II bob. “Temur tuzuklari” asarining asl mohiyatini anglash sari
2.2. “Temur tuzuklari” asarining ikkinchi qismi
Asarning ikkinchi qismida Temurning saltanatni boshqarishda qanday tuzuklarga amal qilganligi haqida yozilgan ekan. Temur o’z avlodlariga saltanatni shu tuzuklar asosida boshqarish ma’qul ekanligini uqtirmoqchi bo’lgan. Ammo uning nevaralari-yu avlodlari bunga amal qilganlarmi yoki yo’qmi, amal qilyaptilarmi yo yo’qmi, kim bilsin. Agarda kitobning bu qismida yozilgan tuzuklarga hukmdorlar amal qilganida xalqini va mamlakatini farog’at yo’liga olib chiqa olgan bo’lardi. Bilsangiz, ishimning boshida yozgandim, bu asarni juda ko’plab davlatlar tarjima qilganligini. Vaholanki, bugungi kunda rivojlanib ketgan davlatlarning hukmdorlari aynan shu tuzuklardan ham unumli foydalangandir. Bunga hechkim aniq kafil bo’lolmasa-da, bu ehtimoldan yiroq narsa emas.
Quyida tuzuklar orasida o’zim mohiyatini yaxshiroq tushunganlarim hamda nisbatan menga yoqqanlarini keltirib o’tmoqchiman. Ehtimol, ayrim kamchiliklari bo’lishi mumkin. Buni tajribasizlikdan deb qabul qilishlaringni iltimos qilardim.
Sipoh saqlab turish tuzugi. Amir etdimki, qachonki jang ko’rgan, suyagi qotgan asl o’n sipoh yig’ilsa, ichlaridan eng jasuri, eng botirlarini qolgan to’qqizta sipoh o’zlariga sardor etib saylasinlar va uni o’nboshi deb atasinlar.
O’n nafar o’nboshi jam bo’lsa, ichlaridan eng tajribalisi, bahodirlikda nom chiqarganini o’zlariga bosh etib saylagaylar va uni yuz boshi deb atasinlar.
O’nta yuzboshi to’plansa, ichlaridan eng aqlli, bahodir kishini, bir so’z bilan aytganda, kim o’ta munosib bo’lsa, o’shani ming boshi deb atasinlar va unga amiri hazora deb murojaat etsinlar. Bu yerda yana bir narsani e’tiborga olsak, mingboshilar amirzodalardan bo’lishi kerakligi yozilgan.
Agar qo’shin tarkibidan kimdir o’lsa yoki qochib ketsa, izsiz yo’qolsa, uning o’rniga yangisini qo’yish o’nboshilar ixtiyorida qoldirilsin deyiladi. Shu tartibda yuzboshilar o’nboshilarni, mingboshilar yuzboshilarni tayin qilsin deyiladi. Shu yerda bir ziddiy so’zlar e’tiborga tushadi. Ya’ni tuzukning boshida o’nboshini shu qism tarkibidagilar saylashi, yuzboshini esa o’nboshilar saylashi, mingboshini yuzboshilar saylashi haqida aytilgan edi, ammo tuzuk oxirida buning teskarisi aytildi. Bundan turli mulohazalar keltirib chiqarish mumkin. Balki, biz noto’gri talqin qilayotgandirmiz (lekin shuning uchun ham qandaydir qonun yoki kitob yozayotganda uni noto’g’ri talqin etilishiga yo’l qo’yadigan darchalar qoldirmaslik kerak. Buni afsus bilan qayd etish mumkinki, hozirgi aksariyat ilmiy kitoblarimizda ham, ba’zi qonunchiliklarimizda ham shunday nozik nuqtalar qoldirilgan. Bu esa o’z navbatida ulardan mansabdor shaxslar o’z manfaati yo’lida qonunni suiste’mol qilishlariga qonunan yo’l qo’yib berilishiga olib kelyapti. Har holda bu bizning ishimiz emas, mavzuda davom etamiz), ehtimol, bu yerda faqatgina kimdir o’lib qolsa yoki qochib ketsa, shoshilinch paytlarda shunday qilinishi nazarda tutilgandir.
Yana bir narsaga oydinlik kiritilmagan. Tasavvur qilamiz: o’nta askar o’ziga o’nboshi sayladi. O’nboshi o’zi bilan birga o’n kishiga rahbarlik qiladi degan xulosa kelib chiqdi. Endi o’nta o’nboshi yuzboshini sayladi, ya’ni o’zlarining ichlaridan qaysidir qism o’nboshisi yuzboshi bo’ldi. Bu degani, bitta qism o’nboshisiz qoldi yoki bitta yuzboshi bir paytning o’zida ham qism yuzboshisi, ham ma’lum bir o’ntalikning o’nboshisi bo’lib qoldi. Shu haqida biror aniqroq ma’lumotlar keltirilmagan. Biz esa o’rganib qolganimizdek, doim o’nboshilar yuzboshilar, mingboshilar degan mansablar bo’lgan va shu tartibda saylangan deb yuzaki o’qib ketaveramiz.
Tuzuk oxirida aytilgan: va yana buyurdimki urush paytlarida har bitta lavozim egasi o’zida yuqoridagi lavozim egalari buyruq va ko’rsatmalariga bo’ysunsinlar. Agarda bo’yin egmasalar, jazoga tortilsinlar.
Vazirni tanlash tuzugi. Temur vazir bo’ladigan odam uchun to’rtta xislatning xos bo’lishi lozimligini yozadi. Birinchisi asllilik va toza nasllilik; ikkinchisi aql- u farosatlilik; uchinchisi raiyat holidan habardorligi, ya’ni xalq turmush tarzini qanday ekanligini aniq bilish va hushmuomalalik (aslini olganda barcha lavozim egalari hushmuomala bo’lishlari lozim. Hozirgi kunda aytmaysizmi, bir mansab egasi bo’lganidan keyin ba’zilar o’zgarib qoladi. O’zi xalq ichidan chiqqanligini unutadi-qo’yadi. Huzuriga bir narsani tushunmay murojaat etib borsangiz bormi, dag’dag’a bilan quvib soladi. Shundaylarga “Temur tuzuklari” va shunga o’xshash asarlarni o’qib chiqishni maslahat bergan bo’lardim); to’rtinchisi sabr-toqat va tinchliksevarlik.
Do'stlaringiz bilan baham: |