5. Jigar kasalliklari bilan og‘rigan bemorlarda hamshiralik parvarishi
Jigar va o‘t yo‘llarining tuzilishi va vazifalari. Jigar o‘ng qovur-
g‘alar osti sohasida joylashgan bo‘lib, bir qismi chap qovurg‘alar ostiga o‘tib boradi. Qavariq bo‘ladigan ustki yuzasi diafragmaga va qorinning oldingi devoriga taqalib turadi. Orqa va botiq bo‘ladigan pastki qismi o‘ng buyrak, buyrak usti bezi va ichaklarga taqalgan. Jigarni asosan qorin ichki bosimi mana shu holatda ushlab turadi. Boylam apparatining ahamiyati katta emas. Jigar elastik bo‘lganidan o‘z harakatida qorin ichki bosimiga bo‘ysunadi hamda nafas chiqarish va nafas olishga qarab diafragma bilan birga yuqori ko‘tariladi yoki past tushadi. Jigarning pastki cheti o‘ng qovurg‘alar osti ravog‘idan o‘tadi. Mana shu chetida ikkita o‘ymasi bor, o‘t pufagining tubi shularning birida turadi. Qorin pardasi ostida jigar qo‘shimcha fibroz parda – glisson kapsulasi bilan qoplangan.
Jigar to‘qimasi jigar hujayralaridan tashkil topgan, bular bir-biri bilan qo‘shilib, jigar to‘sinlarini hosil qiladi. Jigar to‘sinlari bir-biri bilan qo‘shilib, jigar bo‘lakchalarini tashkil etadi. Jigar bo‘lakchalarini biriktiruvchi to‘qima pardalari bir-biridan ajratib turadi. Jigar hujayralari orasidan o‘t kapillarlari o‘tadi, bular biri ikkinchisiga quyilib, bo‘lakchalararo o‘t yo‘llarini hosil qiladi. O‘t yo‘llari bir-biri bilan qo‘shilib jigar yo‘li (ductus hepaticus) ga aylanadi. Jigar yo‘li bilan o‘t pufagining chiqarish yo‘li (ductus cysticus) birga qo‘shilib, umumiy o‘t yo‘li (ductus choledochus)ni hosil qiladi, mana shu umumiy o‘t yo‘li me’da osti bezining yo‘li bilan yonma-yon o‘n ikki barmoq ichakka quyiladi. Uning quyilish joyida fater so‘rg‘ichi (o‘n ikki barmoq ichakning katta so‘rg‘ichi) bor. Bo‘lakchalar ichidagi kapillarlar, endoteliydan tashqari, retikulyar hujayralar (jigarning kopfer hujayralari) bilan qoplangan. Bu hujayralar retikuloendotelial tizimga mansub bo‘lib, yuksak fagotsitar aktivlikka ega va mikroorganizmlar hamda turli zararli moddalarni yutib turadi.
Jigarda qon aylanishi boshqa organlardagidan shu bilan farq qiladiki, jigarga qon jigar arteriyasidan kelib turishidan tashqari, qopqa venasidan ham kelib turadi. Me’da, ichak, me’da osti bezi, ichak tutqich va qorin pardasining venoz qoni qopqa vena orqali jigarga keladi. Jigar ichida qopqa vena tarmoqlarga bo‘linib, bo‘lakchalararo venalarga aylanadi, bular kapillarlarga bo‘linadi. Qopqa vena kapillarlari bilan jigar arteriyasining kapillarlari kapillarlar turini hosil qiladi, bir-biri bilan birikib, pastki kavak venaga quyiluvchi jigar venalarini hosil qiladigan markaziy venalarga qon shu kapillarlar to‘ridan o‘tadi.
Shunday qilib, jigar me’da-ichak yo‘lidan yurakka qarab qon o‘tib turadigan yo‘lda joylashgandir. Me’da-ichak yo‘liga so‘rilib o‘tgan oziq moddalar avval jigarga kelib, unda murakkab bioximiyaviy o‘zgarishlarga uchraydi va shundan keyingina umumiy qon aylanish doirasiga tushadi.
O‘t pufagi o‘t, ya’ni safro quyuq tortib, saqlanib turadigan organdir. Uning hajmi 60–70 ml ni tashkil etadi. O‘t pufagi devorida silliq muskul tolalari bor, bular adashgan nervdan keladigan impulslar ta’siri ostida qisqarib, o‘t pufagida turgan o‘tni o‘n ikki barmoq ichakka haydab chiqaradi. Impulslar me’da va o‘n ikki barmoq ichakka ovqat tushganida yuzaga keladi. Simpatik nerv o‘t pufagi devorini, aksincha, bo‘shashtiradi. O‘t pufagi o‘tdan suvni so‘rib olish xususiyatiga ega, shunga ko‘ra o‘t quyuqlashib borishi mumkin, shuning uchun ham pufakda o‘t to‘q rangli va quyuq bo‘lib qoladi. O‘t tarkibida o‘t pigmentlari, asosan bilirubin, o‘t kislotalari va xolesterin bo‘ladi. Bir kecha-kunduz davomida ichakka 1 l atrofida o‘t ajralib chiqadi.
Jigar organizmda juda muhim funksiyalarni bajaradi. I.P.Pavlov iborasi bilan aytganda, u inson organizmining «bosh laboratoriyasidir». Jigar sekretor, almashinuv va antitoksik funksiyalarni ado etib boradi. U o‘t ishlab chiqaradi (sekretor funksiyasi), bu o‘t qisman o‘n ikki barmoq ichakka, qisman o‘t pufagiga tushib turadi. O‘t ovqat hazmi va ichakdan yog‘larning so‘rilishi protsesslarida muhim rolni o‘ynaydi.
Jigarning moddalar almashinuvidagi funksiyasi juda xilmaxildir. Uglevodlar, oqsillar va yog‘lar hazmidan hosil bo‘ladigan mahsulotlar me’da-ichak yo‘lidan jigarga o‘tib, murakkab bioximiyaviy o‘zgarishlarga uchraydi. Oddiy uglevodlar (glukoza, fruktoza)dan jigarda glikogen hosil bo‘ladi, zaruriyat tug‘ilganida, masalan, jismoniy ish vaqtida u yana glukozaga aylanadi.
Jigarda me’da-ichak yo‘lidan o‘tgan aminokislotalardan oqsillar hosil bo‘lib turadi. Aminokislotalarning bir qismi esa qayta ishlanib, glukozaga aylanadi. Albuminlar, fibrinogen, protrombin jigarda hosil bo‘ladi. Albumin hosil bo‘lishi izdan chiqqanida badanga shish keladi, protrombin bilan fibrinogen hosil bo‘lishi buzilganda esa qon ketadigan bo‘lib qoladi. Jigarda aminokislotalardan mochevina ham hosil bo‘lib turadi.
Yog‘lar o‘t kislotalari ishtirokida hazm bo‘ladi va ichakda so‘riladi. Jigar yetishmovchiligida yog‘ kislotalarning parchalanishi oxirgi bosqichiga qadar yetib bormasdan, balki keton tanalari (aseton, asetosirka va boshqa oksimoy kislotalari) bosqichida turib qoladi. Jigarda xolesterin hosil bo‘lib turadi; jigar yetishmovchiligida qondagi xolesterin miqdori ancha kamayib ketadi.
Jigar A, C, D, E hamda B gruppa vitaminlarining yig‘ilib turadigan joyi (deposi) bo‘lib xizmat qiladi. Qonning ivish protsessida muhim rol o‘ynaydigan vitamin K jigarda hosil bo‘ladi.
Jigarning antitoksik funksiyasi shundan iboratki, mikroblar, shuningdek yo‘g‘on ichakda oqsillar chirishida hosil bo‘ladigan zaharli moddalar jigarda ushlanib qoladi. Organizmga tashqaridan yuborilgan zaharli moddalar, shuningdek dori vositalari ham jigarda zararsizlantiriladi. Zaharli ta’sir ko‘rsatadigan ammiak jigarda mochevinaga aylanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |