Ikkinchidan, zamonaviy o‘zbek teatrida tasavvuf bilan bog‘liq «Muhabbat sultoni», «Mashrab» (Milliy teatr), «Xitoy malikasining siri» (rus teatri), «Umar Hayyom», «Ato etilgan muhabbat tariqati» (O‘zbekiston yoshlar teatri), «Na falakman, na farishta» (Muqimiy teatri), «Shayh san’on», «Raqsu samo‘» («Eski masjid» teatr studiyasi) kabi spektakllar teatrlarimizning eng murakkab mavzularga dadil qo‘l urayotgani, yangi manbalarni ochayotganidan dalolat beradi. Shu yo‘nalishda Alisher Navoiy asarlarini teatr sahnasida yangicha talqin etish boshlandi.
Uchinchidan, jahon va milliy mumtoz dramaturgiya namunalarini zamonaviy talqin va vositalarda sahnalashtirishga kirishildi. Navoiy, Shekspir, Molyer, Ayniy, Behbudiy, Fitrat, Qodiriy, Cho‘lpon, Avloniy, G‘afur G‘ulom asarlarining sahnaviy talqinlari bundan dalolat beradi.
O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining 2014-yil 22-yanvardagi «O‘zbek Milliy akademik drama teatrining 100 yilligini nishonlash to‘g‘risida» qarori O‘zbek Milliy akademik drama teatrining nafaqat mamlakatimiz, balki Markaziy Osiyo mintaqasida professional teatr san’atiga asos solish va uni rivojlantirish, xalqimizning boy madaniy merosi va an’analarini asrab-avaylash, yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yosh avlodimizni milliy va umumbashariy qadriyatlar, Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida kamol toptirish, yosh iste’dodlarni tarbiyalash borasidagi ulkan xizmatlarini inobatga olinganidan dalolatdir.
O‘zbek Milliy akademik drama teatrining 100 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarni o‘tkazish rejasida O‘zbek Milliy akademik drama teatri binosini kapital ta’mirlash, zamonaviy texnik vositalar bilan jihozlash hamda hududini obodonlashtirish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish, «O‘zbek Milliy akademik drama teatri» kitob-albomini nashrga tayyorlash va chop etish, O‘zbek Milliy akademik drama teatri haqida hujjatli film yaratish, «O‘zbekiston teatr san’ati: tarix, taraqqiyot va istiqbol» mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasini o‘tkazish, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida, oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasalari, mehnat jamoalari va mahallalarda teatr faoliyatiga bag‘ishlangan uchrashuvlar tashkil etish, 2014-yilning sentabr oyida O‘zbek Milliy akademik drama teatri binosida mamlakatimiz teatrlari vakillari va faxriylari, madaniyat va san’at namoyandalari, keng jamoatchilik ishtirokida ushbu sanaga bag‘ishlangan badiiy kecha o‘tkazish tadbirlari belgilangan edi.
O‘zbekiston Respublikasida davlat tasarrufidagi 37 ta teatr va teatr studiyalar, o‘nlab nodavlat va xususiy teatrlar faoliyat ko‘rsatadi. Mustaqillik davrida demokratik g‘oyalar, milliy g‘urur, Vatan tuyg‘usining kuchayishi teatrshunoslarni an’anaviy teatr tarixiga alohida e’tibor berib, mavjud bo‘shliqlarni to‘ldirishga, XX asr teatr tarixini qayta ko‘rib chiqish, uni uzluksiz tarixiy jarayon sifatida qarashga da’vat etdi. Tomosha san’ati, bayramlar tarixini o‘rganish sezilarli darajada o‘sdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |