4.2.Boshqarishning asosiy tamoyillari va usullari
Boshqaruv tamoyillari deganda, rahbarlik qilishning fundamental qoidalari tushuniladi. Ular iqtisodiy qonunlar harakati va boshqarish usullari bilan bog‘liq bo‘lgan voqeliklarning mohiyatini aks ettiradi.
Boshqarish mexanizmini quyidagicha ta’riflash mumkin:
qonunlar – tamoyillar – usullar – uslublar
Ushbu mexanizmning eng muhim elementi qonun hisoblanadi. Shu sababli u to‘g‘risida ikki og‘iz so‘z aytish kerak bo‘ladi. Qonun bu ob’ektiv borliqda turli hodisalar o‘rtasida kishi ongidan va ixtiyoridan tashqari, hamma mavjud bo‘lgan zaruriy bog‘lanish, munosabatdir. Masalan, ijtimoiy va iqtisodiy taraqqiyot qonunlari: talab va taklif qonuni, qiymat qonuni va boshqalar.
Qonun – bu davlat hokimiyati tomonidan qabul qilingan, hamma uchun shu jumladan, sanoat ishlab chiqarishida mehnat qilayotganlar uchun ham majburiy bo‘lgan ijtimoiy huquqiy me’yor va munosabatlarni belgilovchi rasmiy hujjat. Masalan, Konstitutsiya O‘zbekiston davlatining asosiy qonunidir.
Tamoyillarni boshqaruv fani nazariyasi va amaliyotning poydevori deyish mumkin. Ma’lumki, poydevor qancha mukammal va mustaxkam bo‘lsa, boshqaruv apprati shunchalik qudratli bo‘ladi.
Boshqaruv tamoyillarining shakllanishi chuqur tarixiy ildizga ega. Xususan, O‘zbekistonda bu tamoyillar Amir Temur hukmronligi davrida shakllana va rivojlana boshlagan. O‘zining ixcham, tezkor boshqarish devoniga ega bo‘lgan Markaziy Osiyodagi O‘zbekistondek buyuk davlat: ilmiy, yakkaxonlik, iyerarxiya (bo‘ysinish tartibi), bilimdonlik, javobgarlik, demokratiya kabi tamoyillar asosida boshqarilgan.
Mustaqillik davrida O‘zbekistonning siyosiy-ijtimoiy va iqtisodiy istiqbolga erishishining asosiy tamoyillari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining birinchi sessiyasida qayd etilgan (6-jadval):
6-jadval
Bozor iqtisodiyotida O‘zbekistonda davlatni boshqarish tamoyillari[3]
№
|
Tamoyillar
|
Izoh
|
1.
|
Demokratiya tamoyili
|
- insonning o‘z xohish-irodasini erkin bildirish hamda uni amalga oshirish;
- barcha fuqarolarning teng huquqliligi;
- davlat va jamiyat boshqaruvida qonun ustuvorligi;
- davlat va nodavlat iqtisodiyotidan saylovchilar oldidagi javobgarligi va boshqalar.
|
2.
|
Iqtisodiy munosabatlarni demokratiyalash tamoyili
|
- monopollashgan iqtisodiyotdan erkin iqtisodiyotga;
- sotsialistik musoboqadan erkin, sof raqobatga;
- qat’iy belgilangan narxlardan erkin narxlarga;
- davlatlashgan mulkdan xilma-xil mulkchilikka asoslangan iqtisodiyotga o‘tish.
|
3.
|
Yuksak ma’naviy tamoyil
|
- mustaqillik tafakkurini kengroq tushunish,
- ya’ni:
- O‘zbekiston davlatining istiqboli va istiqloli haqida qayg‘urish;
- o‘zining va o‘z xalqining, vatanning qadru-qimmati, or-nomusini anglab, uni himoya qilish;
- Yuksak g‘oyalar, yangi kashfiyotlar, niyatlar og‘ushida mehnat qilib, iste’dodi va iqtidori, bor imkoniyatini, kerak bo‘lsa, jonini yurt istiqboli, eliga baxshida etishdir.
|
4.
|
Milliy xafsizlikni ta’minlash tamoyili
|
- O‘zbekistonning dunyo hamjamiyatiga kirish sur’atlarini tezlashtirish;
- Turli xalqaro davlat va nodavlat tashkilotlari ishlarida faol ishtirok etishni ta’minlash.
|
O‘zbekistonning istiqlol yo‘li bozor munosabatlariga o‘tish yuzasidan olg‘a surgan besh tamoyiliga asoslanadi. Ularning mohiyati quyidagicha (7-jadval).
7-jadval
Besh asosiy tamoyil[4]
№
|
Asosiy tamoyillar
|
Asosiy tamoyillarning mohiyati
|
1.
|
Iqtisodiyotning siyosatdan ustuvorligi
|
Iqtisodiy islohotlar hech qachon siyosat ortida qolmasligi kerak, u birorta mafkuraga bo‘ysundirilishi kerak emas. Buning ma’nosi shuki, iqtisodiyot siyosatdan ustun turishi kerak.
Ham ichki, ham tashqi iqtisodiy munosabatlarni mafkuradan holi qilish zarur.
|
2.
|
Davlat bosh islohotchi
|
Davlat asosiy islohotchi bo‘lishi lozim. U islohotlarning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berishi, o‘zgartirishlar siyosatini ishlab chiqishi va uni izchillik bilan o‘tkazish, jaholatparastlar va konservatorlar qarshiligini bartaraf etishi shart.
|
3.
|
Qonunlar va ularga rioya qilish ustuvorligi
|
Qonunlarga rioya etish ustuvor bo‘lishi lozim. Buning ma’nosi shuki, demokratik yo‘l bilan qabul qilingan Konstitutsiya va qonunlarni hech istinosiz hamma hurmat qilishi va ularga og‘ishmay rioya etishi lozim.
|
4.
|
Kuchli ijtimoiy siyosat yuritish
|
Aholining demokratik tarkibini hisobga olgan holda kuchli ijtimoiy siyosat o‘tkazish.
Bozor munosabatlarini joriy etish bilan bir vaqtda aholini ijtimoiy himoyalash yuzasidan oldindan ta’sirchan choralar ko‘rilishi lozim. Bu bozor iqtisodiyoti yo‘lidagi eng dolzarb vazifa bo‘lib keldi va bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi.
|
5.
|
Bozor iqtisodiyotiga sekin-asta, bosqichma-bosqich o‘tib borish
|
Bozor iqtisodiyotiga o‘tish ob’ektiv iqtisodiy qonunlarning talablarini hisobga olgan holda, o‘tmishdagi «inqilobiy sakrashlar» siz, ya’ni evolyutsion yo‘l bilan, puxta uylab bosqichma-bosqich amalga oshirilishi kerak.
|
Ushbu tamoyillar O‘zbekistonning o‘ziga xos sharoitlarini hisobga olgan holda izchillik sharoitlarini shakllantirib va rivojlantirib borishni, unga asta-sekin, bosqichma-bosqich, aholining zaif qatlamlarini himoya qila borib, ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy barqarorlikni ta’minlash orqali bozor munosabatlariga o‘tishni bildiradi. Ayni vaqtda ular kengash, hamjihatlik, maslahat bilan ish yuritishni, shijoat va tavakallchilik bilan harakat qilishni talab etadi. Bu orada sohibqiron Amir Temurning quyidagi so‘zlarini keltirish o‘rinlidir. «Tajribamdan ko‘rilganki, ishbilarmon, mardlik va shijoat sohibi, azmi qat’iy tadbirkor va hushyor bir kishi ming-minglab tadbirsiz, loqayd kishilardan yaxshidir. Chunki tajribali bir kishi ming kishiga ish buyuradi».[5]
Sanoat ishlab chiqarishining tarmoqlari, korxonalari va boshqa sohalarini boshqarishda bir qator boshqa tamoyillardan ham keng foydalanish mumkin. Ular jumlasiga quyidagilarni kiritish mumkin:
-yakkaboshchilik va boshqaruvda hamjihatlik;
-boshqarish jarayonida rejalilikni bozor talablari bilan bog‘lab olib borish;
-barqarorlik tamoyili;
-mehnatni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish tamoyili;
-ilmiylik tamoyili;
-tejamkorlik tamoyili;
-kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish tamoyili.
Rahbarlik qilishning fundamental qoidalarini amalga oshirish uchun bir qancha usullardan foydalanish kerak bo‘ladi. Ular jumlasiga quyidagilar kiradi:
· tashkiliy-ma’muriy usullar;
· iqtisodiy usullar;
· ijtimoiy-ruhiy usullar;
· tarbiyaviy usullar;
· huquqiy usullar va h.k.
Do'stlaringiz bilan baham: |