6.1. Ellinizm davri san’ati.
Ellinizm - Makedoniya, Yunoniston, Oʻrta Yer dengizning sharqiy sohillari, Gʻarbiy Osiyo, Qora dengiz atrofidagi mamlakatlar tarixining Aleksandr Makedonskiy istilosi (miloddan avvalgi 334—323 yillar)dan miloddan avvalgi 30 yilda Misrni Rim qoʻshinlari ishgʻol etgan paytgacha davom etgan davr bo’lib hisoblanadi. Ellinizm atamasi dastlab nemis olimi I.G.Droyzenning 1836-1843 yillarda chop etilgan ikki jildli “Ellinizm tarixi” asarida qoʻllangan va ushbu atama orqali ellinlarning Sharq mamlakatlaridagi hukmronligi va ularning Sharq xalqlari madaniyati bilan uygʻunlashib hosil qilgan yangi madaniyat tushunilgan. Keyinchalik ayrim tadqiqotchilar ellinistik olam hududi va davr doirasini kengaytirib, madaniyati yunonlar taʼsirida shakllangan barcha mamlakat va xalqlarni koʻzda tutadilar. Ellinizmni yunon madaniyati rivojinigina nazarda tutib, yunon madaniyatidan Rim madaniyatiga oʻtish davrining oʻzi, deb hisoblaydiganlar ham bor.
Miloddan avvalgi 336 yilda Makedoniya shohi Aleksandr Yunonistonni zabt etib, yunon-makedon xalqlaridan toʻplangan katta qoʻshin bilan Sharq mamlakatlariga qarshi urush boshlaydi va koʻp oʻtmay Hindistonga qadar choʻzilgan bepoyon oʻlkaning yakka hukmdoriga aylanadi. Aleksandr vafot etganda (miloddan avvalgi 323 yil), uning davlati tarkibiga Bolqon yarim oroli, Egey dengizidagi orollar, Kichik va Gʻarbiy Osiyo, Misr, Markaziy Osiyoning bir qismi kirar edi. Aleksandr vafot etgach, uning merosxoʻrlari oʻrtasida hokimiyat uchun kurash bo’lib, mamlakat parchalanib ketgan. Shu tariqa ellinistik davlatlar yuzaga kelgan. Biroq ellinizm davrida bu hududdagi turli mamlakat va viloyatlar ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning turli pogʻonasida boʻlganlar: baʼzilarida quldorlik munosabatlari (Makedoniya), ayrimlarida polis tuzumi tarqalib, qulchilik va qullikning antik shakllari vujudga kelgan (Misr, Salavkiylar davlati). Koʻpgina qabilalar (ayniqsa, ellinistik davlatlarning chegara hududlarida yashaganlar) uchun esa urugʻchilikdan sinfiylik jamiyatiga oʻtish davri boʻlgan.
Ellinizm davri sharqiy mamlakatlar uchun taraqqiyotning yangi bosqichi boʻldi. Yunon-makedoniyaliklar Sharqqa ishlab chiqarish malakalarini, oʻz davlat va huquq meʼyorlarini, urf-odat, din va madaniyatlarini olib keldilar, oʻz navbatida, Sharqdagi madaniyatning yuksak namunalarini oʻrgandilar ham. Davlat boshqaruvida qadimiy sharqiy monarxiya usullaridan foydalanildi.
Ellinizm davrida turli xalqlarning madaniyat darajalari har xil boʻlgan boʻlsada, oʻziga xos rivojlanish yuz bergan edi. Ellinistik mamlakatlarda tabiiy fanlar (jumladan, matematika), kemasozlik, harbiy sanʼat va shaharsozlik rivoj topdi. Dengiz sohillariga koʻpgina mayoqlar qurildi, savdo yoʻllari barpo etildi, savdo kemalari koʻproq yuk koʻtaradigan va tezroq suzadigan darajaga yetdilar.
Taraqqiyot asosan ilm-fan borasida boʻlib, avvalo, yunonlarning ilk bor Sharq madaniyati bilan yaqindan tanishishlari ularning ongini yana ham kengaytirib, fanning rivojiga kuchli taʼsir koʻrsatdi. Olimlar, shoirlar va sanʼat ahlining ishlari uchun qulay sharoit yaratish maqsadida Misrning dastlabki Ptolemey xoqonlari Iskandariya shahrida hozirgi fanlar akademiyasiga oʻxshash muassasa — "muzey", yaʼni muzalar koshonasi ochadilar. Yunonistonning turli yerlaridan chaqirilgan olimlar muzey darsxonalarida maʼruzalar oʻqiydilar, laboratoriyalarda har xil tajriba ishlari oʻtkazadilar. Muzey qoshida maxsus kutubxona boʻlgan. Miloddan avvalgi III asrning oʻrtalarida muzey qiroatxonalarida yarim mln.ga yaqin papirus oʻramlari saqlangan. II asrning boshlarida tashkil etilgan Pergam kutubxonasining fondi Iskandariyanikidan qolishmas edi. Iqtisodiy raqobat tufayli, Ptolemeylar hukumati Misrdan Pergamga papirus chiqarishni taqiqlab qoʻyishganida, pergamliklar teridan ishlangan va "pergament" deb ataluvchi maxsus yozuv materiali kashf qildilar. Olimlar esa muzeylarda badiiy asarlarning faqat matnini tekshirish, yaʼni ularning toʻgʻriligini aniqlash, xatolarini tuzatish, boshqalar tomonidan kiritilgan qoʻshimchalarni chiqarib tashlash va hokazo ishlar bilan shugʻullanganlar.
Ellinizm davri qadimiy Yunon va qadimiy Sharqning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy munosabatlarining qoʻshilish va bir-biriga taʼsir koʻrsatish davridir, bu davrda madaniyat va sanʼatda ham anʼanalar qoʻshilib bordi, uygʻunlikda rivojlandi. Davr ruhi va xususiyatlari, ayniqsa, meʼmorlik va monumental sanʼatda oʻzining yorqin ifodasini topdi. Hukmdorlar oʻzlarining saltanatlarini muhtasham binolar, ajoyib sanʼat namunalari bilan boyitishga harakat qildi. Yangi shaharlar paydo boʻldi (Pergam, Iskandariya kabi), ular ulugʻvorlikda va serhashamlilikda Afinani ortda qoldirdi. Shaharlar, inshootlar ansambl tarzida bunyod etildi, koʻchalar, maydonlar, binolar haykaltaroshlik asarlari bilan bezatildi, uylar mozaika, devoriy rasm, haykaltaroshlik asarlari bilan koʻrkamlashtirildi. Bogʻchorbogʻ bilan bogʻliq bezak haykaltaroshligi keng tarqaldi, yangi inshoot turlari — kutubxona, museyonlar paydo boʻldi (Aleksandriya kutubxonasi, Aleksandriya museyoni va boshqalar), bunyod etilgan ibodatxona, altar, memorial inshoot turlarida Sharq sanʼatining kuchli taʼsiri oʻz aksini topdi (Pergamdagi Zevs altari va boshqalar).
Ellinizm tasviriy sanʼatida yunon klassikasi bilan mahalliy madaniyat elementlarining uzviy qoʻshilishi kuzatiladi; sanʼat asarlarida fuqarolik ruhi oʻrnini hukmdorning harbiy gʻalabalarini tarannum etish, umumlashma obrazlar oʻrnini yagona shaxsni ulugʻlovchi, uning ruhiyatini ifodalovchi asarlar yaratish egallaydi, bezakdorlik bilan birga voqelikni haqqoniy aks ettirish kuchayadi. Monumental haykaltaroshlik (ulug’vor boʻrtma kompozitsiyalar yaratish) keng taraqqiy etdi (Zevs mehrobidagi friz), haykaltaroshlik kompozitsiyalari (“Laokoon va uning oʻgʻillari”, “Farnez buqasi” va boshqalar) va portretlari (kichik shakllar haykaltaroshligi)da obrazlarning hayotiyligi ortdi (“Oʻzi va qalligʻini oʻldirayotgan gall", “Oʻlayotgan gall”, shuningdek, Tanagra haykalchalari). Rangtasvirda koʻp shaklli kompozitsiyalar tarqaldi. Misrda rassomlik ham rivojlangani, adabiy manbalarda Apelles, Antifil kabi rassomlar samarali ijod qilgani toʻgʻrisida maʼlumotlar bor. Ellinizmga xos umumiy xususiyatlar vaza rassomligi, gliptika, torevtika, badiiy shisha idishlarda ham kuzatiladi.
Ellinizm numizmatika sanʼatida yaqqol koʻzga tashlanadi. Markaziy Osiyoga boʻrtma tasvirli tangalarning kirib kelishi salavkiylar sulolasi nomi bilan bogʻliq. Oʻrta Osiyoda ishlangan tangalarda portretlar tashqi koʻrinishi bilan birga, shaxsning feʼl-atvorini ham haqqoniy tasvirlab, yunon boʻrtma tasvirlaridan oʻtib ketdi, “oʻrta osiyocha” moʻʼjaz portret sanʼati rivojlandi. Demetriy tasviri tushirilgan tangada uning xarakteri va mavqei fil shakli boʻlgan bosh kiyimda tasvirlanadi (bu uning Hindistonni zabt etganiga ishoradir). Ellinizm davrida Oʻzbekistonda mahobatli haykallar ham ishlanganligi maʼlum. Jumladan, Artemida Anaxita siymosida mujassamlashgan. Uning oltindan ishlangan haykallarida boshida nur sochib turgan toji boʻlgan, bunday haykallar Baqtriyaning bosh ibodatxonasiga oʻrnatilgan. Bunday nur taratib turgan toj Demetriy tangalaridagi boʻrtma tasvirlarda ham uchraydi.
Miloddan avvalgi IV asrdan O’rta Osiyo xalqlari tarixida yangi davr boshlangan. Hindistondan Yevropagacha, Yevropadan Misrgacha boʻlgan hududni oʻz ichiga olgan ellinistik davlatlarning iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy hayotida O’rta Osiyo xalqlari ham ishtirok etadilar. Shu tariqa, ellinizm davri Sharq va yunon xalqlari madaniyati, adabiyotlarining oʻzaro boyishi jarayonining oliy choʻqqisi boʻldi. Aleksandr Makedonskiy bosib olgan yurtlardagi xalqlar hayotining turli sohalari — iqtisodiyot, siyosat, ijtimoiy-madaniy hayotidagi katta oʻzgarishlarga olib kelib, ellinistik madaniyatning ravnaq topishi va keng tarqalishiga zamin hozirlagan.
Ellinizm davrida yunonlar tomonidan bosib olingan joylarda bir qancha shaharlar barpo etildi. Ular ichida Misrdagi Alеksandriya shahri va O’rta Osiyo hududida qurilgan shaharlarni aytib o’tish mumkin. Old Osiyodagi ellinistik shaharlar xaqida aniqroq tasavvur olish uchun Palmir shahriga to’xtalib o’tish lozim. U yеrdagi shahar tuzilishi, ibodatxonalar, tеatr, san'at binosi, yashash joylari va mavzolеylar bizga ellinizm davri shaharlari haqida aniq tushuncha olishimizga yordam bеradi.
Eron hududidagi Parfiya davlati eramizdan avvalgi III asrda Sеlеvka davlatidan ajralib chiqqan. harbiy Parfiya madaniyati va san'ati anon va rim madaniyatining kuchli ta'siri ostida bo’lgan bo’lsa, sharqiy Parfiya hududida bu ta'sir unchalik kuchli bo’lmagan. Parfiya san'ati shartli ravishda 2 davrga bo’linadi. Birinchisi, ellinizm ta'siri kuchli bo’lgan davr bo’lsa, ikkinchisi, ellinizm va madaniyati ancha chеklangan davridir.
Parfiya mе'morchiligida shaharlar qurilishi yetakchi o’rin tutadi, shahar ikki qismdan: shahardan (arno) va uning atrofidagi qishloqlardan (antеri) iborat bo’lgan. Yashash joylari va saroylar qurilishida to’g’ri burchakli ayvonlar paydo bo’lib, ular binoning asosiy qismini tashkil etgan. Bu ayvonlar turli naqshlar bilan bеzatilgan. Ayniqsa, Ashshur, Ktеsifon va boshqa saroylar bu jihatdan e'tiborga loyiqdir. Ularga dеvoridagi naqshlar, o’yma ganchkorlik va boshqa mе'moriy bеzaklar o’ziga xos salobat bag’ishlagan. Ayvonlar hovliga qarab qurilgan. Ktеsifon saroyida 2 ta ayvon bir yo’nalishda qurilgan bo’lib, ularning biriga aylana koridorli ibodatxona qo’shilgan bo’lgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |