LUQMON BO`RIXON HIKOYALARIDA XARAKTER VA BADIIY MAHORATI MASALASI
Jonpo‘lotova Gulshoda
Buxoro davlat universiteti
Adabiyotshunoslik(o‘zbek) mutaxassisligi
2-bosqich magistranti. Tel:99-703-01-78
Annotatsiya: Maqolada Luqmon Bo‘rixonning “Cho‘ldan kelgan tashvish” hikoyasi misolida yozuvchining xarakter yaratish borasidagi badiiy mahorati xususida so`z yuritilgan.
Kalit so‘zlar: hikoya,adabiy tur, janr, voqea, badiiylik, badiiy obraz, personaj, xarakter, detal.
Xarakter yaratish va voqelikni poetik ifoda etishda bugungi o‘zbek yozuvchilaridan Luqmon Bo‘rixzonning o‘ziga xos mahorati ko‘zga tashlanadi. Yozuvchi yaratgan obrazlar hayotimiz davomida tez-tez uchratishimiz mumkin bo‘lgan oddiy odamlarning badiiy timsoli bo‘lishi qatorida, ular yozuvchiining san‘atkorona dalillash mahorati o‘laroq xarakter darajasiga ko‘tarilgan. Shu bilan birgalikda adib yaratgan obrazlar haqqoniyligi, hayot haqiqatiga mosligi bilan ham diqqatni tortadi.
Luqmon Bo‘rixonning “Cho‘ldan kelgan tashvish” hikoyasi janrga xos muhim belgi-xususiyatlarni o‘zida namoyon etgan. Voqea hikoyabop, ishtirok etuvchilar ham ikki-uchta, xolos. Ammo tasvir, badiiy aks ettirish usullari, qahramon va personajlar harakati an’anaviy hikoyachilikdagi marom, silliqlikka o‘xshamaydi. Voqealar rivoji goh tezlashadi, goh sokin bo‘lib qoladi. Har qanday holatda ham har bir detal, har bir badiiy unsur kitobxonni voqealarning mohiyatiga chuqur kirib borishga undaydi, qahramon xarakterining badiiy mukammal bo‘lishiga xizmat qiladi.
Hikoya voqeasi oddiy. Samad Do‘lanov Ergash o‘g'li degani ziyoli, olim odam, ruhshunos. U Ovruponi kezib kelgan, unda-bunda ma'ruzalari bilan ko‘pni qoyil qoldirgan. Uni “o‘zimizniki” deb faxrlanadiganlar haqli. Chunki u cho‘l hududda joylashgan 41-posyolkada tug'ilib o‘sgan, voyaga yetgan, shaharga o‘qishga kelib, ana-mana deganda katta olim bo‘lib ketgan. Buning ustiga Ovrupo mamlakatlari bo‘ylab kezgani, ma'ruzalari bilan Parijdagilarni lol qoldirgani uchun terisiga sig'may suyunadi. Endi u uyida ham o‘zining har bir harakatiga e'tibor beradi, atrofdagilar bilan ehtiyotkorlik bilan suhbatlashadi, zarracha bo‘lsa ham ortiqcha xatti-harakati obro‘siga putur yetkazishi, obro‘si pasayishiga sabab bo‘lishidan xavotirlanib yashaydigan bo‘lib qolgan. Asar qahramonining xarakteri, o‘ziga xos jihatlari va ma'naviy olami yozuvchi tomonidan ana shunday chizgilar bilan badiiy dalillab boriladi.
Hikoyada qahramon hayotiga oid birgina voqea bayon etilgan. Qisqacha aytganda, xorij safaridan kelgach, u shirin xayollarga g'arq bo‘ladi. Chunki bir do‘sti uning bu safari dovrug'i hukumat rahbarlarigacha yetib borgani, uni mukofot
kutayotgani haqidagi gapi oromini o‘g'irlaydi. Orden yoki fan arbobi unvoni berisharmikin, degan o‘yga boradi. Bu xabarni yetkazgan yuqori idoralardan birida mas'ul xodim bo‘lib ishlaydigan do‘stini ziyofatdan so‘ng kuzatib qo‘ygandan keyin battar xayol daryosiga g'arq bo‘ladi. Xotini Shirina atrofida parvona, Samadning “Charchamadingizmi, xonim?” deb bergan savoliga:
“– Vu-uy, domullo, nega charcharkanman? Shuncha ilm qilib qo‘ygan siz-u, bizlarni charchashga haqqimiz yo‘q”, deb javob berishi ham unga xush yoqadi. Xotinining bunday xushmuomalaligi sababi Samadning xorijda “mayda-chuyda xarajatlar uchun berilgan pullarni qisib-qimtib”1orttirgan va ancha-muncha sovg'a-salomlar bilan kelgani edi. Ushbu tasvirlar orqali hikoya qahramonining xarakteri ochila boradi. Boshqacha aytganda, qahramonga berilgan ta'rif-u chizgilar natijasida kitobxon ko‘z o‘ngida muvaffaqiyatlaridan ortiq darajada ruhlanib borayotgan, xushbaxt bir inson qiyofasi gavdalanadi. Biroq ana shunday ajoyib kunlarning birida qahramon hayotida muhim bir voqea ro‘y beradi.
Bir mahal telefon jiringlab qoladi. Erinibgina go‘shakni ko‘targan Samadning birdan ta'bi xira bo‘ladi. Unga cho‘ldan kelgan hamqishlog'i – Ulash akasi telefon qilardi. U shaharga kelgan, olim hamqishlog'ining uyi qayerdaligini topolmay vizitkadagi telefon raqami yordamida uni yo‘qlayotgan edi. Navqiron olimning halovati buziladi, uning uyiga kelib tanda qurib olishidan xavotirga tushadi, ayniqsa, bu uning xotini Shirinaga yoqmasligini biladi va qanday qilib undan qutilish yo‘llarini izlay boshlaydi. Unga qo‘pol muomala qilishdan hayiqadi. Chunki uni yoqtirmaganligini sezdirib qo‘ysa, tanishi qishloqqa borib, uni rosa yomonlashi, obro‘sini bir pul qilishi mumkin. Shuning uchun iloji boricha uni ranjitmasdan uyiga kelish qaroridan qaytarish yo‘lini izlay boshlaydi. Ammo hamqishlog'i ham bo‘sh kelmaydi, tilshunoslikda bir kashfiyot qilganini, uyiga borganda bafurja aytib berishini bildiradi. Bu Samadni battar bezovta qiladi. Qanday qilib bo‘lsa ham bu kashfiyot nima ekanligini bilmoqchi bo‘ladi. “So‘xtasi sovuq”, aroqxo‘r hamqishlog'i qahramon so‘zining antonimini kashf etganligini yayrab aytib beradi. Samad buning nimasi kashfiyot ekanligini o‘ylab turganida telefondan kelayotgan ovoz uzilib qoladi. Shunda u xotiniga mabodo telefon jiringlab qolsa, o‘zini yo‘qligini, xorij elchixonasiga chaqirishganlarini aytishini tayinlaydi. Ammo telefon uzoq jimib qoladi.
Shundan so‘ng yuz bergan voqealar oqimi butunlay teskari o‘zanga qarab buriladi. Ancha payt o‘tib, telefon jiringlaganda, qo‘rqa-pisa go‘shakni ko‘targan Samadga shifoxonadan qo‘ng'iroq qilishadi. Ulash degan odam kim bo‘lishini, avtohalokatga uchrab, kasalxonaga keltirilganligini, u o‘zini shoir deb tanishtirgani, “qahramon-mehribon” so‘zlarini aralashtirib, she'rlar to‘qib tashlayotganligini aytadi shifoxona navbatchi vrachi. Samadning yelkasidan tog' ag'dariladi. Hatto hamqishlog'ining qahramon so‘zining antonimi mehribon ekanligi, so‘zlarning o‘zagida bu antonimlik mavjudligini topganligiga qoyil qoladi. Shifoxona navbatchi vrachining “miyasi chayqalgan” “kashfiyotchi”ga kim bo‘lishini so‘raganida aniq javob berishga or qiladi. Uni o'zi nima uchun tanimasligiga ta'na qiladi, vizitkasiga Ulash akaning qoni tegib, o‘qib bo‘lmay qolganligini bilgach, gazet-pazet o‘qib turishi zarurligini pisanda qiladi. Nihoyat navbatchi vrach uni taniydi va Samad tomoq qirganicha taraddudlanib qoladi.
Hamqishloqning kashfiyoti, ya'ni o‘zaro antonim bo‘lgan “qahramon-mehribon” so‘zlari yozuvchi kashf etgan muhim poetik detal bo‘lib, ushbu so‘zlar hikoyada adib tomonidan ilgari surilgan g'oyaviy maqsadni o‘zida mujassam etgan. Ya'ni har qanday inson qahramon bo‘lishi mumkin, biroq mehribonlik, yon-atrofdagilarga e'tiborli bo‘lish hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi, degan xulosa hikoyaning g'oyaviy mag'zida yashiringandek ko‘rinadi. Personajlar xarakterini badiiy asoslashda yozuvchi o‘ziga xos yo‘l tutgan: ularning tili individuallashtirilgan. Shuningdek, asarda ona tilimiz imkoniyatlaridan samarali foydalangan. Xalq jonli so‘zlashuv tiliga xos iboralar, ifoda-tasvir vositalari, ayniqsa, shevaga xos “doriydi”, “tuyqus”, “tilfonxona”, “domullo” va ayrim o‘rinlarda qo‘llangan taqlid so‘zlar hikoyaning badiiy-estetik ta'sir kuchini oshirgan. Xarakterlar ruhiyati, ularning xatti-harakatlari, gap-so‘zlari, o‘zaro munosabati tasvirning hayotiyligi, ishontirish kuchining darajasini oshirgan.
Xulosa qilib aytganda, Luqmon Bo‘rixon hikoyalarining qahramonlari o‘ziga xos olami, murakkab tabiati, ruhiy holatlari va individual tili bilan o‘ziga xos belgi-sifatlarga ega bo‘lgan xarakterlar sifatida namoyon bo‘ladi. Bunga ijodkorning birgina “Cho‘ldan kelgan tashvish” hikoyasi tahlili misolida ham amin bo‘lish mumkin.
Adabiyotlar:
1. Бўрихон Л. Хизр кўрган йигит. Қисса ва ҳикоялар. – Тошкент, Шарқ, 2007. – 257 б.
2. Норматов У. Ижод сеҳри. – Тошкент: Шарқ, 2007. – 352 б.
3. Йўлдошев Қ. Ёниқ сўз. – Тошкент: Янги аср авлоди, 2006. – 550 б.
Do'stlaringiz bilan baham: |