Bog'liq O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI TASHQI SAVDO SIYOSATI
I. Bob Tashqi savdo siyosati, uning maqsadi, instrumentlari
1.1. Tashqi savdo siyosati mazmuni va turlari
Tashqi savdo siyosati hukumatning mustaqil byudjet soliq siyosatlaridan biri bo’lib, tashqi savdo hajmini soliqlar, subsidiyalar yordamida, eksport va importni to’g’ridan to’g’ri boshqarishidan iboratdir.1 Tashqi savdo siyosati davlatning tashqi savdoni boshqarishda ishlatadigan barcha usullari yig’indisidan iboratdir. Tashqi savdo siyosatini olib borishdan asosiy maqsad davlat tomonidan qabul qilingan eng ustuvor vazifalarga hamda tashqi savdo barqarorligiga erishishdan iborat. Davlatning joylashgan o’rniga, iqtisodiy rivojlanganlik darajasiga, undagi mavjud tizimga qarab uning tashqi savdo siyosati ishlab chiqiladi. Tashqi savdo siyosati orqali bevosita va bilvosita usullar import yoki eksport boshqariladi. Bu maqsadga erishish qonun hujjatlari, Prezident qarorlari va farmonlari va boshqa huquqiy normalardan foydalaniladi.
Davlatning tashqi savdo siyosati bir tomonlama, ikki tomonlama hamda ko’p tomonlama bo’lishi mumkin. Bir tomonlama tashqi siyosat davlat boshqa davlat manfaatlarini hisobga olmagan holda o’z tashqi siyosatini ishlab chiqishidan iborat bo’lib, keyinchalik boshqa davlatlar ham bu davlatga xuddi shunday siyosatni qo’llashlariga olib keladi. Shu sababli uzoq muddatli davrda bir tomonlama tashqi savdo siyosati effektiv bo’lmaydi. Tashqi savdoni ikki tomonlama boshqarish ikkkita davlatning bir-biri bilan kelishib savdo siyosatini ishlab chiqishlaridan iboratdir. Bunday holatda bu ikki davlat bir-birlariga ko’proq imtiyozlar beradilar, boshqa davlatlar bilan savdo siyosatiga qaraganda erkinliklar ko’proq bo’ladi. Ko’p tomonlama savdo siyosati esa ma’lum bir davlatlar guruhining biror tashkilot doirasiga birlashib shu davlatlar uchun umumiy bo’lgan savdo siyosatini ishlab chiqishlaridir. Bunga misol qilib Jahon Savdo Tashkilotini hamda barcha hududiy integratsiyalar doirasidagi savdo siyosatlarini olishimiz mumkin.
Umuman tashqi savdoni boshqarish juda uzoq vaqtlar davomida olimlar diqqat e’tiborida bo’lib kelgan. Tashqi savdoni qanday boshqarish samaraliroq degan savol ustida juda ko’p munozaralar, bahslar bo’lgan va bo’lib kelmoqda. Ba’zi olimlar tashqi savdoda erkinlik nazariyasini qo’llab quvvatlasalar, ba’zilari himoyalangan tashqi savdo siyosatini olib borishni afzal biladilar.
Davlatning tashqi savdo siyosati uning qanchalik tarzda ochiq yoki yopiqligini belgilab beradi, shu sababli davlatning tashqi savdo siyosati davlatga kirib kelayotgan tovar va xizmatlar, shuningdek kapital qo’yilmalari hamda investitsiya oqimiga ta’sir qiladi. Tashqi savdo siyosatini quyidagi ikkita asosiy turga bo’lishimiz mumkin
erkin tashqi savdo siyosati
proteksionizm siyosati
Erkin tashqi siyosati olib borilganda davlat tashqi savdoga minimal darajada aralashadi, eksport, import va boshqa operatsiyalar faqatgina bozor mexanizmlariga asoslangan holda bo’ladi tashqi savdoning asosiy omili davlatlarning resurslar bilan ta’minlanganligidagi farq va bu resurslardan qanchalik unumli foydalanish darajasiga bog’liq bo’ladi. Bunda har bir davlat biror mahsulot ishlab chiqarishga moslashadi, xalqaro mehnat taqsimoti yuzaga keladi. Ixtisoslashuv, masshtab samarasi, resurslardan foydalanish effektivligi oshadi.
Proteksionizm ichki ishlab chiqaruvchilarga tashqi raqobat ta’sirini kamaytirishga yo’naltrrilgan chora tadbirlari bo’lib, tashqi savdoga turli xil usullar bilan to’siqlar qo’yiladi. Proteksionizm siyosati mamlakatga kirib kelayotgan tovar va xizmatlar narxining qimmat bo’lib kirib kelishiga sabab bo’ladi, bu bilan uning ichki bozordagi raqobatbardoshligi kamayadi. Amaliyotda proteksionizm siyosatining quyidagi turlari uchraydi:
tanlangan proteksionizm (faqatgina ma’lum davlatlarga qo’llaniladi)
sohaviy proteksionizm (ma’lum sohalar himoya qilinadi)
kollektiv proteksionizm (bir nechta davlat birlashib bu siyosatni amalga oshiradi)
yashirin proteksionizm (ichki iqtisodiy siyosat orqali yuzaga keladi)
Bu siyosatdan asosiy maqsad yangi yoki davlat uchun strategik ahamiyatga ega bo’lgan sohalarni himoya qilishdan iborat. Shuningdek bu siyosat natijasida davlat byudjetiga katta mablag’ tushadi, davlat byudjetining asosiy daromadlaridan biri yaratiladi.
Proteksionizm siyosati uzoq vaqt davomida saqlanib turishi jamiyat uchun katta yo’qotishlarga olib kelishi mumkin. Birinchidan, narxlarning qimmatlashuvi iste’mol hajmining kamayishiga sabab bo’ladi. Ikkinchidan, yuqori narxlarning mavjud bo’lishi resurslardan samarasiz foydalanilishiga olib kelishi mumkin.
Amaliyotda sof liberallashgan yoki to’liq himoyalovchi tashqi savdo siyosati uchramaydi. Har bir davlatning tashqi savdo siyosati, uning yopiqlik darajasi boshqasidan farq qiladi. Davlatlarning tashqi savdo siyosatlarini bir-biriga yaqinlashtirib, ularni bir qolipga keltirish maqsadida davlatlar orasida ikki tomonlama hamda ko’p tomonlama shartnomalar imzolanadi. Hozirgi kunda juda ko’p davlatlar Jahon Savdo Tashkilotiga a’zo bo’lganlar va tashkilot doirasida tashqi savdo siyosatlarini bir-biriga yaqinlashtirmoqdalar. Bundan tashqari ko’pgina davlatlar bu savdo tashkilotiga a’zo bo’lish maqsadida o’z tashqi siyosatlarini belgilangan normalarga keltirmoqdalar.