7.1. Turkiston iqtisodiyotida rus moliya kapitalining monopolistik mavqei.
Rossiya imperiyasining hukmron doiralari va savdo-sanoat kapitali egalari Turkiston iqtisodiyotida o‘z mavqeini yanada mustahkamlash va o‘lka xalqlarini doimiy ravishda ta’sir doirasida tutib turish maqsadida
Turkistonda bank moliya-kredit tizimini rivojlantirishga alohida e’tibor berdi.
1874 yil 23 dekabrda podsho Aleksandr II ning ruxsati bilan Toshkentda Rossiya davlat banki bo‘limining ochilishi Turkiston o‘lkasida moliya-kredit tizimining rivojlanishiga yordam berdi. Mazkur bank tashkil etilgan paytda uning jamg‘arma mablag‘i 4,1 ming rubldan iborat bo‘lib, u asosan Moskva va boshqa yirik shaharlardan yuborilgan veksellar hisobidan to‘plangan edi.
Rossiya davlat bankining o‘lka bo‘limi 1875 yil 10 mayda Turkiston general-gubernatorligining markazi Toshkent shahrida o‘z faoliyatini boshladi. Bank ochilganidan keyin oradan bir yil o‘tib, Moliya vazirligi tomonidan veksellarni hisobga olish bo‘yicha operatsiyalarni amalga oshirishga ruxsat berildi.
O‘lkada moliya-kredit tizimini rivojlantirish bo‘yicha ko‘rilgan choratadbirlar natijasida 1895 yilga kelib, mahalliy veksellar 1,6 mln. rublga, 1905 yilda esa birgina Toshkent shahrida 5 mln. rublga yetgan. Bu kapitalistik ishlab chiqarish jarayonida anchagina tajriba orttirgan rus savdo-sanoat kapitalining o‘lka iqtisodiyotida tobora chuqurroq tomir ota boshlaganidan dalolat beradi.
XX asr boshlarida Turkistonda Rossiya imperiyasi moliyaviy hukmronligini ta’minlash maqsadida quyidagi moliya-kredit muassasalari, jumladan, davlat banki bo‘limi, omonat kassalari, aksionerlik-tijorat banklari bo‘limlari, mayda kredit jamiyatlari faoliyat olib borgan.
Turkistonda mustamlaka tartiblarini o‘rnatish hamda moliyaviy munosabatlarni joriy etishda banklar alohida o‘rin tutib, bank-moliya muassasalarining tashkil etilishi Rossiya imperiyasining manfaatlariga to‘liq javob bergan va sanoat mahsulotlarining o‘lkaga eksport qilinishiga xizmat qilishi kerak edi. Shuningdek, bundan yana armiya va mustamlaka ma’muriyati moddiy ehtiyojlarini qondirish ko‘zda tutilgan.
Davlat bankining Toshkent bo‘limidan so‘ng, 1890 yilda Samarqand 1893 yilda Qo‘qon, 1894 yilda Buxoro, 1895 yilda Ashxabod, 1910 yilda Andijonda banklar ochildi. XX asr boshlariga kelib, Turkistonda Rossiya Davlat bankining 7 ta bo‘limi faoliyat ko‘rsatgan. Birgina 1876 yilning 1 yanvar holatiga ko‘ra Davlat banki mintaqa bo‘limlari mablag‘ aylanmasining bir kunlik amaliyoti hajmi veksellar bo‘yicha 4,1 ming rublni tashkil etgan bo‘lsa, 1907 yilga kelib, bu ko‘rsatkich 5 mln. rublga yetgan. Pul o‘tkazmalari esa 29,8 ming rubldan 339,11 ming rublga ko‘tarilgan.
Pul aylanmasi bo‘yicha eng yirik operatsiyalar Qo‘qon bo‘limida amalga oshirilib, uning hajmi 19.908 ming rublni tashkil qilgan. Davlat bankining Qo‘qon va Toshkent bo‘limlaridan keyin Samarqand bo‘limida 3,779 ming rubl, Buxoroda 3,458 ming rubl, Ashxabodda 3,22 ming rubl va Andijon bo‘limida 1,436 ming rubl pul aylanmasi amalga oshirilgan. Davlat banki ko‘proq savdo-sanoatchilar uchun xizmat qilgan. Uning bo‘limlari amalga oshiriladigan barcha moliyaviy amaliyotlardan 8 % miqdorida daromad ko‘rishgan.
Davlat bankining pul mablag‘lari asosan ikki yo‘nalish, ya’ni, vositachi tijorat banklari hamda omonat kassalari, firma va kredit jamiyatlari orqali taqsimlangan. XX asr boshlariga kelib, Davlat banki o‘zining Turkiston o‘lkasi pul bozoridagi hukmron mavqeini yo‘qota boshladi. Biroq, shunday bo‘lsa-da, Davlat banki asosiy vositachi bank sifatida o‘z faoliyatini olib borgan.
Davlat bankining qishloq xo‘jaligi operatsiyalaridagi muhim ob’ekti paxta xom ashyosi hisoblangan. Manbalarda Turkiston o‘lkasidagi bank bo‘limlari tomonidan tozalanmagan paxta hisobidan kredit berilishi ular uchun eng foydali va deyarli hech qanday sarf-xarajatlar talab qilmaydigan tadbir ekanligi hamda moliyaviy sohadagi bunday siyosat bank manfaatlariga to‘la javob berishi qayd qilinadi. Mazkur ishlar Turkistondagi keng vositachi firmalar va aravakashlar orqali amalga oshirilgan. Shu sababli ham bank korchalonlari paxta xom ashyosi bilan bank ishini amalga oshirishni kreditlashning ishonchli va samarali yo‘li deb hisoblashardi.
Davlat bankining mahalliy bo‘limlari paxta tozalash zavodlari egalari va ayrim kishilardan iborat cheklanmagan mijozlar toifasini tozalanmagan paxta hisobidan beriladigan ssudalar vositasida ushlab turishgan. Zero, paxta xom ashyosi oldi-sottisi bilan shug‘ullanayotgan firmalar bank daromadining o‘sishiga xizmat qilgan. Ajratilgan kreditlar hisobidan, eng avvalo, davlat yoki rus savdo-sanoat doiralari sof foyda ko‘rishgan.
Bank tomonidan ajratilgan moliyaviy kreditlarni olish oddiy aholi uchun nihoyatda qiyin kechgan. Kreditlar xususiy banklar va firmalarga 5,2 foiz ustama to‘lash sharti bilan ajratilgan bo‘lib, keyinroq u 8-9 foiz foyda hisobidan vositachilarga taqdim etilgan. Aynan mana shu kredit oddiy dehqonlarga 40-60 foizga tushar edi. Turkistonda faoliyat yuritayotgan banklar tomonidan dehqonlarga faqat paxta yetishtirish sharti bilan kreditlar berilgan. Chunki hukumat tomonidan aynan shu yo‘sinda ish olib borish to‘g‘risida maxfiy buyruq chiqarilgan.
XX asr boshlariga kelib tijorat banklarining iqtisodiy hayotdagi roli tinimsiz o‘sib bordi. Buni banklar tomonidan amalga oshirilgan operatsiyalar natijasida olingan daromadlardan ham bilish mumkin. Agar 1900 yilning yanvar holatiga ko‘ra 39 ta vositachi bankning 242 ta bo‘limi mavjud bo‘lib, ular jami 275,2 mln. rubl kapitalga ega bo‘lgan bo‘lsa, 1908 yilning 1 yanvariga kelib, mamlakatdagi 35 ta bankning xususiy kapitali 311,2 mln. rublga yetib, bank bo‘limlari soni 363 tani tashkil etdi.
XX asr boshlariga kelib, Davlat banki Turkiston o‘lkasi pul bozoridagi monopolistik mavqeini boy bera boshladi. Bu jarayon, ayniqsa, Birinchi jahon urushi arafasida va bevosita urush yillarida kuchaydi. O‘lkada faoliyat olib borayotgan va yangidan tashkil etilayotgan vositachi banklarning roli oshib bordi. Turkiston o‘lkasida Rus-Osiyo banki (10 ta), Moskva hisob banki (5 ta), Sibir-Savdo banki (4 ta), Volga-Kama va AzovDon banklarining (3 ta) bo‘limlari ochilgan bo‘lib, ularning 8 tasi Qo‘qonda, 7 tasi Samarqandda, 7 tasi Buxoroda joylashgan edi.
Turkiston o‘lkasidagi vositachi tijorat banklarining faoliyati ikki yo‘nalishda bo‘lgan. Xususan, “Moskva-hisob” va “Moskva savdogar” banklari Moskva sanoat kapitali yo‘nalishidagi banklar jumlasidan bo‘lib, ular 16,9 foiz balansga ega edi. Peterburg yo‘nalishidagi banklarda esa rus kapitali bilan birga, xorijiy sarmoyalarning mavqei ham kuchli bo‘lgan. Bu banklar Turkistonda xalqaro bank guruhlari manfaatlarini ifoda etgan. O‘lkadagi 22 ta bank bo‘limida 53,5 foiz moliya sarmoyasiga ega bo‘lgan fransuz kapitalining salmog‘i yuqori edi. O‘lkada faoliyat yuritgan vositachi banklar mahalliy aholi ehtiyojidan ancha ko‘p bo‘lib, ular o‘z faoliyati davomida rejalashtirilgan natijalarga erisha olmadi.
1900-1911 yillarda “Nijegorod-Samara” va “Poltava” yer banklari Sirdaryo, Farg‘ona va Samarqand viloyati shaharlari aholisiga 2.308.400 rubl miqdorida uzoq muddatli qarz berishgan. 1902 yil 29 aprelda qabul qilingan yer banklari tomonidan ssudalar berish to‘g‘risidagi qonunga ko‘ra, bo‘sh mablag‘larning yo‘qligi sababli mazkur banklar faoliyati 1903 yildan 1908 yilga qadar to‘xtatilgan edi. 1909 yilga kelib “Poltava” yer bankida bo‘sh kreditlar yuzaga kelganligi sababli ko‘chmas mulk garovi evaziga ssudalar berish operatsiyalari boshlangan. Mazkur bank dastlab imperiyaning Poltava, Chernigov, Xarkov, Kiev, Volinsk, Bessarabiya va Xerson guberniyalarida o‘z faoliyatini olib borgan.
1899 yili mazkur bank Turkistonda o‘z bo‘limini ochishga ruxsat berilishini so‘rab Moliya vazirligi va Turkiston general-gubernatorligiga murojaat qilgan. Turkiston o‘lkasida uzoq muddatli yer ssudalarini biror bankka ko‘chmas mulk sifatida garovga berish maqsadga muvofiq emasdi. Bu hol o‘lka iqtisodiga foyda keltirishi mumkin edi.
Nijegorod-Samara banki tomonidan 1902-1911 yillar davomida Turkiston o‘lkasi shahar aholisiga 5.580.500 rubl hajmida ssudalar berilgan. Bu shundan dalolat beradiki, mazkur banklar tomonidan shahar aholisiga ssudalar berish jarayoni to‘g‘ri tashkil qilingan va u aholining kreditga bo‘lgan ehtiyojini qondirgan.
Davlat va vositachi bank bo‘limlaridan tashqari, ayniqsa, Birinchi jahon urushi arafasida Turkiston o‘lkasida keng faoliyat boshlagan o‘zaro kredit jamiyatlari hamda mayda kredit shirkatlari tomonidan ham aholining muhtoj qatlamiga moliyaviy-kreditlar ajratish yo‘lga qo‘yilgan. Boshqa kishilar tomonidan qo‘yilgan omonatlar hisobidan faoliyat olib borgan vositachi banklardan farqli ravishda kredit jamiyatlarining asosiy mablag‘ini a’zolari tomonidan qo‘yilgan omonatlar va to‘lov-badallari tashkil etgan.
Xullas, Turkiston o‘lkasidagi davlat banki, aksionerlik-tijorat banklari, kredit jamiyatlari va mayda kredit shirkatlari faoliyati, o‘lka iqtisodiyotini to‘laligicha rus moliya kapitaliga qaram qilishga, o‘lka tabiiy boyliklarini metropoliyaning ixtisoslashtirilgan hududlariga tinimsiz yetkazib berishga yo‘naltirilgan edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |