7.2. Ilk o’rta asrlar me’morchiligining o’ziga xos xususiyatlari. Poykend va Varaxsha saroylari.
O’rta Osiyodagi ilk o’rta asrlar me’morchiligining yorqin ifodasi Poykend va Varaxsha shaharlaridan topib o’rganilgan saroylar, qasrlar, mudofaa inshootlari va boshqalar bo’lib hisoblanadi.
Poykend - qadimgi karvon yoʻli ustida qad koʻtargan shahar harobasi (miloddan avvalgi IV–III–milodiy XI-asrlar) bo’lib, Buxorodan 44 km janubi-gʻarbda, Jondor va Qorakoʻl tumanlari tutashgan hududda joylashgan. Oʻrta asr yozma manbalarida shahar Boykand, Xitoy solnomalarida esa Bi nomlari bilan tilga olinadi. Poykend “Quyi shahar” maʼnosini anglatadi. Poykend tashqi devorlarining nihoyatda mustahkamligidan shahar ilk oʻrta asrlarda “Shahristoni Roʻin”, yaʼni “Jezdan qurilgan shahriston” (Jez shahar) nomi bilan shuhrat topgan.
Poykend oʻtmishda 4 qism: 1) darvozali ark (maydoni 1 gektar); 2) darvozali ichki shahriston (maydoni 11 gektar); 3) darvozali tashki shahriston (maydoni 6 gektar); 4) sharq, gʻarb hamda janub tomonlarida qad koʻtargan (maydoni 100 gektardan oshiqroq) ulkan rabotlardan iborat boʻlgan.
Arkda qadimgi ibodatxona, podsho saroyi, IX–X asrlarda qad koʻtargan koshinkor mehrobli jome masjidi, ichki va tashqi shahristonlarda savdogar va hunarmandlarning turar joy, mahalla-koʻylari, ichki bozor, ustaxona, nonvoyxona va dorixonalar kabi bino va korxonalar joylashgan.
Shaharning rabot qismida esa 50 dan ortiq naus (ostodonlar xilxonasi)lardan iborat otashparastlarning qabristoni (nekropol), tashqi bozor va bir necha (Narshaxiyning koʻrsatishicha, mingdan ortiq) rabotlar, yaʼni karvonsaroylar qad koʻtargan. Manbalarda qayd etilishicha, islomiyat davrida ham Poykend nauslari ochiq boʻlgan. Otashparastlar oʻz marhumlari ustuxonlarini hatto, Buxoro shahridan Poykend nauslariga olib kelib dafn qilganganlar.
Poykend qadimgi Buxoro hukmdorlarining qarorgohi boʻlib, har bir podsho oʻzi uchun bu shaharda oʻrdugoh barpo etgan. Eftaliylar davlati hukmronligi davrida (V-asrning ikkinchi yarmi va VI asr boshlari) u poytaxtga aylantirilgan. Narshaxiyning yozishicha, shahar aholisining aksariyati savdogar boʻlib, ular Xitoy va dengiz boʻyi mamlakatlari bilan savdo qilganlar va juda davlatmand boʻlganlar. Shu boisdan arab geograflari Ibn Hurdodbek va Ibn al-Faqihlar Poykendni “Madina at-tujjor”, yaʼni “Savdogarlar shahri” nomi bilan taʼrif etadilar. Poykend oʻz tarixi jarayonida Buxoro vohasining nafaqat yirik savdo markazlaridan biri sifatida, balki tutgan geografik oʻrni jihatidan Gʻarbiy Sugʻdning siyosiy hayotida strategik tomondan muhim ahamiyatga ega boʻlgan.
Vohaning janubi-gʻarbiy chegarasida harbiy istehkom sifatida bino qilingan Poykend ilk oʻrta asrlarda Buxoro viloyatining atrofi yagona mudofaa inshooti - Kampir devor bilan oʻrab olingunga qadar u janubi gʻarb, dasht hududlaridan muttasil sodir boʻladigan koʻchmanchi qabilalarning bosqinlarini qaytarish va tashqi dushman hujumlarining yoʻlini toʻsib, ularga dastlabki zarbalarni berishda mustahkam harbiy qarorgoh vazifasini oʻtagan. Uning mudofaa inshootlari nihoyatda mustahkam qurilgan boʻlib, zamonasining har qanday qamaliga bardosh bera olgan.
Poykend arki, ichki va tashqi shahristonlarining har biri alohida qalin va baland devorlar halqasi bilan oʻralgan. Devor boʻylab har 60 m masofada va tashqi burchaklarda baland 2 qavatli burjlar oʻrnatilib, darvoza atrofi mudofaa inshootlari (labirint) bilan mustahkamlangan. Shahar devorlari va burjlari har 1,6 m oraligʻi boʻylab shaxmat uslubida 3 qator nishon tuynuklari (tirkash) oʻrnatilgan. 674 yilda Poykend Arab xalifaligi lashkarboshisi Ubaydulloh ibn Ziyod tomonidan egallanadi. 707 yilda esa Poykend xalifalikning Xuroson noibi Qutayba ibn Muslim tomonidan qamal qilinadi. Poykendliklar qattiq turib arablarga qarshilik koʻrsatadilar. Qamal 50 kun davom etadi. Kuch bilan Poykendni qoʻlga kirita olmagan arablar shahar devori ostidan lahim (tunnel) qazib ichkariga bostirib kiradilar. Poykend arablar qo’liga oʻtadi va sulh tuziladi. Biroq shaharliklarning qoʻzgʻoloni oqibatida Poykend qayta egallanib, vayron etiladi. Juda katta miqdorda oltin va kumushdan yasalgan but va jomlar bilan bir qatorda koʻplab qurol-yarogʻ hamda harbiy anjomlar oʻlja tarzida olinadi.
IX asrning oxirgi choragi va X asr mobaynida Poykend va uning dehqonchilik vohasi ravnaq topadi. Ichki va tashqi savdo munosabatlari kengayib kulolchilik, shishasozlik, koshinkorlik, misgarlik va binokorlik taraqqiy etadi. Ammo somoniylar hukmronligi barham topgach, XI asrda Poykendning sugʻorish tarmoqlari suvsizlikdan qurib qoladi. Oqibatda shahar boʻshab, xarobaga aylanadi. XII asrning birinchi choragida Arslonxon Muhammad ibn Sulaymon hukmronligi davrida Poykend qayta tiklanib va uning atrofi qayta obodonlashtiriladi. Shahar aholisi yana gavjumlashib, ko’rkam turar joylar, podsho uchun esa muhtasham saroy quriladi. Poykendning suv taʼminotini yaxshilash maqsadida Qorakoʻl daryosidan uzunligi 1 farsaxli kanal qazib chiqarish uchun harakat qilinadi. Biroq, kanal qazilib tugatilmay qoladi. Natijada Poykend suvsizlikdan XII asrning ikkinchi yarmida butunlay qurib yana vayronaga aylanadi.
Poykend shahri xarobalari arxeologik jihatdan dastlab 1903 yilda R.Pampelli, 1913-14 yillarda L.A.Ziminlar tomonidan oʻrganilgan. Buxoro vohasi shaharsozlik madaniyatining yuzaga kelishi va rivojlanish tarixini oʻrganish munosabati bilan oʻtgan XX asrning 80-90 yillarida Poykend xarobalarida keng koʻlamda muttasil arxeologik qazish ishlari amalga oshirildi. Arxeologik tadqiqotlarni tashkil etish maqsadida 1980 yilda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Arxeologiya instituti va Rossiya Davlat Ermitajining maxsus qoʻshma arxeologik ekspeditsiyasi (A.Muhammadjonov rahbarligida) tashkil etildi. Bu ekspeditsiya aʼzolari (G.L.Semenov, J.Mirzahmedov, Sh.Odilov va boshqalar) koʻp yillarga rejalashtirgan arxeologik qazishlarni to hozirgi kunga qadar davom ettirmoqdalar. Arxeologik qazishlar natijasida Poykend yodgorligining umumiy tarixiy topografiyasi oʻrganilib, rejalari chizmalarga tushirildi. Unda qadimda qad koʻtargan ilk chegara istehkomi, soʻngra shahar qiyofasini shakllantirgan baland va qalin mustahkam mudofaa devorlar bilan oʻralgan ark, 4 tomonida bir nechta darvozalar oʻrnatilgan va qator burjli devorlar qad koʻtargan ichki va tashqi Shahriston hamda sahn boʻylab koʻplab karvonsaroy va nausli nekropol joylashgan ulkan rabodlarning yuzaga kelishining tarixiy bosqichlari va madaniy qatlamlarining qalinligi belgilandi. Arxeologik topilmalarning guvohlik berishicha, Poykendda hayot miloddan avvalgi IV asrdan to milodiy XI asrgacha, yaʼni 1500 yil davomida kechgani maʼlum boʻldi.
Arkda qadimgi ibodatxona, jome masjid va podsho saroyi xarobalari, ichki shahristonda dorixona (VIII asr), bir qancha ulkan tandirlar oʻrnatilgan shahar nonvoyxonasi, tashqi shahristonda kulollik, shishasozlik kabi hunarmandlarning mahallalari, to’rt tomoni supali markazida sandali bor yotoqxona, oshxona, omborxona va tashnobli-tahoratxonali moʻjazgina bir qavatli hovli joylarning xarobalari qazib ochildi. Poykendning rabot qismida kulollik, shishasozlik va temirchilik ustaxonalari, xumdon va qoʻralari hamda 50 dan ortiq nauslarning qoldiqlari bilan bir qatorda Poykenddan Buxoroga tomon yoʻnalgan karvon yoʻlining ikki yoqasi boʻylab joylashgan 20 dan ortiq karvonsaroylarning vayronalari qayd etilib, ulardan bir nechtasi qazib ochildi. VIII-X asrlarga mansub bunday mehmonxona va qoʻnoqxonalar murabaa shakdda xomgʻishtlardan bino qilingan. Tashqi devorning to’rt burchagi doira shaklida burjlar bilan mustahkamlangan. Hovlisining markazida tuyalarga ortilgan yuklar tushiriladigan bir yoki ikki uzun supa bo’lgan. Karvonsaroyning qarama-qarshi tomonlarida ikkita darvoza oʻrnatilgan. Mehmonxonaning to’rt tomoni boʻylab 60 dan ortiq supali, sandalli 1 yoki 2 xonali yotoqxonalar, oʻchoqli yoki tandirli ovqatxona, tashnobli tahorat yoki gʻuslxona va omborxonalar joylashgan. Saroyning shimoli-gʻarbiy burchagida otashparastlarning otashkadali ibodatxonasi bino qilingan. Xonalarning tomi ravoqsimon shaklda yopilib, markaz qismida sopol quvurlardan moʻrkonlar oʻrnatilgan.
Arxeologik qazishlar jarayonida Poykend yodgorligidan turli xil topilmalar: sirli va sirsiz sopol koʻza va tovoqlar, shisha idishlar, jez va temir buyumlar, qurol-yarogʻlar, shuningdek, turli sanalarda zarb etilgan chaqa tangalar (Xitoy, Sosoniy, Ummaviy va Abbosiylarning fuluslari; Buxoro, Samarqand, Marv, Fargʻona, Axsikat va Isfijob zarbxonalarida zarb etilgan Somoniy va Qoraxoniylarning tangalari hamda Hirotda zarb etilgan Gʻaznaviylarning 1 dona oltin dinori topilgan.
Ilk o’rta asrlar O’rta Osiyo me’morchiligining noyob durdonalaridan biri Varaxsha shahri inshootlari bo’lib, qadimiy ajdodlarimizning tasviriy san’ati va binokorligining yorqin namunasidir. Varaxsha - Buxorodan 40 km shimoliy-gʻarbda, Dashti Urganji koʻlining qadimiy Rajfandun vohasida joylashgan bo’lib, uning maydoni 9 gektar va balandligi 10-20 metrli ulkan tepa shaklida saqlangan.
Varaxsha va uning atrofida V.A.Shishkin (1937-39, 1947-54), A.Muhammadjonov (1975-1977), O.V.Obelchenko (1977-1979) va G.V.Shishkina (1987-1990)lar keng koʻlamda arxeologik tadqiqotlar olib borganlar. Qazishmalardan maʼlum boʻlishicha, Varaxsha mil. av. II asrda bir-biriga tutashgan bir nechta istehkomli qishloqlar tarzida qad koʻtargan.
Mil. av. II-I asrlarda va mil. I-II asrlarda Varaxsha va uning atrofida madaniy hayot gullagan. III-IV asrlarda Varaxsha tanazzulga uchragan. V asrda Varaxsha yana tiklanib, Buxoroning qadimiy hukmdorlari — buxorxudotlarnint qarorgohiga aylangan. Shu davrda Varaxsha mustahkam devor bilan oʻralgan, uning janubiy qismida ark qurilgan. VIII-X asrlarda ayniqsa obod boʻlgan. Varaxsha va uning atroflari 12 ta kanal bilan sugʻorilib, Rajfandun vohasidagi eng yirik va markaziy qalʼalardan biriga aylangan.
Buxoro va Xorazm oraligʻidagi karvon yoʻli Varaxsha orqali oʻtgan. Har oʻn besh kunda Varaxshada bir kunlik, yil oxirida 20 kunlik bozor sayli (navroʻzi kasho varzon, yaʼni dehqonlar yangi yili) oʻtkazilgan. Buxorxudotlar qarorgohi qilinishi bilan Varaxsha yirik shaharga aylangan. XI-XII asrlarda uning hududi eniga 6 km dan ziyod boʻlgan. XII asrda Varaxsha vohasidagi hayot toʻsatdan nomaʼlum sabablarga koʻra toʻxtab qolgan.
Varaxshada kvadrat shakldagi yirik xom gʻishtlardan qoʻshminora tarzida oʻrab chiqilgan balandligi 15 metr boʻlgan tagkursilarning biriga podsho saroyi va ikkinchisiga soqchixonali darvozaxona bino qilingan. Arkning sharqiy qismida tomi ravoqsimon gumbaz tarzida yopilgan uzun yoʻlaksimon (navkarxona va darvozaxona) xonalar mavjud boʻlgan.
Arkning markazida janub tomoni mudofaa devoriga yondoshgan Varaxsha hukmdorining saroyi joylashgan. U sharqiy va gʻarbiy mehmonxona hamda qizilxona (zal)lardan iborat boʻlgan. Saroy gʻarb tomonidan uch ravoqli ganchkori ustunlar oʻrnatilgan hashamatli peshayvon bilan oʻralgan. Ayvon ravoqlarining ustunlari va toqilari ganchkori qabartma tasvirlar hamda turli xil girixlar bilan bezatilgan. Saroyning qizilxona va sharqiy mehmonxonalari toʻla kovlab ochilgan. Xona devorlari mayda somonli loy suvoq ustidan yupqa ganch suvoq qilinib, devoriy rasmlar qizil, sariq, kulrang, qora, zangori, pushti va jigarrang bo’yoqlar bilan bezatilgan. Ularda turli xil manzaralar, fil mingan shahzoda va chokarlarning old va ortdan chovut solgan qoplonlar bilan olishuvi; qayrilib nishonga kamondan o’q uzayotgan ot ustidagi chavandoz, qanotli tuya shaklidagi oltin taxtda o’tirgan hukmdor tasvirlangan. Sharqiy mehmonxonada tiz cho’kib qo’lida qadah tutgan malika, belida shamshir, bir qo’lida qisqich ushlagan podsho, o’rtada otashgohda yonib turgan muqaddas olov – azarxurro, otashgohdan o’ngda beliga xanjar taqilgan shahzodaning tiz cho’kib ibodat qilayotgan tasviri yoki sovut va dubulg’a kiygan, qo’llarida nayza, qalqon ushlagan suvoriylarning jang qilayotgan, shuningdek, butazor, to’qay ichidagi ov manzarasi kabi tasvirlar diqqatga sazavordir.
Arxeologik topilmalardan aniqlanishicha, janubiy xonalarning ikkinchi qavatidagi xona ganchkori naqshlar bilan bezatilgan bo’lgan. Ko’plab topilgan qabartma ganchkori naqshlar orasida hovuzda suzib yurgan baliqlar, yelkasidan o’q yegan arxar, yelib borayotgan jayron, bedanalar, ayol boshli baxt qushi – Humo, hamlaga tayyorlanayotgan ajdarho, taqimiga sadoq bog’lagan suvoriy hamda ko’pdan-ko’p ayollarning bosh qismlari bilan bir qatorda turli xil islimiy va girix parchalari uchraydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |