Maktabgacha yoshdagi bolalarning aqliy rivojlanishi
Fozilova Madinabegim
Jizzax Davlat
Pedagogika instituti
“Pedagogika va
psixologiya” fakulteti II
bosqich talabasi
+998999543673
fozilovamadina@gmail.com
Annotation. Bolaning aqliy va ijtimoiy rivojlanishida sog‘lom turmush tarzi, oiladagi muhit, o‘z vaqtida berilgan to‘g‘ri ta‘lim-tarbiyaning ahamiyatli jihatlari nihoyat muhim. Aqliy tarbiyaning asosiy vazifasi – bu bolalarda tabiat va jamiyat to‘g‘risidagi bilimlar sistemasi, ilmiy dunyoqarashlarning shakllanishi, aqliy mehnat ma‘daniyatining rivojlantirishdan iborat.
Kalit so‘zlar: bolaning aqliy rivojlanishi, umumiy kognitiv faoliyat, foydali va qiziqarli o‘yinlar, aqliy rivojlanish, aqliy tarbiya, ijtimoiy tarbiya, idrok etish, aql, sezgi, idrok
Bola hayotidagi rivojlanishning juda muhim bosqichi erta va maktabgacha bo'lgan davrdir. Bolalar, ayniqsa maktabgacha yoshda bo'lgan davrda tez rivojlanadilar. Chunki bola hayotining dastlabki 6-7 yilida juda ko'p yutuqlarga erishadi! U qarashni va tinglashni, narsalarni olishni va ular bilan harakat qilishni, turishni, yurishni va boshqalarni o'rganadi. Bu vaqt ichida u o'nlab mahorat sirlarini egallaydi: sanchqi va qoshiqni tutish, qaychi, cho'tka, qalam bilan ishlash, ruchka va boshqa o'quv qurollari bilan harflar yozib, uni o'qishni, atrof muhitni kuzatish va fikr bildirish, o'zi uchun boshqa ko'plab narsalarni kashf qiladi. Tabiiy hodisalar, tovushlar, ranglar, kechagi va bugungi hayoti haqidagi xotiralari orqali juda ko'p ma'lumotni to'plab, ularni hikoya qilishni o'rganadi. U o'zini tutish qoidalari bilan tanishadi. Makon va vaqtni, raqam va harakatlarni taniydi.
Har bir bola yoshligidan aqliy jihatdan to‘g‘ri rivojlanishi uchun unga sog‘lom turmush tarzi kundalik foydali narsalarni o'rgatadigan va ijobiy tasvirlarni ularning xotirasida qoldiradigan tarbiya shartlari kerak. O'yin bolalar uchun juda muhim va aynan ular uchun juda qadrli hamdir. Agar bolaning kundalik turmush tarzida yuqorida keltirganimizdek foydali va aqlni charxlaydigan qiziqarli o‘yinlar bilan shug‘ullanmasa, u tez va yaxshi rivojlana olmaydi. Uch yoshdan katta bolalar o‘z o‘yinlarida ularni o'rab turgan odamlarning hayotini aks ettiradi. Agar biz bolalar o'yinlariga nazar tashlasak, ularning o'yinlarida ular hayotda kuzatadigan kattalarning munosabatlari, g'amxo'rliklari va tajribalarini ko'rishimiz mumkin.
Bola 5-7 yoshga to‘lgach ularning o'yinlari yanada boyib, rang-barang bo'lib boradi. O'yinni birgalikda o'ynash jarayonida ular bir-biridan ko'p narsalarni o'rganadilar. O'yin esa hayolotni, fikrlashni, yuqori insoniy tuyg'ularni, oqilona irodani, milliylikni, insonparvarlik va vatanparvarlikni, tafakkurni rivojlantiradi. O‘yin orqali o‘z tasavvurlarini namoyish etib, ular o‘zlari uchun ajoyib hayotni yaratadilar. Bolalar uchun bunday faoliyat ijodkorlik va kashfiyotlar maydoni, sevimli faoliyat turi. Ular uchun bu ajralmas va eng qiziqarli, zavqlantiruvchi mashg‘ulotdir. Faqatgina bu o‘yinlar milliylik va o‘zbekona mezonlariga mos ravishda, bolani toliqtirmaydigan, jismoniy hamda ruhiy holatiga xos bo‘lgan foydalilik, bunyodkorlik g‘oyalaridan holi bo‘lgan tarzda bo‘lishi talab etiladi.
O‘yin-bolani shaxs sifatida to‘g‘ri shakllanishi va ongini, zehnini o‘stirish bilan birga nutqini ravon qiluvchi eng asosiy vositadir!
Bola rivojlanishida nutq hal qiluvchi rol o'ynaydi. Uni o'zlashtirish bolalar o'rtasidagi muloqotni va atrofdagi dunyoni tushunishning eng muhim omili.
Maktabgacha yoshdagi bolaning rivojlanishi turli xil o'yin va mashg'ulotlarda, amaliy va ijodiy faoliyatga o‘zaro bog‘liq. Bunday vaqtda birinchi navbatda ota-onalarning e‘tibori va ko‘magi asosiy ro‘l o‘ynaydi. Negaki, har bir bola ko‘p narsalari oilasida, undagi muhit va o‘zaro muomalardan o‘rnak oladi.
Aqliy rivojlanish - ota-onalar va pedagog tomonidan bolaning aqliy qobiliyatlari va tafakkurini rivojlantirishda, uning aqliy harakatlari va bilim qobiliyatlarini to‘g‘ri shakllantirishdir!
Bolaning aqliy jihatdan tarbiyalash va rivojlantirishni mavjud turmush tarzidan, uning hissiyotlaridan va uni ruhiy qiyofasini yaratadigan barcha boshqa xususiyatlardan holi tarzda tasavvur qilish mushkul. Maktabgacha yoshdagi bolalarda aqliy o‘sishni soddalashtirilgan holda, zo‘riqishlarsiz borliq haqida iloji boricha ko'proq va eng muhimi to‘g‘ri bilim berish, kognitiv faoliyatning umumiy usullarini (tahlil qilish, taqqoslash, umumlashtirish qobiliyatini) rivojlantirish, nutqni rivojlantirish hamda me‘yorida kundalik yangi bilimlarni berib borish bilan amalga oshirish zarur.
Do'stlaringiz bilan baham: |