Ma`rifatdagi o'n maqom:
Fano bo'lmoq.
Darvishlikni qabul qilmoq.
Har ishda tahammul (sabr, og'ir-bosiqlik) etmoq.
Halol, tayyib ( toza va pokiza rizq) talab etmoq.
Ma`rifatli bo'lmoq.
Shariat va tariqatni barpo qilmoq.
Dunyoni tark qilmoq.
Oxiratni ixtyor etmoq,
Vujud maqomini bilmoq.
Haqiqat asrorini bilmoq .
Shuningdek, muallif ushbu risolasida faqrlikning o'n maqomi, o'n nuri, o'n yo'li va o'n o'rnini bir-bir bayon qiladi va jami sakson maqomning darvish uchun bilishi va amal qilishi zarurligini ta`kidlaydi.
Risola oxirida har darvesh qirq maqomni bilmasa va amal qilmasa uning shayxligi shaytoniy turur, deyiladi.
Masalan, faqirlikning o'n nurini shunday ifodalaydi:
1 – nuri sidq turur,
2 – nuri sabr turur. Hazrat Rasuli akram sallallohu alayhi va sallam aytdilar:” As-sabru kunuzum min kunuzil jannati” Ya`ni, sabr bihishtning ganjlarindin bir ganj turur.
3- nuri shukr turur,
4 – nuri fikr turur,
5 – nuri zikr turur,
6-nuri namoz turur,
7- nuri ro'za turur,
8 – nuri iymon turur,
9 – nuri sadaqa turur,
10 – nuri pok jon turur. (Qarang: Abdurahmon Go'zal. Yassaviy “faqrnoma”si. Toshkent. 2014, 90-91-betlar).
Muallif:
jabarut maqomi – shariat;
malakut maqomi – tariqat;
nosut maqomi – haqiqat,
lohut maqomi – ma`rifat turur, deb ta`riflaydi.
Shuningdek, Ahmad Yassaviy «Devoni hikmat»da har bir tariqat ahlining shariat ilmidan boxabar bo'lmog'i, yo'qsa, iymonidan ajralib qolishi mumkinligini ta`kidlaydi:
Shariatsiz tariqatga kirganlarni,
Shayton lain imonini olar ermish.
Hoji Bektoshi Valiy va Yunus Emro kabi turk mutasavviflari ham shariat, tariqat, ma`rifat va haqiqatga oid qirq maqomdan bahs yuritishgan. Ayniqsa, Hoji Bektoshi valiy «Maqolot» asarida qirq maqomni oyatlar vositasida batafsil bayon qilib beradi .
Xorazmlik Shayx Najmiddin Kubro tasavvufning uch bosqichi, pog'onasi borligini aytib, shariat – ilohiy nizom, tariqat – qalb yo'li va haqiqat – qalb imkoniyatlariga erishish, deb aytgan. Shuningdek, shariatda suv bilan poklaniladi, tariqatda nafs istaklaridan saqlanish ila poklaniladi. Haqiqatda mosivallohdan qutulish, zamon va makondan xoli bo'lib mutlaq vujudga bog'lanish bilan irfonga etishiladi.
Imom Rabboniy «Maktubot»ning birinchi jild, o'ttiz oltinchi maktubida yozadiki: «Bilgilki, shariat uch qismdan iborat – ilm, amal, ixlos. Har qachonki bu uch qismdan biri o'z o'rniga keltirilmasa, shariat mukammal bo'lmaydi. So'fiylarning yo'li bo'lgan tariqat, haqiqat va ma`rifat shariatning uchinchi qismi bo'lgan ixlosning(ehson maqomining) mukammal holatda yuzaga chiqishiga yordamchi bo'ladi».
Shayx Abulhasan Xaraqoniydan “ixlos nima?” deb so'raganlarida: “…har ne Tengri uchun qilsang ixlosdur va har ne xalq uchun qilsang riyodur”, deb javob bergan ekan.
Alisher Navoiyning «Nasoyim ul-muhabbat” asarida Muhammad bin Fazl Balxiy Abu Usmon Hiriyga xat yozib, “shaqovat (badbaxtlik) alomati nima”, degan savoliga shunday javob beribdi: «… uch narsadir: biri shuki, kishiga ilm bergaylar va amal tavfiqi bermagaylar va amal bergaylar va ul amalda ixlosdin mahrum qilg'aylar va Haq s. t do'stlari suhbatin topqay va ikrom va ehtirom tariqin bajo kelturmagay».
Do'stlaringiz bilan baham: |