Foydalaniladigan adabiyotlar:
1) «Adabiyot» 8-sinf uchun darslik.
2) 8-sinf «Adabiyot» darsligining elektron varianti.
I. Darsning borishi:
a) salomlashish
b) navbatchilik hisoboti, sinf tozaligi va davomatni nazorat qilish
c) kirish suhbati, o’quvchilarning og’zaki nutqini o’stirish
II. O’tgan mavzuni so’rash.
a) individual - tarqatma materiallar, kartochka.
b) Frontal (guruh bilan ishlash)
III. Yangi mavzu:
Muhtaram o‘quvchi! Oldingi sinflarda siz buyuk o‘zbek shoiri va mutafakkiri, o‘zbek adabiy tilining asoschisi Alisher Navoiy tarjimai holi, u yozgan o‘lmas asarlar, ulardan ba’zilarining mazmun-mohiyati, badiiy jozibasi bilan atroflicha tanishgan edingiz.
Yaxshi bilasizki, Alisher Navoiy 1441-yil 9-fevralda temuriylar hukmronligida bo‘lgan Xuroson davlatining poytaxti Hirot shahrida saroy amirlaridan bo‘lmish G‘iyosiddin Kichkina xonadonida tavallud topdi. Kichik yoshidan ta’lim olib, maktabda o‘qib yurgan kezlari forsiy tildagi tasavvufiy adabiyotning asoschilaridan biri hisoblanmish Fariduddin Attorning mashhur «Mantiq ut-tayr» («Qush nutqi») dostonini sevib, berilib o‘qidi. Ota-onasi mazkur asarga yoshlayin bu qadar mashg‘ul bo‘lib ketganidan qo‘rqib, kitobni undan olib, yashirdi. «Biroq, — deydi oltmish yoshlarida shu dostonga javob tariqasida yozgan «Lison ut-tayr» («Qush tili») asarida shoir, - men «Mantiq ut-tayr» matnini to‘liq yodlab olgan edim...»
Siyosiy vaziyatlar taqozosi bilan Navoiylar oilasi Mashhad shahriga ko‘chib, bir necha yil o‘sha yerda yashaganidan ham xabardorsiz.
1466-1469-yillari yosh shoir Samarqand shahridagi madrasalarda ta’lim oldi. Davlat ishlarida xizmatda ham bo‘ldi, faol ijod ham qildi. 1469-yilning bahorida do‘sti temuriyzoda Husayn Boyqaro Hirot taxtini egallaganidan so‘ng shoirni yoniga chaqirdi. Ulug‘ qalam sohibi bir necha yil Husayn Boyqaro saroyida oliy martabali lavozimlarda xizmatda bo‘ldi. U buyuk amallardan iste’foga chiqib, erkin ijodiy ishlar bilan mashg‘ul bo‘lgan kezlarida ham ijtimoiy-siyosiy faoliyatdan chetlashgan emas. Unga Husayn Boyqaro «Muqarrabi shohiy», ya’ni shohning eng yaqin kishisi martabasini bergan edi. Bu sharafli martabaning hukmdor oldidagi imtiyozi shu ediki, u podshohga bir masala yuzasidan ketma-ket yetti martagacha murojaat qilish huquqiga ega edi.
1483-1485-yillari shoirning eng buyuk asari - besh dostondan iborat «Xamsa» yaratildi.
Umrining so‘nggi o‘n yili mobaynida ham Navoiy juda ko‘p badiiy, ilmiy, tarixiy asarlar bunyod etdi.
Bu ulug‘ zot 1501-yilning 3-yanvari kuni Hirotda vafot etdi. O‘sha kuni butun mamlakat motam tutdi. Qabri Hirotda. O‘zbekiston hukumati bobokalon shoirimiz qabrini obod qilish rejasini tuzyapti. Mamlakatimiz poytaxtidagi «O‘zbekiston Milliy bog‘i»da Alisher Navoiyning ulug‘vor haykali qad rostlab turibdi. Xalqimiz vakillari, dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan mehmonlar shoir haykali poyiga gulchambarlar qo‘yadi. Haykal ustida bino qilingan baland toq girdiga uning bir g‘azalidan olingan:
Olam ahli, bilingizkim, ish emas dushmanlig‘,
Yor o‘lung bir-biringizgaki, erur yorlig‘ ish, -
degan misralari yozib qo‘yilgan. U butun bashariyatga qarata aytilgan shior yanglig‘ jaranglaydi.
Zahiriddin Muhammad Bobur to‘g‘ri ta’kidlaganidek, tarixda hech kim turkiy tilda Navoiychalik «ko‘p va xo‘b» («yaxshi») asarlar yozgan emas.
Shoir butun turkiy adabiyotda eng katta lirik merosga ega shoir hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |