1.2. Ekspert komissiyalarini tashkil etish va ularning tarkibi va attestatsiya yakunlari.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 sentyabrdagi PQ-3931-son «Xalq ta’limi tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 15 martdagi 140-son «Umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi hamda 2019 yil 24 iyuldagi 620-son «Xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish tartibini takomillashtirish haqida»gi qarorlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vazirining 2008 yil 4 martdagi 56-son buyrug‘i (ro‘yxat raqami 1778, 2008 yil 20 mart) (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2008 y., 12-13-son, 78-modda) bilan tasdiqlangan Umumiy o‘rta ta’lim oluvchilarning yakuniy davlat attestasiyasi to‘g‘risidagi nizomga ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritilgan.
Ayni paytda zikr etilgan nizom va yo‘riqnomaga muvofiq, umumta’lim maktablari belgilangan mezonlar asosida baholanib, 9 yo‘nalish bo‘yicha attestasiyadan o‘tkazilmoqda. Bular quyidagilar:
— ta’lim muassasasida o‘quv jarayoniga davlat ta’lim standartlarining joriy etilganligi;
— o‘quvchilar bilim darajalarining davlat ta’lim standartiga muvofiqligi;
— o‘quv-uslubiy ishlarning olib borilishi va o‘quvchilarning darslik hamda o‘quv qo‘llanmalar bilan ta’minlanganligi;
— pedagog kadrlar salohiyati;
— ta’lim jarayoniga zamonaviy o‘qitish metodlari va axborot texnologiyalarining joriy etilganligi;
— ta’lim muassasasining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish bo‘yicha davlat dasturining bajarilganligi;
— ma’naviy-ma’rifiy ishlar;
— o‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish choralari;
— reyting baholash tizimining qo‘llanilish sifati.
O‘tgan yillarda attestasiya xulosasi Davlat test markaziga akkreditasiyalash uchun yuborilar edi. Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 18 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingach, 2017 yil 1 oktyabrdan ta’lim muassasalarini akkreditasiyalash ishlari Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan olib borilmoqda.
Quyida tuman (shahar)larda tashkil etilgan attestasiya komissiyalariga amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida attestasiya va akkreditasiya hujjatlarini yuritish tartibi haqida metodik tavsiya berilmoqda.
Attestasiya va akkreditasiya hujjatlarini yuritishga doir tavsiyalar
Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 27 martdagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq ta’limi boshqarmalari, tuman¬ (shahar) xalq ta’limi bo‘limlari, boshqa tashkilot va idoralar tasarrufidagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalarini 2015—2020 yillarda attestasiyadan o‘tkazish rejasi”ga ko‘ra, 5 yil davomida 9616 ta umumta’lim maktabini attestasiyadan o‘tkazish belgilangan. Jumladan, 2015-2016 o‘quv yilida 1907 ta, 2016-2017 o‘quv yilida 1758 ta, 2017-2018 o‘quv yilida 2004 ta, 2018-2019 o‘quv yilida 1874 ta, 2019-2020 o‘quv yilida 2072 ta maktab attestasiyadan o‘tkazilishi lozim.
Attestasiya komissiyasi
Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarini attestasiyadan o‘tkazish uchun komissiya tuman (shahar) hokimliklari qoshida (maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim muassasalari uchun 1 ta) tashkil etiladi. Komissiya tarkibi tuman (shahar) hokimining qarori bilan tasdiqlanadi. Qarorga komissiya tarkibi va ta’lim muassasalarining attestasiyadan o‘tkazish muddatlari ko‘rsatilgan jadval ilova qilinishi shart.
Komissiya tarkibiga (7 kishi) hokim o‘rinbosari, xalq ta’limi bo‘limi mudiri va mutaxassislari, ta’lim fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi qo‘mitasi xodimlari, jamoatchilik vakillari (tuman “Mahalla” xayriya jamoat fondi bo‘limi raisi) kiritiladi:
komissiya raisi — hokim o‘rinbosari;
komissiya raisi o‘rinbosari — tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limi mudiri;
a’zolari — malakali pedagoglar (ta’lim muassasalari rahbarlari tarkibidan 3 kishi);
ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi a’zosi;
tuman fuqarolar yig‘ini vakili.
Komissiya ta’lim muassasasida 10 kundan oshmagan muddatda faoliyat ko‘rsatadi.
Komissiyaning ish taqsimoti
Attestasiya komissiyasining ish rejasi va ish taqsimoti komissiya yig‘ilishida rais tomonidan tasdiqlanadi.
Umumta’lim muassasalarining attestasiya natijalari, komissiyaning yig‘ilish bayoni va qarorlarini qayd qilish daftari yuritiladi. Daftar tikilgan, sahifalangan va komissiya raisi tomonidan imzolanib, muhrlangan bo‘lishi shart. Bayonnomalar komissiya raisi va kotibi tomonidan imzolanadi. Kotib komissiya a’zolaridan saylanadi. Bayonnoma komissiyaning barcha a’zolari tomonidan to‘liq tasdiqlanadi.
Komissiya a’zolaridan biri ishdan bo‘shaganda yoki boshqa ishga o‘tganda, ishga qabul qilingan xodim uning o‘rniga kiradi. A’zolikka kiritilgan ta’lim muassasasi rahbarlari o‘zgargan holda yangi nomzodlar hududiy xalq ta’limi boshqarmasining attestasiya komissiyasi raisi nomiga yozilgan tavsiyasi asosida qabul qilinadi.
Barcha holatlarda komissiya tarkibidagi o‘zgarishlar to‘g‘risida o‘z vaqtida Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga ma’lumot berib boriladi. Ma’lumot tuman hokimligi blankasida komissiya raisi tomonidan imzolangan holatda topshiriladi.
Ekspertlar guruhini shakllantirish
Komissiya qoshida faoliyat ko‘rsatuvchi ekspertlar maktablarni attestasiyadan o‘tkazish uchun nazorat ishlarini o‘z zimmasiga olib, tegishli hujjatlarni o‘rganadi. Ular tarkibi hududiy XTBning buyrug‘i bilan malakali va ilg‘or tajribali mutaxassislardan tanlanadi. Birinchi navbatda, xodimlar salohiyati, tajribasi, AKTni bilishi e’tiborga olinadi. Ekspertlar soni ta’lim muassasalari va ulardagi o‘quvchilar sonidan kelib chiqqan holda belgilanadi. Jumladan, maktab uchun:
— boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi — 1 nafar;
— ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi — 3 nafar;
— fizika fani o‘qituvchisi — 1 nafar;
— matematika fani o‘qituvchisi — 2 nafar;
— tarix (davlat va huquq asoslari, milliy istiqlol g‘oyasi) fani o‘qituvchisi – 2 nafar;
— kimyo fani o‘qituvchisi — 1 nafar;
— biologiya fani o‘qituvchisi — 1 nafar;
— rus tili fani o‘qituvchisi — 1 nafar;
— xorijiy til o‘qituvchisi — 1 nafar.
Ta’lim boshqa tillarda olib boriladigan maktablarda tillar bo‘yicha ekspertlar ehtiyojdan kelib chiqib tavsiya etiladi.
Attestasiya jarayonida belgilangan fanlardan olinadigan nazorat ishlari hududiy XTB metodisti tomonidan tayyorlanadi. Yo‘riqnomada belgilangan talab asosida fanlardan test, yozma ish, diktant va bayon matnlari ko‘p variantli qilib tuziladi. Tayyor materiallar ta’lim muassasalari attestasiyasi uchun mas’ulga topshiriladi. Tayyorlangan nazorat ishlarining maxfiyligini saqlagan holda ta’lim muassasalari attestasiyasi uchun mas’ul xolis ekspertlar ishtirokida ekspertizadan o‘tkazadi. Ekspertizadan o‘tgan nazorat ishlari konvert¬ga joylanadi, muhrlanadi va attestasiya komissiyasi raisiga topshiriladi. Komissiya tomonidan qabul qilingan nazorat ishlari attestasiya uchun joriy etiladi. Ekspertlar bevosita attestasiya komissiya raisi tomonidan shu yo‘nalishga mas’ul etib tayinlagan komissiya a’zosi bilan birga ish olib boradi. Olingan nazorat ishlarini baholaydi, dalolatnoma tuzadi va komissiya a’zosiga topshiradi.
Ekspertlar attestasiyaga jalb etilgan kundan ta’lim muassasasida 6 kun davomida faoliyat ko‘rsatadi. Ekspertlar tomonidan tayyorlangan xulosa imzolangan holda komissiyaga taqdim etiladi.
Attestasiyaga tayyorgarlik ko‘rish
Attestasiyadan o‘tkaziladigan ta’lim muassasasi 3 oy oldin rasmiy ravishda ogohlantirilishi, tuman hokimining qarori va hududiy XTBning buyrug‘idan ko‘chirma, attestasiyaga oid hujjatlar to‘plami ta’lim muassasasiga yetkazilgan bo‘lishi shart.
Ta’lim muassasalari attestasiyaga tayyorgarlik ko‘rish va uni belgilangan muddatda o‘tkazish uchun attestasiyada o‘rganiladigan hujjatlarni to‘plashi, kerakli jadvallarni to‘ldirishi, ya’ni ichki nazoratni o‘tkazgan bo‘lishi kerak. Ta’lim muassasasi attestasiya oldidan ichki nazoratni quyidagi tartibda amalga oshiradi:
a) navbatdan tashqari pedagogika kengashini o‘tkazish;
b) jamoani attestasiya o‘tkazilishi haqidagi buyruq bilan tanishtirish;
v) bo‘limlar uchun mas’ullarni belgilash;
g) attestasiya jarayonida o‘rganiladigan jadvallarni to‘liq to‘ldirish uchun mas’ulni belgilash.
Do'stlaringiz bilan baham: |