2. Tarixiy roman kompozitsiyasining o‘ziga xosligi
3. Asarda ichki va tashqi ixtilofning aks ettirilishi
Yem San Sopning yangicha talqinda yozilgan asari 1931 yilda nashr etilgan, eng salmoqli adabiy yutuqlaridan biri sifatida tan olingan «Uch avlod» («삼대») romanidir. Yem San Sopning «Uch avlod» romani trilogiyadan iborat bo‘lib, uning har bir qismi o‘z nomiga ega: «Faqat senga og‘ir deb o‘ylaysanmi?», «Birinchi mojaro», «Ovoza».
Romanning qisqacha mazmuni: Cho Ing Van ismli dongdor boy butun umrini aysh-ishratda o‘tkazadi. Oqsuyaklar odatiga ko‘ra, uning kelinidan yosh ma’shuqasi bo‘ladi. Qariyaning ikki farzandi bor: birinchi xotinidan yoshi ellikka yaqinlashib qolgan o‘g‘li Man Xun va ma’shuqasi Su Von Chibning qizi Kvi Sun. Bundan tashqari, Cho Ing Vanning suyukli nabirasi, San Xunning o‘g‘li – Dok Ki ham bor. Dok Kini romanning bosh qahramoni yoki obrazi deb hisoblash mumkin, chunki asarning barcha asosiy voqealari uning atrofida kechadi. Muallifning asosiy g‘oyasi oila a’zolari o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni, har bir qahramonning dunyoqarashi va hayotga munosabatini ko‘rsatish, «uch avlod mojarosi»ni aniqlash va yoritib berishdan iborat.
Romanning uchala qismi ham yagona syujet liniyasi vositasida bir-biri bilan bog‘langan. Ammo asar kompozitsiyasi bayon etiluvchi voqealar o‘rtasida vaqt jihatidan izchillik mavjud emasligi jihatidan diqqatga sazovor. Yem San Sopning aksariyat asarlari kabi, ushbu roman voqealari ham Seulda kechadi. Kelib chiqishiga ko‘ra poytaxtning o‘rta sinfiga mansub bo‘lgan Yem San Sop o‘z muhiti hayotini yaxshi bilgan, seulliklarga xos shevaning barcha o‘ziga xos jihatlaridan xabardor bo‘lib, undan o‘z asarlarida unumli foydalangan. Janubiy Koreyalik adabiyotshunos Kim Chong Yun shu jihatdan Yem San Sopni rus adibi Dostoyevskiy bilan qiyoslaydi.
Yem San Sop romanni asar qahramonlari hayotini qurshagan muhit tasviridan boshlaydi. Bir qarashda ayrim epizodlarning asosiy voqealar bilan bog‘liq emasligi, ularning sust rivojlanishi muallifning aniq mo‘ljali – yuz berayotgan voqealarni butunlay tabiiy qilib ko‘rsatishga bo‘ysundirilgan. Voqealar rivojlangani sari qahramon va epizodlar o‘rtasidagi munosabatlar aniqlashib boradi. Romanda ishtirok etuvchi barcha shaxslar asarning asosiy mojarosi girdobiga u yoki bu tarzda tortilgan. So‘zning o‘z ma’nosidagi bosh qahramon bu yerda yo‘q. Ammo mojaro bir oila – Cho oilasi atrofida aylanadi. Birinchi avlod vakili bobo – seullik yirik boy va pomeshchik Cho Ing Van. Koreyalik pomeshchiklarning aksariyati kabi, u ham bir umr Seul shahrida yashagan. Ikkinchi avlod vakili – Cho Ing Vanning o‘g‘li Cho San Pun. U ma’rifiy va diniy soha namoyandasi. Uchinchi avlod vakili esa yosh yigit Cho Dokki – Cho Ing Vanning nevarasi va Cho San Punning o‘g‘li, Yaponiya universitetlaridan birining talabasi. Roman voqealari Cho Dok Ki oilaviy sharoitlarga ko‘ra Seulga kelish va shu yerda yashashga majbur bo‘lgan davrda bo‘lib o‘tadi.
Yozuvchi o‘z romanida bir oilaning uch avlod vakili misolida 20-yillar jamiyat hayotini yoritib beradi. O‘sha davr nafasi, unga xos bo‘lgan xususiyatlar «Uch avlod» romani qahramonlarining obrazlarida va voqealar ortidagi tarixiy manzara tasvirida, shuningdek, romanning bosh mojarosida bo‘rtib namoyon bo‘ladi.
Koreya tarixida burilish yasagan davrlardan birida koreys jamiyati hayotining manzaralari uncha yirik bo‘lmagan bir asarga singdirilgan. Yem San Sop romanga oz sonli ishtirok etuvchi shaxslarni kiritdi, faqat eng muhim voqealarnigina tanlab oldi. Kitobxon ko‘z o‘ngida qahramonlarning butun hayoti emas, balki ularning hayotidagi eng muhim voqealargina namoyon bo‘ladi.
Voqealar bayonining qisqa va lo‘ndaligiga muallif so‘zlar va jumlalarni aniq tanlash yo‘li bilan erishdi. Yozuvchi kamdan-kam holda ularning mazmuniga va o‘z qahramonlarining xattiharakatlariga izoh berdi. Bunda muhim badiiy prinsiplar biri namoyon bo‘ldi. Romanning har bir epizodida muallif «yashirin psixolog» sifatida ish ko‘rgan.