12. 5. Oliy maktabda axloqiy tarbiya tizimi
Oliy maktabda amalga oshiriladigan axloqiy tarbiya jarayonida talabalarning ruhiyatiga, ularning ongiga ta‘sir etiladi. Bu umuminsoniy va milliy axloqning tamoyillari va pedagogik odob qoidalarini har bir bo’lajak o’qituvchining ongiga yetkazish, singdirish demakdir. Talabalarning axloqiy shakllanishi bir-biri bilan uzviy bog’liq ta‘lim-tarbiya ishlarini muntazam va izchil ravishda bajarishni talab etadi. Tarbiyaviy ta‘sir ko’rsatishning aniq va mukammal tizimigina axloqiy tarbiyaning samaradorligini ta‘minlaydi. Tarbiyaviy ishda mukammal tizimning mavjudligi bir xil ishni ortiqcha takrorlayvermaslikka, bo’lajak muallimlarga bir xil talablar qo’yish va yakdillik bilan ta‘sir o’tkazishga imkon beradi.
Axloqiy tarbiya tizimi nima? Tizim, qismlardan tuzilgan bir butun, ya‘ni tartib bilan joylashtirilgan bir-biriga bog’liq qismlardan tuzilgan yaxlit bir narsa, degan ma‘noni bildiradi. Oliy maktabda bo’lajak o’qituvchilarning axloqiy tarbiya tizimini yaratish oliy o’quv yurtida amalga oshirilayotgan barcha tarbiyaviy ishlarning mazmuni va yo’nalishini belgilashga ko’maklashadi. Tarbiyaviy ishlar tizimi turli kurslarning (I, II, III, IV, V) talabalari bilan o’tkaziladigan tadbirlarda izchillik va ketma-ketlikni saqlashga yordam beradi.
Oliy maktab talabalarida axloqiy sifatlar qandaydir biror universal shakl, vosita yoki usul yordamida emas, balki xilma-xil shakllar, vositalar va metodlar, ya‘ni axloqiy tarbiya tizimi natijasida shakllanadi. Tarbiyaviy ishlar tizimi ma‘lum vazifani bajaradigan, tuzilish jihatidan o’zaro bog’liq bo’lgan ko’plab qismlarni o’z ichiga oladi. Tarbiya tizimi barkamol avlodni, yuksak axloqiy fazilatli mutaxassislarni shakllantirish maqsadiga bo’ysundirilgan, o’zaro bir-biriga bog’liq va mos keladigan shakl, usul va vositalarning yaxlit birligidan iborat. Masalan, ta‘lim jarayonida faqat axloqiy tarbiyagina emas, balki aqliy, xuquqiy, iqtisodiy, ekologik, estetik va mehnat tarbiyasi ham amalga oshiriladi.
Har qanday tarbiya tizimining asosiy belgilaridan biri izchillik, ketma-ketlikdir. Oliy maktabda amalga oshiriladigan axloqiy tarbiya tizimi ham ana shu qonuniyatga asoslanadi. Axloqiy tarbiya tizimi bir necha tizimchalardan tuziladi. Umumiy tizimning har bir qismi o’zining ichki tizimiga ham ega bo’ladi. Masalan, oliy maktabda talabalarga beriladigan kasbiy ta‘lim ma‘lum bir tizim asosida tuzilgan bo’lib, u yoshlarga ijtimoiy-gumanitar, psixo-pedagogik, ixtisosiy bilimlar va axloqiy tarbiya berishga xizmat qiladi.
Axloqiy tarbiya guruh murabbiylari, jamoat tashkilotlari, talabalar va professor-o’qituvchilar jamoalari ishida ham tizim bo’lishini talab etadi. Axloqiy tarbiya tizimi talabalarning oliy maktabda ta‘lim olish yillari davomida deyarli o’zgarmaydi. Faqat uning mazmunigina yangilanadi. Tarbiyaning maqsad va vazifalari hamda bu vazifalarni hal etishga yordam beradigan faoliyat turlari, tarbiyaning shakllari va metodlari, turli ichki va tashqi ta‘sirlar natijasida shaxsning kamolga erishish bosqichlari va darajalari axloqiy tarbiya tizimining asosiy qismlari hisoblanadi.
Xullas, axloqiy tarbiya tizimining barcha qismlari talabalarning xilma-xil faoliyati bilan bevosita bog’liq. Bu faoliyat jarayonida talabalar jamoasida ob‘ektiv axloqiy munosabatlar vujudga keladi. Mashg’ulotlar va faoliyat turlarini bajarish natijasida ob‘ektiv munosabatlar talabalarning shaxsiy odob, muomala-munosabatlariga aylanadi va shu jarayonda bo’lajak mutaxassisning axloqiy fazilatlari shakllanadi.
Bundan o'n yil oldingi davrda yoshlarni tarbiyalash maqsadi bilan bugungi kundagi bu masalaga tegishli munosabat o'rtasida katta farq borligi hech kimga sir emas.
Shuning uchun ham tarbiyaning aniq maqsadini belgilab olish pedagogikaning birinchi masalalaridan hisoblanadi. Yosh avlodni qanday ruhda tarbiyalash, bunga erishish uchun qaysi yo'lni tanlash tarbiya maqsadi muammosini hal qilish bilan belgilanadi.
Tarbiya ijtimoiy hayotning hayotiy va uzluksiz tushunchasi bo'lib, u tarixiy xarakterga ega bo'lib kelgan.
Qadimgi Gretsiyada tarbiyaning maqsadi o'sib kelayotgan yosh avlodda yaxshi fazilatga ega fuqaroni, vatanparvarlikni, ja'surlikni, sadoqatni, do'stlikni rivojlantirish bo'lgan.
O'rta asrlarga kelib, ya'ni feodalizm davrlarida yosh avlod diniy e'tiqod, iymon, ahloqqa ega bo'lishi kerak bo'lgan, Markaziy Osiyo halqlari bu yo'nalishda katta muvaffaqiyatlarga erishgan. Bu davr buyuk mutafakkirlarni dunyoga keltirgan.
Siyosiy-ijtimoiy tuzum o'zgarishi bilan tarbiya maqsadi muammosi ham yangilanib bordi.
Bizning hayotimizga qizil imperiya kirib kelishi bilan kommunistik mafkura yoshlarimizning tarbiyasida bosh maqsad bo'lib xizmat qildi. Bugungi kunga qadar uning ruhiy asoratlaridan to'liq qutildik deb bo'lmaydi. Chunki u 70 yildan ortiq hukmronlik qildi. Bu davrda bir qancha yutuqlarga erishgan bo'lsak-da, lekin juda ko'p narsadan ham judo bo'ldik. Jumladan, milliy qadriyatlarimiz, ma'naviy-ma'rifiy boyliklarimiz, diniy e'tiqod va iymonimiz kabi ko'plab tarbiyaviy ozuqa vositalarimizdan uzoqlashib ketdik.
Mustaqillik sharofati bilan erkinlikka erishdik, boy ma'naviy qadriyat va an'analarimiz qayta tiklandi. Hammamiz azaldan orzu qilgan kunlarga erishdik. O'zbekistonning ertangi kuni, ravnaqi, rivojlangan demokratik davlatlar qatoridan joy olishi albatta bugungi kun yoshlariga bog'liq. Buning uchun yosh avlodga dunyo standartlari darajasida zamonaviy bilimlar berish, ularni har tomonlama yetuk, ma'naviyatli etib tarbiyalash lozim.
Tarbiyaning bugungi kun asosiy maqsadi va vazifalari haqida ma'lumot berish, talabalarda o'z shaxsiy fazilatlariga nisbatan munosabatni shakllantirish.
Prezidentimiz I.A.Karimovning bir qancha asarlarida, «Ta'lim to'g'risida» gi Qonun, «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi» va boshqa manbalarda Respublikamiz yoshlarini qanday insonlar etib tarbiyalash lozimligi aniq belgilab berilgan. Pedagogika bugungi kun hayotimiz talablaridan kelib chiqqan holda o'z tarbiya maqsadi va vazifalarini belgilab olgan.
Tarbiyaning asosiy maqsadi – yosh avlodni har tomonlama yetuk, barkamol insonlar etib shakllantirishdir. Barkamol inson o'zida ma'naviy va jismoniy yetuklikni mujassam etadi.
Yoshlarimizni tarbiyalash uchun birinchi galda Sharq mutafakkirlarining meroslari dasturamal bo'lib xizmat qiladi. Al- Forobiy, A.Yassaviy, B.Naqshbandiy, Al-Buxoriy, Beruniy, Ibn Sino, Al-Xorazmiy, Al-Farg'oniy, Firdavsiy, A.Temur, A.Navoiy, Bobur singari jahonga taniqli bir necha aql egalarining ijtimoiy-siyosiy, falsafiy qarashlariga tayanib ish ko'rilsa tarbiya ta'sirchanligi yanada mukammallik kasb etadi.
Yosh avlodni tarbiyalab voyaga yetkazish – bizning muqaddas burchimiz, or-nomusimiz. Lekin, barkamol insonni tarbiyalab yetishtirish oddiy, oson emas. U ko'plab, oylab, yillab, sabr-toqat, chidam va qat'iyatlilik, iroda talab etadi.
Hozirgi paytda juda ko'plab iqtidorli yoshlarimiz oliy maqsadlarni ko'zlab chet ellardagi nufuzli o'qishlarda tahsil olmoqdalar.
Kadrlar tayyorlash milliy dasturi ta'lim tizimini tubdan isloh etib, Respublikamiz istiqbolini belgilovchi yoshlarni har tomonlama yetuk, barkamol shaxs, rivojlangan demokratik davlatlar darajasida raqobatbardosh kadrlar etib tayyorlashni oliy maqsad qilib qo'ydi. Bunday inson, kasb-hunar egasi oilada, maktabda va boshqa ta'lim tizimi jabhalarida ta'lim-tarbiya oladi.
Tarbiyada oliy maqsadga erishish uchun, ma'lum vazifalarni bajarishimiz lozim bo'ladi. Bu vazifalarni esa tarbiyaning tarkibiy qismlari deb atash ham mumkin.
Aqliy tarbiya - bu barkamol inson tarbiyasining yetakchi tarkibiy qismi bo'lib, o'quvchi yoshlarni tabiat va jamiyat, kishi tafakkuri haqidagi bilimlar tizimini ilg'ab olishi, ularda ilmiy dunyoqarash, yuqori onglilik hislatlarini parvarishlash, fan asoslaridan xabardor qilish, tafakkur va nutq qobiliyatlarini o'stirish uchun maqsad qilib qo'yadi.
Ayniqsa, o'quvchilarni mustaqil fikrlashga o'rgatish dolzarb muammolardan sanaladi. Inson kamolotida ilm egallash ulkan fazilatlardan biri hisoblanadi.
Hadis kitoblarida, mutafakkirlarimiz ijodlarida ilmning har bir mo'min musulmon uchun naqadar zarurligi bayon etilgan. Bunga ko'plab Hadislarni misol etish mumkin: «Beshikdan to qabrgacha ilm izla», «Ilmga ilm olmoq yo'li bilan erishilgaydir. Ilmu hunarni Xitoyga borib bo'lsa ham o'rganinglar...», «Ilm olmoqqa intilish ham har bir muslim-muslima uchun qarzu farz» deyiladi. Yusuf Xos Hojib, A.Navoiylar ham o'z asarlarida ilmni inson uchun o'ta qadrlaydilar. Demak, o'quvchilarni ilm olishga da'vat etishimiz lozim. Aqliy tarbiya o'quv rejasi asosidagi fanlarni o'qitish orqali ilmiy dunyoqarash negizida amalga oshiriladi.
O'quvchilarga aqliy tarbiya berishda birinchi navbatda uning fikrlash, his qilish, tasavvur, idrok, hayol, xotira qobiliyatlarini o'stirish, ichki dunyosini ma'naviy jihatdan boyitish haqida o'ylamoq lozim.
Ahloqiy tarbiya – bu o'quvchilarda jamiyatga, Ona-yurtiga, mehnatga, boshqalarga va o'z-o'ziga nisbatan ahloqiy munosabatlarni shakllantirish jarayonidir.
Ahloq - ijtimoiy ong shakllaridan biri bo'lib, insonlarning jamiyatga, boshqalarga va o'z-o'ziga bo'lgan munosabatlarini tartibga solib turuvchi hulq-odob me'yorlari, qonun-qoidalari majmuasidir. Ana shu hulq-odob qonun-qoidalarini o'quvchilar ongi, hayoti, turmush tarziga singdirish uchun ko'rsatilayotgan ta'sir ahloqiy tarbiya deyiladi.
Musulmon ahloqining asoslari mazmunan boy va rang-barang ko'rinishlarda o'zligini namoyon etadi. Markaziy Osiyo halqlari ahloqshunoslik sohasida eng boy tajribaga egadirlar. Qur'oni karimda va Hadisu shariflardagi ahloqqa oid ibratli maslahatlar, ota-bobolarimiz yaratgan ma'naviy meroslar, mutafakkirlarimizning ahloq haqidagi fikrlari bugunga qadar ham o'z qadr-qimmatini yo'qotgani yo'q. Ahloqiy tarbiya eng muhim insoniy fazilatlarni shakllantirish vositasidir.
Mehnat tarbiyasi – bu tarbiyaning oldida turgan asosiy vazifa o'quvchilarga mehnat ta'limiga oid ilmiy bilimlar berish, mehnat qurollari bilan muomila qilishga o'rgatib borish, hayotga, ijtimoiy foydali mehnatga tayyorlashdir.
Mehnat va mehnat tarbiyasi inson kamolotining asosi, hayot manbai, umr mazmuni hisoblanadi. Mehnat tarbiyasidan ko'zlangan maqsad avvalo mehnatning mohiyatiga, mazmuniga, teran nigoh tashlamoq, muayyan xulosa chiqarmoqdan iborat. Mehnat qilayotgan kishi o'zi bajarayotgan ishning natijalarini ko'rsa, his qilsa, o'sha natijalardan ayniqsa, rohatlansagina mehnat tarbiyaviy ahamiyat kasb etadi.
Mehnat jarayonida kishilarda do'stlik, birodarlik, jamoa bo'lib ishlash madaniyati, barcha tarbiyaviy sifatlar shakllanadi. Eng muhimi, mehnat muhtojlikdan, bekorchilikdan, yurak siqilishidan, ahloqiy buzilishidan saqlaydi. Mehnat orqali inson o'zini, o'z qadrini biladi, uni el-yurt ulug'laydi.
Kadrlar tayyorlash milliy dasturining bosh vazifalaridan biri ham yosh avlodni hayotga, mehnatga tayyorlash, ularni aniq bir kasb-hunar egasi qilib tarbiyalashdir.
Estetik tarbiya – o'quvchilarda san'atga, tabiatga, hayotga nisbatan estetik munosabatlarini shakllantirishdan iboratdir. Estetika lotincha «Esteticos» – his etaman degan ma'noni bildiradi. Aqliy, ahloqiy, mehnat, jismoniy va boshqa tarbiyalarni estetik his-tuyg'usiz tasavvur etib bo'lmaydi.
Estetik tarbiyaning maqsadi o'quvchilarni tabiat, jamiyat va san'atdagi go'zalliklarini idrok etish, uni to'g'ri tushunib yetish, qadriga yetishga, hayotga qayta go'zallik olib kira olishga o'rgatishdan iboratdir. Maktabda tasviriy san'at, musiqa, adabiyot, tabiatshunoslik darslari estetik tarbiyaning asosiy vositalari hisoblanadi.
Biz nafaqat narsa va hodisalar, balki insonning hulq-atvori, fazilatlarini ham estetik jihatdan baholashimiz mumkin. U insoniy go'zallik, aql, burch, iymon, insof, kamtarlik, latofat, lafz, mehmondo'stlik, mehr, muloyimlik, poklik, yaxshilik va hokazo sifatlarni o'zida namoyon qiladi.
Estetik tarbiya go'zallikdan zavqlalanishga, xunuklikdan nafratlanishiga, kulgilikdan kulishga, fojealikdan istirobga tushishga o'rgatadi. Bu holatlarni kishi hayot va san'at voqeliklarda uchratish mumkin.
Huquqiy tarbiya – bu o'quvchilarni rivojlangan demokratik davlat qonun-qoidalari asosida shaxs haq-huquqlari me'yorlari bilan qurollantirishga qaratilgan jarayondir.
Biz demokratik davlat barpo etmoqdamiz. Prezident tili bilan aytganda «demokratiya- bu adolat degani». Demak adolatli davlat qurmoqdamiz. Bunday mamlakatda har tomonlama yetuk, o'z haq-huquqlarini biladigan, ularni himoya qila oladigan kishilar yashaydilar. Bugungi kundagi yoshlarimizni mustaqil fikrlaydigan siyosat va inson huquqini chuqur biladigan, konstitutsiya qonunlariga amal qilayotgan, o'z fuqarolik burchlarini yaxshi his etadigan qilib tarbiyalashiyalashimiz lozim.
Ekologik tarbiya – bu o'quvchilarda atrof-muhitga, tabiatga nisbatan ekologik munosabatlarni shakllantirish jarayonidir. «Ekologiya» - yunoncha so'z bo'lib, tirik mavjudotlarning yashash sharoiti va tevarak atrofdagi muhit bilan o'zaro munosabatlari hamda shu asosda yuzaga keladigan qonuniyatlarni o'rganadigan fandir.
Barkamol insonning muhim fazilatlaridan biri uning ekologiya madaniyatidir. Ekologik madaniyatga ega shaxs barcha tirik mavjudotlarning yashash sharoiti, muhiti, qonun-qoidalarini puxta biladi, tabiat muvozanatini saqlashga hissa qo'shadi. U atrof-muhitga nisbatan beparvo bo'lmaydi, aksincha uni yaxshilashga, sog'lomlashtirishga hissa qo'shadi.
Iqtisodiy tarbiya – bu o'quvchilarda iqtisodiy tafakkur va madaniyatni shakllantirishga qaratilgan jarayondir. Bozor iqtisodiga o'tayotgan bir paytda yoshlarda iqtisodiy tafakkurni tarbiyalash muhim ahamiyatga egadir. O'quvchilarda iqtisodiy tarbiya tejamkorlik, mehnatsevarlik, tashabbuskorlik, ishbilarmonlik, iqtisodiy hisob-kitob va ayni shu kabilar haqida fikrlay olish kabi qobiliyatlarni kamol toptirishdir.
Iqtisodiy tarbiya–maktabda asosan tabiiy-matematik fanlar asosida beriladi. Unda o'quvchilar ishlab chiqarishning turli sohalari, bozor, oila byudjeti, iqtisodiy geografiya, marketing kabi ko'plab zamonaviy tushunchalar bilan qurollanadilar.
Jismoniy tarbiya – o'quvchilar tanasidagi barcha a'zolarini sog'lom o'sishini ta'minlash barobarida ularni aqliy va jismoniy mehnatga, Vatan mudofasiga tayyorlashdir. Jismoniy tarbiya mazmuniga ko'ra bola organizmi ichki a'zolari funktsiyasi faoliyatini boshqarish, o'quvchilarning sog'ligini mustahkamlash, gigiyena qoidalariga ko'nikashini tarkib toptirish, mohirliklarini o'stirish, mehnat qilish qobiliyatlarini oshirish, ularda iroda, chidamlilik qat'iyan intizom, do'stlik his-tuyg'ularini kamol toptirish, jismoniy qobiliyatlarini shakllantirishdan iborat.
Barkamol inson nafaqat ma'naviy jihatdan, balki jismoniy jihatdan ham yetuk bo'lmog'i lozim. Shuning uchun ham jismoniy tarbiya barkamol inson tarbiyasining yana bir tarkibiy qismidir.
Jismoniy tarbiya yosh avlodni jismoniy jihatdan sog'lom o'sishlarini, baquvvat bo'lishlarini va vatanimiz himoyasi uchun qo'rqmas, ja'sur, harbiy ilmlar, qurol aslohatlardan foydalanishni biladigan qilib tarbiyalashni o'zining oliy maqsadi deb biladi.
O'quvchilarga jismoniy tarbiya maktabda harakatli o'yinlar, gimnastika, sport, turizm hamda sinfdan va maktabdan tashqari sport mashg'ulotlari turlari vositasida amalga oshiriladi.
Foydalanilgan adabiyotlar
1. Karimov I.A. «Barkamol avlod orzusi».Toshkent, 1998 yil.
2. «Barkamol avlod – O'zbekiston taraqqiyotining poydevori». Toshkent, 1997 yil.
3. Munavvarov A.Q. «Pedagogika». Toshkent, 1996 yil.
4. Mavlonov R.A., To'rayeva O.T. «Pedagogika». Toshkent, 1998 yil
5. www,ziyonet.uz
Do'stlaringiz bilan baham: |