Palpatsiya. Qorinni paypaslab ko‘rish chamalovchi yuza va chuqur Obrasov-Strajesko usuli bo‘yicha qo‘lni sirg‘antirib qilinadigan xillarga bo‘linadi.
Yuza palpatsiya qorin devorining ma’lum bir joyi bezillab turganturmaganligi, muskullar nechog‘li tarang tortganligi, churra chiqib turadigan joylar bor-yo‘qligini aniqlashga imkon beradi. Qorinni palpatsiya qilish mahalida bemorning o‘ng tomonida turish kerak, qorin pressi muskullari qisqarmasligi uchun qo‘llar iliq bo‘lishi kerak. Bemor chalqancha yotadi, palpatsiya chap yonbosh sohasidan boshlanadi, keyin simmetrik ravishda o‘ng yonbosh sohasi palpatsiya qilib chiqiladi.
Sirg‘anadigan chuqur palpatsiya qilinganda bukilgan barmoqlar palpatsiya qilinadigan a’zoga parallel qo‘yiladi. O‘ng qo‘l barmoqlari nafas olish vaqtida qorin bo‘shlig‘iga asta-sekin botirib boriladi. Har bir ichak bo‘limini palpatsiya qilishning o‘z xususiyatlari bor. Sigmasimon ichak o‘ng qo‘lning bukilgan barmoqlari bilan palpatsiya qilinadi. Bemor nafas chiqarib, qorin pressi muskullari bo‘shashib turgan mahalda barmoqlarni sigmasimon ichakka parallel qo‘yib, asta-sekin qorin bo‘shlig‘iga botiriladi va orqa devorigacha yetib boriladi. So‘ngra qo‘lni teri bilan birgalikda pupart bog‘lama tomonga sirg‘antirilib, ichak yuzi ustidan o‘tkaziladi. Xavfli o‘smalar yoki qattiq axlat massalari bor mahalda ichak yuzining notekis, g‘adir-budir bo‘lib turgani topiladi, qattiq axlat massalari bo‘lsa, bular huqnadan keyin yo‘qolib ketadi. Ko‘richak sigmasimon ichakni tekshirib bo‘lgandan keyin palpatsiya qilinadi. Yallig‘lanish bo‘lganda og‘riq va quldirash seziladi. Ko‘ndalang chambar ichak me’daning pastki chegarasini aniqlab olgandan keyin palpatsiya qilinadi. O‘ng qo‘l barmoqlari shu chegaradan 2–3 sm pastga va qorinni o‘rta chizig‘idan taxminan 4sm o‘ngga qo‘yiladi. Shundan keyin qorin bo‘shlig‘iga barmoqlarni bosib borib, yuqoridan pastga tomon sirg‘anuvchi harakatlar qilinadi. Ichakning ko‘ndalang kesimi 5–6 sm ni tashkil etadi. Chambar ichakning yuqori ko‘tariladigan va past tushib boradigan qismlari V.X. Vasilenko usuli bo‘yicha palpatsiya qilinadi. Buning uchun chap qo‘l belga qo‘yiladi, o‘ng qo‘l bilan esa sirg‘anadigan chuqur palpatsiya qilinadi. Ichakdan ko‘ra me’dani palpatsiya qilish qiyinroq. Me’daning katta egriligini paypaslab ko‘rish uchun chap qo‘l panjasi ko‘krak qafasiga qo‘yiladi, o‘ng qo‘lning yarim bukilgan barmoqlari bilan esa to‘sh osti sohasiga kalta-kalta zarblar berib, pastga tushib boriladi. Ayni vaqtda chayqalish shovqini paydo bo‘lib, me’da chegarasidan o‘tgandan keyin u yo‘qolib ketadi. Palpatsiya o‘t pufagi va jigar holatini aniqlashga yordam beradi.
Perkussiya. Tekshirishning bu usuli yordamida hazm a’zolari chegarasi tekshiriladi. Bu usulda jigar , taloq, me’da pastki chegaralari, qorin bo‘shlig‘ida to‘plangan suyuqlik va gaz, yuza joylashgan o‘smalar bor-yo‘qligi aniqlanadi. Me’da va ichak timpanik perkutor tovush beradi.
auskultatsiya. Bu usul hazm a’zolari kasalliklarida qisman, ya’ni me’da chegarasini aniqlashda, ichak peristaltikasini eshitishda qo‘llaniladi. Stenozlar va bitishmalar bor mahalda peristaltika kuchayadi. O‘tkir peritonit paytida qorin bo‘shlig‘i ustida tovush hodisalari mutlaqo bo‘lmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |