, bitikchilar, tabiblar, sozandalar, dorixonachilar bo'lgan.
Amir Temurning tarixdagi xizmati shundan iboratki, u davlatchilikning boshqaruv tizimi, ichki va tashqi siyosatining tartib-qoidalari, huquqiy asoslarini yangi tarixiy sharoitda takomillashtirdi. Tashqi va ichki favqulodda voqealardan voqif etib turuvchi ming nafar piyoda, ming nafar tuya mingan, ming nafar ot mingan choparlari bo'lgan. Butun saltanat bo'ylab bir kunlik yo'l oralig'ida yomxonalar tashkil etilgan. Har bir yomda 50-200 boshdan ot-ulov tutilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |