1.2. “AL OSOR AL-BOQIYA AN AL-QURUN AL-XOLIYA”ASARINING TARIXIY AHAMIYATI
“Osori boqiya” (“Al- osor al boqiya an al- qorun al-holiya” – Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” ). taxminan 1000-yilda, Abu Rayhon Jurjonda (Kaspiy dengizining janubiy sharqidagi shahar) yashaganida yozib tamomlagan. Bu asar Abu Rayhon Beruniyning birinchi yirik asari bo’lib, Beruniy uni 27 yoshida yozgan. “Hozir ham butun sharq ilmiy adabiyotida bu kitobga teng keladigan ilmiy asar yo’qdir”—deb yozgan edi akademik I.Y.Krachkovskiy “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”da Beruniy o’ziga ma’lum bo’lgan xalqlar: yunonlar, rumliklar, eroniylar, sug’diylar, xorazmliklar, harroniylar (yulduzga topunuvchilar), qibtiylar, xristianlar, yahudiylar, islomgacha bo’lgan arablar va musulmonlarning butun yil hisoblari, turli bayramlari va mashhur kunlarining mufassal tasvirini bayon etgan. Akademik S.P.Tolstov bu asar haqida shunday degan edi: “Bu asar Yaqin va O’rta Sharq xalqlarining birinchi navbatda, O’rta Osiyo xalqlarining xo’jalik hayoti, urf-odatlari, marosimlari, e’tiqodlari haqidagi o’ziga xos bir qomusdir. “Yodgorliklar” faqat o’tgan asrning buyuk yodgorligi emas, balki hozirgi kunning ham qimmatbaho boyligidir. “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”ning arab tilidagi nusxasi birinchi marta nemis sharqshunos olimi Eduard Zaxau (1845—1930 ) tomonidan 1878 yili Leypsigda izohlar bilan chop etilgan. Bir yildan keyin Zaxau asarning ingliz tilidagi tarjimasini Londonda nashr etdi. Tarjimaga Beruniyning tarjimayi holi va izohlar ilova qilingan. Bu bilan Zaxau “Yodgorliklar”ni o’rganishga keng yo’l ochib berdi. Zaxauni nashr etgan arabcha nusxasi va ingilizcha tarjimasi XVII- XVIII asrlarda ko’chirilgan to’rtta qo’lyozma asosida amalga oshirilgan edi. Bu nusxalarning hammasi deyarli bitta qo’lyozmadan ko’chirilgan bo’lib, ularda juda ko’p tushub qolgan joylar bor. Bu o’rinlarni to’ldirish uchun “Yodgorliklar”ning yangi nusxalarini topish zarur edi. 1912-yili asarning ikkita ancha qadimgi qo’lyozmasi topildi. Ulardan bittasi Tehrondagi rus diplomatik vakolatxonasining vakili L. Bagdanov tomonidan qo’lga kiritildi. Hozir bu qo’lyozma Rossiya FA Sharqshunoslik institutining Sankpetrburg bo’limida saqlanmoqda. Bu nusxa 1219-1220 yillarda ko’chirilgan bo’lib “Yodgorliklar”ning eng qadimgi qo’lyozmasi hisoblanadi. Ikkinchi qo’lyozma Istanbulda topilgan va hozir Istanbul xalq kutubxonasida saqlanmoqda. Zaxau nashr etgan arabcha nusxa asosida 1943-yili “Yodgorliklar” Eron sharqshunosi Akbar Dono Sirisht Sayrafiy tomonidan fors tiliga tarjima qilindi. Nenis olimlari K. Garbers va I. Fyukk Zaxau matnining tushib qolgan o’rinlarini Istambul nusxasi asosida to’ldirilib, 1952-yili qo’shimcha nashr etdilar. K. Garbers va I. Fyukklarning qilgan nashrini 1959-yili A.B. Xolidov tomonidan rus tiliga tarjimasi bilan qo’shib nashr etildi. Abu Rayhon Beruniy o’z ijtimoiy qarashlari aks ettirilgan maxsus asar qoldirmagan. Ammo, shunga qaramay, olimning ko’pgina qomusiy asarlarida faqatgina qimmatli tarixiy ma’lumotlar keltirilmagan, balki muallif ishning borishiga qarab u yoki bu ijtimoiy masalalar bo’yicha o’zining nuqtayi nazarini e’tirof etishga yoki ular yuzasidan tanqidiy fikrlar aytishga harakat qilgan. Bu uning ijtimoiy qarashlari to’g’risida xulosa chiqarish imkoniyatini beradi. Beruniy ilmiy faoliyatining dastlabki davridanoq ijtimoiy – tarixiy masalalarni zo’r qiziqish bilan o’rgana boshladi. Masalan “al- osor al- boqiya” asaridan ilgari, Beruniyning o’zi e’tirof etishicha, “ Oq kiyimliklar ” va qarmatiylar xabarlari haqida kitob” nomli asarlarini yozgan. Mazkur asar o’rta asr sharqida eng ilg’or, taraqqiyparvar ijtimoiy harakatlardan biri bo’lgan qarmatiylarga bag’ishlangan. Beruniy shuningdek, xorazm tarixiga oid maxsus asar yaratgan. Bayhaqiy undan parcha ham keltirgan. Afsuski, uning tarixiy - ijtimoiy masalalarga oid maxsus bu va boshqa asarlari bizgacha yetib kelmagan. Lekin ularning tematikasining o’ziyoq Beruniyning qiziqish doirasini ifoda etadi. Tadqiqotlar natijasida tarixchilar shuni aniqlashdiki, Abu Rayhon Beruniy o’z davrining yirik siyosiy arbobi ham bo’lgan.To’gri, Beruniy Farobiy kabi o’zining ijtimoiy qarashlari bo’yicha bir butun yaxlit ijtimoiy ta’limot yaratmagan. Biroq uning fikr mulohazalari va umumlashmalari shuning uchun ham qimmatliki, olimning fikrlari, bir tomondan, O’rta Osiyo, qadimgi yunon va hind mutafakkirlarining ilg’or ananalarini ijodiy rivojlantirgan bo’lsa, Ikkinchi tomondan, yetukligi va tafakkur doirasining kengligidan dalolat beradi. Garchand qur’ondan misollar keltirgan bo’lsa ham Beruniy fikrlarining mazmuni tarixiy xolislik va aniqlikka asoslangan. Davrning o’ziga xos xususiyati, o’sha davrdagi ijtimoiy shart – sharoit dinni ijtimoiy hayotning turli sohasiga kirishiga, diniy aqidalarga rioya qilishga majbur qildi. Beruniy tomonidan “sabablarning sababi” – inson va insoniyat jamiyatining yuzaga kelishi masalasining qo’yilishi diqqatga sazovordir, “Qadimgi tarixlarning eng avvalgisi va eng mashhuri bu bashariyatning boshlanishidir. Kitob ahllari bo’lmish yahudiylar, xristianlar, otashparastlar va boshqa xalqlar orasida bashariyatning boshlanishi va uning tarix boshi qilib olinishi xususida shunday ixtiloflar borki, tarixlar haqida bu kabi xilma- xillik bo’lishi mumkin emas. Beruniy inson va kishilik jamiyati xudo tomonidan yaratilgan degan afsonani chuqur tahlil qilib, quyidagi xulosaga keladi: “Yaratilishning boshlanishi va o’tmish asrlar ahvoli orqali bilinadigan har bir narsa uydirma gaplar va afsonalar bilan qorishgandir, chunki bu ishlar juda uzoqda qolib biz bilan ular orasida ko’p zamon o’tib ketgan”. Bu yerda Beruniy kishilik jamiyatining paydo bo’lishi haqida “Ratsionalizm” pozitsiyasida turganini ko’ramiz. U bu voqealar sodir bo’lgan davr noma’lum, bu haqda olim ega bo’lgan ma’lumotlar mazkur savolni yechishga yetarli emas deb biladi; bunday pozitsiyada turishning o’zi Beruniyning bu masalaga tabiiy ravishda yondashganligidan dalolat beradi. Ana shu nuqtai nazardan u payg’ambarlar va muqaddas kitoblarda inson qanday yaratilganligi to’g’risidagi rivoyatlarni rad etgan. Olamning mavjudligi mavzusiga kelganda Beruniy ehtimol u bir necha ming million yillardan beri mavjud bo’lgandir, degan taxminlarni aytgan.
Beruniy turli xalqlarning etnogenezi va etnik tarixiga oid ham diqqatga sazovor fikr-mulohazalar bildirgan. Shuningdek, asarda qadim xalqlarning taqvim tizimi hamda alohida kunlari haqida ham juda qiziqarli ma’lumotlar keltirib o‘tilgan. Muallif asarida o‘ziga ma’lum bo‘lgan xalqlarning yil taqvimlari,rasm-rusumlari, hayitlari va mashhur kunlarini mufassal tasvirlab beradi. Jumladan, rimliklarda achchiq va sho‘r narsalarni faqatgina belgilangan ma’lum kunlarda tanovvul qilinishi, qon olishishlari sovuq kunlarda amalga oshirilmasligi, Dumat at-Jantal shahridagi bir bozorda savdo ishlari toshlar orqali amalga oshirilishi, al-Mashakkar shahridagi bozorda esa faqatgina quloqqa gapirib savdo qilinish mumkinligi to‘g‘risidagi ko‘plab qiziq ma’lumotlarni bayon qilgan. Bayram va marosimlar to‘g‘risida yozar ekan, Xorazmliklarning hayitlari ikki hil bo‘lganligini, ya’ni birinchisi, tabiat voqea xodisalari bilan bog‘liqlari: yil boshi bayrami, gulxanda isinish bayrami, yog‘liq non yeyish kuni, Mina kechasi kabilar, ikkinchisi esa Islom dini kirib kelgunga qadar o‘tkazilgan diniy marosimlar: arvohlar uchun qabrlarga ovqat qo‘yish marosimi va shu kabilar to‘g‘risida ma’lumotlar bergan. Beruniyning shaxsan o‘zi ham hayitlarni ikki guruhga bo‘lish lozimligini yozib o‘tgan: bular diniy va dunyoviy hayitlar. Olim dunyoviy hayitlarni mukarram hayitlar deb ataydi. Manbalarga ko‘ra ushbu hayit kunlari podshoh va raislar o‘zlari uchun marosimlar o‘tkazganlar hamda ular orqali nafslarini sevintirishga, ruhlarini shodlantirishga erishganlar, maqtov va madhga sazovor bo‘lganlar, o‘z xalqlarining muhabbatini jalb qilganlar, duolar olganlar. Bu kunlarni nishonlash oddiy xalq uchun ham bir marosimga aylangan. Ana shu hayitlar faqir va kambag‘allar fikricha hayotlarining torligini kenglikka aylantiruvchi, umid va orzularini yuzaga chiqaruvchi, halokatga yaqinlashganlarida ularni xatar va balodan qutqaruvchi sabablarning biri bo‘lgan.
Diniy hayitlarga kelganda, ularni davlatning shariat arboblari, imomlari, faqihlari va dindorlari keltirib chiqarganlar, deydi Beruniy. Bunday bayramlarni ijro etishdan maqsad yuqorida sanab o‘tilgan sabablarga o‘xshash, lekin bu asosan oxirat kuni uchun o‘tkazilgan. Bayramlarning eng ulug‘i Navro‘z hisoblanib, u deyarli hamma xalqlarda nishonlangan. Olimning yozishicha ushbu bayramning nishonlanish sabablari turli xalqlarda turli xil afsonalar bilan bog‘langan. Qadimgi Eron afsonalariga ko‘ra quyosh bilan farishtalar shu kuni yaratilgani va ushbu kun hayotning birinchi kuni hisoblangani uchun podshohlar ham bu kunni ulug‘laganlar. Eron afsungarlari esa “Navro'z kuni tong otganda birov gap gapirishdan oldin uch qoshiq asal yalab, uch bo‘lak mum tutatsa, bu ko‘p kasalliklarga shifo bo‘ladi” deb hisoblashgan.
Abu Rayhon Beruniyning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asari qadimgi tarix kalendar sistemasini o‘rganishda ham muhim va birinchi darajali manba hisoblanadi. Ammo bu asar olim uchun yot bo‘lgan sof arab tilida yozilganligi, hamda arab imlosi bo‘yicha qisqa unli tovushlari ko‘pgina hollarda belgilanmaganligi uchun ham mavjud tekstlarda bu oylarning nomlari juda buzib berilgan. Asaring 1968 yilgi o‘zbek tilida chop etilgan nusxasida yozilishicha, mavjud materiallar bo‘yicha ularni to‘g‘ri talaffuzini aniqlash imkoni bo‘lmagan3. Shuning uchun ham kitobda oy, kun nomlari shartli ravishda yozib ko‘rsatilgan. Shubhali o‘rinlarda esa unli tovushlar o‘rniga chiziqcha yoki umuman undosh harflarni yozish bilangina kifoyalanilgan. Asarda qadim xalqlarning taqvim sistemalari, ulardagi ba’zi muammolar va ularning hal qilinish yo‘llari to‘g‘risida ham bir qancha ma’lumotlar berib o‘tilgan. Olim asarni yozar ekan, barcha xalqlar sistemasida bir yil 12 oydan iborat ekanligini ta’kidlab o‘tadi. Jumladan, u yozadi: “Xudo osmon va yerni yaratgan kundan beri oylar soni 12 ta Xudoning kitobida shu”. Eron taqvimi ham xuddi shu tartibda: bir yil 12 oydan, kunlar majmui 365 kundan iborat bo‘lgan. Asarda keltirilishicha har 120 yilda yil oylari 13 ta bo‘lib, bu yil “kabisa yili” deb, ortiqcha oy kunlarini esa qolgan navbatdagi oylar (kunlari) nomi bilan ataganlar.
Beruniy o‘z asarida xalqlar etnografiyasi, yil taqvimlari haqida yozar ekan, har bir oy va unda nishonlanadigan Hayit hamda bayram kunlari to‘g‘risida to‘xtalib o‘tadi. Jumladan, olim xalqlarning bayramlari sabablarini turli vaqtlarda kelib chiqqan afsona va rivoyatlari orqali misollar keltirish yo‘li bilan tushuntirishga harakat qiladi. Uning yozishicha yilning birinchi oyi “farvardin moh” hisoblanib, ushbu oyning birinchi kuni “Navro'z” bayrami shonlanadi. Olim “Navro'z” haqida yozar ekan eronliklar orasida ushbu kun bilan bog‘liq turli afsonalar mavjudligini, u o‘z asarida faqat haqiqatga yaqin deb bilganlari keltirib o‘tayotganini ta’kidlaydi. “Aytishlaricha,” – yozadi olim,- “shu kuni Xudo quyi olamni yaratib, unga yaratilgan ilk odam – Qayumarsni podshoh qilgan” Ba’zi afsonalarga qaraganda esa Navro'z Xudo maxluqotni yaratgan 6 kunning birinchisidir. Hashviyaliklar afsonalariga ko‘ra Sulaymon ibn Dovud uzugini yo‘qotib shoxligi qo‘lidan ketdi. 40 kundan o‘tgandan keyingina uzugi o‘z qo‘liga qaytib keladi. Bu bilan birga unga ravnaqi, sehri ham qaytadi. Butun odamzod yig‘ilib, uni qutlab “Navro'z muborak” – “Yangi kun keldi”, - deganlar. Va shundan boshlab bu kun Navro'z deb ataldi. Sulaymon shamolga buyurdi, shamol uni ko‘tarib osmonga uchdi. Qarshisidan qaldirg‘och chiqib uyamni bosib o‘tma, ichida tuxumlarim bor, dedi. Sulaymon Qaldirg‘ochga rahmi kelib uni uyasini aylanib o‘tdi. Shamol uni yerga qo‘ygach, qaldirg‘och minnatdorchilik sifatida tumshug‘ida suv keltirib unga suv sepdi hamda chigirtkaning bir oyog‘ini hadya qildi. Olim fikricha eronliklar Navro'zda arg‘imchoqlar uchishgani, havoga varraklar uchirishgani, bir birlariga shakar hadya qilishlarining sababi mana shu afsona bilan bog‘liq bo‘lishi ham mumkin.“Afsungarlar”-davom etadi Beruniy - “Navro'z kuni tong otganda birov gap gapirishdan oldin 3 qoshiq asal yalab, uch bo‘lak (xushbo‘y) mum tutatsa, bu ko‘p kasalliklarga shifo bo‘ladi”. Olimning yozishicha qadim tarixda Navro'z kuni ya’ni yil boshi yozning jazirama (taxminan iyul yoki avgust) kunlariga to‘g‘ri kelgan. Shu munosabat bilan Xuroson podshohlari otliq askarlarga bahor va yoz kiyimlarini kiydirish marosimlarini Navro'z bilan bir vaqtda o‘tkazganlar. Beruniyning “bizning zamonamizga kelib”, degan iborasini inobatga olgan xolda taxminan X asrlar atroflarida Navro'zning nishonlanishi kabisa sabab bahor oylariga to‘g‘ri kelib qolgan, deb fikr ham yuritishimiz mumkin. Eronliklarda Navro'z kuni bir-birlariga shakar hadya qilish rasm bo‘lgan. Bog‘dodliklarning hikoya qilishicha, buning sababi Navro'z kuni Jamshid mamlakatida shakarqamish paydo bo‘lgan. Bu shu vaqtgacha bilinmagan edi. Jamshid sersuv bir qamishdan shira tomchilayotganini ko‘rgan. Uni totib qaragan, unda lazzatli shirinlik borligini bilgach, suvni chiqarib, shirasidan shakar ishlashni buyurgan. Shakar beshinchi kuni ko‘tarib olingan va tabriklash uchun uni bir birlariga hadya qilganlar.[10] Kitobda Mehrjon bayramida ham bu marosim o‘tkazilganligi to‘g‘risida ma’lumotlar beriladi. Ushbu oyning oltinchi kuni “ro‘zi xudod” ya’ni katta Navro'z bo‘lib, eronliklarda sha’ni ulug‘ hayit hisoblanadi. Asarda ushbu bayram bilan bog‘liq bo‘lgan bir necha afsonalar keltirib o‘tiladi: Yozilishicha, “bu kunda xudo maxluqotni yaratishdan forig‘ bo‘lgan, chunki bu kun aytib o‘tilgan olti kunning oxirgisidir”. Manbalarga ko‘ra podshoh Jamshid hamma zarur narsalar miqdorini shu kuni aniqlagan, ya’ni davlat ishlarini yurgizishda kerakli jihozlar, zarur qog‘oz va atrofga yuboriladigan maktublar bitilgan terilarni shu kunga tayyorlab qo‘ygan. Oxirgi muhr bosish kerak bo‘lgan hujjatlarga shu kuni o‘z muhrini bosgan, bu forschada “isfido navisht”, ya’ni “oqqa ko‘chirish” deb atalgan. Jamshid davrida katta va kichik Navro'zlar alohida hayit sifatida nishonlangan. Undan keyin hukmronlik qilgan podshohlar “farvardin moh” (yilning birinchi oyi) ning barcha kunlarini hayitga aylantirib uni olti bo‘lakka taqsimlashgan: birinchi besh kun – podshohlar uchun, ikkinchi besh kun – ulug‘ kishilar uchun, uchinchi besh kun – podshohlarning g‘uloslari uchun, to‘rtinchi besh kun – xizmatkorlar uchun, beshinchisi – xalq ommasi uchun va nihoyat oltinchi kun – cho‘ponlar uchun deb belgilangan.
Ushbu asarni har gal qayta va qayta o‘qigan kitobxon o‘zi uchun ko‘proq yangilik topib boraveradi. Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak Beruniy asarlari qadimgi xalqlar, shu jumladan o‘zbek xalqi, uning qadimgi madaniyati va etnografiyasini o‘rganishda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi. Qolaversa, “Osor al boqiya” uzoq o‘tmish tariximizning buyuk yodgorligi hisoblanib, bugungi kun kitobxoni albatta tanishib chiqishi lozim bo‘lgan manbalardan biri hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |