YANGI DARSNI BAYONI
G’o’la yog’ochdan yupqa qatlam shaklida shilib olingan yupqa list materiallar shpon deb ataladi. Ularning qalinligi 0,3 mm va undan ortiq bo’ladi. Shponlarni ustma-ust, tolalarini o’zaro perpendikular holda yopishtirishdan hosil bo’lgan qatlam faner deyiladi. Tayyorlash usuliga ko’ra shilingan, randalangan, yo’nilgan va yelimlangan fanerlar bo’ladi. Randalangan faner eman, chinor, yong’oq, zarang, shumtol, qarag’ay g’o’lalaridan tayyorlanadi. Bunday fanerlar xunuk teks-turali yumshoq yog’ochlardan yoki qayindan yasalgan va DSP, ya’ni yog’och qipiqlarni presslab tayyorlangan buyumlar yuzasiga qoplash uchun (pardoz sifatida) ishlatiladi. Ularning qalinligi 0,8-1,5 mm, eni 80 va bo’yi 1000 mm bo’ladi. Umuman faner listlarning o’lchamlari turiga, ishlanish usuliga va sortiga qarab bar xil, masalan, eni 1525 bo’yi 1830 va qalinligi 12 mm gacha bo’ladi.
Yelimlangan faner bir-biriga yelimlab yopishtirilgan 3 dan 15 tagacha toq sonli shponlardan iborat bo’lib, oqsilli yelim bilan yopishtiriladi. Fanerlarning o’zi esa buyumga BF markali, albumin, kazeinli yelimlar bilan yopishtiriladi.
Fanerlar markalariga ko’ra FK va FBA fanerlarga bo’linadi. Faner ikki tomoni bir xil mustahkam material bo’lib, taxtalarga qaraganda kamroq tob tashlaydi, yelimlab yopishtirilganda yoki shpilkalar bilan tortib mahkamlanganda tob tashlangan joylari to’g’rilanadi. U ortiqcha yorilmaydi, mavjud yoriqlari orqa tomoniga o’tmaydi. Faner qayishqoqligi uchun oson egiladi va tashishga ham qulay. Ana shu jihatlari bilan u yog’och taxtalardan afzaldir.
Pardozlash ishning so’nggi jarayoni bo’lib, unda alohida detallar yoki umuman buyumning sirtini chiroyli qilinadi, namlikka chidamliligi oshiriladi, hasharotlardan saqlash uchun unga tegishli asboblar yordamida ishlov beriladi.
Yog’och nam havo ta’sirida tez ishdan chiqadi. Shuningdek, unga chang, shamol va hasharotlar ham yomon ta’sir ko’rsatadi. Namiqqan yog’och quriganidan so’ng qiyshayadi, yoriladi, uning yoriqlariga chang to’planadi. Natijada buyum ifloslanadi va tez buziladi. Bo’yalgan va loklangan buyumlarning ko’rinishi chiroyli bo’ladi, ularni toza saqlash osonlashadi. Bunday buyumlar noqulay sharoitda ham kamroq zararlanadi.
Pardozlashning sirtlarni jilvirlab ishlov berish, sirtlarni guldor qilish, kuydirish, ranglar surtish, laklash va bo’yash kabi turlari bor.
Sirtlarni pardozlashdan oldin jilvir bilan ishqalab to’g’ri chiziqliligini yaxshilash va tozalash kerak. O’tkir qirralarni hamda burchaklarini egovlash va shundan keyin jilvir bilan ishlov berish lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |