8.5. O’rta Osiyo xonliklari davrida me’morchilik va tasviriy san’at.
O'rta Osiyodagi xonliklarda XVIII-XIX asrlarda me'morchilik va san'at taraqqiyotida bir qator ibratli ishlarning amalga oshirilganligiga guvoh bo'lamiz. Shayboniyxon vafotdan keyin parchalana boshlangan katta saltanat yangi Ashtarxoniylar sulolasiga yo’l ochib berdi. Ashtarxoniylar sulolasi 1601 yildan 1753 yilgacha hukmronlik qildi. Bu davrda ham san’at yangiliklariga boy bo’lib, me’morchilik, tasviriy, amaliy bezak san’ati, kitobot hamda miniatyura sohasida sezilarli asarlar yaratildi. Me’morchilikda avvalgi yillarda mavjud bo’lgan me’morchilik an’analari davom etdi. Me’morlar ravoq va gumbaz imkoniyatlaridan foydalanib, bir-biri bilan kesishadigan yo’lak va katta zallar yaratdilar. Ashtarxoniylar davrida Buxoroda Poyi Kalon, Labi xovuz, Samarqandda Registon me’moriy majmuasi o’zining tugal ko’rinishini oldi. Buxoro, Shahrisabzda gumbaz - ravoqli yopiq bozorlar kengaytirildi. Buxoroda katta qurilishlar davom etdi. Shunday yodgorliklardan biri 1652 yili barpo etilgan Abdulazizxon madrasasi hisoblanadi. Nisbatlari nihoyatda go’zal, oltin xolli koshinlari yozuv, naqsh va rasmlar uyg’unligida ajoyib manzara hosil qiladi. Madrasaning tashqi peshtoq bezagi naqsh va afsonaviy jonivorlar tasviri bilan bezatilgan. Madrasaning ichki xonalari ham e’tiborli. Bu yodgorlik gumbazi bezagida ganch muqarnaslar, devorlarida gulga to’la guldonni aks ettiruvchi pannolar o’z aksini topgan. Peshtoqning ikkinchi qavatidagi bezagi ham xarakterli. Unda quyoshga uchib borayotgan keng yoyilgan qanotli ikki qush tasviri ishlangan. 1630 yillarda Nodir Muhammad Devonbegi qurdirgan madrasa ham bezaklarka boy. Uning peshtoqiga ishlangan afsonaviy qushlar tasviri ham uni boshqa madrasalardan ajratib turadi.
XVII asrning yirik me’moriy yodgorliklari bu Sherdor madrasasi bo’lib, u biroz ilgariroq barpo etilgan Tillakori va Ulug’bek madrasalari bilan birgalikda yaxlit me’moriy majmuani tashkil etadi va Registon maydoniga tugallik bergan.
Tasviriy san’at me’moriy bezaklarda va amaliy san’at buyumlari keng o’rinni egallaydi va ularning ajralmas qismiga aylangan. Shu davrda ishlangan gilam va so’zanalar, sopol buyumlar, Buxorodagi Nodir Devonbegi Samarqanddagi Sherdor,Tillakori madrasalarining bezaklarida tasviriy san’at o’z ifodasini topgan. Samarqanddagi Tillakori madrasasi (XVII asr) naqsh va bezaklari diqqatga sazovor. Bu madrasa devoriy rasmlarida Bibixonim machiti, Oqsaroy, devoriy rasmlariga o’xshash kompozisiyalar uchraydi. Uncha katta bo’lmagan manzaralar - daraxt shoxlari, gullar ko’rinishi moviy zaminda (fonda) oltin rangdan ishlangan bo’lib, xonalar ko’rinishi ertaknamolik kashf etgan.
XVII asr miniatyura va kitobat san’ati ham boy tarixga ega. Bu asrda san’atning shu turlarida nodir asarlar yaratildi. Saroy qoshidagi kutubxonalarda rassom va xattotlarning katta guruhi mehnat qilgan. Jumladan, musavvirlar Xo’ja Gado, Avaz Muhammad, Xo’ja Muqim, Mulla Behzod, xattotlar Mirza Barki, Mirza Mir Munis va Arabshoh saroy kutubxonasida yashab ijod etgan. Bulardan tashqari, xonlar taklifi va buyurtmalari asosida tashqaridan ham iste’dodli rassomlar kitoblar ko’chirish va bezash ishlariga jalb etilgan. Jumladan, ashtarxoniylardan Abdulazizxon uchun ko’chirilgan Sa’diyning “Bo’ston” asari uchun ko’chirilgan qo’lyozmada (1649) Farhod ismli musavvir dasxati uchrashi shundan dalolat beradi. Nizomiyning “Xamsa” asari qo’lyozmasida esa Muhammad Muqim (Xo’ja Muhammad), Muhammad Amin, Behzod dastxatlari bor.
Xiva xonligining me’morchiligi rivojining yangi davri XVIII asr oxri XIX asr boshlariga to’g’ri keladi. Bu davrda Temur va temuriylar davri me’morchilik san’ati an’analarida binolar qad ko’tardi. Xiva, Xazorasp, Toshhovuz, Gurlan va Kenja kabi shaharlarda hayot, savdo-sotiq, hunarmandchilik rivojlanadi. Qo’ng’irot urug’idan bo’lgan Muhammad Raxim (1806-І825) davrida katta qurilishlar amalga oshiriladi, bojxona va zarbxonalar tashkil topadi. Xivaning mashhur yodgorliklari o’zining tugallangan ko’rinishga ega bo’ladi. Darvozalar karvonsaroylar va madrasalar hisobiga shahar ko’rki ochiladi. Pahlavon Mahmud maqbarasi (1810), Toshhovli (1838) kabi yodgorliklar bugungi kunda bezakdorligi va go’zalligi bilan kishilarni hayratga soladi.
Ichan qal’ada xon qarorgohi va boshqa ma’muriy binolar joylashgan. Qal’aning bosh maydoni bo’lib, u yerda savdo ishlari olib borilgan,turli yig’inlar o’tkazilgan.
1710 yilda O’rta Osiyoda yangi davlat Qo’qon xonligi tashkil topadi. Xonlardan Olimxon (1800-1810), Umarxon (1810-1822) Muhammad Ali (1822-1842) hukmronligi yillarida xonlik chegaralari mustahkamlana boshladi, Toshkent, Chimkent, Sayram erlari hisobiga xonlik chegaralari kengaydi. Shu davrda qator qal’a va qo’rg’onlar qad ko’tardi. Mahram qal’asi, Oqmachit (hozirgi Qizil O’rda), Avliyo ota (Jambul), Pishpak (Bishkek) kabi qator harbiy istehkomlar bunyod qilindi, ayniqsa, xonlik poytaxti Qo’qon shahrida katta qurilish ishlari amalga oshirildi, machit va madrasalar qad ko’tardi. Shahar markazida bozor va guzarlar, chorrahalarda esa katta bo’lmagan karvonsaroylar qurildi.
Bu davr me’morchiligi kam bezakli bo’lib, binolarni katta qismi loy va paxsadan bunyod etildi. Farg’ona vodiysi me’morchiligi o’ziga xos ko’rinishga ega ekanligini e’tirof etish kerak. Jumladan, Farg’onaning bosh shahri Marg’ilondagi Zulqarnayn maqbarasi minorali bo’lib, ular(ikkita minorasi saqlanib qolgan)ning tepa qismi muqarnasli. Bundan tashqari, Farg’onada avliyolarga atab qurilgan qator mozorlar saqlanib qolgan. Bular uncha katta bo’lmagan peshtoq-qubbali binolar bo’lib ularning eshiklari o’ymakorlik san’ati bilan pardozlangan. Bu davrda ishlatilgan ustunlar ham muqarnasli bo’lib, ularning ustunlari ham o’ymakorlik san’ati bilan pardozlangan.
XVIII asr o’rtalaridan Ho’qand qishlog’i Qo’qon xonligi poytaxtiga aylantirildi. Shahar qurilishi uchun buxorolik ustalarni yangi poytaxtga taklif qildidilar. Natijada bu yerga Buxorodan ko’plab ustalar ko’chib kela boshladi. Natijada qurilgan binolar bezagi va tarxida Buxoro ta’siri sezilarli o’rinni egalladi. Buni Norbo’ta biy madrasasi ko’rinishida ko’rish mumkin. Bino uchun ishlangan o’yma eshik esa o’z ishlanishining yuksakligi bilan ajralib turadi. Bu davrda Qo’qon xonligida hunarmandchilik rivoj topdi, ajoyib koshinlar, sirli sopol buyumlar, o’ymakor eshiklar shu davrga xos ko’tarinki ruhni o’zida aks ettiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |