2. Korrupsiyaga qarshi kurashning huquqiy asoslari: milliy qonunchilik
va xorijiy tajriba
XXI asr bo‘sag‘asida o‘zining davlat mustaqilligini qo‘lga kiritgan O‘zbekiston milliy xavfsizlikni mustahkamlash, demokratik huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini barpo etish, ma’naviy, milliy qadriyatlarni tiklash va rivojlantirish,bozor iqtisodiyotini shakllantirish va rivojlantirish, odamlar uchun farovon turmush sharoitlarini yaratish sari o‘ziga xos yo‘l bilan ilgarilab bormoqda. Bu yo‘l o‘ta murakkab bo‘lib, bir qancha muammolar, qiyinchiliklar, sinovlarga duch kelmoqdamiz. O‘zbekistonining Birinchi Prezident I.A.Karimovning “O‘zbekiston XXI asr bo‘sag‘asida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari” asarning “Xavfsizlikka tahdid” deb nomlangan birinchi bobida XXI asr bo‘sag‘asida xalqaro vaziyat, kuchlar nisbatidagi tub o‘zgarishlar tahlil etiladi. Umumiy, mintaqaviy va milliy xavfsizlik masalalari, ularning o‘zaro bog‘liqligi ko‘ritilgan.Xavfsizlikka tahdid solayotgan ijtimoiy-siyosiy ziddiyatlar, qarama-qarshiliklar va muammolarni, ularning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy ildizlarini ilmiy, nazariy, amaliy jihatdan birinchi bor har tomonlama teran ochib bergan.
Xo‘sh tahdid o‘zi nima ? U qanday tarixiy ildizga ega?,-degan savollar tug‘iladi.
TAHDID – inson, jamiyat va davlat hayoti hamda faoliyatiga nisbatan muayyan davr mobaynida aniq maqsadga yo‘naltirilgan mahalliy, hududiy, mintaqaviy va umumsayyoraviy salbiy omillarning tajovuzi tufayli aniq makon va zamonda vujudga keladigan xavf-xatar shakli, muayyan beqaror siyosiy-ijtimoiy va tarixiy vaziyatni ifodalovchi tshuncha. Ushbu tushunchaning mazmun-mohiyati, namoyon bo‘lish shakllari va xususiyatlari Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning “O‘zbekiston XXI asr bo‘sag‘asida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari” asarida ko‘rsatib berilgan. Tahdidlar turli-tuman: ichki, tashqi, makon n.nazaridan esa uzoq va yaqin bo‘lishi mumkin. So‘nggi yillardagi voqealar shundan guvohlik beradiki, ularni iqtisodiy, ijtimoiy , siyosiy, ekologik, demografik, ma’naviy, mafkuraviy, harbiy, tabiiy-iqlimiy tahdidlarga ajratib, tahlil etish mumkin. Yer yuzining turli mintaqalarida sodir bo‘layotgan, butun insoniyatga xavf solib turgan turli noxush hodisalarni tahlil qilgan sari, ularning barchasida inson omili bosh sababchi ekani oydinlashadi.
XXI asr boshidagi tarixiy tajriba shundan dalolat beradiki, muayyan davlat va millat xavfsizligi, barqarorligi, taraqqiyoti hamda istiqboli ko‘p jihatdan mazkur millatga xavf solayotgan xavf-xatar va tahdidlarni anglab yetish salohiyati va qobiliyati darajasiga bog‘liqdir. Tahdidlarga nisbatan befarqlik, loqaydlik oqibatida tanazzulga uchragan davlatlar ham bo‘lgan. Aksincha, boqiylikka daxldor millatlar ham borki, ular muvaffaqiyatining asosiy omili bo‘lg‘usi tahdidlarni oldindan sezib, unga o‘z vaqtida javob qaytargani bilan belgilanadi.
Tahdidli ijtimoiy -siyosiy vaziyatni vujudga keltiradigan turli xavf-xatarlar hamda ularni bartaraf etish muammosi buyuk ajdodlarimizning siyosat ilmiga doir fikr va xulosalarida o‘z aksini topgan. Tahdidni yuzaga keltiradigan manbalarni ildiz otmasdan bartaraf qilish, unga nisbatan doimo ogoh, hushyor bo‘lish, g‘ofillikka yo‘l qo‘ymaslik haqidagi fikrlar alloma ajdodlarimizning siyosiy tafakkuridan keng o‘rin olgan muhim jihatlardir. Bu borada mutafakkir Abu Nasr Forobiyning "Davlatni aql-idrok bilan boshqarish — xalq boshiga tushgan xavf-xatarni kamaytirish va bartaraf etishdan iboratdir" , degan hikmatli fikrlarini alohida ta’kidlab o‘tish joiz. Buyuk ajdodlarimiz nazdida, yurtga bo‘ladigan ichki va tashqi xavf-xatarlarga nisbatan ogoh bo‘lish muhim tamoyil darajasiga ko‘tarilgan hamda ularning oldini olishning asosiy shartlaridan biri bo‘lgan.
Jaloliddin Davoniy esa, yurt xavfsizligini asrashni davlat siyosatining bosh yo‘nalishiga aylantirish g‘oyasini ilgari suradi. Ulug‘ o‘tmishdoshlarimiz mamlakatlarga bo‘ladigan turli xavf-xatarlarning ijtimoiy hodisa ekanligidan kelib chiqib, saltanat boshliqlarini davlatning xavf-xatarga doimo javob berishga tayyorligini uni idora etishdagi mukammallik belgisi deb hisoblab, tahdidlarga nisbatan, davlat boshqaruvi tizimida yalpi boxabarlik holatini qaror toptirish masalasiga katta e’tibor bergan Jumladan, Amir Temur o‘z saltanatini idora etishda barcha voqea-hodisalar, ijtimoiy -siyosiy jarayonlardan yetarli darajada boxabar bo‘lib turish masalasiga alohida e’tibor qaratgan. Real xavf-xatarlarni oldindan ko‘ra bilish, uning xavflilik darajasini aniqlash maqsadida Sohibqiron muntazam, uzluksiz ishlaydigan, o‘z davri darajasidagi axborot tizimini shakllantirishni bosh vazifa qilib ko‘ygan.
"Har bir diyor aholisining ahvolidan ogoh bo‘lib turdim. Har bir mamlakat ahvoli, sipohu raiyatning kayfiyatini, turish-turmushini, qilmish-qidirmishlarini, bular o‘rtalaridagi aloqalarini yozib menga bildirib turish uchun diyonatli, to‘g‘ri qadamli kishilardan voqeanavislar belgiladim" , deyiladi "Temur tuzuklari"da . Amir Temur mamlakat ichkarisida ham, tashqarisida ham yuz berayotgan kattayu kichik voqea-hodisalar haqida xabar berishlarini talab qilgan va buni davlat xavfsizligini ta’minlashning muhim chorasi deb hisoblagan hamda saltanat barqarorligiga qaratilgan chora-tadbirlarni ko‘rishda mablag‘ni ayamaslikka da’vat qilgan. Buyuk ajdodlarimiz jamiyatga nisbatan davr o‘rtaga qo‘ygan talablar mohiyatini anglab yetishga intilib kelgan. Bunda tahdidli vaziyatning kelib chiqishiga sabab bo‘ladigan ichki omillar tahlili, chiqarilgan xulosalar ularning faoliyatida alohida o‘rin egallaydi.
O‘zbekistoning Birinchi Prezident I.A. Karimov “O‘zbekiston XXI asr bo‘sag‘asida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari” kitobida o‘z taqdirimizni o‘zimiz belgilashimiz, istiqlol bergan erk va ozodlikni bugungi murakkab va ba’zan shafqatsiz dunyoda bo‘layotgan turli xavf-xatarlardan saqlash har birimizga bevosita bog‘liq, degan teran ma’noli fikrni olg‘a suradi. Agar bu fikrni tahlil qiladigan bo‘lsak, birinchidan, biz yashab turgan dunyo mustaqilligimiz va taraqqiyotimiz uchun turli xil tahlikalarga to‘lib-toshganligini anglab yetish qiyin emas. Ikkinchidan, ko‘p jihatdan bizning xohish-irodamizga bo‘ysunmaydigan ijtimoiy, umumjahon rivojlanish jarayonlari mamlakatimiz fuqarolari oldiga g‘oyat mas’uliyatli talablar qo‘yayotgani bois, turli tahdidlarning oldini olish va barqarorlikka erishish yo‘lidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish har birimizning ma’naviy olamimizga bog‘liq ekani to‘g‘risida aniqroq tasavvurga ega bo‘lamiz. Mazkur tahdidlar olimlarning Xalqaro Federatsiyasi tomonidan XXI asrdagi insoniyatga nisbatan bo‘lgan eng yetakchi xavf-xatar omili deb e’tirof qilinishi ham bejiz emas.
Shunday tahdidlardan biri korrupsiya va jinoyatchilikdir.
“Korrupsiya” lotincha “corruptio” so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, “buzish, yemirilish, sotib olish” ma’nolarini anglatadi. Yuridik ensiklopediyada “korrupsiya — mansabdor shaxslar o‘zlariga berilgan huquqlar va hokimiyat vakolatlaridan shaxsiy boylik orttirish uchun foydalanishda ifodalanuvchi siyosat yoki davlat boshqaruvi sohasidagi jinoiy faoliyat” sifatida ifoda etilgan.
Korrupsiya va jinoyatchilik davlatning amaldagi qonunlariga xilof ravishda shaxsiy manfaatlarni qondirish yo‘lida mansabdor shaxslar, oddiy fuqarolar tomonidan qilinadigan xatti-harakatlar va faoliyatlarning natijasidir. Ammo, ular o‘zlarining ko‘lami jihatidan, sodir etilishida qatnashadigan shaxslar yoki guruhlar salmog‘i jihatidan bir-biridan farq qiladi. Xususan, korrupsiya davlat tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan mansabdor shaxslarning amaldagi qonunlarni nazar-pisand qilmasdan boylik orttirish uchun o‘z mansablaridan foydalanish yo‘lida qilinadigan jirkanch xatti-harakatlardir. Jinoyatchilik esa, jamiyatda qonunlarga itoat etmaydigan har qanday fuqaro tomonidan sodir etilishi mumkin.
Korrupsiya davlat tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan mansabdorlar tomonidan sodir etiladi va ko‘lami jihatidan nihoyatda xatarli hisoblanadi. Chunki, mansabdorlar davlat tizimida ishlayotgan turli sohadagi, hatto qonunni himoya qiluvchi kishilar bilan ham umumiy “til” topishish orqali mamlakatni halokatga olib keluvchi o‘ta xatarli, jirkanch jinoyatlarni amalga oshirishlari mumkin. Korrupsiyaning zaminida shaxsiy manfaatdorlik turishiga alohida e’tibor berib, mansabdor shaxslar davlat, millat manfaatlaridan o‘z manfaatlarini ustun quyishadi, bu yo‘lda eng xatarli jinoyatlarga qo‘l urishlarini jahonning demokratik tamoyillari qaror topgan mamlakatlarda sodir etilgan jinoyatlardan ham ko‘rsa bo‘ladi.
Korrupsiya vujudga kelib, u eng avvalo uyushgan jinoiy tuzilmalarga madadkor bo‘lish yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri yordam berish uchun davlat xizmatining imkoniyatlaridan foydalanadi. Bu esa jinoyatchilik va korrutsiya jamiyatga keltiradigan salbiy oqibatlar tufayli, jamiyat xavfsizligi va barqarorligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid ekanligini anglatadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |