O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING
QARORI
CHARM-POYABZAL VA MO‘YNACHILIK SOHALARINI YANADA RIVOJLANTIRISHGA DOIR QO‘SHIMCHA CHORA-TADBIRLAR TO‘G‘RISIDA Mamlakatimizda yuqori sifatli charm, poyabzal, charm-attorlik mahsulotlari, shuningdek, mo‘yna va jundan yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni yanada kengaytirish, sohada kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish orqali yangi ish o‘rinlarini yaratish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etishni rag‘batlantirish maqsadida:
1. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Moliya vazirligining O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 6-yanvardagi “Oziq-ovqat, charm-poyabzal va farmatsevtika sanoatida investitsiya loyihalarini moliyalashtirish manbalarini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2718-son qaroriga asosan ochilgan kredit liniyalarining tanlanmagan mablag‘lari hisobidan Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan 2021-2022-yillarda charmdan tayyor mahsulotlar, charm-attorlik, shuningdek, mo‘yna va jundan yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish uchun umumiy qiymati 50 million AQSh dollari miqdoridagi kredit liniyalarini ustav fondida (kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan tijorat banklarida ochish haqidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Belgilab qo‘yilsinki:
Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mazkur qarorning 1-bandida ko‘zda tutilgan kredit liniyalarini tegishli tijorat banklariga 3 yillik imtiyozli davrni o‘z ichiga olgan holda 7 yil muddatgacha, yillik 4 foiz stavkasi shartlarida ochadi;
kreditlar tadbirkorlik subyektlariga zamonaviy yangi uskuna va texnologiyalarni xarid qilish uchun 2 yillik imtiyozli davrni o‘z ichiga olgan holda 7 yil muddatgacha, yillik 6 foiz stavkasida ajratiladi.
3. 2023-yil 1-yanvarga qadar O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirishda bojxona bojining nol stavkasi qo‘llaniladigan xomashyo, materiallar va furnituralar ro‘yxati 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi, Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari, Toshkent hamda Surxondaryo viloyatlari hokimliklarining “Oybek-avtoyo‘l” (Toshkent viloyati) va “Sariosiyo-avtoyo‘l” (Surxondaryo viloyati) chegara o‘tkazish punktlaridan qo‘shni davlat chegarasigacha bo‘lgan joylarda eksperiment tariqasida mahalliy tayyor mahsulotlar savdosiga ixtisoslashtirilgan savdo nuqtalarini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
Ushbu savdo nuqtalarida faoliyat yuritadigan tadbirkorlar tomonidan realizatsiya qilinadigan hamda qo‘shni davlat hududiga olib chiqilgan tovarlar eksportga tenglashtirilsin.
Toshkent va Surxondaryo viloyatlari hokimliklari Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari bilan birgalikda bir oy muddatda “Oybek-avtoyo‘l” va “Sariosiyo-avtoyo‘l” chegara o‘tkazish punktlaridan qo‘shni davlat chegarasigacha bo‘lgan joylarda savdo nuqtalarini tashkil etish uchun tadbirkorlik subyektlariga belgilangan tartibda yer maydonlari ajratilishini hamda mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan tegishli infratuzilmalar yaratilishini ta’minlasin.
“O‘zcharmsanoat”, “O‘zto‘qimachiliksanoat”, “O‘zbekipaksanoat”, “O‘zeltexsanoat” va boshqa uyushmalar tashkil etiladigan savdo nuqtalarini ishlab chiqaruvchi korxonalarning sifatli mahalliy mahsulotlari bilan ta’minlasin.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Davlat bojxona qo‘mitasi, Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari bilan birgalikda 2022-yil 1-iyunga qadar eksperiment natijalaridan kelib chiqib, respublikaning boshqa xalqaro qatnovlari uchun ochiq bo‘lgan chegara o‘tkazish punktlaridan qo‘shni davlat chegarasigacha bo‘lgan joylarda mahalliy tayyor mahsulotlar savdosiga ixtisoslashtirilgan savdo nuqtalarini tashkil etish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
5. “O‘zcharmsanoat” uyushmasi tomonidan Charm-poyabzal sohasini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan respublika hududlarida va xorijiy davlatlarda mahalliy korxonalarda ishlab chiqarilgan charm mahsulotlari savdosiga ixtisoslashtirilgan “Multibrand” do‘konlarini tashkil etish va uning elektron savdo platformasini yaratish to‘g‘risida qaror qabul qilinganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
“Multibrand” do‘konlarini respublika hududlarida va xorijda tashkil etish hamda uning elektron savdo platformasini yaratish, shuningdek, “O‘zcharmsanoat” uyushmasi a’zolarining yetakchi elektron savdo platformalarida mahalliy charm mahsulotlarini joylashtirish bo‘yicha xarajatlarini Charm-poyabzal sohasini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshirishga rozilik berilsin.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari “O‘zcharmsanoat” uyushmasi bilan birgalikda ikki oy muddatda yangi tashkil etilayotgan “Multibrand” do‘konlarining Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarning markaziy shaharlarida aholiga qulay joylarda joylashtirilishini ta’minlasin.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi “O‘zcharmsanoat” uyushmasi bilan birgalikda “Multibrand” do‘konlarini xorijiy davlatlarda tashkil etish bo‘yicha tegishli choralarni ko‘rsin.
6. “O‘zstandart” agentligi:
ikki oy muddatda charm, poyabzal, charm-attorlik mahsulotlari, jun va mo‘ynadan tayyorlangan buyumlarga ularni sinovdan o‘tkazish usullariga talablarni belgilovchi standartlar bo‘yicha amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni xatlovdan o‘tkazsin va xalqaro me’yorlarni hisobga olgan holda ularni qayta ko‘rib chiqib, amaldagi qonun hujjatlariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin;
2021-yil 1-martga qadar charm, poyabzal, charm-attorlik mahsulotlari, jun va mo‘ynadan tayyorlangan buyumlarni ishlab chiqaruvchi korxonalarning ehtiyojidan kelib chiqib, sohaga tegishli bo‘lgan sinash bo‘yicha xalqaro, mintaqaviy va xorijiy davlatlarning standartlarini asli yozilgan tillarda qabul qilish choralarini ko‘rsin.
7. Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda “2021-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasini Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga belgilangan tartibda kiritsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ayrim qarorlariga 2-ilovaga muvofiq qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilsin.
9. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil etishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.U. Umurzakov belgilansin.
Qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga har yarim yil yakuni bo‘yicha axborot kiritib borilsin.