Tashkiliy-ma’muriy usullar to‘g‘risida so‘z yuritilganda, avvalo, bu usulning mohiyati, ahamiyati, shakllarini ochib berish kerak. So‘ngra, boshqarishning huquqiy vositalari, huquqiy me’yorlarini bayon etish zarur.
Tashkiliy-ma’muriy usullar boshqaruv usullari tizimida alohida o‘rin tutadi va qo‘yi idoralarning yuqori idoralarga bo‘ysunishiga asoslanadi. Bu usulning mohiyati shundaki, boshqarish tizimidagi munosabatlarni tartibga solib turadi, jamoalar ichida va orasida ratsional aloqalar tarkib topishiga yordam beradi.
Tashkiliy-ma’muriy usullar yordamida bilan boshqaruv apparatining muayyan tizimini tuzish; boshqaruv bo‘g‘inlarining funksiyalarini belgilash; kadrlarni to‘g‘ri tanlash va joy-joyiga qo‘yish; buyruqlar, farmoyishlar va qo‘llanmalar chiqarish hamda ularning bajarilishini nazorat qilish; topshiriqlar va direktiv ko‘rsatmalarni bajarmayotgan bo‘linma va shaxslarga nisbatan ma’muriy choralar qo‘llash amalga oshiriladi.
Boshqaruvning iqtisodiy usullari iqtisodiy manfaatlardan foydalanishga asoslanadi. Zero, har bir muayyan jamiyatning iqtisodiy munosabatlari, eng avvalo manfaatlar tarzida namoyon bo‘ladi. Manfaatlar uch xilda bo‘lishi mumkin:
- umumjamiyat manfaatlari;
- jamoa manfaatlari;
- shaxsiy manfaatlar.
Bu manfaatlarni uyg‘unlashtirish muammosi bir qator vazifalarni hal etishni, har davr sharoitlariga muvofiq keladigan munosabatlar o‘rnatishni talab etadi.
Bozor iqtisodiyoti sharoitida quyidagi iqtisodiy usullardan keng foydalanishga e’tibor beriladi:
- tarmoqlar va ularning bo‘linmalariga faoliyat yuritishlarida erkinlik va mustaqillik berishga;
- barcha sohalarni pirovard natijalarga binoan moddiy rag‘batlantirish, soliq imtiyozlarini berishga;
- korxona va xo‘jaliklar o‘rtasidagi o‘zaro shartnomalarning bajarilish intizomini mustahkamlash va ularning rolini oshirishga;
- moliya-kredit munosabatlarini takomillashtirishga;
- bozor munosabatlari mexanizmlari: baho va foyda, soliq va boj to‘lovlari, kredit va rentabellik, raqobat va hokazolarga alohida e’tibor beriladi.
Bu usulda xodimlarning shaxsiy va guruhiy manfaatlarini yuzaga chiqarish orqali ularning samarali ishlashi ta’minlanadi. Shu maqsadda ko‘pincha ish haqi to‘lash, mukofotlar berish, bir yo‘la katta mablag‘ bilan taqdirlash kabilar muhim ahamiyat kasb etadi.
Iqtisodiy usullar boshqarishning barcha usullari orasida yetakchi o‘rin egallaydi. Bu usuldan oqilona foydalanish jiddiy rejalar qabul qilishga, barcha resurslardan yanada unumliroq foydalanishga, yangi texnologiyalarni joriy etishga, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishga va foydani maksimallashtirishga, natijada ishlab chiqarishning samaradorligini oshirishga keng imkoniyatlar yaratib beradi.
Boshqaruv tizimining muhim usuli hisoblangan ijtimoiy-ruhiy usullarning asosiy maqsadi jamoalarda sog‘lom ijtimoiy-ruhiy muhitni yaratishdan iborat.
Sanoat ishlab chiqarishini boshqarishda ham bir qator umumfalsafiy usullarni qo‘llash mumkin. Sanoatni boshqarishning sir-asrorlarini ilmiy asosda o‘rganish, tahlil qilish maqsadida quyidagi usullardan ham keng foydalaniladi:
1. Tizimli yondashuv
2. Kompleks yondashuv
3. Tarkibiy yondashuv
4. Vaziyatli yondashuv
5. Integratsion yondashuv
6. Modellashtirilgan yondashuv
7. Iqtisodiy matematik yondashuv
8. Kuzatish usuli
9. Tajriba usuli
Birinchi usulda sanoat ishlab chiqarishi yaxlit tizim tarzida olib qaraladi. Ikkinchi usulda esa sanoat boshqa sohalar, tarmoqlar bilan o‘zaro bog‘lanishda va aloqadorlikda qaraladi. Uchinchi usulda sanoat ishlab chiqarishi tarkibiy qismlarga, ya’ni tarmoqlar, korxonalar, sanoat infratuzilmasi va hokazolarga bo‘lib o‘rganiladi. To‘rtinchi usulda sanoatning muayyan sharoitdagi ichki va tashqi vaziyatiga qarab boshqarishning ma’qul uslubi qo‘llaniladi. Beshinchi usulda sanoat yuqoridagi usullarni birgalikda qo‘llash yordamida boshqariladi.
Modellashtirish va iqtisodiy matematik usullardan foydalanish jarayonida turli chizmalar, xomaki materiallar tayyorlanadi va hisoblash texnikasi va kompyuter texnologiyalarning barcha imkoniyatlari ishga solinadi.
Kuzatish usulida sanoat ishlab chiqarishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni rejali, bashoratli, ilmiy jihatdan namunali uyushtirilgan asosda to‘plash yo‘lga qo‘yiladi.
Va nihoyat, sotsiologik kuzatuv usulida sanoat ishlab chiqarishini ilmiy jihatdan asoslangan boshqarish maqsadida turli anketali so‘rovlar, suhbatlar, testlar va infratuzilmaviy tahlillarni o‘tkazish kerak bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |