Yer egaligi shakllari va xo‘jaligi. Xonlikda yer va suv hukmron tabaqalarniki hisoblanib, yerga egalik qilishning to‘rtta turi mavjud bo‘lib ular quyidagilar edi: 1. Xiroj yerlar – yer egalarining xususiy yerlari. 2. Davlat yoki amloq yerlari – xonga qarashli yerlar – o‘rmonlar, to‘qaylar, yo‘lu-ko‘priklar. 3. Xususiy yerlar – xonning maxsus farmoyishi bilan yirik amaldorlarga berilgan yerlar (suyurg‘ol). 4. Vaqf yerlari – diniy muassalar, ya’ni, masjid, madrasa va mozorlarga qarashli yerlar.
Qo‘qon xonligi xo‘jalik hayotining asosini tashkil qiladigan soha dehqonchilik edi. Chunki xonlikning asosini tashkil etgan Farg‘ona vodiysida suv manbalarining yetarli darajada bo‘lganligi dehqonchilik xo‘jaligida mo‘l hosil bo‘lishni ta’minlagan. Xonlikda XVIII asrga qadar yerlarni sug‘orish uchun soylar va jilg‘alarning suvlaridan ham unumli foydalanilgan.
Xonlikdagi taxt uchun o‘zaro kurashlar hamda siyosiy tarqoqlik davom etayotgan bo‘lishiga qaramay XVIII asr ikkinchi yarmidan boshlab ayrim tumanlarning sug‘orish tarmoqlari ta’mirlangan va yangilari qazilgan. Chunki, xonlikda ip va gazlama ishlab chiqarish hajmining ortib borishi, bu mahsulotlarni Rossiya va u orqali Sharqiy Yevropa mamlakatlari bozorlarida ko‘plab sotila boshlashi, ularga bo‘lgan talabning tobora kuchayib borishi sug‘orma dehqonchilik yerlarini kengaytirish hamda yangi yerlarni o‘zlashtirishni taqozo qilar edi.
Qo‘qon xonligida mamlakat poytaxti va boshqa ko‘plab shaharlar aholisining asosiy qismi hunarmandchilik va kosibchilik bilan shug‘ullanganlar. Hunarmandchilik shaharlarda ixtisoslashgan ko‘rinishga ega bo‘lib, buyumlarning bir turi va biror qismini ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan sohalar mavjud bo‘lgan. Hunarmandlar o‘z kasblarining sirasrorlarini mukammal o‘zlashtirgan mohir ustalari bo‘lib, ishlab chiqargan mahsulotlarini yuksak san’at darajasiga ko‘targanlar.
Qo‘qon xonligi hayotida ichki va tashqi savdo munosabatlari alohida ahamiyatga ega edi. Ichki savdo – o‘troq dehqonlar, ko‘chmanchi chorvadorlar va shahar-qishloq hunarmandlari o‘rtasidagi an’anaviy mahsulot ayirboshlashga asoslangan. Aholining kundalik ehtiyojlari ishlab chiqaruvchilar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar bilan ta’minlab turilgan. Barcha ichki savdo chakana bo‘lib, ulgurji savdo deyarli bo‘lmagan.
Qo‘qon xonligining eng asosiy savdo va tijorat markazi Qo‘qon, Toshkent, Marg‘ilon, Andijon, Xo‘jand, Namangan, O‘sh, O‘ratepa kabi shaharlar bo‘lib, ular orasida Qo‘qon nafaqat xonlik, balki butun O‘rta Osiyoning savdo markazlaridan biri hisoblangan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Qo‘qon bozorlari o‘zining mahsulotlarga boyligi va narx – navoning boshqa shaharlarga nisbatan ancha arzonligi bilan ajralib turgan. Shaharning devorlar bilan o‘ralgan katta bozorlari mahalliy aholi va chetdan kelgan savdogarlar bilan doimo gavjum bo‘lgan. Rus manbalarida keltirilishicha, XIX asrning 20-yillarida Qo‘qonda oltita bozor bo‘lib, ular yakshanba, chorshanba va payshanba kunlari ishlagan. Bu bozorlarda qattiq nazorat o‘rnatilgan bo‘lib, xaridor haqqiga xiyonat qattiq jazoga tortilgan.
Qo‘qon honligining iqtisodiy hayotida tashqi savdo ham muhim ahamiyat kasb etgan. Mamlakat g‘arb va janubda Buxoro, Xiva, Afg‘oniston, Eron, Turkiya, Hindiston, sharqda Xitoy (Qashg‘ar orqali), shimolda Dashti Qipchoq ko‘chmanchilari va ayniqsa Rossiya bilan keng savdo aloqalari o‘rnatgan. Ayrim manbalarda xonlikda yaponiyalik va angliyalik savdogarlar ham kelganligi eslatib o‘tiladi.
Xonlikdan chet elga asosan ipak va ipak matolar, paxta, charm, qimmatbaho toshlar, zargarlik buyumlari va boshqa mahsulotlar chiqarilgan. Chet eldan asosan choy, metall, chinni, uy-ro‘zg‘or buyumlari, tayyor gazlama, kiyim-kechak, poyafzal, oltin, kumush va boshqalar keltirilgan.
Xonlikning savdogarlari Buxoro va amirlik chegaralaridagi shaharlar bilan muntazam savdo aloqalari olib borganlar. Har ikkala davlatning savdogarlari savdo ishlarida faol ishtirok etib, qo‘qonlik savdogarlar Buxoro amirligiga xo‘jalik hayotda zarur bo‘lgan rus temiri, po‘lat va cho‘yandan yasalgan buyumlar, tamaki, ro‘mol, guruch va ba’zi xitoy yoki mahalliy ipak gazlamalari, choy, chinni idishlar olib borishgan bo‘lsa, buxorolik savdogarlar esa Qo‘qonga hind choyi, surp mato, harir, buyoq, afyun (taryok), zardo‘zlik mahsulotlari, ip va gazlama olib kelilgan.
Rus chiti Buxoroning Qo‘qon xonligi bilan savdosida alohida o‘rin egallagan. Bu mato Orenburg yoki Petropavlovskdan Kazalinskka, undan Buxoro, Samarqand va Xo‘jand orqali Qo‘qonga olib kelingan. Shuningdek xonlikda Mashhaddan olib kelinadigan ingliz gazlamalari, oz miqdorda bo‘lsa ham Qobulning to‘n va sallalari, hind attorlik mollari ham keltirishgan.
Qo‘qon xonligining Qashg‘ar bilan savdo munosabatlari xuddi Buxoro amirligi kabi bo‘lib, Qashg‘ardan Qo‘qonga afyun, chinni idishlar, kumush, xitoy ipak matolari, tola va gilamlar olib kelingan. Qozoq juzlarining
Rossiyaga tobe etilishi hukmdor tabaqalar o‘rtasidagi o‘zaro urushlarning to‘xtashiga sabab bo‘ldi va bu holat O‘rta Osiyoning, jumladan, Qo‘qon xonligining Sibir, Ural, Volgabo‘yi bilan savdo aloqlariga keng yo‘l ochdi.
Xonlik Hindiston bilan ham muntazam savdo aloqalarini olib borgan. Manbalar ma’lumotlariga ko‘ra, Hindistondan yiliga Qo‘qon, Toshkent, Buxoro va Qashg‘arga Qobul orqali 10.000 dan 15.000 tuyagacha mahsulot yuborilgan. Ular orasida ip gazlamalar, ipak, echki juni, otlar va boshqalar chiqarilgan. Otlar savdoning katta foyda keltiradigan manbalaridan biri bo‘lgan. Hind savdogarlari xonlikdagi shaharlarda yashab tijorat va hatto, sudxo‘rlik bilan shug‘ullanganliklari haqida ham ma’lumotlar bor.
Qo‘qonning tashqi aloqalarida Qo‘qon-Rossiya savdo munosabatlari ham alohida o‘rin tutgan. Manbalarga ko‘ra, 1861 yildan keyin rus sanoatining jadal rivojlana boshlaganligi xom ashyo bazasi va tashqi bozorga bo‘lgan ehtiyojning yanada kuchayganligi Rossiyaning Qo‘qon bozorini faol egallab, undan cheksiz foydalanishning asosiy sabablaridan biri bo‘lgan. Rossiyadan Qo‘qonga temir, mis, po‘lat, cho‘yan va temir buyumlar, chit va sifatsiz gazlamalar, oz miqdorda baxmal, shakar, oynalar, charm, Rossiyaga tobe bo‘lgan qozoq cho‘llaridan qo‘ylar va uning terisi, charm va charm mahsulotlari, kigiz olib kelingan. Xonlikdan esa Rossiyaga asosan paxta olib chiqilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |