Korrupsiya – bu shaxsiy manfaat uchun davlat hokimiyati mansab vazifasini suiste’mol qilish (Butunjahon banki hisoboti, 1997 y.) Bundan tashqari prezidentimiz tomonidan ham mazkur turdagi jinoyat uchun shunday ta’rif berilgan: “Jinoyatning yopiq va eng qabih turi bor. Bu – korrupsiya va poraxo‘rlik. Jinoyatning bu turi boshqaruv apparatini izdan chiqaribgina qolmay, bozor asoslarini ham barbod etishi mumkin”. Korrupsiya, eng avvalo, uyushgan jinoiy tuzilmalarga madadkor bo‘lish yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri yordam berish uchun davlat xizmatining imkoniyatlaridan foydalanishdir.
Har bir davlat tarixida yangi ijtimoiy sifat holatiga o‘tish, afsuski, korrupsiya va jinoyatchilik kabi jirkanch hodisa bilan birga yuz bergan. Shu bilan birga, jinoyatchilikning o‘sishi nafaqat islohotlar yo‘liga jiddiy to‘siq, bilki o‘tish davrida belgilangan maqsadlariga erishishga ham qarshi bevosita tahdid tug‘diradi. Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari singari O‘zbekiston Respublikasi ham bundan holi emas. Islohotlar orqali amalda mulkni qayta taqsimlash jarayoni yuz bermoqda.
Jamiyatda jinoiy “xufyona iqtisodiyot”ning mavjud bo‘lishi uyushgan jinoyatchilikni keltirib chiqaradi. Davlat hokimiyati tuzilmalarining turli bo‘g‘inlari va turli darajalari vakillari ham uning yo‘ldan ozdiruvchi ta’siriga tushib qoladi. Korrupsiya vujudga kelib, eng avvalo uyushgan jinoiy tuzilmalarga madadkor bo‘lish yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri yordam berish uchun davlat xizmatining imkoniyatlaridan foydalaniladi. Bu esa jinoyatchilik va korrupsiya jamiyatga keltiradigan salbiy oqibatlar tufayli jamiyat xavfsizligi va barqarorligiga to‘g‘ridan to‘g‘ri taxdiddir. Korrupsiya domiga ilingan amaldorlar shaxsiy boylik orttirish maqsadlarini va urug‘-aymoqlarining manfaatlarini davlat manfaatlaridan ustun qo‘yadi. Bu esa, mamlakatning siyosiy va iqtisodiy yo‘liga hamda aholining aksariyat qismiga tuzatib bo‘lmaydigan zarar yetkazadi.
Jinoyatchilik va korrupsiyaning avj olishi davlatning konstitutsiyaviy asoslarini yemiradi, fuqarolarning huquq va erkinliklari jiddiy tarzda buzilishiga olib keladi. Jinoyatchilik va korrupsiya jamiyatning ma’naviy-axloqiy asoslarini yemiradi. Jamiyat a’zolarining fuqarolik mavqeini yo‘qqa chiqaradi. Amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarga salbiy munosabat vujudga kelishi uchun sharoit yaratadi.
Avvaliga o‘z halqini aldab kapital to‘planadi, keyingi gal-demokratiya va adolatni ro‘kach qilgan holda jamoatchilik fikrini aldab, siyosiy obro‘ orttiriladi. Sir emaski, bunday shaxslar o‘z manfaatlari yo‘lida respublikadagi vaziyatga ta’sir ko‘rsatishga urinayotgan tashqi kuchlarga xizmat qilishga hamisha tayyor turadilar.
Oilada, maktabda, mehnat jamoasida, mahallada olib boriladigan axloqiy tarbiya, jamoatchilik fikrining kuchi, ommaviy axborot vositalari, ruhoniylarning obro‘-e’tibori hamma-hammasi odamlarimizda Qonun buzilishi bilan bog‘liq har qanday xatti-xarakatlarga nisbatan barqaror qarshilikni shakllantirishga qaratilmog‘i lozim.
Narkotik moddalar ishlab chiqarish va ular bilan savdo qilish, yashirincha qurol sotish. Bu “biznes” ham mintaqaviy mojarolar va mahalliy urushlarning to‘s-to‘polonidan foydalanib qoluvchilarga katta daromad keltirmoqda.
Yashirincha qurol sotish xalqaro terrorizm deb atalmish jinoiy xodisa bilan birga yuradi, ba’zan esa uni keltirib chiqaradi. Shunday qilib, jinoyatchilik, korrupsiya bizning o‘z xavfsizligimizga ham, xalqaro xavfsizlikka ham taxdid soluvchi real manbadir. Binobarin, mazkur hodisaga qarshi kurash masalalari birgina bizga taalluqli emas. Shuning uchun ham biz jinoyatchilik haqida butun jaxon hamjamiyati qayg‘urmog‘i lozim, deb hisoblaymiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |