Komil Xorazmiy (taxallusi; asl ismi Paqlavon Muhammadniyoz Abdulla Oxund oʻgʻli) (1825 — Xiva — 1899) — oʻzbek shoiri, xattot, musiqashunos, tarjimon va davlat arbobi.
Jahon madaniyatining Xorazmdagi ilk targʻibotchilaridan biri. Xiva madrasasida oʻqigan. Arab va fors tillarini mukammal bilgan. Sharq adabiyoti namoyandalari ijodini, mumtoz musiqani, xattotlik sirlarini qunt bilan oʻrgangan. 25—30 yoshlarida shoir sifatida tanilgan. Ogahiy uning nomini oʻzining "Gulshani davlat" kitobiga kiritgan. Xiva xoni Sayd Muhammadxon saroyida kotiblik qilgan. Muhammad Rahim II uni mirzaboshilik vazifasiga koʻtargan. Rossiya bilan Xiva xonligi oʻrtasida imzolangan sulh shartnomasi (Gandimiyon shartnomasi) K.X. qoʻli bilan yozilgan (1873). Soʻngra saroyda devonbegi (1873—80), mirzaboshi lavozimlarida ishlagan (1880-yildan).
Komil 1825-yilda Xivada tavallud topgan. U Muhammad Rahimxon soniy (Feruz) zamonasida mirzaboshi, devonbegi lavozimlarida ishlagan.
K.X. Sharq mumtoz musiqasi, xususan, maqomchilik anʼanalarini rivojlantirishga homiylik qilgan, oʻzbek kuylarini yozib olish uchun "Tanbur chizigʻi" deb ataluvchi nota tizimini joriy etgan. Bu oʻziga xos notada "Rost" maqomining bosh qismini yozgan. Oʻgʻli Mirzo Muhammadrasul otasi boshlagan ishni davom ettirib, Xorazm "Shashmaqom"ining qolgan ashula va cholgʻu yoʻllarini toʻla notaga olgan. "Rost" maqomiga bogʻlangan "Murabbai Komil" va "Peshravi Feroʻz" kuylarining notasi bizgacha yetib kelgan. K.X. Moskva va Peterburg sh.lariga 2 marta safar qilgan (1873, 1883). 1891, 1896— 97 yillarda esa Toshkentga kelib, bu yerdagi madaniy yangiliklar haqidagi "Dar bayoni taʼrif va tavsif Toshkand" ("Toshkent taʼrifi va tavsifi bayonida") qasidasini bitgan. Bu qasida oʻzbek adabiyotida ijtimoiy taraqqiyotni aks ettirgan dastlabki yirik sheʼriy asarlardan boʻlib, unda yangi, zamonaviy madaniyat ulugʻlanadi.
K.X. Sharq mumtoz shoirlari anʼanalari ruhida lirik sheʼrlar yozgan, devon tuzgan. Bu devonda 8000 misradan ortiq sheʼr boʻlib, ular gʻazal, murabba, muhammas, musaddas, masnaviy, ruboiy, qasida, muammo kabi janrlarda yozilgan. Ularda chin insoniy fazilatlar ulugʻlangan, jaholat qoralangan, ishqmuhabbat tarannum etilgan. K.X.ning deyarli barcha janrdagi asarlarida ijtimoiy tanqidga keng oʻrin berilgan, ayrim misralari aforizm darajasiga koʻtarilgan ("Falak zulmi bir yonu, bir yon alar..." va boshqalar). Shayx Sulaymon Buxoriy oʻzining mashhur "Lugʻoti chigʻatoyi va turki usmoniy" ("Chigʻatoycha va usmoniy turkcha lugʻat") asarida K.X.ning ijodidan oʻrinli foydalangan va Xorazm shevasidagi koʻpchilik soʻzlarning maʼnosini uning sheʼrlari orqali izohlab bergan. K.X. 1865-yilda Barxurdor bin Mahmud turkman Farohiynmng (adabiy taxallusi Mumtoz) "Mahbub ul-qulub" (bu asar ayrim manbalarda "Mahfiloro" — "Majlisga ziynat beruvchi" deb ham yuritiladi) hamda 1869—70 yillarda Faxriddin Ali Sayfiyning "Latoyif at-tavoyif" ("Turli toifalarning latifalari") asarlarini fors tilidan oʻzbek tiliga tarjima qilgan. Alisher Navoiy "Hamsa"sining birinchi Xorazm toshbosma nashriga soʻzboshi yozgan. K.X. devoni qoʻlyozmalari Oʻzbekiston FA Sharqshunoslik instituti qoʻlyozmalar fondida saqlanadi (inv. №1849, 1025). M.Yunusov, F.Karimov, A.Hayitmetov va boshqa olimlar K.X. ijodini tadqiq etganlar.[1]
Komil — lirik shoir. Uning lirikasida insoniy muhabbat va fazilatlar ulugʻlanadi. Hajviy sheʼrlarida fuzalo va juhalo qiyoslanadi. «Komil», «Ikki shoʻx» va «Qasidai Navroʻz» kabi maʼrifatparvarlik asarlari muallifi.
Komil — bastakor va musiqashunos sifatida «Murabbai Komil», «Peshravi Feruz» va «Tanbur chizigʻi (notasi)» kabi asarlarni yaratgan.
Tarjimonlik sohasida esa Barxurdor Turkman Mumtozning «Mahfiloro», Safiyning «Latoyif ut-tavoyif», Mirxondning «Ravzat us-safo» singari yirik asarlarini tarjima qilgan.
Komil Xorazmiy XIX asrda yashab ijod etgan maʼrifatpavrar shoir, sanʼatkor, xattot, davlat arbobi, oʻz davri ilgʻor madaniyatining mashhur vakillaridan biridir. Komil – shoirning adabiy taxallusi boʻlib, uning asl nomi Pahlavon Niyoz Muhammaddir. Pahlavon Niyoz Muhammad 1825 yilda Xivada mudarris Abdulla Oxun oilasida tugʻildi. U dastlabki saboqlarni mahalla masjidi qoshidagi maktabdan, soʻng oʻz otasidan oldi. Abdulla Oxun oʻgʻliga arab, fors tillarini oʻrgatdi va adabiyotga havas uygʻotdi. Komil mahalla maktabini tamomlagach, Xiva shahridagi madrasalardan birida tahsil koʻradi. U mumtoz adabiyot vakillarining ijodini zoʻr havas bilan oʻrganadi. Navoiyni oʻziga ustoz bilib, unga taqlidan sheʼrlar yoza boshlaydi va tez orada mashhur shoir boʻlib yetishdi. U musiqa va xattotlik sanʼatini ham madrasada oʻqib yurgan davrida oʻrgangan edi.
Komildagi isteʼdodni koʻrgan Xiva hukmdori Said Muhammad (1856–1865) uni saroyga tortadi va u xon saroyida xattot, Muhammad Rahim II – Feruz (1865–1910) davrida esa mirzaboshi va devonbegilik lavozimlarida xizmat qiladi.
Komil oʻz asarlarida anʼanaviy ishq-muhabbat, may-muhbub, maʼrifatparvarlik, tinch-totuv yashash gʻoyalarini targʻib qiladi. Ammo shoir ijodida maʼrifatparvarlik gʻoyalari yetakchi oʻrinni egalladi. Bunga shoirning “Kamol”, “Dar bayoni taʼrifi va tavsifi Toshkand”, “Tillo soat” kabi asarlari yaqqol misol boʻladi. Komil 1891 yil sentyabr oyida Peterburgga borayotib Toshkentda toʻxtab, “Turkiston viloyatining gazeti” tahririyatining iltimosi bilan “Toshkent” deb nomlangan qasida yozadi. Uning bu qasidasi oʻzbek adabiyotida yangi ijtimoiy taraqqiyotni aks ettirgan yirik sheʼriy asardir.
Peterburg, Maskov, Toshkent kabi shaharlarni tomosha qilish, xalq ahvoli bilan tanishish shoir qalbidagi vatanparvarlik hissini yanada kuchaytirdi. Vatan taqdiri va uning kelajagi shoirga tinchlik bermadi. Shuning uchun ham shoir oʻz sheʼrlaridan birida:
Ne sud ochilsa gul, oʻlsa bahor gʻurbat aro,
Mengaki boʻlmasa yoru diyor gʻurbat aro,
Ochilmadi chamaniston havomidin koʻnglum,
Koʻzimga gul erur andoqki, xor gʻurbat aro.
Chiqay Vatan sadafidin dema guhar yangligʻ,
Garchi boʻlsa senga eʼtibor, gʻurbat aro, –
deb oʻz elida, diyorida turib oʻzini gʻurbatda his qiladi.
Komil birinchi boʻlib oʻzbek nota yozuvini ixtiro qildi. Feruzning farmoni bilan “Tanbur chiziqlari” deb ataluvchi Xorazm notasini yaratdi va “Rost” maqomining bosh qismini notaga tushirdi. Komilning “Rost” maqomiga bogʻlangan “Murabbai Komil”, “Peshravi Feruz” singari kuylari notaga yozilgani holda hozirgacha saqlanmoqda va xonanda, sozandalar tomonidan kuylanmoqda.
Shoirning bu ishini oʻtli Muhammadrasul Mirzo davom ettirib, Xorazm maqom kuylari uchun nota asosida musiqa yaratdi. Taniqli kompozitor Matniyoz Yusupov esa besh tomlik Xorazm maqomlari kitobini nashrdan chiqardi va keng oʻquvchilar ommasiga taqdim qildi.
Komilning madaniy-adabiy merosi xilma-xil va boydir. Ularning koʻpchiligini anʼanaviy sevgimuhabbat mavzusi tashkil qiladi. Bu mavzuda koʻp asarlar yozilgan boʻlsa ham, shoir unga oʻzining yangi sheʼru dostonlari bilan munosib ulush qoʻshdi. Xususan shoirning:
Yigʻlatur oshuqlaring laʼli labing xandasi,
Tubiyu shamshod erur sarv qadding bandasi,
Husnu jamol avjining mehri duraxshandasi,
Koʻrsa mehr orazing, boʻlgʻusi sharmandasi,
Soʻyla mango ey sanam, kimni sevar yorisan?
kabi otashin satrlari kishini beixtiyor maftun etadi, uni oʻylashga, fikrlashga undaydi. Misol uchun: “Yigʻlatur oshuqlaring laʼli labing xandasi”. Ajab, nima uchun oshiqni maʼshuqaning labini xandasi yigʻlatadi? Chunki oshiq sevgilisining vasligayetolmaydi. U hijron azobida oʻrtanadi. Maʼshuqa esa uning bu ahvolini labda xavda bilan tomosha qilib turadi. Maʼshuqa jafo qilsa ham oshiq uvdan nari ketaolmaydi. Negaki maʼshuqa benihoya goʻzal. Uning qomatiga tubiyu shamshod banda, gulgun yuzidan quyosh sharmanda. Qarang, shoir bir necha misraga qancha maʼnoni jo qilgan. Navoiy, Munis, Ogahiy kabi shoirlarning ijodi Komil uchun adabiy maktab boʻldi. U oʻz salaflari ijodini chuqur oʻrgandi.
Ularning asarlarida kuylangan insonparvarlik, adolatparvarlik gʻoyalaridan ijodiy foydalavdi. Shuning uchun shoir ijodida xalqchillik gʻoyasi alohida oʻrin egalladi. Bu gʻoya Komil asarlarining magʻz-magʻziga singib ketgan.
Komil yashagan davrda Xiva xonligi Rus chorizmining vassali boʻlib, xalq turmushi nihoyatda ayanchli ahvolda edi. Zulm va zoʻrliklarni oʻz koʻzi bilan koʻrgan shoir mehnatkash xalq hayotiga achindi, uni yengillashtirish choralarini izladi. Ammo topolmadi. Shuning uchun u xon va uning amaddorlarini insof va adolatga, mehr-shafqatga daʼvat etdi:…Gar oltin qasr esa johing, ulus holiga rahm etgil, Sendek necha shahanshohni oʻtkardi bu ayvon…
Komil oʻzbek mumtoz adabiyotining eng yaxshi anʼanalarini davom ettirdi, ijodiy rivojlantirdi. Shuning uchun uning koʻpgina asarlarida hukmron tabaqalarning johilligi, munofiqligi, shafqatsizligi fosh etilgan. Bunga shoirning “Tamaʼ”, “Roʻza”, “Mulloimom” kabi sheʼrlari yorqin misol boʻladi.
Komil fors tilini ham yaxshi bilardi. Xiva xonligvdagi adolatsizlik, jabrzulmni turmush illatlarini fosh qilishda fors tilidan ham unumli foydlandi. Shoirning “Algʻiyos”, “Zi bedodi gardun”, “Dod az dasti charxi dun” matʼlai bilan boshlanadigan gʻazallari isyonkorlik ruhi bilan yoʻgʻrilgan. Komil odamlarni ezgulikka daʼvat etadi. Yemonlik qilishdan, qabohatdan nari yurishga chaqiradi. “Kim kimga choh qazisa oʻzi shu chohga yiqiladi” degan fikrni ilgari suradi:
Birovni yoqsa kishi yongay oʻzi ham ul oʻtda,
Ki shamʼ oʻrtadi parvonalarni topdi gudoz.
Komil mohir xattot edi. U koʻpgina badiiy asarlarni va devonlarni chiroyli qilib koʻchirdi. Koʻplab xattotlar yetishtirib chiqardi. Ustod Muhammad Panoh, Xudoybergan Muhrikon, Sharif Tarro devon, Matyoqub Xarrot devonlar shular jumlasidandir. Komil Xorazmiy va uning shogirdlari tomonidan koʻchirilgan devonlar jahonning bir qancha mamlakatlari kutubxonalari fondlarida koʻz qorachigʻidek saqlanmoqda.
Komil Xorazmiy xattot boʻlish bilan birga mohir tarjimon ham edi. U XVIII asrda yashab oʻtgan Barxoʻrdor bin Mahmud turkman Mumtozning “Mahbub ul-qulub” asarini tarjima qilgan. Asar nasriy yoʻlda yozilgan boʻlib, kichik-kichik hikoya va latifalarni oʻz ichiga olgan.
Faxriddin Ali Safiyning “Latoif at-tavoyib” (“Turli toifalarning latifalari”) asarini tarjimasi ham Komil Xorazmiy qalamiga mansubdir. Kitobdan Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy va boshqa mashhur kishilar haqidagi hikoya va latifalar oʻrin olgan.
Komil Xorazmiy bu asarlarni tarjima qilish bilan birgaularga ayrim oʻzgarishlar ham kiritgan, baʼzi hikoyalarni qayta ishlagan, kitobning uslubini oʻz davridagi kitobxonlarning did va saviyasiga moslashtirgan.
Bir soʻz bilan aytganda Komil Xorazmiy oʻzbek mumtoz adabiyotining eng yaxshi anʼanalarini davom ettirdi va ilgʻor adabiyot rivojiga katta hissa qoʻshdi. Oʻz xalqini maʼrifatli, diyorini ozod, obod, farovon koʻrishni orzu qildi. Shoirning orzulari faqat bizning kunlarimizda roʻyobga chiqdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |