Tasavvuf va kalom ilmi



Download 26,7 Kb.
Sana21.01.2022
Hajmi26,7 Kb.
#397890
Bog'liq
tasavvuf va kalom

TASAVVUF VA KALOM ILMI


Shariat bilan tariqat orasidagi masala g’oyat nozik masaladir. Bu jihatni anglamagan odam shubhasiz biror tomonga putur yetkazishi mumkin. Chinakam musulmon bo’lgan, islomni chuqur anglab, uning ma’rifati, hikmat va falsafasidan bahramand bo’lgan, musulmonlikni Alloh yodida pok yashash deb bilgan kishi hech qachon tariqatni o’ziga yot deb bilmaydi. Musulmonlikni faqat rasm-rusmlar, odatlar va boshqa tashqi belgilar yig’indisi deb biluvchi kishi uchun, turgan gap, tariqat mavhum va hatto zararli narsa bo’lib tuyuladi. Bu o’rinda shuni aytish kerakki, shariat ahlining hammasini ham tariqat bilan kurashib kelgan, tariqatga muxolif bo’lgan deb ayta olmaymiz. Ko’pgina shariat peshvolari tariqat ahliga hurmat bilan qaraganlar, shayxlar bilan do’stlashganlar. Bundan tashqari, darvesh sulukiga kirgan faqihlar, shayxulislomlar, obidlar bor edi, masjidlar va xonaqolar orasida aloqa bo’lib turardi.

Shunga qaramay, shariat va tariqat ahllari orasida muxoliflik davom etib keldi. Zohirbin ulamolar nazdida surunkali taqvo, doimiy ro’za, riyozat uchun o’zini qiynoqlarga solish Hazrati Payg’ambarimiz (s.a.v.) sunnatlariga xilof. Inson hayotdan, ya’ni Alloh bergan ne’matlardan bahramand bo’lishi va ham o’z Tangrisiga shukrona sifatida toat-ibodat bilan shug’ullanishi, bandalik xizmatini bajarib turishi lozim. O’zini qiynoqlarga solish Allohga xush kelmaydigan ishdir, deydi shariat ahli.

Ammo muxolifatning bosh sababi bu emas edi, zohidlar, «osoyishta» so’fiylar shariat ahlini unchalik bezovta qilmaganlar. Shariat ahliga tashvish keltirgan narsa – bu tasavvufning fano, tavhid, ishq va vasl kabi g’oyalari edi. Chunki mazkur tushunchalar hurfikrlilikni, haqiqatni izlash yo’lidagi mantiqiy-tafakkuriy jihatni kuchaytirar, vahdat, ruh, Iloh va inson haqida teranroq bilim berar, olam asrorini anglashga yo’l ochardi. Bu esa zohiriy bilim bilangina cheklangan odamlarga yoqmasdi. Boz ustiga, Haq ishqida bexudu devona bo’lgan valiylarning «shathiyot»lari, ya’ni zohirda «kufr» bo’lib ko’ringan gaplari (chunonchi, Hallojning: «Analhaq» deyishi, Boyazidning «Sharaflanganman, sharaflanganman, sha’nu sharaf menga» degan gapi, Mashrabning «Yorsiz ham bodasiz Makkaga bormoq na kerak, Boshimga urayinmu Ibrohimdan qolg’on ul eski do’konni» deyishi) tabiiyki aqidaparast kishilarni tash-vishga solar va ular buni iymondan chekinish deb baholardilar.

Shuning oqibati bo’ldiki, tasavvuf maslagining eng yorqin fikrli aziz farzandlari Mansur Halloj, Yah’yo Suhravardiy, Aynulquzzot Hamadoniy, Imomiddin Nasimiy, Badriddin Hiloliy, Boborahim Mashrab muqallid ulamolar fatvosi bilan rasmiy ravishda qatl etildilar. Mansur va Suhravardiyning bir necha shogirdlari ham qatl etilgan. Shu kabi Zunnun Misriy, Boyazid Bistomiy, Abdulloh Ansoriy, Farididdin Attor, Inb Arabiy, Jaloliddin Rumiy kabi mashhur mutafakkir shayxlar umr bo’yi shariat ahli bilan kelisholmay, ba’zan esa johil hokimlar, amirlarning tazyiqi ostida umr o’tkazganlar.

Maqomot va valiylik sirlaridan birinchi bo’lib so’z ochgan Zunnun Misriy Misr ulamolari raisi Abdulloh bin Hakim tomonidan ta’qib ostiga olinadi, Zunnunning qarashlari inkor qilinadi. Zunnun aytgan gaplar ilmi kalom ulamolari aytgan gaplarga to’g’ri kelmaydi, deb uni zindaqa (dunyoning asosida ikki kuch – Yovuzlik va Ezgulik yotadi degan e’tiqodni olg’a suruvchi Zand dini) tarafdorisan, kofirsan deya toshbo’ron qiladilar. Abdulqosim Sulamiy o’zining «Tabaqatus so’fiya» kitobida mazkur ma’lumotlarni keltirib, yana davom etadikim, shayx Abusulaymon Doroniy farishtalarni ko’raman va ular bilan suhbat-lashaman, degani uchun Damashqdan badarg’a qilingan. Bistom shahri aholisi ham Boyazid Bistomiydan munkir bo’ldilar. Sababi u: men ham Payg’ambar singari Me’rojga ko’tarildim, degan ekan. Sulamiyning yozishicha, Sahl bin Abdulloh Tustariy debdurkim, farishtalar, shaytonlar va jinlar uning oldida hozir bo’ladilar va u bilan so’zlashadilar. Lekin odamlar bunga ishonmay rad etadilar va Sahlni yomon otliq qiladilar. Natijada Sahl Tustardan Basraga qochib borib, o’sha yerda vafot etdi.

Ulug’ shayx va shoir Farididdin Attorni «Javharuz zot» (Zot gavhari) asari uchun rofiziylik (shialik)da ayblagan Nishopur ulamolari uni Mansur kabi qatl etmoqchi bo’ladilar. Biroq shoir qochib jon saqlaydi, lekin mol-mulkidan butkul ajraladi. Yana qizig’i shundaki, XV asrda, xuddi shu dostonni ko’chirgan Nizomiddin Haydar Bobuniy degan kotib Samarqandda mullalarning g’azabiga duchor bo’lgan va qattiq jazoga hukm etilgan. Xayriyatki, Hirot olimlari bundan xabar topib, Nizomiddinni qutqarib qoladilar (YE.E.Bertel`s. «Sufizm i mufiyskaya literatura». 372-373-betlar).

Shariat va tariqat orasidagi muxoliflik ilmiy-nazariy yo’nalishda ham davom etib turgan. Bir qancha risolalar yozilib, so’fiylarning so’zlari va amallari tanqid qilindi. Shunday kitoblardan biri 1153 yilda vafot etgan Ibn Javziyning arab tilidagi «Talbis iblis» (Iblis vasvasasi) nomli kitobidir. Eronlik olim Sayid Guharin «Tasavvuf istilohlari sharhi» nomli kitobning muqaddimasida Ibn Javziy asari ustida batafsil to’xtab o’tgan. Biz ushbu manba’dan ma’lumot uchun ba’zi iqtiboslarni keltirib o’tmoqchimiz.

Ibn Javziy tasavvuf tarixini ikki davrga bo’ladi. Birinchisi – zohidlik davri bo’lib, u davrda so’fiylar shariat talablariga qat’iy rioya qilganlar. Ikkinchisi – darveshlik davri bo’lib, bu davrda fikru shuurda islom aqidalariga to’g’ri kelmaydigan qarashlar yuzaga kelgan, tariqat qabul qilgan rasm-rusmlar ham ilk islomda yo’q edi, deydi Javziy. Chunonchi, xirqa kiyib alohida jamoa bo’lib yurish, raqsu samo’ majlislari tashkil qilish, kuy-qo’shiq eshitish, chilla o’tirish, zikr tushish va hokazolar islomga xilof. So’fiylarning bu ishlari odamlarni yo’ldan ura boshladi, deb yozadi Ibn Javziy, chunki so’fiylar bag’oyat taqvodor kishilar bo’lganligi sababli dindorlarga ta’sir o’tkazardi, ammo ikkinchi tomondan, o’yin-kulguga berilgan dunyoparast kishilar ham so’fiylarning ilmini o’rganishdan ko’ra, karomat va sehrga e’tibor beradilar, bu esa shay-tonning ray’iga ergashishdir. Ibn Javziy yozadi: «Keyingi davrlarga kelib, Iblis ularning ishlariga aralashdi va vasvasaga soldi. Ularning tobe’lari ham bu vasvasaga uchdilar. Iblis vasavasasining mohiyati shundan iboratki, u so’fiylarni ilm va donishdan qaytarib, ularga maqsad-muddao ilm emas, balki amaldir, deb ko’rsatdi. Va ular uchun ilm chirog’i so’ngan-dan keyin zulmat ichra qoldilar va yo’ldan adashdilar».

Bu tasavvufga qo’yilgan katta ayb edi. Amalda Ibn Javziy so’fiylarni bilimsiz, nodon kishilar deb tahqirlagan. To’g’ri, tasavvufda shariat ilmi aqliy-mantiqiy ilm sifatida olib qaraladi va so’fiy bu ilmning o’zi bilan chegaralansa bo’lmaydi, u ishq va botiniy taraqqiyot oraqli g’aybiy-laduniy bilimlar sohibi bo’lsagina, maqsadga erishadi, degan qarash bor. Biroq buni shayton vasvasasi yoki nodonlik deb atash xato. Axir Najmiddin Kubro, Ahmad Yassaviy, Bahouddin Naqshband, Xoja Ahrori vali kabi ulug’ shayxlarni shariat ilmidan bexabar deb bo’ladimi? Ular bu ilmni suv qilib ichgan odamlar edilar. Ular ana shu shariat ilmidan tashqari yana botiniy-ilohiy ilm ham jo’sh urib turgan. Ana shu fazilat bilan ular oddiy dindorlar, muhaddisu mufassirlardan ustun edilar.

Ibn Javziyga shariat ilmini ilmi zohir, tariqat ilmini ilmi botin deyish ham yoqmagan, uning nazarida bu tariqatni shariatdan afzal hisoblashdir. «Ko’p och yurish, surunkali chilla o’tirish, parhezkorlik bu odamlarning miyasini aynitgan. Shuning uchun ular bid’at va kufr so’zlarni aytadilar, xayollariga har xil narsalar ko’rinadi», deb yozadi Ibn Javziy so’fiylar haqida. So’fiylar o’zlarini islom asoslariga daxldor qilish uchun chahoryorlar – Abubakr, Usmon, Umar va Ali raziyallohu anhularni, bir qism sahobalarni ilk so’fiylar deb aytadilar va hatto Hazrati Payg’ambarimizdan ham so’fiylik sifatlarini qidiradilar, Qur’oni Karim oyatlarini so’fiyona ruhda shahrlaydilar, deydi Ibn Javziy.

«Talbis Iblis» kitobidan: «Odamlarning bu qavmga (ya’ni so’fiylarga) mayli kuchligiga bois shuki, tariqatning tashqi ko’rinishini ibodatga moslaganlar, ammo botinini raqsu samo’ bilan to’ldirganlar, odamlarga esa bu yoqadi».

Yana: «Avvalgi so’fiylar shoh va amirlardan nafratlanardilar, ularning in’omlarini olmasdilar. Keyingi so’fiylar taxtu toj ahlining yaqin do’stlariga aylandilar».

Yana: «Abdurahmon Sulamiyning keltirishicha, Amru Makkiy (Mansurning piri) hikoyat qilibdurkim, Mansur Halloj bilan Makka ko’chalarini kezardik. Men Qur’oni Majiddin bir oyat o’qidim. Mansur mening qiroatimga quloq solib dedi: men ham shunga o’xshash so’zlarni ayta olaman».

Va yana: «So’fiylarning ko’pi xotinlarga qarashni nojoiz hisoblaydilar. Lekin chiroyli yigitlar bilan suhbat qurishni yoqtiradilar… Ularning fikricha, Xudo go’zallar jismiga singgandir, go’zallar yuziga boqib, Xudoning jamolidan bahra olamiz, deydilar».

Ibn Javziyga tariqat odobi, ya’ni tarkidunyo qilish, xonaqolarda taqvo bilan umr o’tkazish ham ma’qul emas, muallif buni islom shariatiga xilof deb biladi. Ibn Javziy fikricha, olti sababga binoan bu ish xatodir, ya’ni birinchidan, ushbu harakat odamlarni masjiddan chelashtiradi, holbuki, masjid musulmonlarning asosiy yig’iladigan joyi bo’lishi kerak. Ikkinchidan, musulmonlarning jam bo’lib ibodat qilishi kamayishi mumkin. Uchinchidan, kishilarni masjidga borib namoz o’qishdan mahrum etadi. To’rtinchidan bu ish nasroniylar va isoparastlarga taqlid bo’lib, yaka ibodat qilish odatini joriy etadi. Beshinchidan, xonaqo ahli orasida ko’p yosh yigitlar borkim, ular uylanishi va farzandli bo’lishi kerak. Tarkidunyo ular hayotiga zomindir. Oltinchidan, xonaqolarda bajariladigan amallar xalq-ni aldash va zalolatga yo’llashdan iborat. «Keyingi davr so’fiy-lari, — deb ta’kidlaydi Ibn Javziy, — xonaqo va rabotlardan tekin yashash va istirohat bilan kun o’tkazishga o’rganib qolganlar, faqat ovqat yeyish va o’yin-kulgi qilish bilan bandlar».

Ko’rindiki, Ibn Javziy uchun tasavvuf ta’limot sifatidagi nazariy jihatlari, g’oyalari bilan ham maqbul emas. Muallif xonaqolardagi pir va muridilik muomalasidan tortib, o’z-o’zini nazorat qilish shartlari hisoblangan zikru samo’, chilla o’tirish, surunkali taqvodorlik, maxsus kiyim – xirqa kiyib yurishgacha – hammasini bid’at deb rad etadi («bid’at» – arab tilida yangilik demakdir).

Tasavvufni tanqid qilish keyingi asrlarda ham davom ettirildi, hozir ham afsuskim ayrim mamlakatlarda naqshbanddandiya, suhravardiya va mavlaviya tariqatlarini tanqid etuvchi kitoblar chop etilmoqda. Ularda asosan o’sha Ibn Javziy aytgan gaplar takrorlanadi.

Endi tariqat ahlining gaplarini ham eshitaylik. Avvalo alohida qayd etamizki, tariqat ahli hech yerda va hech qachon shariatni inkor etgan emaslar. Bil’aks, shariat tasavvufning muhim va zaruriy qismi deb qaralgan. Boshqacha aytganda, shariat ma’naviy tarbiyaning birinchi bosqichi hisoblangan. «Kashful mahjub» kitobining muallifi Abulqosim Qushayriy fikricha, suluk yo’liga kirgan kishi to’rt buyuk marhala (maqom)ni bosib o’tishi lozim, ya’ni shariat, tariqat, ma’rifat va haqiqat. Ba’zilar ma’rifatni alohida maqom sifatida tilga olmasalar ham, ammo shariat, tariqat va haqiqatni sanab o’tganlar.

Yana shunisi borki, ko’pgina shayxlar o’z muridlariga birinchi navbatda shariat asoslarini puxta o’rgatganlar, murid toki Qur’on va Hadisni butun mohiyati bilan anglab yetmasa, shariat ahkomi bo’lmish tavhid, iymon ma’nosini tushunmasa, besh vaqt namozni ado etib, ro’za tutib, zakot va haj talablarini ham bajarmasa, u haqiqiy musulmon deb qaralmagan va xonaqoga kiritilmagan. Biroq, hamma gap shundaki, tariqat peshvolari shariat talablari ustiga yana yangi talablar qo’yganlar, musulmonlik shartlarini chuqurlashtirganlar. Aniqroq qilib aytsak, omma toqat qila olmaydigan, biroq maxsus kishilargina toqat qiladigan qishimcha riyozatlar yuklaganlar va soliklar buni majburiy emas, ixtiyoriy ravishda o’z zimmalariga olganlar. Ana shu asosda qo’shimcha namoz, qo’shimcha ro’za, parhez va taqvo, qo’shimcha haj qilish joriy etilgan. Shunga qudrati bor kishilar uchun bu narsa ravo deb qaralgan. Chunki bunday odamlar o’z hayotlarini Xudo yo’liga bag’ishlagan edilar, ular uchun bundan muhim, bundan olijanob va qimmatli narsa bo’lmagan. Xo’sh, buni man’ etib bo’ladimi? O’zini Xudo yo’liga bag’ishlagan, tunu-kun ibodat bilan shug’ullanishni odat qilgan odamni sen gunoh qilayapsan deyish mumkinmi? Bu har bir bandaning o’zining shaxsiy ishi. Shuning uchun ham tasavvuf va tariqatni xoslar yo’li deydilar va indivudial (fardiy) hodisa sifatida olib qaraydilar.

Aslini olganda, shariatning o’zi ham riyozatdir. Besh vaqt namozni ado etish, bir oy ro’za tutish, uzoq safarga chiqib haj qilish riyozat emasmi?

X–XI asrlardan boshlab shariat va tariqat ahllari orasida munozaralar boshlangandan keyin tasavvuf nazariyotchilari bu ikki tomonni kelishtirish, shariat va tariqatni muvofiqlashtirish ustida bosh qotirib, fikrlar bayon etganlar.

Bu ishga birinchi bo’lib qo’l urgan kishi Abubakr Kalobodiy Buxoriy (vafoti 990 yil)edi. U o’zining «At-taarruf li mazhabi tasavvuf» (Tasavvuf mazhabi bo’yicha tanishtirish kitobi) nomli asarida tasavvuf aqidalarining islom ahkomlariga muvofiq kelishini isbotlashga intilgan. Olim asosan Qur’on va Hadisdan olingan misollar va tasavvuf shayxlari so’zlarini qiyoslash usulidan foydalangan. Keyinchalik Abdulloh Ansoriy (1006–1089) Abdulloh Kushayri (986–1072), Hujviriy (vafoti 1075) ham bu masalada fikr bildirib, shariat va tariqat bir-birini to’ldiradigan, rivojlantiradigan yo’llar ekanini qayd etganlar. Chunonchi, Abdullo Ansoriy deydi: «Shariat barcha inkor va tasdiqdan iborat, u inson vujudiga qaratilgan bo’lib, shakl-rusumlar (qoliplar)ni tashkil etadi. Tariqat butkul mahv bo’lmoq (fano), haqiqat esa barcha xayratdan iborat. Shariatni tana deb bil, tariqatni dil degin, haqiqatni esa jon hisobla».

Ammo bu borada hech kim Imom Muhammad G’azzoliychalik chuqur ilmiy fikrlar bayon etgan emas.
Imom G’azzoliy – Sharqning dunyoga mashhur mutafakkirlaridan, kalom ilmi (fiqh, tafsir, hadis), falsafa va tasavvuf masalalari bo’yicha bir nechta jahonshumul ahamiyatga ega kitoblar muallifi. G’azzoliy asarlari 1145 yildan boshlab Yevropa tillariga tarjima qilina boshlagan, Dante, Bekon, Didro, Russo, Gegel uni donishmand mutafakkir sifatida tilga oladilar. Abuhomid Muhammad bin Muhammad G’azzoliy (1058–1111) Eronning Tus shahrida tug’ilgan. Nishopurda kalom ilmining allomasi ash’ariy Juvayniydan ta’lim olib, shu sohaning bilimdoni sifatida nom chiqaradi. Saljuqiylar vaziri Nizomulmulk uni Bag’dodda qurdirgani Nizomiya madrasasiga ishga taklif etadi. 1095 yilda G’azzoliy Bag’dodni tark etib, ko’p shaharlarni kezib chiqadi, 11 yildan so’ng yana Bag’dodga qaytib oz muddat dars berish bilan shug’ullanib, keyin ona shahri Tusga qaytadi. Xonaqo va madrasalarda mahalliy yoshlarga ta’lim berib, shu yerda olamdan o’tadi.

Imom G’azzoliy o’z zamonining barcha ilmlarini o’rganib, ularga munosabat bildirgan allomadir. Uni kalom ilmining sxolastik usullari ham, falsafaning haddan ziyod aqliy mushohadakorligi, ichki ziddiyati ham, ismoiliylarning bir yoqlama qarashlari ham qanoatlantirmagan. G’azzoliy har bir ilmga uning inson tabiati va ruhiyatiga qanchalik mos kelishiga va inson ka-molotiga xizmat qila olishiga qarab baho beradi. U ulug’ ruhshu-nos olim sifatida ish ko’radi. Kalom ilmi o’zining aqidalari (dogmalari) bilan inson yuragiga yo’l topolmasligini, Xudoni anglash va sevishga yetarli emasligini anglagan olim tasavvufda buning imkoniyatlari borligini ko’radi. Aynan tasavvufda din va iymonning ruhiy-psixologik jihati mujassamlangan. Chunki tasavvufda Xudoni qalb bilan idrok etish, his-hayajon, muhab-bat orqali qabul qilish bor (buni yuqorida ko’rib o’tdik). G’azzoliy kalomdagi aqliy muhokamalarni so’fiyona hissiy idrok usullari bilan qo’shib, islomiy ilmlarga yangidan ruh bag’ish-ladi, ularni «tiriltirdi». Boshqacha aytganda, kalom nuqtai nazaridan tasavvufni va tasavvuf nuqtai nazaridan kalom ilmini nazardan o’tkazdi. «U tasavvufning barcha qoidalarini tahlil qilib, tekshirib chiqdi, ulardan qaysilari sunnaga muvofiq kelishini, qaysi tomonlari to’g’ri kelmasligini aniqlab berdi» (YE.E.Bertal`s. Sufizm i sufiyskaya literatura. M., «Nauka», 1965, str. 43.) Bundan, G’azzoliy tasavvufni kalomga moslashtirish bilanganina shug’ullangan, degan xulosa chiqmasligi kerak. Imom G’azzoliyning husni tavajjuhi ko’proq tasavvuf tomonida edi. Uning tadqiqotlari nainki tariqat bilan shariatni chuqur ilmiy-nazariy jihatdan yaqinlashtirishga xizmat qildi, balki har ikki tomon rivoji uchun foydali bo’ldi.

G’azzoliy nazarida oliy darajadagi mustahkam iymon so’fiy iymonidir, shuning uchun fano yo’lidagi beintiho ishqni islomning zaruriy ruknlaridan hisoblamoq kerak. Imom G’azzoliy o’zining «Eh’yo ul ulum vad din» (Diniy ilmlarning qayta tirilishi) va «Kimyoi saodat» (Saodat kimyosi) nomli kitoblarida tasavvufni islom ilmlarining tarkibiy qismi sifatida chuqur o’rgangan, tariqatni odam axloqini poklovchi va halok etuvchi xislatlardan qutqaruvchi yo’l deb ko’tsatadi.

G’azzoliyning xuddi shu ishi Ibn Javziyga yoqmagan. Uning yozishicha, G’azzoliy «Eh’yo ul-ulum»da botil (noto’g’ri deb topilgan) hadislar yordamida tasavvufni oqlamoqchi bo’ladi, «Holbuki o’zi o’sha hadislarning botilligini bilmaydi», deydi u. G’azzoliy so’fiyona karomatlarni bor narsa, haqiqat deb aytadi, dunyo Parvardigor pardasidir, shuningdek, shariat ham zohiriy narsa, so’fiylar farishtalar, ruhlar anbiyolarni ko’radilar va ulardan kuylar eshitadilar va buning foydasi katta deb yozadi. Bu axir islomni buzishku, deb xitob qiladi Ibn Javziy. «Talbisi iblis» kitobining muallifi G’azzoliyni islohotchilik (reformatorlikda) ayblangan. Vaholanki, islom tarixida islom ilmining rivoji uchun Imom Muhammad G’azzoliychalik xizmati singgan odam kam bo’lsa kerak. G’azzoliy islomni nazariy jihatdan boyitdi, uni yangi davr talabiga mos ravishda rivojlantirdi, mustahkamladi. Islomni dunyoga mashhur etdi. U «hujjatul islom» – islom hujjati degan laqabni bekorga olmagan. Mana bu rivoyat ham G’azzoliyning buyukligiga ishoradir.

Abdurahmon Jomiy «Nafahotul uns» kitobida keltiradi: Xoja Buali Formadiy derki, G’azzoliyning ba’zi ishlaridan norozi bo’lib yurar edim. Bir kun uyqu bosdi, yarim uyqu, yarim uyg’oqlik orasida tush ko’rdim: katta bir maydon o’rtasida oq imorat bo’lib, odamlar turnaqator tizilib shu imorat tomon borardilar. So’radimki, bu ne imorat va sizlar kimsizlar? Javob berdilarki, bu binoda Hazrati Rasululloh islom dini haqida kitob yozganlarni qabul qilmoqda, biz kitob yozgan kishilarmiz. Men ham ular orqasidan turdim va bino ichkarisiga kirdim. Har bir mazhab egasi tasnif etgan kitobini Payg’am-barga ko’rsatardi. Imom Shofe’i, Imom Abuhanifa va boshqa-lar kitoblarini ko’rsatdilar. Rasululloh (SAV) ularni o’z yoni-ga o’tqazib, siyladi. Hamma tinchigandan keyin men ovoz chiqarib dedim: «YO Rasululloh, mening qo’limda ham ahli islom aqidasini bayon etuvchi bir kitob bor, agar ijozat bersangiz, o’qib beray». Rasululloh dedilar: «Qanday kitob?». Dedim: «Qavoidul aqoid» degan kitob, G’azzoliy ta’lif etgan. Menga kitobni o’qishga ijozat berdilar, o’tirib o’qiy boshladim… Rasuli Akram sifatlari ta’rifiga yetganimda yuzlari yorishdi va tabassum qilib, dedilar: «Qani G’azzoliy?». G’azzoliy o’sha yerda edi, javob berdi: «G’azzoliy menman». Rasullulloh qo’llarini uzatdilar, G’azzoliy ul muborak qo’lni o’pdi va ko’zlariga surtdi va Payg’ambar sallallohu alayhi vasallam ishorasi bilan to’rt mazhab sohibi bo’lgan imomlar qatoriga borib o’tirdi».

Bu rivoyat, ammo uing zamirida katta haqiqat bor. Haqiqat shuki, Imom G’azzoliy a’lamul ulamo, buyuk dinshunos alloma sifatida islom olamida tan olingan edi. Bunday ulug’ shayxning tasavvufga husni tavajjuq etishi esa bejiz emas edi. Chunki G’azzoliy birdaniga so’fiylar tariqatini qabul qilganlardan emas. U boshida fiqh va Hadis olimi sifatida mashhur bo’lgan, o’z zamonasining barcha imlarida tengsiz ustoz sifatida tanilgan edi. Sharqning eng nufuzli madrasasi Nizomiyada raisul ulamo lavozimiga tayinlanib, uch yuz tolibi ilmga dars o’qirdi. Ammo yoshi ellikka yetganda birdan madrasani, do’stlari va shogirdlarini tashlab, uzlatni ixtiyor etdi va buning sabab-larini o’zining «Al Munqiz minaz zalol» (Gumrohlikdan qutulish) kitobida bayon etdi.

«Meni taqlid tubanligidan basirat balandligiga qanday jur’at yetkazinini senga hikoya qilay», deb boshlaydi kitobini G’azzoliy. «Kalom ilmidan nima oldim, ahli ta’lim (ismoiliya mazhabi) va imomga taqlid qiluvchilarkim, haqiqatni anglashdan uzrli va ojizdirlar, qanday nafrat paydo bo’lganini aytay. Va falsafa to’qish shevasini arzimas deb bilganim… va tasavvuf tariqatini qanday afzal bilganimni aytay».

Uning yozishicha, yoshligidan qalbida haqiqatga tashnalik hissi borligi uchun «qo’rqmasdan o’zini chuqur daryoga» tashlagan, ya’ni har bir ilmni dadillik bilan o’rgana boshlagan. Har bir toifaning aqidasini yaxshilab tafakkurdan o’tkazgan va qoniqmay yana o’rgana boshlagan. Imom G’azzoliyning uqtirishicha, ilm ikki xil bo’ladi. Biri – taqlidiy ilm, ya’ni o’tmishdan meros qolgan, ota-ona va ustozlardan olinadigan bilimlar. Ikkinchisi – kashf etilgan ilm. Taqlidiy ilm ko’r-ko’rona ergashish bilan bo’ladi, kashf etilgan ilm esa har bir shaxsning qobiliyati, shuuriy izlanishi orqali qo’lga kiritiladi. «Mening maqsadim amrlar haqiqatini kashf etish edi», deydi mu-allif. Zotan, hayotda juda ko’p odamlar taqlidiy bilmilar bilan qanoatlanadilar. Chunki yangilik yaratmay, tayyor hunarlar, ilmlarni o’rganib, ko’p qatori yashash oson. Ammo taraqqiyot uchun, insoniyat tafakkurini olg’a siljitish uchun ilohiy va dunyoviy haqiqat-larni, mohiyatlarni izlash, kashf etish zarur. Bu – ayrim buyuk shaxslarning nasibasi.

Shunday buyuk shaxslardan biri bo’lgan Imom Abuhomid G’azzoliy Haqiqat tolibi bo’lib, avval kalom ilmini, so’ngra falsafani, keyin ismoiliya ta’limotini va oxiri tasavvufni o’rganishga kirishgan. U ilmi kalom haqida, falsafa va ismoiliya haqida bir nechta kitob yozadi. Olim shunday xulosaga keladiki, ilmi kalom ham, falsafa va ismoiliya ham ilohiy haqiqatlarni yangilatishga qodir emas. Mana uning xulosalari:

«Mutakallimlar o’z aqidalarini chuqurlashtirish uchun jav-har va araz (falsafa tushunchalari) masalalarida bahs boshladilar va falsafaga qo’l urdilar. Lekin ular ilmining maqsadi boshqa bo’lgani sababli ularning so’zi nishonga yetmadi va odamlar orasidagi shak-shubhalarni bartaraf qilolmadilar».

«Ikki yil ichida faylasuflar ilmini egalladim. Yana bir yil tafakkurga berildim. Ularning kitoblarini takroran o’qir edim. Ularning xato va adashishlarini angladim, raddiga yo’l topdim va bildimki (falsafa) inson kamoli uchun yetarli emas».

«Ta’limiylardan (ismoiliya ahli) bir kishini uchratdim… ularning kitoblarini topib o’qidim, so’zlarini ko’rdim… Ularning fasod-xatolarini dalillar bilan isbotladim. Xulosa shuki, ularda ham ishga yaraydigan va foyda beradigan so’z topolmadim».

Shundan keyin G’azzoliy tasavvuf va tariqatga yuzlanadi. U yozadi:
«Haqiqat yuzasidan angladimki, bu jamoat, (ya’ni so’fiylar) ahvol egalaridirlar, so’z ahli emaslar. Bu ilmni tahsil bilan imkon qadar o’rgandim, ammo qolgan narsalarni dars tahsili va suhbat bilan egallab bo’lmasdi, balki bu zavq va sulukni talab qilardi. Menga shu narsa ayon bo’ldiki, tariqatning asosi tarki nafs, tarki aloiq ekan, uqboga ko’ngil bog’lash, butun himmat bilan Xudo sari yuzlanish ekan. O’z holimga qaradim va ko’r-dimki, taalluqlarga g’arq, dunyo tashvishiga ko’milgan ekanman».

Shundan keyin G’azzoliy qalbida o’tli g’alayonlar boshlangani, shariat ilmi va falsafadan, darsu ta’limlardan soviganligini yozadi. «Xudo og’izimga qulf urdi va dars aytolmadim, deydi u, ovqat tomog’imdan o’tmadi, quvvatim susayib borardi». Tabiblar uni ko’rib ruhiy muolajaga muhtoj ekanini aytadilar. G’azzoliy safarga chiqib o’n yil shaharma-shahar yuradi. «Va bu xil vaqtlarda menga shunday narsalar namoyon bo’ldiki, deb ta’kidlaydi ulug’ olim, aytib ado qilolmayman… Aniq bilidimki, so’fiylar Xudo taolo yo’lining oshiqu soliklari ekan va ularning siyratlari, siyratlarning eng yaxshisi va ularning yo’li eng to’g’ri yo’l va ahloqlari eng pokiza axloqdir. Shu darajadaki, agar din asrorining barcha oqilu donishmandlarini bir-birlariga qo’shsalar va hulqu atvorlari, siyratlarini o’zgartirsalar va yaxshilasalar ham bu dargohga yo’l topmaslar. Chunki so’fiylarning jamiki harakat va so’zlari zohiru botinda Payg’ambarning charog’donidan nur olgandir. Barcha mukoshofa va mushohida Payg’ambar nuridan boshlanadi».

Imom G’azzoliy tasavvufdagi ilohiy muhabbat, ishq, samo’ hodisalariga ijobiy munosabatda bo’lgan, bu hodisalarni ham inson ruhiyati bilan bog’lab tushuntirgan. Uning uqtirishicha, inson ruhiyatida kechadigan, ruhni yayratadigan jami vositalar Alloh muhabbatini ko’paytirishga sabab bo’ladi va so’fiyni Ulug’ dargohga yaqinlashtirishga xizmat etadi. Masalan, u «Kimyon saodat» asarida samo’ haqida bunday yozadi: «Ulamo orasida samo’ning harom (man’ qilingan) yoki halolligi (ruxsat etilgan) masalasida ixtilof bor. Kimki samo’ni man’ qilgan bo’lsa, zohir ahlidan-dirki, u Haq taoloning muhabbati shaxs dilida qanday paydo bo’lishini anglamaydi. Zohirbin odam bunday deydi: odam bolasi o’z jinsini sevishi mumkin. Ammo na uning jinsidan bo’lgan, na unga o’xshamaydiganni qanday qilib sevadi? Bas, uning ko’nglida mahluq ishqidan boshqa ishq bo’lmaydi va agar Xoliqning ishqi paydo bo’lsa, u o’xshatish xayoliga borib, buni botil hisoblaydi. Shu sababdan deydiki, samo’ yoki ko’ngilxushlik o’yinidir yoki maxluq ishqidandir va buning ikkalasi ham dinda nomaqbuldir.
Agar bunday odamdan xalq uchun vojib bo’lgan Xudo sevgisi nimadir deb so’rasalar, amrga itoat qilish va toat deb javob beradi. Va bu ushbu qavmga xos ulug’ xatodir».

Ana shu «ulug’ xato» nima ekanligini isbotlash maqsadida G’azzoliy inson ko’ngli istaklariga murojaat qiladi. «Samo’ haqida hukm chiqarish uchun gapni avvalo ko’ngildan boshlash kerak, deb yozadi olim, chunki samo’ ko’ngilda bor narsani yuzaga chiqaradi, harakatga keltiradi. Kimning ko’nglida Mahbubga muhabbat uchqu-ni bo’lsa, samo’ uni kuchaytiradi, alanga oldiradi. Bunday paytda samo’ savobdir (ravodir). Samo’ni yoqimli bo’lgani, xursandchilik keltirgani uchun harom deyish to’g’ri emas. Yoqimli narsalar harom emas, yoqimlilardan zararli bo’lganlarigina ha-romdir».

G’azzoliyning mana bu fikri ham muhim: «Shuni bilgilkim, kimki samo’ va vajdni, so’fiylar ahvolini inkor etsa, u buni o’zining noqisligi, kaltafahmligidan qiladi». Demak, quruq aqidaparastlik, zohriy bilimlarga yopishib olgan odamning fikri zaif, tor va noqis, bo’ladi. Bilim kengayishi uchun inson aql va tafakkur bilan birga qalbini ham ishga solishi lozim. Kamolot yo’li shu. Ma’lum bo’ladiki, G’azzoliy har bir masalaga hayotiy ehtiyojlar nuqtai nazaridan yondashadi, quruq shiorlar tashlash, ma’lum, necha marta qaytarilgan gaplarni takrorlayverishni olim kishining ishi emas deb hisoblagan. Masalan, u ilo-hiy muhabbatning zaruriy narsa ekanligini «Eh’yo ul ulum» asarida mana bunday isbotlagan: inson o’ziga yaxshilik qilgan odamni yaxshi ko’radi, go’zal narsalarni yaxshi ko’radi, umuman yaxshilik va go’zallik sevimli, demak, jamiki yaxshiliklar (ezgulik) va nafosat mujassami bo’lmish Alloh taoloni sevishimiz tabiiy holdir.

Yoki u tasavvufdagi «uzlat» tushunchasini bunday izohlaydi: uzlatning olti xil foydasi va olti xil zarari bor. Avvalo shuki, deb ta’kidlaydi olim, uzlat mutafakkir insonlar uchun zaruriy ehtiyojdir. Inson bot-bot o’zi yolg’iz qolib, xayol va tafakkurga g’arq bo’lishni xohlaydi. Iloh ishqida yongan kishilar uchun bu ehtiyoj yana ham kuchliroq. Shunday qilib, uzlat «fikr farog’a-ti»ni yuzaga keltiradi, «ko’p iztiroblardan odamni xalos etadi», fitnadan qutqaradi, «gumon va tuhmat ranjidan ozod» etadi, «tama’dan uziladi, odamlar ham undan tama’ qilmaydilar», noxush odamlar suhbatidan xalos etadi. Bu uzlatning foydasi.

Endi zarariga kelsak, uzlat qilgan odam ilmni oshirishdan mahrum bo’ladi, odamlarga manfaat yetkazolmaydi, o’zi ham manfaat ko’rolmaydi, kishilarni dinu diyonatga da’vatdan chetda qoladi, «vasvos g’alaba qilib, zikrdan nafratlanishi mumkin, savoblar (hol so’rash, kasal ko’rish kabi)dan quruq qoladi, takabburga beriladi, chunki «uzlat ham takabburning bir turi».

Ko’rinadiki, Imom G’azzoliy bir tomonlama muhokamalar, ya’ni mana bu yaxshi, bunisi yomon kabi hukmlar tarafdori emas. U har bir hodisa-voqeani turli tomondan olib qaraydi. Jumladan, kalom ilmini ham, falsafani ham, tasavvufni ham qaysi jihatlari e’tiqod-iymonni mustahkamlaydi, inson uchun zarur va foydali, qaysi tomonlari qusurli, ziddiyatli, inson e’ti-qodi uchun zararli ekanini ko’rsatib beradi. Uning qudrati cheksiz bilimida, u garchi peripatetik faylasuflar Aristotel, Forobiy, Ibn Sinolarni tanqid qilgan bo’lsa-da, ammo o’zi tavhid, tavakkul, qazovu qadar, aqli kull, surat va ma’no, olamlar tuzilishi, («Eh’eul ulum» asarida olam zarralardan tashkil topgan, zarralar domiy xarakatda degan fikrni bildiradi), tabiiy jismlar xususiyatini o’rganganda falsafa yutuqlaridan foydalanadi. 

Shunday taassurot tug’iladiki, Imom G’azzoliy Ibn Sinolarga qaraganda ko’proq islomiy muhit ichida fikr yuritadi, ko’proq sharqlikdir. U jami ilmlarni islom ilmi, islomiy tafakkur taraqqiyotiga xizmat qildirdi. G’azzoliyning tadqiqot usuli ratsionalistik usul, ammo dunyo va Ilohni anglashda u irritsionat yo’lni ham maqbul hisobladi, irfoniy bilishni bilishning yuksak ko’rinishi deb hisobladi. Odamning o’zini tanishi ham shu yo’ldan borishi zarur, inson o’zini tanimay olamni va Ilohni taniy olmaydi. Jamiki ilmlar, qarashlar, ta’limotlar shunga xizmat qilishi kerak.

Imom G’azzoliy merosini o’rganish islom falsafasi tarixini yoritish, kalom ilmi, falsafa va tasavvuf orasidagi munosabatlarni yoritishda katta ahamiyatga ega.
Download 26,7 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish